Tuesday, March 20, 2007

Titusga maktub

Titusga maktub

1-bob
1Xudo tanlagan kishilarning imonli bo’lishlari va haqiqiy diyonatni uqib olishlari uchun xizmat qilayotgan Xudoning quli va Iso Masihning havoriysi, Pavlusdan salom!
2Bizning imonimiz abadiy hayotga umidvorlikdan iboratdir. Yolg’on gapirmaydigan Xudo bu umid haqida azaliy vaqtlardanoq va’da bergan edi,
3hozir esa, O’zi xohlagan paytda, kalomini ro’yobga chiqardi. Men bo’lsam, bu kalomni e’lon qilish uchun Qutqaruvchimiz Xudodan vakolat oldim.
4Umumiy imonimiz asosida haqiqiy farzandim bo’lgan Titusga Otamiz Xudodan va Qutqaruvchimiz Iso Masihdan mehr-shafqat va tinchlik tilayman.
5Senga buyurganimdek, qolgan ishlarni bitir, har bir Shahardagi imonlilar jamoati ustidan oqsoqollar tayin qil. Mana Shuning uchun seni Krit orolida qoldirdim.
6Sen tayin qiladigan odam beayb, yakka xotinli, bolalari esa imonli va shaloqlik yoki itoatsizlik aybidan xoli bo’lsin.
7Chunki imonlilar jamoatining noziri Xudo xonadonini boshqaruvchi sifatida benuqson bo’lishi kerak. O’zboshimcha, g’azabli, sharobga moyil, tajang, g’arazgo’y bo’lmasin.
8Aksincha mehmondo’st, vazmin, odil, pok ko’ngilli va nafsini tiyadigan odam bo’lsin.
9Sog’lom ta’limot bilan nasihat qilishga hamda qarshilik qiluvchilarning adabini berishga iqtidorli, haqiqat kalomiga o’rgatilgan va unga qattiq rioya qiladigan kishi bo’lishi lozim.
10Xususan sunnatlilar orasida o’zbilarmon, quruq gap sotuvchi aldamchilar ko’p.
11Ularning og’zini to’sish kerak. Ular jirkanch manfaat yo’lida lozim bo’lmagan narsalarni o’rgatib, butun oilalarni buzib ketmoqdalar.
12Mana, ulardan chiqqan bir shoir: “Kritiylar doimo yolg’onchi, zolim yirtqichlar, eb-to’ymas tanballardir”, deb aytgan edi.
13Bu gap to’g’ri. Ular sog’lom imonni topsin va buning uchun sen ularni qat’iy ogohlantirib qo’y.
14Ular yana yahudiylarning afsonalariga va haqiqatdan yuz o’girgan odamlarning gaplariga quloq solmasinlar.
15Pok odamlar uchun hamma narsa pok bo’lur. Nopoku imonsizlar uchun hech bir pok narsa yo’q. Chunki ularning aqli ham, vijdoni ham nopoklashib ketgan.
16Xudoni tan olamiz, deydilar-u, o’z qilmishlari bilan Uni inkor etadilar. Ular har qanday xayrli ishga yaramas, bo’yin egmas, iflos odamlardir.

2-bob
1Senga kelsak, sog’lom ta’limot asosida nasihat qil.
2Chollar o’z haddini biluvchi, hushyor, vazmin, sog’lom imonli, mehr-muhabbatli va sabr-toqatli bo’lsinlar.
3Shuningdek, kampirlar ham g’iybat va mayxo’rlikka ruju qo’ymay, balki muqaddaslikka muvofiq, har qanday xayrli ishda ibrat bo’lib turmush kechirsinlar.
4Kampirlar yosh xotinlarga ham ta’lim-tarbiya bersinlar.
5Xudoning kalomi qoralanmasligi uchun, ular o’z erlari va bolalarini sevadigan, ro’zg’orga jonkuyar, vazmin, iffatli, xushfe’l, erlariga bo’ysunadigan bo’lsinlar.
6Shuningdek, yigitlarni ham bosiq bo’lishga undagin.
7Har bir xayrli ishda ularga o’rnak bo’l. Ta’lim vaqtida xolis va jiddiy bo’lib gapir.
8So’zlaring aniq va hech shubhasiz bo’lsin, toki raqiblarning biz haqimizda so’z aytolmay, uyatga qolsinlar.
9Qullarga Shunday nasihat qilki, o’z xo’jayinlariga itoat etsinlar, ularni har jihatdan mamnun qilsinlar, terslik qilmasinlar.
10O’g’rilik qilmasinlar, balki ochiq ko’ngil bilan muomala qilib, har narsada Qutqaruvchimiz Xudoning ta’limotini sharaflasinlar.
11Chunki Qutqaruvchimiz Xudoning inoyati butun odamlarga yaqqol oshkor bo’ldi.
12Bu inoyat esa shuni o’rgatadiki, biz diyonatsizlik va dunyoviy orzu-ehtiroslarni rad etishimiz kerak, bu dunyoda Xudodan qo’rqib, vazminlik va taqvodorlik bilan hayot kechirishimiz lozim.
13Shu orada buyuk Xudo va Qutqaruvchimiz Iso Masihning ulug’vorlik bilan osmondan tushib zohir bo’lishiga va muborak umidimiz amalga oshishiga ko’z tikib yuribmiz.
14Masih bizni har qanday gunohli ishlardan qutqarish uchun, faqat O’ziga tegishli bo’lgan, xayrli ishlarga g’ayratli, pok bir ummat yaratish uchun O’zini biz uchun fido qildi.
15Bularni butun bir salohiyat bilan gapir, nasihat qil, oshkor qil. Hech kim seni kamsitmasin.

3-bob
1Sen imonlilarga eslatib turginki, ular hukmron hokimiyatga to’la itoatkorlik bilan bo’ysunsin, har bir xayrli ishga tayyor bo’lishsin.
2Hech kimni yomonlamasinlar. Urushqoq bo’lmay, barcha insonlarga yuvoshlik va muloyimlik bilan muomala qilsinlar.
3Chunki bir vaqtlar bizlar ham fahmsiz, itoatsiz, adashgan odamlar edik, har xil ehtiros va zavqlarga qul edik, gina-qudurat va baxillikka to’lgan, bir-birimizdan nafratlanadigan razil odamlar edik.
4Ammo Qutqaruvchimiz Xudo O’zining iltifot va insonparvarligini ochiq ko’rsatdi.
5Xudo bizning qilgan savobli ishlarimiz tufayli emas, balki O’zining rahm-shafqati tufayli bizni qutqardi, gunohlarimizni yuvib, bizni yangidan tug’iltirdi, Muqaddas Ruh orqali bizga yangi hayot ato etdi.
6Qutqaruvchimiz Iso Masih sharofati bilan Xudo bizning ustimizga mo’l-ko’l Muqaddas Ruh yog’dirdi.
7Xudo inoyat qilib, bizni oqladi va abadiy hayotga umidvorlik bilan qaragan merosxo’r ham qildi.
8Bu so’z barqarordir. Xudoga ishonganlar xayrli ishlarga astoydil bel bog’lashi uchun, bu gaplarni ta’kidlab uqtirishingni istayman. Bunday xatti-harakat insonlarga ma’qul va foydalidir.
9Lekin be’mani bahslar, shajaralar, Tavrot qonun-qoidalari haqida boradigan janjalu muzokaralardan qoch; bular foydasiz va behudadir.
10Bid’atchi odam bir-ikki ogohlantirishdan so’ng haqiqatga tushunmasa, u bilan aloqani uz.
11O’zing bilasanki, bunday buzuq odam kundan-kunga gunohiga gunoh qo’shib, o’zini o’zi mahkum etadi.
12Artimas yoki Tixikni sening yoningga yuborganimdan keyin, Nikopol shahriga, mening oldimga kelishga harakat qil. Chunki men qishni shu erda o’tkazishga qaror qildim.
13Qonunshunos Zinas va Apollosni yo’lga otlantirayotganingda, ularning kam-ko’stsiz jo’nashlariga e’tibor qil.
14Bizning odamlarimiz ham samarasiz kun kechirmasdan, zaruriy ehtiyojlarini qondirish uchun yaxshi ishlar qilishni o’rgansinlar.
15Mening yonimdagilarning hammasi senga salom yo’llayaptilar. Bizni sevadigan imondoshlarga salom aytgin. Xudoning inoyati hammangizga yor bo’lsin. Omin.

No comments: