Timo’tiyga birinchi maktub
1-bob
1Xaloskorimiz Xudo va umidvorimiz Iso Masihning buyrug’iga ko’ra Iso Masihning havoriysi bo’lgan men, Pavlus,
2imonda haqiqiy o’g’lim Timo’tiyga Otamiz Xudodan va Rabbimiz Iso Masihdan inoyat, marhamat va tinchlik tilayman.
3Men Makedoniyaga ketayotganimda, sendan Efes shahrida qolgin, deb iltimos qilgan edim. U erdagi ba’zi kishilarga boshqacha ta’limotni yoymasliklarini,
4afsonalar va bepoyon shajaralar bilan band bo’lmasliklarini buyur. Bular xayolparastlikka sabab bo’ladi, xolos. Lekin ilohiy reja ro’yobga chiqishi uchun imon kerak.
5Nasihat qilishimdan maqsad ana shu, ya’ni sof yurakdan, toza vijdondan, xolis imondan mehr-muhabbat hosil bo’lsin.
6Chunki ba’zi odamlar bu fazilatlardan yuz o’girib, quruq gaplarga og’ib ketdilar.
7Ular Ilohiy Qonun ulamolari bo’lishga havas qildilar-u, lekin nima so’zlayotganlarini va nima da’vo qilayotganlarini o’zlari bilmaydilar.
8Biz bilamizki, Ilohiy Qonun undan tegishlicha istifoda etuvchilar uchun foydalidir.
9Ma’lumki, Ilohiy Qonun solih odamlar uchun berilmagan. Aksincha, qonunsizu itoatsiz, xudosizu gunohkor, kofiru betavfiq, padarkushu qotil,
10fohish, bachchaboz, odam o’g’irlab sotuvchi, yolg’onchi, qasambuzar va sog’lom ta’limotga zid ish qilgan boshqa hamma uchun berilgan.
11Muborak Xudoning menga ishonib topshirgan Injili sharifi bo’yicha ahvol Shundaydir.
12Menga quvvat bergan Rabbimiz Iso Masihga shukur qilaman. Chunki U meni ishonchli hisoblab, O’z xizmatiga oldi.
13Men ilgarigi vaqtlarda shakkok, zolim, jafokor ekanman, endi ilohiy rahm-shafqatga noil bo’ldim. Axir, men johillik va imonsizlik tufayli harakat qilar edim.
14Men Rabbimiz Iso Masihdan haddan ziyod lutfu karam, imon va muhabbat topdim.
15“Iso Masih gunohkorlarni qurqarish uchun dunyoga keldi”, degan so’z to’g’ri va har jihatdan qabul qilinishga loyiqdir. Mana, o’sha gunohkorlarning birinchisi menman!
16Ammo Iso Masih hammadan oldin menga rahm aylab, buyuk sabr-toqat qildi, toki keyinroq Unga ishonib, abadiy hayot topajaklarning hammasiga meni ibrat qilib ko’rsatsin.
17Mangu Podshohga, o’lmas, ko’rinmas, yagona dono Xudoga abadulabad hurmat va shon-sharaflar bo’lsin! Omin.
18Ey o’g’lim Timo’tiy, ilgari payg’ambarning sen haqingda bergan karomatlarini ko’zda tutib, bularni senga buyurib topshiraman. O’sha karomatlarga binoan yaxshi jangchidek jang qil.
19Imon va vijdon pokligini saqlab tur. Ba’zilar pok vijdonni sotdilar va ularning imon kemalari halokatga uchradi.
20Imeney va Iskandar shular jumlasidandir. Ular yana kufr qilmasin deb, ularni shaytonga topshirib qo’ydim.
2-bob
1-2Eng avval shuni nasihat qilamanki, Xudo yo’lida obro’-e’tiborli, osoyishta, sokin hayot kechirishimiz uchun, barcha insonlar, podshohlar va hukmdorlar uchun Xudoga iltijo qiling, duolar o’qing, toat-ibodatlar qiling, shukronalar aytinglar.
3Bu xayrli ish bo’lib, Najotkorimiz Xudoga maqbuldir.
4U butun insonlar haqiqatni bilib olib, najot topishini istaydi.
5Xudo yagona va Xudo bilan insonlar orasidagi Vositachi ham yagonadir.
6O’zi ham inson bo’lgan Iso Masih hamma insonlarni qutqarish evaziga O’z jonini fido qildi, shu yo’sin Xudo belgilagan paytda ilohiy rejani tasdiqladi.
7Men esa bu rejaning voizi va havoriysi bo’lib tayinlandim. [Masih haqi] haqiqatni aytyapman, yolg’on aytayotganim yo’q: men turli xalqlarga imon va haqiqatni o’rgatmoq uchun yuborildim.
8Shunday qilib, har erda erkaklar beg’araz va shubha-gumonsiz pok qo’llarini ko’tarib, ibodat qilishlarini istayman.
9Shuningdek, xotinlar ham sochiga ortiqcha oro bermay, oltin, marvarid yoki qimmatbaho kiyimlar bilan emas, balki sodda qiyofa, iffat va oriyat bilan bezansinlar.
10Xudodan qo’rqaman, degan xotinlarga munosib xayrli ishlarni o’zlarining zeb-ziynati qilsinlar.
11Xotin sukutda va to’la itoatkorlik bilan ta’lim olsin.
12Xotin ta’lim berib erkak ustidan hukmronlik qilishiga ruxsat bermayman. Xotin sukut saqlasin.
13Chunki oldin Odam Ato, keyin Momo Havo yaratildi.
14Shuningdek, Odam emas, balki xotin shaytonga aldanib, jinoyat qildi.
15Agar xotinlar imonli, mehrli, nomusli, muqaddas umr sursalar, bola tug’ish orqali najot topadilar.
3-bob
1Agar kim imonlilar jamoatining noziri bo’lishga intilsa, xayrli ish orzu qilgan bo’ladi. Bu to’g’ri.
2Faqat shart shuki, nozir beayb, bir xotinli, o’z me’yorini biluvchi, vazmin, adabli, mehmondo’st, ta’lim berishga qobiliyatli bo’lsin.
3Shuningdek, u mayxo’r, urushqoq, [g’arazgo’y] emas, balki muloyim, sokin tabiatli, molparastlikdan yiroq,
4uyini yaxshi boshqaradigan, bolalarini bo’ysundira oladigan, obro’-e’tibor orttirgan bir odam bo’lsin.
5Agar nozir o’z uyini qanday boshqarishni bilmasa, Xudoning jamoatiga qanday g’amxo’rlik qila oladi?
6Nozir imonga endigina kirgan odam bo’lmasin, yana kerilib iblisga o’xshab jazo olmasin.
7Malomatga qolmasligi va iblisning tuzog’iga ilinmaslik uchun, u jamoatdan tashqaridagilar oldida yaxshi nomga ega bo’lishi kerak.
8Shuningdek, imonlilar jamoatining xizmatkorlari ham ichuvchi va g’arazgo’y emas, balki tili bilan dili bir, obro’li odamlar bo’lishi lozim.
9Imon sirini pokiza vijdonda saqlasinlar.
10Bundaylarni avval sinovdan o’tkazish kerak. Agar ular bekami-ko’st bo’lsalar, xizmatga qo’yilsinlar.
11Shuningdek, xotinlar ham g’iybatchi bo’lmay, balki og’ir, o’z haddini biluvchi, har narsada ishonchli bo’lishi lozim.
12Imonlilar jamoatining xizmatkorlari bir xotinli, bolalarini va o’z uylarini yaxshi boshqaradigan odamlar bo’lishi shart.
13Zero xizmatlarini yaxshi bajarganlar o’zlari uchun yuqori bir martaba va Iso Masihga bo’lgan ishonchlarida buyuk g’alaba qozonadilar.
14Men yaqinda sening yoningga borishni umid qilib, ushbuni yozib qoldiraman.
15Bordi-yu kechiksam, Xudoning xonadonida qanday harakat qilish lozim ekanligini sen bilishing kerak. Xudoning xonadoni – barhayot Xudoning ummati, haqiqat ustuni va poydevoridir.
16E’tiqodimizning siri e’tiroz qilib bo’lmaydigan darajada buyuk: Masih vujudda zohir bo’ldi, Ruh tarafidan tasdiqlandi, malaklarga namoyon bo’ldi, xalqlar ichra dong’i chiqdi, jahonda e’tiqod topdi, samoga jamoli ila yuksaldi.
4-bob
1Xudo Ruhi yaqqol aytyaptiki, oxirgi zamonlarda ba’zi odamlar imondan qaytadilar. Ular yo’ldan ozdiruvchi ruhlarga, jin ta’limotiga quloq soladilar.
2O’z vijdonlarini go’yo qizigan temir bilan dog’lagan yolg’onchilarning riyokorligiga qoyil qoladilar.
3Ular uylanishni man etadilar va Xudo yaratgan har xil ovqatlardan tiyilishni buyuradilar. Xolbuki, haqiqatni bilib olgan imonlilar shukrona qilib ovqat eyishi kerak.
4Chunki Xudo yaratgan har bir narsa yaxshidir. Agar shukrona bilan qabul qilinsa, hech bir narsa rad etilmasligi lozim.
5Chunki u Xudoning kalomi va duo bilan muqaddas qilinadi.
6Sen bu to’g’rida birodarlaringga o’git-nasihat qilsang, Iso Masihning layoqatli xizmatkori bo’lasan. Imonimizning ulug’ aqida va ta’limotlarini o’zlashtirib, bulardan ruhan oziqlanib borasan.
7Safsataboz kampirlarga xos diyonatsiz afsonalardan yuz o’gir. Xudojo’ylik yo’lida mashq qil.
8Jismoniy mashqdan oz foyda bo’ladi. Xudojo’ylikdan esa juda katta foyda bo’ladi, chunki uning evaziga hozirgi hamda kelajak hayotda mukofotlar bor.
9Bu so’z to’g’ri va har jihatdan qabul qilinishga loyiqdir.
10Ana shu maqsadda biz mehnat qilamiz va zahmat chekamiz. Biz butun insonlarni, ayniqsa imonlilarni Qutqaruvchi barhayot Xudoga umid bog’laganmiz.
11Bu o’gitlarni ta’kidlab o’rgatgin.
12Sening yoshligingni hech kim xor qilmasin. Sen so’zda, yurish-turishda, muhabbatda, imonda, pok ruhda imonlilarga o’rnak bo’l.
13Men kelgunimcha tilovat, nasihat va ta’lim bilan mashg’ul bo’l.
14Payg’ambar karomat qilib, oqsoqollar kengashi boshingga qo’l qo’yib duo qilishganda, sen maxsus ruhiy qobiliyatga ega bo’lgansan. Bu qobiliyatingni ishga sol, yalqovlik qilma.
15Hamma bu ishlar bilan shug’ullan. Sening muvaffaqiyatingga hamma guvoh bo’lishi uchun o’zingni bu ishlarga butunlay bag’ishla.
16O’zingga va ta’limotingga ehtiyot bo’l, faoliyatingni astoydil davom ettir. Bu bilan o’zingni ham, tinglovchilaringni ham qutqarasan.
5-bob
1Chol odamni koyima, lekin otangdek unga nasihat qil. Yoshlarga ukalaringdek,
2kampirlarga onalar kabi, yosh ayollarga singillaringdek, butun pok ruh bilan nasihat qil.
3Chindan kimsasiz qolgan tul xotinlarni hurmat qil.
4Lekin tul xotinning bolalari yoki nabiralari bor bo’lsa, ular eng avval o’z oilasiga Xudo buyurganlarini bajo keltirishni o’rgansinlar, kattalarni siylab ularga tegishli haqini bersinlar. Bu Xudoga maqbul bo’ladi.
5Chindan tul va yolg’iz qolgan xotin Xudoga umid bog’lab, kechayu kunduz uzluksiz toat-ibodat qiladi.
6Lekin kayf-safo bilan yashagan tul xotin tirikligida ham o’likdir.
7Gunohkor bo’lmasligi uchun tullarga bu o’gitlarni uqtir.
8Kim o’z qavm-qarindoshlari, xususan oila a’zolari haqida g’amxo’rlik qilmasa, u imonni inkor etgan, imonsizdan ham battar hisoblanadi.
9Tullar ro’yxatiga yoziladigan beva ayol bitta erkakka tekkan bo’lishi va oltmish yoshdan kam bo’lmasligi shart.
10Shuningdek, u yaxshilik qiluvchi deb nom chiqargan, bolalar tarbiyalagan, musofirlarni qabul qilgan, azizlarning oyoqlarini yuvgan, qayg’u-alam chekuvchilarga yordam bergan hamda xayrli ishlarga astoydil berilgan bo’lishi lozim.
11Yosh tul xotinlarni ro’yxatga qabul qilma. Chunki ularning nafsi Masihga xilof ravishda junbushga kelgandan keyin, erga tegishni orzu qilib qoladilar.
12Shunda ular Masihga bergan avvalgi va’dasini buzib, gunohkor bo’ladilar.
13Bundan tashqari uyma-uy kezib, sayoq yurishni ham o’rganadilar. Va sayoq yuribgina qolmasdan, gap sotib, boshqalarning ishiga aralashib, lozim bo’lmagan narsalarni gapiradilar.
14Shu sababdan yosh tullar erga tegib bola tug’ishi, ro’zg’or boshqarishini istayman, ular g’animning bo’hton qilishi uchun hech bir fursat bermasligi kerak.
15Chunki allaqachon ba’zilari shaytonning gapiga quloq solib gumroh bo’ldilar.
16Agar bir imonlining tul qolgan qarindoshlari bor bo’lsa, ularga o’zi yordam bersin, imonlilar jamoatiga yuk bo’lmasin. Imonlilar jamoati chindan kimsasiz bo’lgan tul xotinlarga yordam bera olsin.
17Imonlilar jamoatiga yaxshi boshchilik qilayotgan, xususan va’zxonlik va ta’lim berishda zahmat chekayotgan oqsoqollar ikki barobar hurmatga sazovor bo’lsinlar.
18Chunki Tavrotda: “G’alla yanchayotgan ho’kizning og’zini to’sma” va “Yumushchi o’ziga yarasha ish haqiga munosibdir”, - deyilgan.
19Ikki yoki uch guvoh bo’lmasdan, hech bir oqsoqolga qo’yilgan aybni qabul qilma.
20Gunoh qilib yurganlarni esa hammaning oldida fosh qil, toki boshqalarning ham diliga qo’rquv kirsin.
21Xudo, Iso Masih va tanlangan farishtalar oldida seni qattiq ogohlantiraman: hech bir ishda yuz-xotirchilik va tarafkashlik qilmay, bu buyruqlarga rioya qil.
22Xizmatga olish uchun hech kimning boshiga shoshilinch qo’l qo’yib duo qilma, boshqalarning gunohlariga sherik bo’lma, o’zingni pok saqla.
23Bundan keyin faqatgina suv ichma, balki oshqozoning uchun, tez-tez yuz beradigan kasalliklaringning oldini olish uchun ozgina sharob ham ichgin.
24Ba’zi odamlarning gunohlari ochiq-oshkor bo’lib, hatto qiyomatdan oldin fosh bo’lmoqda. Boshqalarning gunohlari esa keyinroq ma’lum bo’ladi.
25Shuningdek, xayrli ishlar ham oshkordir. Hanuz oshkor bo’lmasa-da, pinhon qolishi mumkin emas.
6-bob
1Qullik bo’yinturug’i ostida bo’lganlar o’z xo’jayinlarini kamoli ehtiromga loyiq hisoblasinlar. Yana Xudoning ismi va ta’limoti haqoratga duchor bo’lmasin.
2Xo’jayinlari imonli bo’lgan qullar, “Endi bir-birimizga birodar bo’lib qoldik”, deb xo’jayinlariga iltifotsizlik qilmasinlar. Aksincha, yana ko’proq tirishib xizmat qilsinlar. Chunki bu xayrli xizmatdan foyda ko’radigan xo’jayinlar sevikli imonlilardir. Bular haqida ta’lim ber va nasihat qil.
3Agar kim o’zgacha ta’limotni yoysa va Rabbimiz Iso Masihning haqiqiy kalomlariga asoslangan dinimiz ta’limotiga quloq solmasa,
4u bosar-tusarini bilmay qolgan nodondir. Bunday odam bahslashish va masala talashish kasaliga yo’liqqan, uning gaplari g’ayirlik, janjal, bo’hton va yolg’on chaqiqlarga sabab bo’ladi.
5G’alamis, fikri buzuq, haqiqatdan mahrum, din-diyonatni foyda manbai deb hisoblovchi bunday odamlardan o’zingni chetga ol.
6Haqiqatan ham qanoatli kishi uchun xudojo’ylikdan foyda juda katta.
7Biz dunyoga hech narsa keltirmadik, undan hech narsa olib ketolmasligimiz ham aniq.
8Eyish uchun rizq-ro’z va kiyish uchun kiyim bo’lsa, shular bilan qanoat hosil qilaylik.
9Boylikka intilganlar vasvasa tuzog’iga ilinadilar, insonlarni baloyu halokatga yo’liqtiruvchi ko’p bema’ni va zararli havaslarga qurbon bo’ladilar.
10Har turli yomonlikning tomiri pulparastlikdir. Ba’zilar boylikka ruju qo’yib, imondan qaytdilar va o’zlarini ko’pgina azoblarga duchor qildilar.
11Ey Xudoning quli, sen bulardan o’zingni chetga tort. Aksincha solihlik, xudojo’ylik, imon, sevgi, sabr-toqat va muloyimlikning payidan bo’l.
12Imon uchun bo’lgan ulug’ kurashda jon-jahding bilan harakat qil, abadiy hayotni qattiq ushlab tur. Xudo seni Shuning uchun da’vat etgan, sen ulug’ imonni ko’p guvohlar oldida ochiq tan olgansan.
13Iso Masih ham borliqqa hayot bag’ishlagan Xudo va Po’ntiy Pilatning oldida ulug’ imonni ochiq tan olgan edi, Uning huzurida senga buyuraman:
14Rabbimiz Iso Masih ko’kdan tushib ko’ringuncha, Xudo buyrug’ini benuqson va beg’ubor qo’riqla.
15Mana Xudo O’zi xohlagan paytda Iso Masihni ulug’vorlik bilan namoyon qiladi. Xudo – yagona muborak Hokim, podshohlarning Podshohi, xo’jayinlarning Xo’jayini,
16o’lmaslikning yakka molikidir. U yaqinlashib bo’lmaydigan nurda turadi, Uni hech bir inson ko’rmagan hamda ko’rishi mumkin emas. Unga abadiy shon-shuhrat va saltanat bo’lsin! Omin.
17Bu dunyoda boylik topgan odamlarga mag’rurlanmaslikni va bevafo boylikka umid bog’lamaslikni buyur. Zavq olishimiz uchun har narsani mo’l-ko’l ehson etgan barhayot Xudoga umid bog’lasinlar.
18Yaxshi ishlarga boy, xayrixoh, saxiy va hammaga ulfat bo’lsinlar.
19Kelajakda haqiqiy va mangu hayotga erishmoq uchun, o’zlariga sog’lom tayanch bo’ladigan ma’naviy xazina to’plasinlar.
20Ey Timo’tiy, senga ishonib topshirilgan omonatni ehtiyot qil. Xudoga maqbul bo’lmagan quruq gaplar va yolg’ondan “bilim” deyilgan puch fikrlardan uzoqlash.
21Ba’zilar bu fikrlarni tan olib, imondan adashdilar. Xudoning inoyati senga yor bo’lsin. Omin.
Tuesday, March 20, 2007
Timo’tiyga birinchi maktub
Posted by Масиҳий муаллим at 14:58
Subscribe to:
Post Comments (Atom)
No comments:
Post a Comment