Salonikaliklarga birinchi maktub
1-bob
1Otamiz Xudo va Rabbimiz Iso Masihning ummati bo’lgan Salonika shahridagi imonlilar jamoatiga Pavlus, Silvan va Timo’tiydan salom! Otamiz Xudodan va rabbimiz Iso Masihdan sizlarga inoyat va tinchlik bo’lsin.
2Ibodatlarimizda tinmay sizlarni xotirlab, hammalaringiz uchun Xudoga shukr qilamiz.
3Chunki sizlar imon bilan ish qilib, muhabbat bilan zahmat chekasiz, faqat Rabbimiz Iso Masihga umid bog’lab, U tufayli sabr-toqat qilasizlar. Shuning uchun Otamiz Xudo huzurida sizlarni eslab turamiz.
4Ey birodarlar, Xudo sizlarni sevib, tanlaganini bilamiz.
5Biz Injil Xushxabarini sizlarga quruq so’z bilan emas, balki qudrat bilan, Muqaddas Ruh kuchi bilan, to’la ishontirish kuchi bilan xabarlab keldik. Biz orangizda bo’lganimizda qanday namunali turmush kechirganimizni o’zlaringiz bilasizlar.
6Shunday qilib, sizlar ko’p qayg’uda bo’lsangiz ham, Muqaddas Ruhdan ilhom olib, o’zingizda sevinch hosil qildingizlar, Xudoning kalomini qabul etib, bizga ham, Rabbimizga ham ergashdingizlar.
7Makedoniya va Axaya o’lkalaridagi butun imonlilarga o’rnak bo’lib qoldingizlar.
8Rabbimiz Isoning kalomi sizlardan boshlab yoyildi. Sizlarning Xudoga bo’lgan imoningizning shuhrati yolg’iz Makedoniya va Axayagagina emas, hamma yoqqa ham tarqalib ketdi. Shuning uchun endi bizning biror narsa gapirishimizga hojat qolmadi.
9Hamma eshitganlarning ham aytishlaricha, sizlar bizni yaxshi qabul qildingizlar. Endi Xudoga xizmat qilayotib,
10Uning O’g’li Isoning ko’kdan tushishiga ko’z tutib yuribsizlar. Xudo O’z O’g’li Isoni tiriltirdi, toki U bizni kelajak Xudo g’azabidan xalos qilsin.
2-bob
1Ey birodarlar, oldingizga borib qilgan ziyoratimizning befoyda bo’lmaganini o’zlaringiz bilasizlar.
2Yana avvaldan bilasizlarki, undan oldin Filippi shahrida azob chekib, haqoratga uchragan edik. Ammo bu shiddatli qarshiliklarga qaramasdan, Xudo o’z Xushxabarini sizlarga ham etkazish uchun bizga jasorat berdi.
3Biz nasihat qilar ekanmiz, bizda na xato, na nopok niyat, na biron hiyla bo’lgan.
4Biz insonlarga yoqish uchun o’zimizcha gapirmayapmiz. Aksincha, Xudo Xushxabarni bizga ishonib topshirdi, uni etkazish uchun bizni loyiq topdi, Shuning uchun biz faqat Xudoni xushnud etmoqchimiz. Yuraklarimizni U sinab ko’radi.
5Siz yaxshi bilasizlarki, biz hech vaqt tilyog’lamalik qilmadik, niqob ostida tamagirlikni ham ko’zlamadik. Xudo bunga shohid.
6Biz na sizlardan, na boshqalardan insoniy shon-sharaf izlamadik.
7Biz Masihning havoriylari kabi oldingizga salobat bilan kelishimiz mumkin edi. Ammo bolalarini ardoqlagan bir enaga kabi orangizda yuvosh bo’ldik.
8Sizlarga shu qadar ko’ngil bog’lagan edikki, faqat Xudoning Xushxabarinigina emas, balki o’z jonimizni ham berishga tayyor edik. Chunki sizlar biz uchun aziz bo’lib qolgan edingizlar.
9Ey birodarlar, sizlarga sarf qilgan mehnatu zahmatimizni esda tutinglar! Sizlarning birortangizga malol kelmasin, deb kechayu kunduz mehnat qildik va Xudoning Xushxabarini talqin qilib berdik.
10Siz, imonlilar oldida biz qanday pokdil, solih va benuqson bo’lganimizga o’zlaringiz ham, Xudo ham guvohdir.
11Shuni ham bilasizlarki, ota o’z bolalarini avaylagani kabi, biz ham har biringizni avaylab dalda berdik.
12Biz sizlarga jiddiy nasihat qildik. Xudo o’zining ulug’vor Shohligi soyasiga sizlarni chorladi, endi shunga loyiq suratda yashanglar, deb samimiy yolvordik.
13Bizning tinmay Xudoga shukr qilishimizning yana bir sababi bor: sizlar Xudoning kalomini bizdan eshitganingizda, buni inson so’zi sifatida emas, balki Xudo kalomi sifatida qabul qildingizlar. Bu kalom haqiqatan Xudo kalomi bo’lgani uchun, siz, imonlilarga ta’sir qilmoqda.
14Ey birodarlar, sizlar Yahudiya o’lkasidagi Iso Masih ummati bo’lgan Xudo jamoatlariga ergashdingizlar; ular yahudiylardan qanday azob chekkan bo’lsa, sizlar ham o’z yurtdoshlaringizdan Shunday xo’rlik ko’rdingizlar.
15Mana yahudiylar Rabbimiz Isoni va payg’ambarlarni o’ldirishgan, bizni ham jabrlab, quvg’in qilishgan. Ulardan Xudo rozi emas, ular barcha odamlarga ham dushmandir.
16Ular boshqa xalqlarga va’z aytishimizni taqiqlab, ularning najot topishiga to’sqinlik qilmoqdalar, shu tariqa tobora gunoh orttirib bormoqdalar. Ular allaqachon Xudoning g’azabiga uchragan-ku.
17Ey birodarlar, endi biz dilimiz bilan bo’lmasa-da, vujudimiz bilan qisqa bir muddat sizlardan judo bo’ldik. Ammo sizlarni juda ham sog’inib, diydoringizni ko’rishga jon-jahdimiz bilan harakat qilmoqdamiz.
18Ha, biz, ayniqsa men, Pavlus, bir-ikki marta sizning oldingizga bormoqchi edik, lekin shayton bizga xalaqit berdi.
19Zotan bizning umid va sevinchimiz kim? Rabbimiz Iso qaytib kelganda, Uning oldida faxrlanadigan tojimiz kim? Sizlardan boshqa kim ham bo’la olardi?!
20Ha, sizlar biz uchun sharaf va quvonchsiz!
3-bob
1Biz endi boshqa toqat qilolmay, Afina shahrida yolg’iz qolishga rozi bo’ldik
2va ukamiz Timo’tiyni sizning oldingizga yuborishga qaror qildik. Timo’tiy Masih Xushxabarini targ’ib qilishda bizning hamkorimiz hamda Xudoning xizmatkoridir. U sizlarni imonda mustahkamlab, ruhlantiradi,
3toki bu qayg’ular bilan yana birortasi yo’ldan toyib ketmasin. Taqdirimiz qayg’uli ekanligini o’zlaringiz bilasizlar.
4Biz yoningizda bo’lganimizdayoq, biz uchun qayg’usizlik bo’lmaydi, deb sizlarga ta’kidlagan edik. Bilganingizdek, xuddi Shunday bo’ldi.
5Shuning uchun men ortiqcha sabr qilolmay, mabodo vasvasachi sizlarni yo’ldan ozdirmadimi, mehnatimiz behuda ketmadimi, deb imonimizning ahvolini bilish uchun ukamizni yubordim.
6Endi esa Timo’tiy oldingizdan qaytib kelib, imoningiz va sevgingiz haqida ezgu xabar berdi. Biz sizlarni sog’inganimizdek, sizlar ham bizni sog’inib qolibsiz, har doim bizni duo qilayotgan ekansiz, u gapirib berdi.
7Shu sababdan, birodarlar, biz hamma qayg’u va ehtiyojlarimiz orasida sizning imoningizning rivoji haqida bilib, tasalli topdik.
8Ha, sizlar Rabbimiz bilan mahkam aloqada turaversangiz, bizning jonimiz kiradi.
9Xudoyimiz huzurida sizlar sababli topgan baxt-saodatimiz uchun Unga qancha shukrlar qilsak ozdir.
10Diydoringizni ko’rish va imoningizdagi kamchiliklarni to’ldirish uchun kechayu kunduz zo’r berib Xudoga iltijo qilamiz.
11Otamiz Xudoning O’zi va Rabbimiz Iso Masih yo’limizni sizlar tomon yo’naltirsin.
12Biz sizlarni qancha sevsak, Rabbimiz Iso Masih bir-biringizga va barcha insonlarga bo’lgan muhabbatingizni shuncha ko’paytirib yuborsin.
13Shunda Rabbimiz Iso Masih O’zining barcha azizlari bilan birga osmondan tushib kelayotganida, sizning dillaringiz sobit bo’ladi, siz Otamiz Xudo huzurida muqaddaslikda benuqson bo’lasizlar. Omin.
4-bob
1Xullas, ey birodarlar Xudoga ma’qul kelish uchun qanday yashashingiz kerakligi to’g’risida bizdan ta’lim olgansizlar. Hozir ham Shunday yashayotgan bo’lsangiz-da, bundan ko’proq ravnaq topinglar, deb Rabbimiz Iso haqi sizlardan yolvorib so’raymiz.
2Biz Rabbimiz Iso nomidan sizlarga qanday buyruqlar berganimizni, albatta, bilasizlar.
3Xudoning irodasi shu: muqaddas bo’linglar, zinodan o’zingizni saqlanglar.
4Har bir odam o’z xotinini eplab, muqaddas va iffatli saqlasin.
5Xudoni tanimagan xalqlar kabi shahvoniy hirsga berilmanglar.
6Bu xususda hech kim birodariga firib berib, nohaqlik qilmasin. Oldindan sizlarga aytib, ogohlantirganimizdek, hamma bu ishlar uchun Xudo qasos oladi.
7Chunki Xudo bizlarni nopoklikka emas, balki muqaddaslikka chaqirgan.
8Demak, bu qoidani rad etgan kishi insonni emas, balki sizga Muqaddas Ruhni bergan Xudoni rad etgan bo’ladi.
9Birodarlik muhabbati to’g’risida sizlarga yozishning hojati yo’q. Chunki bir-biringizni sevishni Xudodan o’rgangansizlar.
10Zotan sizlar Makedoniya o’lkasi bo’ylab yashovchi barcha birodarlaringizga ham Shunday munosabatda bo’lyapsizlar. Shunga qaramay, sizlarni yanada ko’proq ravnaq topishga undamoqchimiz.
11Birodarlar, biz sizlarga: osoyishta yashash, shaxsiy ishlaringiz bilan mashg’ul bo’lish, halol ishlashga jon kuydiringlar, deb buyurgan edik.
12Yana hech kimga muhtoj bo’lmasdan, boshqa odamlarning ko’zi oldida odob bilan yashanglar.
13Ey birodarlar, umidsizlikda yashayotgan boshqa odamlarga o’xshab g’amgin bo’lmanglar, deb bu olamdan ko’z yumib ketganlarning ahvoli haqida sizlarni xabardor qilmoqchimiz.
14Biz Isoning o’lib, tirilganiga ishonamiz. Shunga o’xshab, Xudo Isoga ishongan marhumlarni ham U bilan birga qaytarib keltiradi.
15Buni sizlarga Rabbimiz kalomi kabi aytyapmiz: biz, tiriklar, ya’ni Rabbimiz kelishiga qadar hayot bo’lganlar, o’lganlardan ilgari kelmaymiz.
16Chunki Rabbimiz Iso O’zi buyuk nido, bosh farishtaning sadosi, Xudoning karnayi bilan osmondan tushadi. Avval Masihga ishongan marhumlar tiriladilar.
17So’ngra biz, tirik qolganlar, ular bilan birga Rabbimizni havoda kutib olish uchun bulutlar bilan ko’tarilamiz. Shu tariqa hamisha Rabbimiz bilan birga bo’lamiz.
18Ana shu so’zlar bilan bir-biringizni ovuntiringlar.
5-bob
1Ey birodarlar, bu voqealar ro’y beradigan zamon va muddatlar haqida sizlarga yozishning hojati yo’q.
2Chunki o’zlaringiz yaxshi bilasizlarki, kechasi o’g’ri qanday kelsa, mahshar kuni ham Shunday keladi.
3Xuddi homilador xotinni to’lg’oq tutib qolganidek, insonlar tinch va osoyishta deb yurganda, to’satdan ularning boshiga halokat keladi va undan aslo qochib qutula olmaydilar.
4Sizlar esa, ey birodarlar, qorong’ilikda emassizlarki, o’sha kun o’g’ri kabi sizlarni bosib olsin.
5Hammalaringiz yorug’lik va kunduzning o’g’illarisizlar. Biz kechaga ham, qorong’ilikka ham taalluqli emasmiz.
6Shuning uchun boshqalar kabi uxlamaylik, bedor va hushyor bo’laylik.
7Uxlaganlar kechasi uxlaydilar, sarxush bo’lganlar kechasi sarxush bo’ladilar.
8Lekin biz kunduzga oidmiz. Shu tufayli imon va muhabbat qalqonini olaylik, najotga umidvorlik dubulg’asini kiyaylik, hushyor bo’laylik.
9Chunki Xudo bizni g’azab uchun emas, balki Rabbimiz Iso Masih orqali najot tpish uchun tayin etdi.
10Rabbimiz Iso Masih biz uchun o’ldi. Biz hayot bo’lsak yoki hayotdan ko’z yumsak ham, hamisha U bilan birga yashaymiz.
11Shuning uchun hozir ham qilayotganingizdek, bundan keyin ham bir-biringizga dalda berib, yordam qilinglar.
12Ey birodarlar, orangizda mehnat qilib, Rabbimiz yo’lida sizlarga boshchilik qilib, yo’l-yo’riq beradiganlar bor, ularni qadrlashingizni iltimos qilaman.
13Qilgan ishlari tufayli ularni chin qalbdan sevib, hurmat qilinglar. Bir-biringiz bilan tinch-totuv yashanglar.
14Sizlarga yolvoramiz, jasoratsizlarning ruhini ko’taringlar, kuchsizlarga yordamlashinglar, hammaga sabr-toqatli bo’linglar.
15Hech kim o’zgaga yomonlik evaziga yomonlik qilmasin. Aksincha har doim bir-biringiz, qolaversa, hamma uchun ham yaxshilikni izlanglar.
16Hamisha xursand bo’linglar,
17tinmay toat-ibodat qilinglar,
18har qanday sharoitda ham Xudoga shukr qilinglar. Bu – Xudoning irodasi, chunki sizlar Iso Masih ummatisizlar.
19Ruhning alangasini susaytirmanglar.
20Payg’ambar karomatini kamsitmanglar.
21Hamma narsani sinab ko’ringlar, yaxshilikka yopishib olinglar.
22Har xil yomonliklardan o’zingizni saqlanglar.
23Tinchlik manbai bo’lgan Xudoning O’zi sizlarni butunlay muqaddas qilsin. Rabbimiz Iso Masih kelguncha, butun ruhingiz, joningiz va taningiz benuqson saqlansin.
24Sizlarni da’vat etgan Xudo O’z so’ziga sodiqdir, U aytganini bajaradi.
25Birodarlar, bizlar uchun ibodat qilinglar.
26Butun birodarlarga muqaddas o’pish bilan salom aytinglar.
27Bu maktubni barcha muqaddas birodarlarimga o’qib berishingizni Rabbim Iso haqi qattiq buyuraman.
28Rabbimiz Iso Masihning inoyati sizlarga yor bo’lsin. Omin.
Tuesday, March 20, 2007
Salonikaliklarga birinchi maktub
Posted by Масиҳий муаллим at 14:59
Subscribe to:
Post Comments (Atom)
No comments:
Post a Comment