Tuesday, March 20, 2007

Butrusning birinchi maktubi

Butrusning birinchi maktubi

1-bob
1Iso Masihning havoriysi men, Butrusdan – Pont, Galatiya, Kappadokiya, Asiya va Bitiniya viloyatlariga tarqalgan mumtoz musofirlarga salom!
2Otamiz Xudo O’zining azaliy qaroriga binoan sizlarni tanladi, O’z Ruhi orqali muqaddas qildi, Iso Masihga itoat etmog’ingiz orqali Uning qoni ustingizga sepilishi uchun imkon yaratdi. Sizlarga Xudo inoyati ko’payib, xotiringiz jam bo’lsin.
3Rabbimiz Iso Masihning Otasi Xudoga hamdu sanolar bo’lsin! U bizga behad rahm-shafqat ko’rsatdi, Iso Masihning tirilishi asosida bizni yangidan tug’iltirib, tirik bir umidga ega qildi.
4Samoda saqlanayotgan beg’ubor, chirimas, so’lmas bir meros sizlarni kutmoqda.
5Oxirzamonda ochiq ko’rinishga tayyor bo’lgan ulug’ najotga erishmog’ingiz uchun, imoningiz tufayli, Xudoning qudrati bilan qo’riqlanmoqdasizlar.
6Shu sababdan behad xursandsizlar. Hozir turli vasvasalar tufayli biroz qayg’urishingizga to’g’ri kelsa-da,
7lekin bu vasvasalar imoningizni sinash uchun foydali ekanligini bilinglar. Hatto foniy oltin ham olovda toblanib, sinaladi. Shu singari, oltindan ham qimmatli bo’lgan imoningiz sinovdan o’tib, Iso Masih osmondan zohir bo’lgach, sizlarga maqtov va shon-sharaf keltirsin.
8Siz Masihni ko’rmagan bo’lsangiz ham, Unga muhabbat bog’layapsizlar. Hozir Masihni ko’rmagan holda Unga ishonyapsizlar va so’zlar bilan ifodalab bo’lmaydigan darajada ulug’ bir shodlik bilan to’lib-toshmoqdasizlar.
9Chunki imoningizning natijasi o’laroq jonlaringiz uchun najot topmoqdasizlar.
10Sizlar topgan ulug’ najot to’g’risida qadim zamon payg’ambarlari ham karomat qilganlar, ular Xudo inoyatining mohiyatini sinchiklab tekshirganlar.
11Masihning Ruhi ularda bor edi va ularga Masihning chekadigan azob-uqubatlariyu, oxirida erishadigan shon-shuhrati haqida oldindan ma’lumot berar edi. Bunday ilhomlangan payg’ambarlar Masih Ruhi kimni va qaysi paytni ko’rsatayotganini anglamoqqa tirishadilar.
12Aslida payg’ambarlar bu tekshiruvlarni o’zlari uchun emas, balki sizlar uchun qilganliklari haqida Xudodan vahiy olganlar. Hatto farishtalar ham bu sirlarni aniqlashni ko’p orzu qiladilar. Hozirgi davrda esa Injil targ’ibotchilari osmondan yuborilgan Muqaddas Ruhdan ruhlanib, bularni sizlarga bayon etdilar.
13Shuning uchun fikr-zikringiz ishda bo’lsin, hushyor bo’linglar. Iso Masih osmondan tushib zohir bo’lganda sizlarga nasib bo’lajak inoyatga mutlaqo umid bog’langlar.
14Gapga ko’nadigan bolalar kabi bo’linglar, ilgarigi g’aflat paytida sizlarni qamragan ehtiroslarga qaytmanglar.
15Sizlarni da’vat etgan Xudo qanday muqaddas bo’lsa, sizlar ham butun yurish-turishingizda Shunday muqaddas bo’linglar.
16Xudo: “Muqaddas bo’linglar, zero Men muqaddasman”, deb aytgani yozilgan.
17Har bir kishini yuz-xotir qilmasdan, qilmishiga yarasha taqdirlovchi Xudoga sizlar Otamiz deb murojaat qilar ekansiz, u holda musofirchilik davringizda Xudodan qo’rqib yashanglar.
18Bilasizlarki, ota-bobolaringizning bema’ni turmush tarzidan kumush yoki oltinga o’xshash o’tkinchi narsalar evaziga qutulmagansizlar.
19Sizlar benuqson va beg’ubor qo’zi qoniga o’xshagan Masihning qimmatbaho qoni evaziga qutulgansizlar.
20Masih dunyo bino bo’lishidan burun tayinlangan bo’lsa ham, zamonning oxirida sizlar uchun paydo bo’ldi.
21Sizlar Masih vositasida Xudoga ishonasizlar. Xudo Masihni tiriltirib, ulug’vorlikka erishtirdi. Bu imonda qatiq turinglar, Xudoga tamoman umid bog’langlar.
22Sizlar Ilohiy Ruh va haqiqatni tan olib, jonlaringizni pok qilib, samimiy birodarlik muhabbatiga ega bo’lgansizlar. Shuning uchun bir-biringizni chin yurakdan, ixlos bilan sevinglar.
23Sizlar foniy emas, balki boqiy urug’dan, ya’ni Xudoning hayotbaxsh, abadiy kalomi orqali yangidan tug’ildingizlar.
24Chunonchi Tavrotda Shunday yozilgan: “Butun bashar bir o’tga o’xshar, o’tning guldayidir uning bor ko’rki. O’t qurib qolar, guli ham to’kilar.
25Ammo Xudovand kalomi abadiy turar”. Ana shu kalom – sizlarga etib kelgan Injil Xushxabaridir.

2-bob
1Buning uchun har qanday yomon niyat, hiyla-nayrang, har turli ikkiyuzlamachilik, rashk-hasad, g’iybatchilikni bir chetga surib qo’yinglar.
2Yangi tug’ilgan chaqaloq sof ona sutini tusaganday, Xudo kalomini orzu qilinglar, toki u kalom bilan oziqlanib, o’sib borib, najotga erishinglar.
3Chunki siz Rabbimizning iltifotini tatib ko’rdingizlar
4Insonlar keraksiz deb tashlagan, lekin Xudo qimmatbaho deb tanlagan tirik tosh – Rabbimiz Iso Masihga yaqinlashinglar.
5O’zlaringiz ham tirik tosh bo’lib ruhiy bino barpo etinglar. Iso Masih orqali Xudoga maqbul, ruhiy qurbonlik keltiradigan muqaddas ruhoniy bo’linglar.
6Mana, Tavrotda Xudo Shunday degan: “Men Sionda bir tosh o’rnatgayman, mumtoz, qimmatbaho peshtoq toshi bu. Unga ishongan kishi xijolat bo’lmas”.
7Siz ishonuvchilar uchun bu tosh qimmatbahodir. Ammo imonsizlarga shu oyat to’g’ri keladi: “Quruvchilar keraksiz deb tashlagan tosh naq binoning peshtoqidan joy oldi,
8to’siq toshiyu, vasvasa qoyasi bo’ldi”. Imonsizlar Xudoning kalomiga itoat qilmaganlari uchun, qoqinadilar. Ular ana shu qismatga mahkum bo’lganlar.
9Ammo sizlar – tanlangan bir avlod, Shohanshoh ruhoniylari, muqaddas xalq, Xudoning aziz qavmisizlar. Xudo sizlarni qorong’ilikdan O’zining ajoyib nuriga da’vat etgan, sizlar Uning fazl-kamolotidan xabar berish uchun tayinlangansizlar.
10Bir vaqtlar xalq emas edingizlar, endi esa Xudoning xalqisizlar. Bir vaqtlar marhamat topmagan edingizlar, endi esa Xudoning marhamatiga noil bo’ldingizlar.
11Ey sevganlarim, sizlardan o’tinib so’rayman, jonga qarshi kurashadigan nafs ehtiroslaridan saqlaninglar. Chunki siz bu dunyoda g’aribu musofirsizlar.
12Majusiylar orasida xatti-harakatingiz benuqson bo’lsin. Ular ezgu ishlaringizni ko’rib turib, sizlarni yomonlikda ayblab g’iybat qilsalar ham, mahshar kuni Xudo oldida javob beradilar.
13Rabbingiz haqi har xil insoniy tartib-intizomga bo’ysuninglar; xoh oliy hokim bo’lgan podshohga,
14xoh podshoh o’rnida yomonlik qilganlarni jazolovchi va yaxshilik qilganlarni taqdirlovchi hokimga bo’ysuninglar.
15Chunki Xudoning irodasi shuki, yaxshilik qilish bilan aqlsiz va johil odamlarning og’ziga urasizlar.
16Ozod odamlardek yashanglar, ammo ozodlik niqobi ostida yomonlik qilmanglar. Xudoning qullariday bo’lib yuringlar.
17Hamma odamlarni hurmat qilinglar. Imonli birodarlaringizni sevinglar. Xudodan qo’rqinglar. Podshohni ehtirom qilinglar.
18Ey xizmatkorlar, faqat yumshoq va xushfe’l xo’jayinlargagina emas, balki fe’li-xo’yi ters bo’lganlariga ham kamoli ehtirom bilan itoat qilinglar.
19Agar biror kishi Xudoga ishonganidan vijdonan azob chekib, nohaq g’am-g’ussaga chidasa, bu Xudoning inoyatidan dalolat beradi.
20Agar qilgan gunohingiz uchun tayoq eyishga chidasangiz, bu sizga qanday sharaf keltiradi? Ammo yaxshilik qilib, azobga chidasangiz, Xudo bundan rozi bo’ladi.
21Xudo sizlarni ana shu maqsadda da’vat etgan. Masih ham: “Mening izimdan yuringlar”, deb sizlar uchun azob chekib namuna bo’ldi. Tavrotda U haqda yozilganidek:
22“U hech qanday gunoh qilmagan, og’zidan biron egri so’z ham chiqmagan”.
23Masih haqorat qilinganda hech kimga haqorat bilan javob qaytarmas edi, azob chekkanda esa hech kimga tahdid qilmas edi. Faqat odilona hukmlovchi Xudoga O’zini topshirar edi.
24Biz gunoh qarshisida o’lib, endi solihlik bilan yashashimiz uchun, U xochda gunohlarimizni O’z badaniga singdirdi. Uning yaralaridan siz shifo topdingizlar.
25Ilgari cho’ponsiz adashib yurgan qo’ylarga o’xshar edingizlar, endi esa jonlaringizning Cho’ponu Posboniga qaytib keldingizlar.

3-bob
1-2Masihdan ibrat olib, siz, xotinlar ham o’z erlaringizga bo’ysuninglar. Xudo kalomiga ishonmaydigan ba’zi kishilar siz, ayollarning or-nomusli, pokdomon xulq-atvoringizni ko’rib, imon haqida biron so’z aytilmasdanoq qoyil qolsinlar.
3Sizning jozibangiz o’rilgan sochlar, taqilgan oltinlar, chiroyli kiyimlar kabi tashqi zeb-ziynatdan iborat bo’lmasin.
4Ammo yashirin qalbingizdagi yuvosh va sokin ruh sizlarning so’lmaydigan ichki go’zalligingiz bo’lsin. Buning Xudo oldida qadri azizdir.
5O’tmish vaqtlarda Xudoga umid bog’lagan muqaddas xotinlar ham o’zlarini shu yo’sinda bezab, erlariga bo’ysunar edilar.
6Masalan, Soro bibi Ibrohimni janobim deb atab, uning so’ziga quloq soldi. Agar sizlar yaxshilik qilishda qunt qilib, hech qanday qo’rquvdan g’ulg’ulaga tushmasangiz, Soro bibining farzandlari hisoblanasizlar.
7Shunga o’xshab, siz, erlar ham xotinlaringiz zaif jinsdan ekanligini hisobga olib, ular bilan oqilona munosabatda bo’linglar. Ular ham abadiy hayot inoyatidan bahramand bo’lgani uchun, ularni hurmatga sazovor hisoblang va ibodatlaringizga xalal bermanglar.
8Xullas, o’zaro hamfikr, hamdard bo’linglar, bir-biringizni birodarlarcha sevinglar. Bir-biringizga mehr-shafqatli va kamtar bo’linglar.
9Yomonlikka yomonlik, haqoratga haqorat bilan javob qaytarmanglar. Aksincha, duoyi xayr qilinglar, chunki o’zlaringiz ham xayr-baraka olish uchun da’vat etilgansizlar.
10Zaburda yozilishicha: “Kimki uzoq umr ko’rishni sevib, yaxshi kunlar kelishini xohlasa, u tilini yomon so’zdan tutsin, og’zini egri gapdan tiysin.
11Yomonlikdan qochib, yaxshilik qilsin. Tinchlikni qidirib, uning payidan bo’lsin.
12Chunki Xudovandning ko’zi solihlardadir. Solihlar fig’oniga U quloq solar, badkirdorlardan esa yuz o’girar”.
13Agar yaxshilik qilishga bel bog’lasangiz, sizlarga kim ozor berar edi?
14Hattoki haqiqat yo’lida azob-uqubat cheksangiz, baxtiyor bo’lasizlar. Do’q-po’pisa qiluvchilardan qo’rqmanglar, dovdiramanglar.
15Rabbingiz Masihga yuraklaringizdan muqaddas joy beringlar. Dilingizdagi umid haqida sizdan har bir so’ragan kishiga javob berishga doimo tayyor bo’linglar.
16Lekin buni muloyimlik va ehtirom bilan bajo qilinglar, vijdoningizni toza tutinglar. Shunday qilib, Masih yo’lidagi yaxshi yurish-turishingizni mazammat qilganlar sizlarni yomonlab aytgan gaplaridan uyalsinlar.
17Agar Xudoning irodasi bilan azob chekishingiz lozim bo’lsa, yomonlik qilib azob chekishdan ko’ra, yaxshilik qilib azob chekish afzaldir.
18Chunki Masih ham bizni Xudoga yaqinlashtirish va gunohlarimizni yuvish uchun bir marta azob chekib, o’ldi. O’zi solih kishi bo’lgani holda, gunohkorlar uchun qurbon bo’ldi. Uning badanini o’ldirishgan bo’lsa-da, Ruhi tirildi.
19Masihning Ruhi esa borib, zindonga qamalgan ruhlarga va’z aytdi.
20Bular qadim zamonda, Nuh payg’ambar o’z kemasini qurayotgan zamonda Xudoning sabrini inobatga olmay, itoatsiz bo’lgan edilar. O’sha kemadan oz kishi, ya’ni sakkiz jongina suvdan o’tib qutulgan edilar.
21Mana shu suv – hozirgi suvda imon keltirish marosimining timsolidir. Bu marosimning ma’nosi badanni kirdan tozalash emas, balki Xudodan pok vijdonni so’rashdir. Sizlar ham suvga cho’mib imon keltirganingizda, Iso Masihning tirilishi tufayli najot topdingizlar.
22Masih esa osmonga chiqib, Xudoning o’ng tomonida o’tirib, farishtalar va koinotdagi barcha kuch-qudratlar ustidan hokimiyat o’rnatdi.

4-bob
1Masih biz uchun jisman azob chekib, o’ldi. Sizlar bundan o’rnak olinglar. Chunki jisman azob chekkan kishi boshqa gunoh qilishni bas qiladi.
2Endi bu badanda yashash uchun qolgan vaqtingizni boshqa odamlarday nafsingizni o’ylab emas, balki Xudoning irodasini o’ylab o’tkazinglar.
3Sizlar o’tmishda majusiylarga yoqib yashaganligingiz endi etar. O’sha vaqtlarda fisq-fujur, shahvatparastlik, sarxushlik, aysh-ishratlar, kayf-safolar hamda butparastlik razolati bilan kun kechirgansizlar.
4Endi esa ular kabi yurmayapsizlar, ularning shaloqliklari seliga o’zlaringizni tashlamayapsizlar. Majusiylar bundan hayron bo’lib, sizlarni yomonlamoqdalar.
5Ular tirigu o’liklarni hukm etishga tayyor bo’lgan Xudoga hisob beradilar.
6O’liklarga kelsak, ular hamma odamzod qatori o’lib, badanlari jazolandi. Ammo ularning ruhi Xudoga muvofiq yashasin deb, Injil Xushxabari o’liklarga ham etkazildi.
7Endi borliq mavjudot oxirlab qoldi. Shuning uchun aql bilan ish tutinglar, ibodat qilish uchun hushyor bo’linglar.
8Avvalo bir-biringizni ixlos bilan sevinglar. Chunki sevgi ko’p gunohlarni yuvadi.
9O’zaro zorlanmay mehmondo’stlik qilinglar.
10Xudo sizlarga har turli qobiliyat bergan. Har biringiz shu qobiliyatingizni ishga solib, bir-biringizga xizmat qilinglar, Xudoning boy ehsonlarini parvarish qiluvchilar kabi kun kechiringlar.
11Kim so’zlasa, Xudoning so’zlari qilib aytsin. Kim xizmat qilsa, Xudo bergan kuch bilan xizmat qilsin. Shunday qilib, Iso Masih orqali Xudo har bir ish va so’zda ulug’lansin. Abadiy ulug’vorlik va saltanat Unikidir. Omin.
12Ey sevganlarim, sizlarni sinash uchun boshingizga kelayotgan otashli imtihonni ajib voqea deb, hayron bo’lmanglar.
13Aksincha, Masihning qancha azoblariga sherik bo’layotgan bo’lsangiz, shuncha xursand bo’linglar! Shunda U shon-sharaf ila osmondan tushib zohir bo’lgach, ko’nglingiz yana ko’proq quvonchlarga to’ladi.
14Agar Masih nomi tufayli sizlarni haqorat qilishsa, baxtiyorsizlar! Chunki Xudoning Ruhi, shon-sharaf Ruhi sizlarda maskan qiladi. [Ularga qolsa, Ruhni haqorat qiladilar, sizlarda esa sharaflanadi.]
15Sizlardan hech kim qotil, o’g’ri, yomonlik qiluvchi yoki fitna-fasodchi bo’lib azob chekmasin.
16Lekin agar biror kishi Masihiy bo’lgani uchun azob cheksa, uyalmasin, aksincha, bu nom bilan Xudoni ulug’lasin.
17Xudoning O’z xonadonini hukm qilish vaqti allaqachon boshlandi. Agarda biz birinchi navbatda hukm qilinadigan bo’lsak, unda Xudoning Injiliga itoatsizlik qilganlarning oxirati nima bo’ladi? Sulaymon matallarida yozilishicha:
18“Agar solih odam zo’rg’a qutulsa, betavfiqu gunohkorning ahvoli nima bo’ladi?”
19Shunday qilib, Xudo irodasiga ko’ra azob chekayotganlar yaxshilik qilishga bel bog’lasinlar va O’z so’ziga sodiq bo’lgan Parvardigorga jonlarini bag’ishlasinlar.

5-bob
1Masih chekkan azob-uqubatlarning shohidi hamda Uning namoyon bo’lajak ulug’vorligining qatnashchisi sifatida o’zimday oqsoqollardan o’tinib so’rayman:
2Nazoratingizdagi Xudoning suruvini yaxshi boqinglar. Bu ishni majburiy emas, balki Xudoga yoqadigan darajada ko’ngildan chiqarib qilinglar. Qabih g’arazgo’yliksiz, sidqidildan ish tutinglar.
3Qo’lingiz ostidagi suruvga hukmronlik qilmasdan, yaxshi o’rnak ko’rsatinglar.
4Ana shunda, Bosh Cho’pon osmondan namoyon bo’lganda, sizlar so’lmas, ulug’ jamol tojiga sazovor bo’lasizlar.
5Ey yoshlar, sizlar ham oqsoqollarga itoat qilinglar. Hammangiz bir-biringizga yumshoq muomalada bo’linglar. Chunki “Xudo mag’rurlarga qarshi, ammo kamtarlarga inoyatlidir”.
6Shunday qilib, o’z vaqtida bizlarni yuksaltirsin deb, Xudoning qudratli qo’li ostida o’zingizni kamtar tutinglar.
7Butun g’amlaringizni Xudoga tashlanglar, Uning O’zi sizlarga g’amxo’rlik qiladi.
8Hushyor va bedor bo’linglar. Dushmaningiz iblis birovni yutib yuborish uchun izlab, sherday bo’kirib kezib yuribdi.
9Dunyoning har yog’idagi birodarlaringiz xuddi Shunday azoblarga duchor bo’layotganlarini bilib, mustahkam imon bilan iblisga qarshi turinglar.
10Xudo har xil mehru inoyatning manbaidir. Iso Masih orqali U bizni O’zining abadiy, ulug’vor jannatiga da’vat etgan. Qisqa bir muddat azob chekkaningizdan keyin, O’zi sizlarni maqsadingizga erishtiradi, kuch-qudratli, sabotli va mustahkam qilib qo’yadi.
11Shon-shuhrat va saltanat abadulabad Unikidir. Omin.
12Bularni o’zimning fikrimcha ishonchli bo’lgan birodarimiz Silvan orqali sizlarga qisqacha yozib yubordim. Shu bilan sizlarga dalda berib, ta’kidlab aytmoqchimanki, bu azob-uqubatlar Xudoning haqiqiy inoyatidan dalolat beradi. Uning inoyatida sobit qolinglar.
13Xudo o’zingiz kabi tanlagan Bobildagi Masih jamoati va o’g’lim Mark sizlarga salom yo’llamoqdalar.
14Bir-biringizni muhabbat bilan o’pib salomlashinglar. Iso Masihga tegishli bo’lgan hammalaringizga tinchlik bo’lsin. Omin.

No comments: