Tuesday, March 20, 2007

Yuhannoning uchinchi maktubi

Yuhannoning uchinchi maktubi

1 Chin ko’ngildan sevadigan aziz do’stim Gayga men – mo’ysafiddan salom!
2 Mahbubim, sening joning huzur topgandek, yana har jihatdan huzur topib, sog’-salomat bo’lishingni tilayman.
3 Birodarlarimizdan bir nechtasi kelib, sening haqiqatga sodiq qolganing to’g’risida guvohlik berishdi, bunga men haddan tashqari sevindim. Chindan ham sen haqiqat yo’lidan borayotirsan.
4 Men uchun farzandlarimning haqiqat yo’lidan borayotganlarini eshitishdan ulug’roq bir sevinch yo’q.
5 Mahbubim, sen begona birodarlarimizga sidqidildan xizmat qilib yuribsan.
6 Ular imonlilar jamoati oldida sening mehribonchiligingni ko’kka ko’tarishdi. Sen ularni Xudoga munosib tarzda yo’lga otlantirsang, yaxshi ish qilgan bo’lasan.
7 Chunki ular majusiylardan hech yordam qabul qilmasdan, Iso Masih nomi uchun yo’lga tushgan edilar.
8 Binobarin, haqiqat yo’lida xizmat qiluvchilarning mehnatida qatnashish, bunday odamlarni qo’llab-qo’ltiqlash bizning burchimizdir.
9 Men imonlilar jamoatiga ba’zi narsalarni yozgan edim. Ammo ularning oralarida o’zini katta tutayotgan Diotref bizlarni qabul qilmayotir.
10 Agar kelsam, uning qilmishlarini fosh etaman. U biz haqimizda yomon gap tarqatib, nomimizga isnod keltirib yuribdi-ku. Bu bilan ham kifoyalanmay, boshqa birodarlarni o’zi qabul qilmayapti, qabul qilmoqchi bo’lganlarga esa to’sqinlik qilyapti va hatto ularni jamoatdan quvib chiqaryapti.
11 Ey mahbubim, sen yomonlikni tanqid qil, yaxshilikka taqlid qil. Yaxshilik qiluvchi Xudoning farzandidir. Yomonlik qiluvchi Xudoni ko’rgan emas.
12 Dimitriyning qadr-qimmatiga hamma guvoh, haqiqatning o’zi ham guvohdir. Biz bunga o’z guvohligimizni qo’shamiz, bizning guvohligimiz to’g’ri ekanini o’zing bilasan.
13 Senga yozadigan ko’p gaplarim bor edi-yu, ammo siyohu qalam bilan yozishni xohlamadim.
14 Yaqinda seni ko’rish umididaman, o’sha vaqtda yuzma-yuz gaplashamiz.
15 Tinch-omon bo’lgil. Do’stlar senga salom yo’llayaptilar. U erdagi do’stlarimga nomma-nom salom aytib qo’y. Omin.

No comments: