Tuesday, March 20, 2007

Timo’tiyga ikkinchi maktub

Timo’tiyga ikkinchi maktub

1-bob
1Iso Masih orqali ro’yobga chiqqan hayot va’dasiga binoan, Xudoning irodasiga muvofiq, men, Pavlus, Iso Masihning havoriysi bo’lib tayinlandim.
2Sevikli o’g’lim Timo’tiyga Otamiz Xudo va Rabbimiz Iso Masihdan inoyat, marhamat va tinchlik tilayman.
3Men ota-bobolarim kabi Xudoga sof vijdon bilan xizmat qilaman. Unga kechayu kunduz shukrlar aytar ekanman, ibodatlarimda doim seni eslab turaman.
4Sening ko’z yoshlaring yodimda, yana diydoringga to’yib ko’nglim sevinchga to’lsin, deb seni sog’inib qoldim.
5Men senda ko’rgan samimiy imon hali ham esimda. Avvaldan buving Loida hamda onang Evnika qalblariga jo etgan o’sha imon endi senda ham ravnaq topayotganiga aminman.
6Shu sababdan, qo’llarimni boshingga qo’yishim natijasida sen Xudodan olgan ruhiy qobiliyatni alangalatib turishingni eslatmoqchiman.
7Chunki Xudo bizga qo’rqoqlik ruhini emas, balki kuch-quvvat, muhabbat va nafsni tiyish Ruhini bergan.
8Shunday qilib, Rabbimiz Isoga guvohlik berishdan ham, Uning bandisi bo’lgan mendan ham or qilma, balki biz Injil yo’lida chekayotgan azoblarga Xudo bergan kuch-quvvat bilan to’zim bergin.
9Xudo bizlarni qutqardi va muqaddas bir da’vat bilan chaqirdi. Bunga biz savob ishlarimiz tufayli erishmadik. Aksincha, Xudo O’z xohishi bilan azaliy vaqtlardanoq Iso Masih orqali bizga inoyat qilishga qaror qilgan edi.
10Bu inoyat endi Xaloskorimiz Iso Masihning olamga kelishi bilan ochiq namoyon bo’ldi. Injil Xushxabari shundan iboratki, Iso Masih o’limni yo’qqa chiqardi, hayot va o’lmaslikni esa oydinlikka chiqardi.
11Men esa bu Xushxabarni turli xalqlarga etkazuvchi voiz, havoriy va muallim bo’lib tayinlandim.
12Shu sababdan ham bu azoblarni tortyapman. Lekin men bundan or qilmayman, chunki Kimga e’tiqod qilganimni bilaman va aminmanki, Uning menga topshirgan omonatini mahshar kuniga qadar O’zi saqlashga qodir.
13Sen mendan eshitgan sog’lom ta’limotdan namuna olib, Iso Masihning sadoqati va muhabbati bilan yo’l tutgin.
14Senga topshirilgan ulug’ omonatni ichimizda yashovchi Muqaddas Ruh yordamida saqlagin.
15Asiya viloyatidagilarning hammasi, shu jumladan Figel bilan Hermogen, mendan yuz o’girganlarini bilasan.
16Rabbimiz Onisiforning uyiga marhamat ehson etsin. Chunki u zanjirbandligimdan uyalmay, bir necha marta kelib mening ko’nglimni ko’tardi.
17U Rimga borib, katta harakat bilan meni axtarib topdi.
18Mahshar kunida Xudovanddan marhamat topishini Rabbimiz Masih unga ato qilsin. Efes shahrida u menga naqadar xizmat qilganini o’zing yaxshi bilasan.

2-bob
1Sen esa, ey o’g’lim, Iso Masihdan topgan inoyat bilan kuchga to’lgin.
2Ko’p shohidlar huzurida sen mendan nima eshitgan bo’lsang, boshqalarga ham ta’lim berishga qobiliyatli, ishonchli odamlarga topshirgin.
3Iso Masihning yaxshi bir askari kabi taqdiringdagi azoblarga dosh bergin.
4harbiy xizmatdagi askar qo’mondonimni mamnun qilay, deb tirikchilik ishlari bilan band bo’lmaydi.
5Shuningdek, musobaqada qatnashgan kishi, agar qoidaga rioya qilib o’zib ketmasa, g’alaba tojini kiymaydi.
6Mehnatkash dehqon esa hosildan birinchi bo’lib ulush olishi kerak.
7Aytganlarimni yaxshi o’ylab ko’r. Rabbimning O’zi hamma narsani senga tushuntiradi.
8Men targ’ib qilayotgan Xushxabarning mohiyatini esda tut: Dovud zoti nomidan bo’lgan Iso Masih o’lib tirildi!
9Ana bu Xushxabar uchun men xuddi jinoyatchi kabi zanjirlarga bog’lanib, azob chekyapman. Ammo Xudoning kalomi zanjirband emas!
10Shu sababdan hamda Xudo tanlagan kishilar sababli men hamma narsaga sabr-toqat bilan chidayapman, toki ularning o’zi ham Iso Masih bergan najotdan foydalanib, abadiy ulug’vorlikka erishsinlar.
11Bu so’z barqarordir: agar U bilan birga o’lgan bo’lsak, U bilan birga ham yashaymiz.
12Agar sabr-toqat qilsak, U bilan birga davr suramiz. Agar biz Uni inkor etsak, U ham bizni inkor etadi.
13Agar biz sadoqatsizlik qilsak, U yana sodiq qoladi, chunki O’zini O’zi inkor eta olmaydi.
14bu narsalarni eslatib tur, quruq bahs-tortishuvlardan qochishni Rabbimiz nomidan qattiq tayinla. Bunday bahslar tinglovchilarni aynitishdan boshqa narsaga yaramaydi.
15Sen esa haqiqat kalomini adashtirmay, to’g’rilik bilan o’qit, o’zingni Xudoga maqbul, halol bir ishchi sifatida ko’rsatishga g’ayrat qil.
16Xudoga ma’qul bo’lmagan quruq gaplardan qoch. Bu gaplarga berilganlar borgan sari xudobezor bo’ladilar.
17Ularning gaplari maraz kabi yoyiladi. Mana, Imeney va Filit ham Shunday odamlar jumlasidan-ku.
18Tirilishimiz allaqachon sodir bo’ldi deb, ular haqiqat yo’lidan adashib, ba’zilarning imonini xarob qilmoqdalar.
19Har holda, Xudo asos solgan poydevor mustahkam turibdi va quyidagi oyatlarning tasdig’iga ham ega: “Xudovand O’zinikilarni biladi” va “Xudovand nomini tilga olgan har bir odam yomonlikdan uzoq tursin”.
20Katta bir uyda nafaqat oltin va kumush idishlar, balki yog’och va sopol idishlar ham bor; ularning ba’zisi sharafli, ba’zisi esa sharafsiz ish uchun qo’llanadi.
21Kimki bu yomonliklardan o’zini poklasa, Egasi uchun foydali, har bir yaxshi ishga yaroqli, sharafli va muqaddas idish bo’ladi.
22Yoshlik ehtiroslaridan qoch. Sof qalbdan Rabbimiz Iso ismini chaqirgan hamma odamlar bilan birga solihlik, imon, sevgi va tinchlik payidan bo’lgin.
23Ahmoqona va johilona bahslardan uzoqlash. Bular faqat janjalga sabab bo’lishini bilasan.
24Xudoning quli janjalkash bo’lmasligi kerak. Aksincha, u hamma bilan muloyim, o’rgatishga tayyor, sabr-toqatli bo’lsin,
25o’ziga qarshi turganlarga yumshoqlik bilan yo’l-yo’riq bersin. Balki Xudo bunday kishilarning tavba qilishlariga biron yo’l ochib qolar, ular esa haqiqatni bilib,
26yana o’ziga kelib, iblisning tuzog’idan qutulib qolarlar. Chunki iblis ularni asir qilib, o’z irodasini o’tkazishga majbur qilgan.

3-bob
1Shuni bilginki, oxirgi kunlarda og’ir vaqtlar keladi.
2U paytda odamlar nafs bandasi, pulparast, maqtanchoq, kibrli, kofir, ota-onaga itoatsiz, nonko’r, xudobexabar,
3shafqatsiz, murosasiz, g’iybatchi, nafsini tiya olmaydigan, insonlik va yaxshilik dushmani,
4xoin, bemulohaza, mag’rur bo’ladilar. Xudodan ko’ra aysh-ishratni ko’proq sevadilar.
5O’zlarini xudojo’y ko’rsatib, ilohiy qudratni esa inkor etadilar. Bunday odamlardan uzoqlash.
6Ular gunohlarga botgan, turli hirsu havaslarga berilgan juvonlarning uy-joylariga suqulib kiradilar va ularning dilini ovlaydilar.
7Bu juvonlar har doim o’qib turib, haqiqatni aslo uqa olmaydilar.
8Yanniy bilan Yambriy Muso payg’ambarga qanday qarshi turgan bo’lsalar, bu odamlar ham haqiqatga xuddi Shunday qarshi turadilar. Ular fikri buzuq, imonda tajribasiz odamlardir.
9Ammo ular yana muvaffaqiyat qozona olmaydilar; chunki Yanniy va Yambriyning aqlsizligi ma’lum bo’lganidek, bularning ham aqlsizligi hammaga ma’lum bo’ladi.
10Sen esa menga ergashding, ta’limotim, turmush tarzim, murod-maqsadim, imon, sevgi va sabr-toqatimdan namuna olding.
11Boshimga kelgan quvg’inlarni – Antioxiya, Ikoniya va Listra Shaharlarida chekkan azoblarimni eshitding. Qanday quvg’inlarga sabr-toqat qildim! Rabbim meni hammasidan qutqardi.
12Iso Masih yo’lida diyonatli yashamoqchi bo’lgan odamlarning hammasi ham quvg’inga duchor bo’ladilar.
13Yomon va firibgar odamlar esa boshqalarni aldabgina qolmasdan, o’zlarini o’zlari ham aldab, tobora razillashib boradilar.
14Sen esa olgan ta’liming va senga topshirilgan omonatga sodiq qol, chunki bu ta’limni kimdan olganingni bilasan.
15Sen bolaligingdanoq Muqaddas Yozuvlarni o’rgangansan. Bu yozuvlar seni Iso Masihga ishonish orqali dono qilmoq va najot yo’lini ko’rsatmoqqa qodir.
16Har bir Muqaddas Yozuv ilohiy ilhom bilan yozilgan bo’lib, ta’lim berish, dalolat qilish, tuzatish, solihlik yo’lida tarbiya berish uchun foydalidir.
17Shu yo’sin Xudoning quli komil va har qanday yaxshi ishga qobil bo’ladi.

4-bob
1Xudoning huzurida hamda tirigu o’liklarni hukm qilajak, ko’kdan tushib, O’z saltanatini joriy qilajak Iso Masih huzurida senga qat’iy buyuraman:
2Xudo kalomini va’z qil, hozir buning vaqtimi, vaqti emasmi, demay, doim gapirishga tayyor bo’l. Butun sabr-toqat bilan ta’lim berib, odamlarni mulzam qil, ularga ta’nayu nasihat qil.
3Chunki Shunday vaqt keladiki, odamlar sog’lom ta’limotga chidash bermaydilar, natijada o’z orzulariga mos muallimlar to’playdilar. Bu muallimlar o’shanday odamlarning quloqlariga yoqadigan so’zlar aytadilar.
4Ular quloqlarini haqiqat kalomidan berkitib, afsonalarga buriladilar.
5Ammo sen hamma narsada hushyor tur, azoblarga sabr-toqat qil, Injil voizligini bajo keltir, xizmatingni sidqidildan ijro etgin.
6Mening qonim endi qurbonlik sharobi kabi to’kilmoqda, dunyodan o’tishimga sal qoldi.
7Ulug’ kurashda astoydil kurashdim, umr dovonini oshib bo’ldim, imonni saqladim.
8Bundan keyin solihlik toji men uchun tayyor turibdi. Odil hukm qiluvchi Rabbim tushib zohir bo’ladigan kunda u tojni menga beradi, va faqat menga emas, balki u kunni mushtoqlik bilan kutayotganlarning hammasiga ham beradi.
9Mening oldimga tezroq kelishga harakat qil.
10Chunki Dimas bu dunyoni sevib qolib, meni tark etdi, Salonika shahriga ketdi. Kriskiy Galatiyaga, Titus Dalmatiyaga ketdi.
11Yonimda yolg’iz Luqo bor. Markni o’zing bilan birga olib kel, u menga xizmat uchun kerak.
12Tixikni Efes shahriga yubordim.
13Kelayotganingda Troas shahrida Karpning yonida men qoldirib ketgan plashchni va kitoblarni, ayniqsa pergament kitoblarni ham olib kel.
14Misgar Iskandar menga ko’p yomonlik qildi. Rabbim unga qilmishlariga yarasha jazosini beradi.
15Sen ham undan ehtiyot bo’l, chunki u bizning kalomlarimizga qattiq qarshilik ko’rsatdi.
16O’zimni birinchi marta himoya qilganimda, hech kim mening tarafimni olmadi, aksincha, hamma meni tashlab ketdi. Bu u odamlar uchun gunoh hisoblanmasin.
17Lekin Rabbim yonimda turib meni yoqladi. Men orqali Xushxabar tugal targ’ib qilinishi va barcha xalqlarga ham etib borishi uchun, U mening qudratimni oshirdi, arslon og’zidan qutqardi.
18Rabbim meni har qanday yomon ishlardan xalos qiladi va O’zining samoviy Podshohligiga sog’-salomat kirgizadi. Unga abadulabad shon-sharaflar bo’lsin! Omin.
19Priskilla bilan Akilga va Onisiforning xonadoniga salom aytib qo’y.
20Erast Korinf shahrida qoldi. Trofimni esa kasal holda Milit shahrida qoldirib ketdim.
21Qish boshlanishidan oldin kelishga harakat qil. Evvul, Pud, Lin, Klavdiya va butun birodarlar senga salom yo’llayaptilar.
22Rabbimiz Iso Masih sening ruhingga yor bo’lsin. Uning inoyati hammangizga yor bo’lsin. Omin.

No comments: