Efesliklarga maktub
1-bob
1Men, Xudo irodasi bilan Iso Masihning havoriysi bo’lgan Pavlus, Efes shahridagi Iso Masihga imon keltirgan Xudo azizlariga salom yo’llayman.
2Otamiz Xudodan va Rabbimiz Iso Masihdan sizlarga inoyat va tinchlik bo’lsin.
3Rabbimiz Iso Masihning Otasi – Xudoga hamdu sanolar bo’lsin! U Masih orqali samoviy olamda har xil ruhiy qut-barakalar ato etdi.
4O’z huzurida muqaddas va benuqson bo’lishimiz uchun, U Masih haqi bizga muhabbat ko’rsatib, bizni dunyo yaratilishidan avval tanladi.
5Bizni muruvvatiga sazovor bilib, Iso Masih orqali O’ziga o’g’il qilib olishga azaldan qaror qildi.
6Ilohiy mehr-shafqatning dong’i chiqsin, deb sevikli O’g’lini yuborib, bizga inoyat qildi.
7Uning O’g’li esa qonini to’kib, bizning gunohlarimizni yuvdi. Xudoning bu cheksiz inoyati tufayli biz barcha aybu gunohlarimizdan forig’ bo’ldik.
8Xudo bunday inoyatini hamda har xil hikmatu aql-zakovatni bizga mo’l-ko’l berdi.
9Xudo qadimdan aniqlab qo’ygan maqsadi bo’yicha, Masih orqali bizga muruvvat qilib, O’zining sirli rejasini ayon qildi.
10Xudo bu rejani O’zi belgilagan vaqtda amalga oshiradi va eru osmondagi bor mavjudotlarni Masih boshchiligida birlashtiradi.
11Xudo hamma narsani O’z xohishi bo’yicha bajaradi. U biz uchun ham O’zining orzu-niyatini amalga oshirib, bizni Masih orqali azaldan tanladi va samoviy merosdan bahramand qildi.
12Shunday ekan, Masihga avvaldan umid bog’lagan bizlar Xudoning shon-sharafini oshirish uchun yashashimiz lozim.
13Sizlar ham haqiqat kalomini, ya’ni najotingiz to’g’risidagi Xushxabarni eshitib, Masihga imon keltirdingizlar. Imoningizning tasdig’i o’laroq Xudo va’da qilgan Muqaddas Ruhni qabul qildingizlar.
14Xudoning ummati ozodlikka chiqmaguncha, Muqaddas Ruh samoviy merosimizning garovidir. Xudoning ulug’vorligi sha’niga tasannolar bo’lsin!
15-16Men Rabbimiz Isoga bo’lgan e’tiqodingiz va butun Xudo azizlariga bo’lgan muhabbatingiz haqida eshitganimdan buyon, doim sizlarni ibodatlarimda eslayman, tinmay Xudoga shukronalar aytaman.
17Rabbimiz Iso Masihning Xudosi, ulug’vor Padar, O’zini tanib-bilishingiz uchun sizga hikmatu vahiy ruhini ato etsin.
18Uning O’zi sizlarning ko’ngil ko’zlaringizni yorug’ qilsin, toki U sizlarni naqadar ulug’ bir umidga chorlaganini bilib olinglar, O’z azizlarini qanchalik boy va ulug’vor bir merosga sazovor qilganini qadrlanglar.
19Biz, imonlilarga ta’sir o’tkazayotgan Xudoning hadsiz-poyonsiz kuch-qudrati buyukligini ham bilib olinglar.
20Xudo O’zining cheksiz saltanatini joriy qilib, ana shu kuch-qudratini amalda ko’rsatdi: Masihni tiriltirib, Uni samoviy olamda O’zining o’ng tomoniga o’tqazdi.
21Masihni har qanday rahnamolik va hukmronlik, kuch va saltanatdan, u dunyoyu bu dunyoda aytiladigan har qanday nomdan yuqori qo’ydi.
22Butun borliqni Uning oyoqlari ostiga tobe qildi. Uni butun borliqdan yuqori qo’yib, imonlilar jamoatiga bosh qilib qo’ydi.
23Imonlilar jamoati esa Masihning badani bo’lgani uchun, U kabi to’kis-tugallikka ega. Chunki Masih butun koinotni to’kis-tugal to’ldirib turadi.
2-bob
1Sizlar bir vaqtlar gunoh va jinoyatlaringiz tufayli ruhan o’lgan edingizlar.
2Sizlar bu dunyoning taomiliga ko’ra, fazoda hukmronlik qilayotgan hokim – shaytonning ixtiyoriga qarab yashar edingizlar. Shayton ruhi hozir ham osiy bandalarda amal qilmoqda.
3Bir vaqtlar biz hammamiz ham o’sha odamlar qatori yashaganmiz. Tabiatimizdagi yomon ehtiroslarga jisman va fikran mubtalo bo’lib, xuddi boshqa odamlarday tabiatan Xudo g’azabiga yo’liqqan edik.
4Ammo marhamatga boy Xudo O’zining ulkan muhabbatini bizga ko’rsatdi:
5biz jinoyatlarimiz tufayli ruhan o’lgan ekanmiz, U Masih orqali bizga hayot bag’ishladi. Sizlar Xudoning inoyati bilan qutulgansizlar.
6Iso Masihga ishonib, U bilan birlashganimizdan so’ng, Xudo bizni Masih bilan birga tiriltirdi va samoviy olamda o’tqizib qo’ydi.
7Xudo O’z mehr-inoyatining behad boyligini kelgusi asrlargacha aniq namoyon qilmoq uchun bizga Iso Masih orqali shunchalik katta iltifot qildi.
8Ha, sizlar Xudodan inoyat topib, imoningiz tufayli qutulgansizlar. Bu – Xudoning in’omi, sizning yutug’ingiz emas.
9Yana hech kim: Men savob ishlarim tufayli qutulganman, deb maqtanmasin.
10Biz Xudoning ijodimiz. Xudo bizni Iso Masih orqali xayrli ishlar qilishimiz uchun yaratdi, bu ishlarni esa biz uchun azaldanoq tayyor qilib qo’ydi.
11Sizlar ilgari aslan majusiy bo’lganingizni esdan chiqarmanglar. Yahudiylar sunnat qilinadigani uchun, o’zlarini “ahli sunnat”, sizlarni esa “sunnatsizlar” deyishadi. (Vaholanki, sunnat faqat tana bilan bog’liq bir odatdir.)
12To’g’ri, sizlar o’sha zamonda Masihdan bexabar, Isroil ummatidan benasib, ilohiy ahdu va’dalarga begona, dunyoda umidsiz va Xudosiz edingizlar.
13Lekin ilgari Xudodan uzoq ekansizlar, endi Iso Masih vositasi bilan, Uning to’kkan qoni orqali yaqin bo’ldingizlar.
14Masihning O’zi bizning tinchligimizdir. U yahudiylar bilan majusiylarni yarashtirib, bir ummat qildi. O’z tanasini fido qilib, ularning orasidagi to’siq devorni qulatdi, adovatni bartaraf qildi.
15Yahudiylar bilan majusiylarni O’z vujudida birlashtirib, yangi insonni yaratdi, ana shu maqsadda Tavrotning qonun-qoidalarini ham bekor qildi.
16Masih xochda o’lib, adovatni bartaraf, tinchlikni esa barqaror qildi. Xoch orqali ikki ummatni bir badanday qildi hamda Xudo bilan yarashtirdi.
17Masih kelib, ilgari Xudodan uzoq bo’lgan sizlarga va Shuningdek, Unga yaqin bo’lgan yahudiylarga tinchlik Xushxabarini e’lon qildi.
18Masih orqali biz hammamiz bir ruh bilan Otamiz Xudoning huzuriga kira olamiz.
19Demak, siz endi begona emassizlar, kelgindi ham emassizlar, balki Xudoning muqaddas xalqiga vatandosh va hamxonasizlar.
20Sizlar ham havoriylaru payg’ambarlar solgan poydevorga asosan bino bo’lgansizlar. Binoning negiz toshi esa – Iso Masihning O’zi.
21Butun imorat Undan tarkib topib, o’sib boradi va Xudo uchun muqaddas bir ma’badga aylanadi.
22Siz o’zlaringiz ham Iso Masih bilan va o’zaro birlashgan holda, Xudoning ruhiy maskanini tashkil etmoqdasizlar.
3-bob
1Mana men – Pavlus siz, majusiylarni deb, Iso Masih uchun mahbus bo’lganman.
2Men Xudoning inoyatini sizlarga etkazish uchun Xudodan vakolat olganman, sizlar bu haqda, albatta, eshitgansizlar.
3Yuqorida qisqacha yozganimday, Xudo bu sirni menga vahiy orqali ma’lum qildi.
4Sizlar bularni o’qib turib, men Masih sirini qanday fahmlaganimni bilib olishingiz mumkin.
5Bu sir o’tmish odamzod avlodlariga bildirilmagan bo’lsa-da, hozir Muqaddas Ruh buni Masihning muqaddas havoriylaru payg’ambarlariga oshkor qildi.
6Shunga ko’ra, endi Iso Masihning Xushxabariga ishongan boshqa xalq vakillari yahudiylar bilan bir badanday bo’lib, Xudoning va’da qilgan qut-barakalariga sherik va hamvorisdirlar.
7Xudoning menga bergan inoyati va ko’rsatgan iltifoti bilan, Uning menda amal qilayotgan kuch-qudrati tufayli Xushxabarni tarqatish xizmatini bo’ynimga oldim.
8Men barcha azizlar orasida eng arzimagani edim. Ammo Xudo inoyat qilib, Masihning aql bovar qilmas boyligi haqida turli xalqlarga Xushxabar etkazish uchun meni yubordi.
9Men Xudoning sirli rejasi nimadan iboratligini barchaga aniq ma’lum qilmoq uchun vakolat oldim. [Iso Masih orqali] olamni yaratgan Parvardigor azaldanoq bu sirni O’z huzurida pinhon saqlagan edi.
10Hozirgi zamonda esa U Masih ummatini barpo qilib, u orqali samovotda hokim bo’lgan kuchlarga ham O’zining ko’p qirrali hikmatini oshkor qildi.
11Shu tariqa Xudo O’zining azaliy maqsadini Rabbimiz Iso Masih orqali ro’yobga chiqardi.
12Biz Iso Masih orqali, Unga bo’lgan imonimiz orqali Xudo huzuriga dadil va to’la jasorat bilan yaqinlashish imkoniga egamiz.
13Shunday ekan, men sizlar uchun qayg’u chekayotganimda aynimasligingizni iltimos qilaman. Chunki bu sizlarning yuksalishingizga xizmat qiladi.
14Ana shu sabadan, men samoviy Otamiz oldida tiz cho’kyapman.
15Er yuzidagi va osmondagi har qanday sulola samoviy Otadan nom olgan.
16U O’zining ulug’vor boyligi bilan sizlarni kuch-qudratli qilsin, O’z Ruhi bilan ichki borlig’ingizni baquvvat qilsin.
17Masihni imon bilan dilingizga jo qilinglar. Masihning sevgisi qalbingizda ildiz otib, mahkam o’rnashsin,
18toki sizlar barcha Xudoning azizlari bilan birga bu sevgining kengligi, uzunligi, balandligi va teranligini to’la anglashga kuchingiz etsin.
19Ha, sizlar Masihning aql bovar qilmas sevgisini fahmlab borib, Xudoning butun kamolotiga erishinglar.
20Xudoning kuch-qudrati bizda amal qilmoqda. Shuning uchun Xudo biz so’ragan yoki hayol qilganimizdan ham ortig’ini bajarishga g’oyat darajada qodirdir.
21Unga Iso Masih ummati orqali va Iso Masihning o’zi orqali nasldan-naslga, to abad shon-sharaflar bo’lsin! Omin.
4-bob
1Rabbimiz uchun mahbus bo’lgan men sizlarga nasihat qilib o’tinaman: Xudoning da’vatiga munosib tarzda yashanglar.
2Butun kamtarlik va yumshoqlik bilan, muhabbat bilan bir-biringizga sabr-toqat qilinglar.
3O’zaro tinch-totuv yashab, Ruhning birligini saqlashga jon kuydiringlar.
4Badan – bir, Ruh ham – bir. Chunki Xudo hammalaringizni ham bir xilda umidvor bo’lishga chaqirgan.
5Rabbimiz – bir, imon – bir, suvdagi iqror – bir.
6Hammaning Otasi Xudo – bir. U hammaning ustidan hokim, hamma orqali amal qiladi, hammada mavjuddir.
7Biz har birimiz Masih inoyat etganiga ko’ra biron in’om oldik.
8Mana, Zaburda Masih haqida nima deyilgan: “U yuksaklikka chiqib, asirlarni asir oldi, insonlarga esa hadyalar ulashdi”.
9Endi bu “chiqdi” so’zi nimani bildiradi? Masih oldin tubanga, er yuziga ham tushganidan boshqa yana nimani bildiradi?
10Ha, Masih O’zi tubanlikka tushdi va koinotni to’ldirish uchun osmonu falakdan ham yuqoriga chiqdi.
11Shuningdek, Masihning O’zi ba’zi kishilarni havoriy, ba’zilarini payg’ambar, ba’zilarini Injil voizi, ba’zilarini esa imonlilar jamoatiga cho’ponu mudarris qilib tayinladi.
12Shu yo’sinda imonlilar xizmati kerak bo’ladigan ta’minotni oladilar va Masihning ummati obod bo’la boradi.
13Buning natijasida hammamiz imonda yakdil, Xudo O’g’lini tanib biladigan, Masihning kamoliga erishgan etuk odamlar bo’lamiz.
14Bundan buyon har turli ta’limotlarning shamoli bilan uchib, tebranib yuradigan go’daklarday bo’lmaylik. Mana, imonda go’dakligicha qolgan kishilar quv odamlarning hiylasi va tarqatayotgan qurboni bo’lib, yo’ldan ozib ketadilar.
15Biz, aksincha, haqiqat va muhabbatga sodiq qolib, har jihatdan badanning boshi – Masih tomon o’sib boraylik.
16Uning boshchiligida butun badan alohida-alohida hayotiy payu bo’g’inlar yordamida o’zaro ulanadi va birikadi. Har bir bo’lakning alohida o’z holicha, muhabbat bilan harakat qilishi natijasida badan o’sib-ulg’ayadi.
17Shunday ekan, men Rabbimiz nomidan sizlarga qattiq buyuraman: bundan buyon o’zga xalqlarning be’mani o’y-fikri bilan yashamanglar.
18Ularning zehnlari o’tmaslashgan. Ular jaholatda qolib, yuraklarini yog’ bosgan. Shuning uchun Xudo bergan hayotdan mahrum qolganlar.
19Ular har qanday or-nomus tuyg’usini yo’qotgan, har turli iflos ishlarga o’rgangan, fisqu fujurga berilgan tamagir odamlardir.
20Ammo sizlar Masihdan unday o’rganmagansizlar.
21Sizlar Masihning so’zlarini eshitib, U haqda ta’lim olgansizlar. Shuning uchun endi Isoning haqiqiy yo’lida yurib,
22eski o’zligingizni bir chetga olib qo’yinglar; ya’ni ilgarigi turmushingizga oid, aldovchi ehtiroslar bilan buzilib borayotgan eski, yomon tabiatingizni soqit qilinglar.
23Buning o’rniga yangi fikrga, ruhga ega bo’linglar.
24Xudoga munosib suratda, haqiqiy solihlik va muqaddaslik bilan yaratilgan yangi tabiatni o’zlashtiringlar.
25Shunday qilib, yolg’onni rad etib, har biringiz o’z birodaringiz bilan haqiqatni gaplashinglar. Chunki biz bir-birimizga tananing a’zolaridaymiz.
26G’azablanib, gunoh qilmanglar. Quyosh botguncha, g’azabdan qaytinglar.
27Iblisga fursat bermanglar.
28O’g’rilik qilgan kishi boshqa o’g’rilik qilmasin. Balki yaxshi ishlab, o’z qo’llari bilan mehnat qilib, muhtoj bo’lganlarga ham biror narsa bersin.
29Og’zingizdan hech qanday yaramas so’z chiqmasin. Lekin ehtiyojga ko’ra, tinglovchilarning joniga ora kiradigan yaxshi so’zlar gapiringlar.
30Xudoning Muqaddas Ruhini xafa qilmanglar; sizlar najot kunigacha o’sha Ruh bilan muhrlangansizlar.
31Har qanday yomon niyat va gina-qudurat, har qanday qahru jahl, nolish va g’iybatchilikni o’zingizdan soqit qilinglar.
32Bir-biringizga ko’ngilchan va mehr-shafqatli bo’linglar. Xudo sizlarni Masih haqi kechirgani kabi, sizlar ham bir-biringizni kechiringlar.
5-bob
1Sevikli bolalar kabi Xudoga ergashinglar.
2Masih sizlarni juda sevgani uchun, sizlar uchun O’zini fido qildi va shu yo’sin Xudoga ma’qul keladigan, xush hidli qurbonlik keltirdi. Sizlar ham xuddi Shunday muhabbat bilan yashanglar.
3Sizning orangizda hech qanday zinogarlik, ifloslik yoki tamagirlik hatto tilga olinmasin. Bular muqaddas kishilarga munosib emas.
4Shuningdek, beadab va axloqsiz gap yoki maynabozchilik ham bo’lmasin. Bular sizga munosib emas. Yaxshisi, Xudoga shukur qilinglar.
5Shuni bilib qo’yinglar: hech bir fohish, iflos yoki tamagir kishi (chunki tamagir – butparast bilan teng) Masihning va Xudoning Shohligidan bahramand bo’lmaydi.
6Hech kim sizlarni quruq gaplar bilan aldamasin. Ana shu narsalar uchun osiy bandalarning boshiga Xudoning g’azabi keladi.
7Shu sababdan siz ularga sherik bo’lib qolmanglar.
8Siz bir vaqtlar zulmat edingizlar, endi esa Rabbimizga tegib, nur bo’ldingizlar. Ahli nur bo’lib yashanglar.
9Nur har xil ezgulik, odillik va haqiqat mevalaridan iborat.
10Rabbingizga nima maqbul bo’lishini o’rganib olinglar.
11Zulmatning besamara ishlarida ishtirok etmanglar, aksincha, ularni fosh etinglar.
12Zulmatda maxfiy qilinadigan o’sha ishlar haqida gapirish ham uyatdir.
13Zotan hamma narsa nur orqali fosh bo’lib, ochiq-oshkor ko’rinadi.
14Yorug’likka chiqqan hamma narsa ayon bo’ladi. Qo’shiqda aytilganiday: “Ey uxlagan, tur! O’liklar ichidan tiril! Masih senga nur sochar”.
15Shunday qilib, qanday yashayotganingizga o’zingiz diqqat qilib qaranglar. Nodonlar kabi emas, dono kishilar kabi kun kechiringlar.
16Fursatni g’animat bilinglar, chunki biz yashayotgan kunlar – yomon kunlar.
17Shunig uchun beaql bo’lmanglar, balki Rabbingizning irodasi qanday ekanini anglab olinglar.
18Sharob ichib mast bo’lmanglar, chunki bu buzuqlikka olib boradi. Aksincha, Muqaddas Ruhga to’lib-toshinglar.
19Shu maqsadda Zabur xonishi, ruhiy madhiyalar va qo’shiqlar bilan bir-biringizga nasihat qilinglar, chin yurakdan Rabbingizni kuylab, hamdu sanolar o’qinglar.
20Har doim, har bir narsa uchun Rabbimiz Iso Masih nomi bilan Otamiz Xudoga shukur qilinglar.
21Masihni hurmatlab, bir-biringizga bo’ysuninglar.
22Ey xotinlar, siz Rabbingizga qanday bo’ysunsalaringiz, erlaringizga ham Shunday bo’ysuninglar.
23Masih imonlilar jamoatining boshi bo’lgani kabi, erkak ham xotinning boshidir. Masih O’z badaninining, ya’ni ummatining Xaloskoridir.
24Masihning ummati Masihga qanday tobe bo’lsa, xotinlar ham har narsada o’z erlariga Shunday tobe bo’ladilar.
25Ey erlar, Masih imonlilar jamoatini sevib, ular uchun O’zini qanday fido qilgan bo’lsa, sizlar ham xotinlaringizni Shunday sevinglar.
26Masih imonlilar jamoatini muqaddas qilay, deb ularni suv bilan yuvdi va O’z kalomi orqali tozaladi,
27toki ustida biron g’ubor, ajin yoki dog’i qolmagan, muqaddas, benuqson, kamoli chiroyli bir jamoatni O’z huzuriga eltib qo’ysin.
28Shunday qilib, erkaklar o’z xotinlarini o’z tanalarini sevganday sevishlari kerak. O’z xotinini sevgan o’zini o’zi sevadi.
29Hech kim hech vaqt o’z tanasini yomon ko’rmagan. Aksincha, uni oziqlantirib, parvarish qiladi. Masih ham O’z ummatini xuddi Shunday oziqlantirib, parvarish qiladi.
30Biz Masih tanasining a’zolarimiz, [Uning etu suyagimiz].
31Tavrotda: “Kishi ota-onasini qoldirib, o’z xotiniga yopishib qoladi va ikkovi bir tan bo’ladi”, deb yozilgan.
32Bu sir buyuk va men buni Masih hamda imonlilar jamoatiga o’xshatib aytyapman.
33Xullasi kalom, har bir er o’z xotinini o’zini o’zi sevganiday sevsin. Xotin ham erini hurmat qilsin.
6-bob
1Ey farzandlar, ota-onangizga itoat qilinglar, chunki bu Rabbimizga ma’quldir.
2-3Bu haqdagi ilohiy buyruq Xudo va’da qo’shib bergan birinchi buyruqdir, chunonchi: “Ota-onangni hurmat qil, toki baraka topib, er yuzida uzoq umr ko’rgaysan”.
4Siz, otalar, farzandlaringizning jahlini chiqarmanglar. Ularni Rabbimizning ta’lim-tarbiyasi bilan o’stiringlar.
5Ey qullar, dunyoviy xo’jayinlaringizga, Masihga itoat qilganingizdek, kamoli ehtirom va soddadillik bilan itoat qilinglar.
6Insonlarning ko’nglini topay, deb xo’jako’rsinga xizmat qilgan kishilar kabi emas, balki Masihning qullari kabi Xudoning irodasini chin ko’ngildan bajo keltiringlar.
7Insonlarga emas, balki Rabbingizga xizmat qilayotgandek, bajonu dil xizmat qilinglar.
8Bilinglarki, xoh qul, xoh erkin bo’lsin, har bir kishi qilgan yaxshiligiga yarasha mukofotni Rabbimizdan oladi.
9Ey xo’jayinlar, sizlar ham qullaringizga xuddi shu tarzda muomala qilinglar. Osmonda ham ularning, ham sizlarning Egangiz borligini bilib, ularga do’q-po’pisa etishni bas qilingiz. Chunki Rabbimiz yuz-xotir qilmaydi.
10Nihoyat, Rabbimiz bilan ittifoq bo’lib, Uning kuch-qudrati ta’sirida quvvatli bo’linglar.
11Iblisning hiylalariga qarshi tura olish uchun, Xudo bergan barcha qurol-aslahalar bilan qurollaningiz.
12Chunki bizning kurashimiz o’tkinchi basharga qarshi emas, balki samoviy olamdagi yovuz ruhiy kuchlarga, hokimlaru hokimiyatlarga, bu qorong’i dunyoni boshqarayotgan ruhiy hukmronlarga qarshidir.
13Shu sababdan yomon kunda qarshilik ko’rsata olishingiz uchun, Xudoning qurol-aslahalarini ko’taringlar, toki butun tadbirkorlik bilan ish tutib, o’rningizda tura olinglar.
14Belingizni haqiqat kamari bilan bog’lang, ko’ksingizga solihlik sovutini taqinglar.
15Tinchlik Xushxabarini yoyish uchun oyog’ingizga ildamlik poyabzalini kiyinglar.
16Buning ustiga imon qalqonini qo’lga olinglar, u bilan yovuz shaytonning qizdirilgan hamma o’qlarini o’chira olasizlar.
17Shuningdek, najot dubulg’asini kiyinglar, Xudo kalomi bo’lgan Ruhning qilichini ko’taringlar.
18Har turli duo va yolvorishlar bilan, Muqaddas Ruh ilhomi bilan har doim ibodat qilinglar. Ibodatda hushyor va sabotli bo’lib, barcha Xudoning azizlari uchun iltijo qilinglar.
19Men uchun ham ibodat qilinglar. Men og’zimni har ochganimda, zarur bo’lgan so’z menga berilsin, Injil sirini qo’rqmasdan bayon eta olayin.
20Men Injil uchun mahbus bo’lsam-da, bu elchiligimni tegishlicha og’zi botirlik bilan ijro etayin.
21Siz mening hol-ahvolim qalay ekanini, nimalar qilayotganimni bilib olasiz, bu haqda sevikli birodarimiz, Rabbimizning sodiq xizmatkori Tixik sizlarga ma’lumot beradi.
22Bizning sharoitimiz haqida bilib, yuraklaringiz tasalli topsin deya, men uni sizning oldingizga yuboryapman.
23Otamiz Xudodan va Rabbimiz Iso Masihdan birodarlarimga tinchlik, e’tiqod va muhabbat tilayman.
24Rabbimiz Iso Masihni o’lmas muhabbat bilan sevganlarning hammasiga Xudoning inoyati yor bo’lsin. Omin.
Tuesday, March 20, 2007
Efesliklarga maktub
Posted by Масиҳий муаллим at 15:01
Subscribe to:
Post Comments (Atom)
No comments:
Post a Comment