Tuesday, March 20, 2007

Salonikaliklarga ikkinchi maktub

Salonikaliklarga ikkinchi maktub

1-bob
1Otamiz Xudo va Rabbimiz Iso Masihning ummati bo’lgan Salonika shahridagi imonlilar jamoatiga Pavlus, Silvan va Timo’tiydan salom!
2Otamiz Xudodan va Rabbimiz Iso Masihdan sizlarga inoyat va tinchlik bo’lsin.
3Ey birodarlar, biz sizlar uchun hamisha Xudoga shukr qilishni burchimiz deb bilamiz. Sizlar bunga munosibsiz, chunki imoningiz kun sayin mukammallashib, o’zaro birodarlik muhabbatingiz ko’payib bormoqda.
4Sizlar boshdan kechirayotgan butun ta’qibu qayg’ularga sabr-qanoat va e’tiqod bilan chidab turibsiz. Ana shu sababdan biz Xudoning jamoatlari oldida sizlar bilan faxrlanamiz.
5Sizlar Xudoning shohligiga loyiq topilishingiz uchun, bu azoblarni chekmoqdasizlar. Bular Xudoning adolatli hukmidan dalolat bermoqda.
6Xudoning adolati yana shundan ham iboratki, sizlarga azob berayotganlarga U o’ziga yarasha jazosini beradi,
7siz, azob chekayotganlarni esa biz bilan birga rohat-farog’atga erishtiradi. Rabbimiz Iso O’zining qudratli farishtalari bilan birga olov alangasida osmondan tushib zohir bo’lgan vaqtda, bu voqea sodir bo’ladi.
8O’shanda Rabbimiz Iso Xudoni tanimagan va O’zining Xushxabariga itoat etmagan shakkoklardan o’ch oladi.
9Ular Rabbimizning huzuri va hashamatli qudratidan olis, abadiy halokat jazosiga mahkum bo’ladilar.
10Rabbimiz Iso kelgan kuni barcha imonlilarni hayratda qoldiradi va O’z azizlari orasida ulug’lanadi. Ana, sizlar ham o’sha imonlilar qatorida turasiz, chunki bizning guvohligimizga ishongansizlar.
11Shu sababdan biz tinmay sizlar uchun ibodat qilamiz: Xudoyimiz sizlarni O’z da’vatiga loyiq ko’rsin, O’ziga xos kuch-qudrat bilan butun yaxshi murod-maqsadingizni ro’yobga chiqarsin, har bir imonli ishingizga omad bersin,
12shu yo’sin Rabbimiz Isoning ismi sizlarda ulug’lansin va U sizlarni ham ulug’lasin. Xudoyimiz va Rabbimiz Iso Masihning inoyatli irodasi ana shu.

2-bob
1Ey birodarlar, Rabbimiz Iso Masih osmondan tushib, sizlar bilan qo’shilishi arafasida sizlardan iltimos qilamiz:
2“Rabbimiz kuni keldi”, deb da’vo qilayotgan hech qanday ruh yoki so’z, bizning nomimizdan bitilganday qilib ko’rsatilgan hech qanday maktub aqlingizni darrov adashtirmasin, sizlarni cho’chitmasin.
3Hech kim sizlarni turli yo’llar bilan aldamasin. Chunki imondan qaytish vaqti kelmaguncha, taqdiri halokat bo’lgan dajjol paydo bo’lmaguncha, o’sha kun kelmaydi.
4Dajjol esa ilohiy va tabarruk hisoblangan hamma narsaga qarshi turadi, o’zini hammadan ustun hisoblaydi, hattoki Xudoning ma’badida o’tirib, o’zini Xudo qilib ko’rsatadi.
5Esingizda yo’qmi, men yoningizda bo’lgan paytimda bularni sizlarga aytib turardim.
6Dajjol belgilangan vaqtda paydo bo’lishiga endi nima monelik qilayotganini bilasizlar.
7Garchi yovuzlikning sirli kuchi hozirdanoq amal qilsa ham, ammo unga monelik qilayotgan ilohiy Zot g’oyib bo’lmagunga qadar, bu sir oshkor bo’lmaydi.
8O’shandagina dajjol paydo bo’ladi. Lekin Rabbimiz Iso osmondan tushib, O’zining nafasi bilan uni o’ldiradi, ulug’vor ko’rinishi bilan uni mahv etadi.
9Ungacha dajjol shaytonning kuchi bilan har turli qudratli ishlar, ajoyibotlar, soxta mo’’jizalar ko’rsatadi.
10U halok bo’ladiganlarni har turli nohaq vasvasalar bilan yo’ldan ozdiradi. Bu kishilar haqiqat sevgisini qabul qilmaganlari uchun halok bo’ladilar, najot topa olmaydilar.
11Ana shu sababdan Xudo ularga aldovchi bir kuch yuboradi, ular esa yolg’onga ishonib ketadi.
12Shu yo’sin haqiqatga ishonmagan, nohaqlik qilishdan zavqlanadigan barcha odamlar tegishli jazosini oladilar.
13Ey Rabbimiz sevgan birodarlar, sizlar uchun hamisha Xudoga shukr qilish bizning burchimiz. Chunki sizlar Muqaddas Ruh orqali muqaddas qilindingizlar va haqiqatga imon keltirib, najot tpdingizlar. Ana shu maqsadda Xudo azaldan sizlarni tanladi,
14Rabbimiz Iso Masihning ulug’vorligiga erishishingiz uchun, U biz targ’ib qilayotgan Injil Xushxabari orqali sizlarni O’ziga da’vat etdi.
15Shunday qilib, ey birodarlar, mahkam bo’linglar. Xoh og’zaki xabar, xoh maktub orqali bizdan olgan rivoyatlarga rioya qilinglar.
16Rabbimiz Iso Masih hamda Otamiz Xudo bizni sevib, rahm-shafqat ko’rsatdi, bizga boqiy tasalli va porloq bir umidni ato etdi.
17Uning O’zi ko’ngillaringizni ko’tarsin, har qanday xayrli ish va so’z uchun quvvat bersin.

3-bob
1Xullas, ey birodarlar, Rabbimiz kalomi xuddi sizlarda bo’lgani singari, bizning oramizda ham tez yoyilishi va ulug’lanishi uchun ibodat qilinglar.
2Buzuq va yovuz odamlardan qutulishimiz uchun ham ibodat qilinglar; chunki hamma ham imonli emas.
3Rabbimiz esa ishonchlidir. U sizlarni qo’llab- quvvatlab, yovuz shaytondan saqlab qoladi.
4Biz buyurgan narsalarni bajo keltirayotganingizga va yana bajo keltirishingizga, Rabbim haqi, aminmiz.
5Rabbimiz Iso Masih yuraklaringizni Xudoning mehr-muhabbati va O’zining sabr-bardoshiga yo’naltirsin.
6Ey birodarlar, Rabbimiz Iso Masih nomi bilan sizlarga buyuramiz: bizdan qabul qilgan rivoyatlarga xilof tarzda bekor yurgan har bir birodardan uzoqlashing.
7Bizdan qanday o’rnak olishingiz kerakligini o’zlaringiz bilasizlar. Chunki biz orangizda bo’lganda bekorchi emas edik.
8Hech kimning nonini tekin emasdik, biron kishiga og’irligimiz tushmasligi uchun kechayu kunduz yumush qilib, zahmat chekardik.
9Haqqimiz bo’lmaganidan emas, balki sizlarga namuna bo’lishimiz uchun va siz bizdan o’rnak olishingiz uchun, Shunday qilar edik.
10Yoningizda bo’lganimizda: kim ishlashni istamasa, ovqat ham emasin, deb buyurgan edik.
11Endi ba’zilaringiz bekorchi bo’lib, hech ish qilmay hovliqib yurganliklaringizni eshityapmiz.
12Bunday odamlarga Rabbimiz Iso Masih nomidan o’tinamiz va buyuramizki, tinch ishlab, halol non esinlar.
13Ey birodarlar, yaxshilik qilishdan horimanglar.
14Agar biror kishi bu maktubda yozgan so’zlarimga rioya qilmasa, uni ajratib qo’yinglar, u bilan munosabatni uzinglar, toki u uyalsin.
15Bunday odamni dushman hisoblamasdan, birodaringiz kabi yo’l-yo’riq beringlar.
16Tinchlik manbai bo’lgan Rabbimizning O’zi sizlarga har doim va har yo’sinda tinchlik bersin. Rabbimiz hammangizga yor bo’lsin.
17Men, Pavlusning o’z qo’lim bilan yozgan duoyi salomim har bir maktubimda belgi bo’lib xizmat qiladi, men bunday yozaman.
18Rabbimiz Iso Masihning inoyati hammangizga yor bo’lsin. Omin.

No comments: