Rimliklarga maktub
1-bob
1Xudoning Injil Xushxabarini etkazmoqqa maxsus saylangan va havoriylikka chorlangan Iso Masihning quli – Pavlusdan salom.
2Xudo qadimdanoq o’z payg’ambarlari orqali muqaddas yozuvlarda bashorat qilganidek, ushbu Xushxabar Uning O’g’li haqidadir.
3Iso Masih jisman Dovud zurriyoti esa-da,
4ruhan ilohiylik kasb etadi. U qaytadan tirilib, Xudoning O’g’li ekanini qudratli ravishda namoyon qildi.
5Shunday qilib, Rabbimiz Iso Masih nomidan barcha xalqlarni imonga bo’ysundiraylik, deb Xudo Uning ismi haqi bizga inoyat qildi hamda havoriylikni ato etdi.
6Iso Masih da’vat etgan sizlar ham o’sha xalqlardansizlar.
7Xudo sevgan va muqaddas bo’lishga chaqirgan barcha Rimda yashovchilarga Otamiz Xudodan va Rabbimiz Iso Masihdan inoyat va tinchlik bo’lsin.
8Eng avvalo, imoningiz shuhrati butun dunyoga taralayotganini ko’rib, Iso Masih sharofati ila barchangiz uchun Xudoyimga shukr aytaman.
9Xudo menga shohiddirki, men Uning O’g’lining Xushxabarini targ’ib etishda sidqidildan xizmat qilibgina qolmasdan, uzluksiz ibodatlarimda sizlarni xotirlaydirman.
10Xudo xohlasa, nihoyat yoningizga borish nasib etsin, deb toat-ibodatdaman.
11Mustahkamlanishingiz uchun sizlarga biron ruhiy in’om baxsh etay, deb sizlarni ko’rishni ko’p orzu qilaman.
12Yana to’g’risi, ko’rishganimizda sizning ham, mening ham imonimiz bir ekanidan o’zaro jasorat topamiz, demoqchiman.
13Ey birodalar, boshqa xalqlarda bo’lgani kabi, sizlarda ham men tufayli biror natija bo’lsin, deb ko’p daf’a yoningizga kelishni niyat etganim, lekin hozirgacha qarshiliklarga duch kelganimdan bexabar qolishingizni istamayman.
14Men yunonlaru varvarlar, olimlaru johillar oldida qarzdorman.
15Shunday qilib, Rimdagi sizlarga ham qo’limdan kelganicha, Injil Xushxabarini etkazishga tayyorman.
16Har holda men Injildan or qilmayman. Avvalo yahudiy, so’ng turli xalqdan imon keltirgan har bir kishi uchun Injil Xudoning xaloskorlik qudratini etkazuvchi Xushxabardir.
17Bu Xushxabarning mag’zi shuki, Xudo o’zi gunohkorni oqlaydi. Bu oqlash esa faqatgina imon orqali sodir bo’ladi. Tavrotda yozilganidek: “Imoni bilan oqlangan kishi hayot bo’lur”.
18Nohaqlik qilib haqiqatni oyoq osti qilayotgan barcha betavfiq va fosiq insonlarga ko’kdan Xudoning g’azabi to’kilishga tayyor.
19Xudo haqida nimaiki bilish mumkin bo’lsa, ularga ravshandir; Xudoning O’zi ularga zohir etgan.
20Uning ko’rinmas xususiyatlari, ya’ni abadiy qudrati va ilohiyoti, O’z ijod mahsuliyu borliqni yaratganidan anglashiladi va ochiq ko’rinib turadi. Shunday qilib, ularning uzrlari yo’q.
21Chunki ular Xudoni idrok etganlari holda, Uni Xudo sifatida ulug’lamadilar va Unga shukrona aytmadilar. Buning o’rniga bema’ni xayollarga berilib, ularning befarosat didu diliga zulmat tushdi.
22O’zlarini aqlli bilib, aqldan noqis bo’lib qoldilar.
23Mangu barhayot Xudoning ulug’vor jamolini ular dunyodan o’tkinchi inson, qush, chorva, sudraluvchi suratidagi butlarga almashtirdilar.
24Shuning uchun Xudo ularni o’z yuraklaridagi chirkin ehtiroslari og’ushida qoldirdi. Ular bir-birining badanlarida behayolik qilib, tubanlashib ketdilar.
25Xudoning haqiqatini yolg’on bilan almashtirib, Xoliq o’rniga maxluqqa sig’inib topindilar. Xoliqi olamga esa abadiy shon-sharaflar bo’lsin! Omin.
26Shu sababdan Xudo ularni behayo ehtiroslarga topshirdi. Ularning xotinlari tabiiy aloqani g’ayritabiiy aloqa bilan almashtirdilar.
27Shunga o’xshab, erkaklar ham ayol bilan tabiiy aloqani tashlab, bir-biriga shahvoniy munosabatni qizitdilar. Erkak bilan erkak sharmandagarchilik qilib, buzuqliklarga yarasha jazoni o’zlaridan oldilar.
28Xudoni tan olishni lozim ko’rmaganlari uchun, Xudo ularni buzuq fikrga, lozim bo’lmagan ishlarni qilishga giriftor qildi.
29Ular har turli haqsizlik, zino, yovuzlik, tamagirlik va gina-kuduratga to’lib, hasadgo’ylik, qotillik, janjalkashlik, firibgarlik va badfe’llikka mukkasidan ketgandirlar.
30Ular tili achchiq, tuhmatchi, xudobezor, dilozor, kibrli, mag’rur, badniyat, ota-onaga itoatsiz,
31andishasiz, bevafo, iltifotsiz, murosasiz va berahmdirlar.
32Bunday harakat qiluvchilar o’limga sazovor, degan Xudoning adolatli hukmini ular bilgan holda, nafaqat bu ishlarni o’zlari qiladilar, balki bu ishlarni qiluvchilarni qo’llab-quvvatlaydilar.
2-bob
1Shuning uchun bilki, ey hukm qiluvchi kishi, sen kim bo’lishingdan qat’iy nazar, uzring qabul qilinmaydi. Sen boshqa odamni hukm etish barobarida o’zingni ham mahkum etasan. Chunki, ey hukmlovchi, o’zing ham shu ishlarni qilyapsan-ku!
2Bunday ishlar qilib yurganlarni Xudo mahkum qilishida haqli ekanini bilamiz.
3Ayni ishlarni o’zing qila turib, Shunday ishlarni qiluvchilarni hukm etsang, Xudoning hukmidan qochib qutulaman, deb o’ylaysanmi, ey odam?
4Yoki Xudoning muruvvati seni tavbaga keltirishini bilmay, Uning iltifoti, muloyimligi va sabrining cheksizligiga beparvo qaraysanmi?
5Mana, sen sarkash va tavba qilmovchi qalbing tufayli Xudoning odil hukmi amalga oshajak qahr-g’azab kunigacha o’zingga-o’zing g’azab to’plab yuribsan-ku.
6Xudo har kimni kilmishilar yarasha taqdirlaydi.
7Yaxshi ishda qunt qilib, ulug’ qadriyatni va mangulikni izlaganlarga U abadiy hayot ato qiladi.
8Ammo xudbinlik qilib, haqiqatga bo’ysunmay, haqsizlik payidan bo’lganlarga qahru g’azabini sochadi.
9Avvalo yahudiy, so’ng o’zga xalq kishisi bo’lib yomonlik qiluvchi har bir bandaning jonini U qiynoq va qayg’uga soladi.
10Avvalo yahudiy, so’ng o’zga xalq kishisi bo’lib yaxshilik qiluvchi har bir bandaga esa izzat, hurmat va esonlik nasib etadi.
11Zeroki, Xudo yuz-xotir qilib o’tirmaydi.
12Ilohiy Qonunni bilmay turib gunoh qilganlar Qonundan tashqari halok bo’ladilar. Ilohiy Qonunni bila turib gunoh qilganlar esa qonuniy ravishda jazolanadilar.
13Chunki Xudo Qonunni eshitganlarni emas, balki bajo keltirganlarni oqlaydi.
14Ilohiy Qonuni yo’q xalqlar o’z-o’zlaridan bu Qonunda buyurilgandek qilganlarida, ular Ilohiy Qonunga ega bo’lmay turib, o’zlari uchun o’zlari qonundirlar.
15Bu bilan ular Ilohiy Qonunning talablari o’z yuraklarida yozilganini ko’rsatadilar. Ularning vijdoni hamda biri ikkinchisini goh qoralab, goh oqlovchi fikrlari bunga guvohdir.
16Men targ’ib etayotgan Injil Xushxabariga ko’ra, Xudo Iso Masih orqali insonlarning sirli ishlarini muhokama etadigan kunda ana Shunday bo’ladi.
17Mana, sen o’zingni yahudiy deb, Ilohiy Qonunga suyanib, Xudo bilan maqtanib yuribsan.
18Sen Xudoning xohish-irodasini bilish va yaxshini yomondan farq qilishni Ilohiy Qonundan o’rganib olibsan.
19-20Sen Ilohiy Qonundagi ilmu ma’rifat hamda haqiqatning mohiyatiga anglab etibsan-u, ko’rlarga yo’l ko’rsatuvchi zulmatda qolganlarga nur, g’ofillarga murabbiy, g’o’r bolalarga esa muallim bo’lganinga ishonch hosil qilibsan.
21Shunday ekan, sen qanday qilib boshqalarga ta’lim bera turib, o’zingga ta’lim bermaysan?
22“O’g’rilik qilma”, deb nasihat qilib, o’zing o’g’rilik qilasanmi? “Zino qilma”, deb turib, o’zing zino qilasanmi? “Butlardan jirkanaman”, deb, butxonalarni talaysanmi?
23Ilohiy Qonunni maqtaysan-u, unga amal qilmay Xudoni tahqirlaysanmi?
24Xuddi Tavrotda yozilgani kabi: “Sizlar bois majusiylar orasida Xudo ismi mudom kufr qilinadir”.
25Sunnat masalasiga kelaylik. Agar sen Ilohiy Qonunga rioya qilsang, sunnatning foydasi bor. Lekin qonunni buzsang, sening sunnating sunnatsizlik kabidir.
26Shuningdek, agar sunnat qilinmaganlar Ilohiy Qonunga amal qilsalar, ularning sunnatsizligi sunnat bo’lgan kabi qabulga o’tmaydimi?
27Odatan sunnat bo’lmagan holda Ilohiy Qonunga amal qilgan kimdir sunnat hamda Qonun egasi bo’lgan sen, qonunbuzarni ayblamaydimi?
28Zotan, zohiran yahudiy asl yahudiy emas va zohiran, jismangina qilingan sunnat asl sunnat emas.
29Faqat botinan yahudiy asl yahudiydir. Shuningdek, asl sunnat — dil sunnatidir. Bu esa Qonun bitigidan qat’i nazar, Xudo Ruhi ta’sirida sodir bo’ladigan sunnatdir. Bunday sunnatni qabul qilgan kishi odamlarning emas, Xudoning maqtoviga sazovor bo’ladi.
3-bob
1Xo’sh, yahudiylarning qanday ustunligi bor? Yoki sunnatning nima foydasi bor?
2Yahudiylar har jihatdan buyuk ustunlikka egadirlar. Bu ustunlik eng avval shundan iboratki, Xudoning vahiylari ularga ishonib topshirilgandir.
3Agar ulardan ba’zilari imonsiz bo’lib chiqqan bo’lsa, nima qipti? Nahotki bu imonsizlik Xudoning ularga sadoqatini bekor qila oladi?
4Yo’q, aslo! Har bir inson yolg’onchi bo’lsa ham, Xudo haqdir. Zaburda yozilganidek: “Sen so’zingda doim haq bo’lursan, Seni xukm qilsalar-da, O’zingni oqlarsan”.
5Shunday qilib, agar bizning haqsizligimiz Xudoning odilligini yanada ochiqroq ko’rsatsa, nima ham derdik? Insoniy fikr yuritib aytayin: bandalari boshiga g’azab yog’dirgani uchun Xudoni nohaq deb bo’ladimi?
6Aslo! Aks holda Xudo dunyoni qanday qilib hukm qila oladi?!
7Yana Shunday so’rash mumkin: agar mening yolg’onchiligim tufayli Xudoning haqiqati yanada ulug’roq bo’lar ekan, mening ustimdan gunohkor deb hukm chiqarilish to’g’ri bo’ladimi?
8Yaxshilikka aylanib qolar, deb yomonlik qilaveraylik, desakmikin-a? Chindan ham, u Shunday ta’lim beradi, deb ba’zilar bizga tuhmat qilmoqdalar. Bu kishilar odilona jazo oladilar.
9Xo’sh, Shunday qilib, biz, yahudiylarning o’zga xalqlarga qaraganda ustunligimiz bormi, o’zi? Aslo yo’q! Chunki ilgari isbot etganimizdek, xoh yahudiy bo’lsin, xoh yunon bo’lsin, hamma odamlar ham gunohning hokimiyati ostidadirlar.
10Zaburda yozilishicha: “Solih kishi yo’q, bir kishi ham yo’qdir.
11Idrokli hech kim yo’k, Xudoni izlovchi hech kim yo’qdir.
12Hamma gumroh bo’ldi, barcha buzildi. Yaxshilik qilguvchi yo’q, biror kishi ham yo’q.
13Ularning bo’g’zi — ochiq lahaddir, so’zlarida — tilyog’lamalik, tillari ostida — ilon zahari.
14Zardaga, zaqqumga to’la og’izlari,
15Qon to’kmak-chun chaqqondir oyoqlari.
16Ular qadam bosgan joyga falokat kelur.
17Ular bilmas tinchlik yo’lini.
18Xudodan qo’rqish yo’q ularning ko’z o’ngida”.
19Endi biz bilamizki, Ilohiy Qonun neki buyurgan bo’lsa, Qonunga qaram bo’lganlarga buyurgan, toki har bir og’iz yumilsin va butun dunyo Xudo oldida gunohkor bo’lsin.
20Zotan Qonun amrlarini bajo qilish bilan hech kimsa Xudo oldida o’zini oqlay olmaydi. Aksincha, Ilohiy Qonun insonga o’z gunohkorligini yanada aniqroq ko’rsatadi.
21Endi esa, Qonunga aloqasiz ravishda Xudo talab qilgan solihlikka erishish yo’li aniq-ravshan ko’rinmoqda, bunga Tavrot va payg’ambarlar ham guvohlik beradilar:
22Xudo talab qilgan solihlik — Iso Masihga ishonishdan iboratdir. Shu imonga ega bo’lgan hammani Xudo oqlaydi. Chunki odamlar orasida hech bir farq yo’q.
23Hamma gunoh qilgan va Xudoning ulug’vorligidan mahrumdir.
24Lekin Xudo inoyati bilan, Iso Masihning qoni evaziga gunohkorlar tekin oqlanadilar.
25Masih biz uchun qonini to’kkaniga ishongan kishining gunohlari yuvilsin, deb Xudo Masihni qurbonlikka bag’ishladi va shu yo’sinda O’zining adolatli hukmini ochiq namoyon qildi. Xudo sabr qilib, ilgari qilingan gunohlarni jazosiz qoldirgan bo’lsa-da,
26hozirga kelib, O’zining adolatli hukmini amalga oshirdi. Shunday qilib, bir yoqdan Xudo O’z adolatiga sodiq qolmoqda va ikkinchi yoqdan Isoga ishongan gunohkor oqlanmoqda.
27Endi maqtanishga arzigulik narsamiz qoldimi? — Bitdi. Qaysi qonunga ko’ra bitdi? Tavrot amrlarini bajo keltirishni talab qiluvchi qonunga ko’rami? — Yo’q, imonni talab qiluvchi qonunga ko’ra.
28Biz qanoat hosil qildikki, Xudo Tavrot amrlarini bajo keltiruvchi emas, balki imon keltiruvchi kishini oqlaydi.
29Yoki nahot Xudo boshqa xalqlarning ham Xudosi bo’lmay, faqat yahudiylarning Xudosimi? Albatta, barcha xalqlarning ham Xudosidir.
30Sunnat ahlini imon asosida oqlaydigan Xudo yagona bo’lib, sunnat ahli bo’lmaganlarni ham xuddi shu imon orqali oqlaydi.
31Demak, biz bu imon tufayli Ilohiy Qonunni bekor qilyapmizmi? — Aslo! Aksincha, Qonunni tasdiqlayapmiz.
4-bob
1Xo’sh, bobokalonimiz Ibrohim, deylik, ajdodidan nima orttirdi?
2Agar Ibrohim savob ishlari tufayli o’zini oqlaganida edi, maqtanish uchun sabab topar edi. Biroq Xudo oldida maqtanib bo’lmaydi
3Mana Tavrotda ne deyilgan: “Ibrohim Xudoga ishondi va shu tariqa oqlandi”.
4Mehnatkashga to’lanadigan yumush berimi iltifot emas, xizmat haqidir.
5Biroq qilgan savobli ishiga suyanmay, balki betavfiqni ham yo’lga solib oqlovchi Xudoga ishongan kishi o’z e’tiqodi bilan oqlanadi.
6Mana, Zaburda ham savob ishlaridan qat’i nazar Xudo yorlaqagan odamni Dovud baxtiyor deb aytadi:
7“Qonunsiz ishlari afv etilib, kimningki gunohi o’tilsa, bunday odam baxtiyordir!
8Kimningki Xudovand inobatga olmas aybin, saodatmand erur shu kishi!”
9Bu baxtiyorlikning sunnatga daxli bormi, yo’qmi? Boya aytganimizdek, Ibrohimning e’tiqodi uni Xudo oldida oqladi.
10Xo’sh, Ibrohim qanday holatda oqlandi? Sunnat bo’lganidan so’ngmi, yoki sunnat bo’lganidan avvalmi? — Sunnat bo’lganidan avval.
11Ibrohim hali sunnat bo’lmasidan, imoni tufayligina Xudo oldida oqlandi. So’ng imonining muhri o’laroq sunnat belgisini qabul qildi. Shunday qilib, Ibrohim sunnatsiz holatda imon keltirgan hammaning ham ma’naviy otasidirki, ular ham unga o’xshab, imon tufayli Xudo oldida oqlanadilar.
12Ayni zamonda, Ibrohim ahli sunnatning ham otasi hisoblanadi, shu shart bilanki, ular sunnat bo’libgina qolmay, balki Ibrohim sunnat bo’lmasidanoq tan olgan o’sha imonning izi bilan yursalar.
13Xudo Ibrohim va uning zurriyotiga er yuzini egallab olish to’g’risida va’da bergan edi. Bu va’da Ibrohimga Tavrotga amal qilgan, deb emas, balki imoni bilan o’zini oqlagan, deb nasib etdi.
14Agar er yuzini egallab oluvchilar faqat Ilohiy Qonunga amal qiluvchilar bo’lganida edi, unda imon behuda, ilohiy va’da esa quruq bo’lib qolar edi.
15Qonun Xudo g’azabini qo’zg’atadi xolos. Qonun bo’lmagan erda jinoyat ham bo’lmaydi.
16Shu sababdan ilohiy va’da Xudo inoyatiga bog’liq bo’lib, faqat imon bilan amalga oshadi. Bunga esa Ibrohim zurriyotining hammasi doxil, ya’ni Tavrotga ega bo’libgina qolmasdan, balki Ibrohimning imoniga ham ega bo’lgan hamma doxildir.
17Xudo Ibrohimga: “Men seni ko’pdan-ko’p xalqlarning otasi qilib tayinladim”, degan edi. Shunday qilib, o’liklarni tiriltiruvchi va mavjud bo’lmagan narsalarni vujudga keltiruvchi Parvardigorga ishonib, Ibrohim hammamizning otamiz bo’lib qoldi.
18Xudo Ibrohimga yana: “Sening zurriyoting son-sanoqsiz bo’ladi”, degan edi. Ibrohim ko’p xalqlarning otasi bo’lishga hech bir umidi qolmaganiga qaramasdan, imoni tufayli umidvor edi.
19U yuz yoshga yaqinlashganda, o’zining badani majolsizlashganini va Soro bibining pushtdan qolganini bila turib, imonda zaiflashmadi.
20Xudoning va’dasidan esa imonsizlik qilib shubhalanmadi, balki Xudoga hamdsano aytib, imonida mahkam turdi.
21Xudo bergan va’dasini bajo keltirishga qodir, deb Ibrohim qat’iy ishonar edi.
22Ana shu ishonchi tufayli u Xudo oldida oqlandi.
23Bu so’z esa faqat Ibrohimgagina xos emas,
24balki biz uchun ham aytilgan. Xudo Rabbimiz Isoni tiriltirganiga ishonsak, biz ham oqlanamiz.
25Rabbimiz Iso bizning gunohlarimiz uchun o’limga topshirildi va oqlanishimiz uchun tirilib keldi.
5-bob
1Rabbimiz Iso Masihga bo’lgan nmonimizni inobatga olib, Xudo bizni oqladi va biz bilan sulh tuzdi.
2Rabbimiz Iso Masih O’zi Xudoning inoyat eshigini bizga ochib berdi. Biz imonimiz tufayli bu inoyatga erishib, mahkam turamiz va Xudoning ulug’vorligiga erishmoq umidi bilan faxrlanib yuramiz.
3Buning ustiga, qayg’ular bilan ham faxrlanmoqdamiz, chunki qayg’u sabr-qanoatni hosil qilishini bilamiz.
4Sabr-qanoat esa tajribakorlikni, tajribokorlik esa umidni hosil qiladi.
5Umidimiz bo’lsa, bizni uyatga qoldirmaydi. Chunki bizga berilgan Muqaddas Ruh orqali yuraklarimiz Xudo sevgisiga to’lib-toshadi.
6Biz hali chorasiz bo’lganimizda, belgilangan vaqtda Masih betavfiqlar uchun o’ldi.
7Birovning solih kishi uchun o’lishi ehtimoldan uzoqdir. Balki himmatli kishi uchun kimdir o’limga borishga rozi bo’lar.
8Lekin biz hali gunohga botgan chog’imizda, Masih biz uchun o’ldi. Bu Xudoning bizga bo’lgan muhabbatidan dalolatdir.
9Demak, agar biz endi Masihning to’kilgan qoni tufayli oqlangan bo’lsak, Uning soyasida Xudo g’azabidan qutulishimiz yanada aniqroqdir.
10Biz Xudoning dushmanlari ekanmiz, U O’z O’g’lining o’limi tufayli bizni O’zi bilan yarashtirib qo’ydi. Endi U bilan yarashgan bo’lsak, Uning O’g’li hayotligi tufayli najot topishimiz yanada aniqroqdir.
11Va bu bilan kifoyalanib qolmay, balki bizni Xudo bilan yarashtirib qo’ygan Rabbimiz Iso Masih sharofati bilan Xudodan shodlanib yuribmiz.
12Bitta odam dastidan dunyoda gunoh paydo bo’ldi, gunohdan esa o’lim paydo bo’ldi va butun insonlarga o’tdi. Ma’lumki hamma gunoh qilgan.
13Ilohiy Qonun mavjud bo’lmasdan burun ham dunyoda gunoh bor edi, lekin Qonun yo’qligida gunohning hisobi tutilmaydi.
14Shunga qaramay, Odam atodan Muso payg’ambarga qadar yashaganlarning hammasi Odam atoga o’xshab jinoyat qilmagan bo’lsalar-da, o’lim ularning hammasiga ham hokimlik qildi. Odam ato kelajak Zotning timsoli edi.
15Lekin bular birday emas, Xudoning ehsoni Odam atoning gunohiga o’xshamaydi. Garchi bir kishining gunohi tufayli ko’plab kishilar o’lgan bo’lsalar ham, Xudoning inoyati bundan kattaroqdir, chunonchi bitta Odam, ya’ni Iso Masihning inoyati bilan berilgan boy ehson ko’pdan-ko’p kishilarga tegdi.
16Xudoning ehsoni bilan Odam atoning gunohi orasidagi farq shundan iboratki, bir gunohning oqibati o’limga hukm etish bilan tugasa, ehsonning natijasi esa ko’p insonning gunohlaridan forig’ bo’lishiga olib keladi.
17To’g’ri, bir kishining gunohi tufayli shu yagona odamning dastidan o’lim hokimlik qila boshladi. Ammo yana to’g’risi, yagona bir Odam, ya’ni Iso Masih soyasida odamlar endi Xudoning cheksiz inoyatiga erishib, oqlanadilar va hayotda hukm suradilar.
18Shunga ko’ra, bitta gunohkorning ishi barcha odamzodni o’limga mahkum etgan bo’lsa, endi esa bitta Solihning ishi odamlarni oqlaydi va abadiy hayotga noil etadi.
19Bir odamning itoatsizligi tufayli ko’p odamlar gunohkor bo’lgan bo’lsa, endi esa bir Kishining itoatkorligi tufayli ko’p odamlar solih deb qabulga o’tadilar.
20Shu orada Ilohiy Qonun paydo bo’lgan, natijada jinoyat ko’paygan edi. Ammo gunoh ko’paygan sari Xudo inoyati ham shunchalik orta bordi.
21Xullasi kalom, ilgari gunoh o’lim sari hoqonlik qilgan bo’lsa, endi esa Rabbimiz Iso Masih qiyofasidagi Xudo inoyati gunohkorni oqlab, abadiy hayot sari hukm surmoqda.
6-bob
1Xo’sh, nima deylik? Inoyat ko’paysin, deb gunoh qilishni davom ettiraveraylikmi?
2Aslo! Biz gunoh qarshisida o’lganmiz. Endi gunoh qilib qanday yashayveramiz?
3Unutmangizki, biz Iso Masihni tan olib suvda imon keltirganimizda, hammamiz ham Uning o’limini tan olib imon keltirdik.
4Biz suvga cho’mib, Masih bilan birga o’ldik va ko’mildik. Shuningdek, Masih Otasining ulug’vor qudrati bilan tirilganiga o’xshab, biz ham yangi hayotda yurishimiz lozim.
5Agar o’lishda Masihga ergashgan bo’lsak, albatta, tirilishda ham Unga ergashamiz.
6Gunoh qilishga mubtalo bo’lgan bu vujudimiz yo’q qilinsin, deb eski o’zligimiz Masih bilan birga xochga mixlangan. Buni bilib, biz endi gunohga qul emasmiz.
7Chunki o’lgan odam gunoh qilishdan ozoddir.
8Agar biz Masih bilan birga o’lgan bo’lsak, U bilan yashashimizga ham ishonchimiz komil.
9Masih tirilib boshqa o’lmasligini, o’lim esa Unga endi hokim bo’lolmasligini bilamiz.
10Uning o’limi gunoh uchun bir bor o’lim edi. Qolgan hayotini esa U Xudo uchun yashamoqda.
11Shunga o’xshab, sizlar ham o’zlaringizni gunoh qarshisida o’lik, lekin Rabbimiz Iso Masih bilan birlashgan holda Xudo qarshisida tirik hisoblanglar.
12Shunday qilib, endi gunoh sizlarning foniy badanlaringizga hokimlik qilmasin, siz badanlaringiz ixtiyoriga bo’ysunib ketmanglar.
13A’zoyi badaningizni yomonlik quroli qilib gunohning izmiga topshirmanglar. Aksincha, o’lib tirilganlar kabi o’zingizni, ya’ni butun a’zoyi badaningizni solihlik quroli qilib Xudoning izmiga topshiringlar.
14Gunoh sizlarga hukmron bo’lmasin, chunki sizlar endi Qonun emas, inoyat panohidasizlar.
15Xo’sh, buyog’i endi nima bo’ladi? Qonun emas, inoyat panohida bo’lganimiz uchun gunoh qilaveraylikmi? — Aslo!
16Bilmaysizlarmi? Siz o’zlaringizni itoatkor qul qilib kimning izmiga topshirsangizlar, u kishining quli bo’lasizlar. Siz yo o’limga olib boruvchi gunohga, yoki solihlikka olib boruvchi itoatkorlikka qul bo’lasizlar.
17Lekin Xudoga shukurki, ilgari gunohga qul bo’lganingiz holda, endi o’zingiz qabul qilgan ta’limotning mohiyatiga sidqidildan berilgansizlar.
18Gunoh qilishdan ozod bo’lib, solihlikka o’zingizni qul qilib qo’ygansizlar.
19Bandaligingiz tufayli insonlarcha fikr yuritib gapiryapman. Siz bir vaqtlar ifloslik va yovuzlik qilish uchun a’zoyi badaningizni qonunsizlikka qul qilib topshirgansizlar. Endi esa a’zoyi badaningizni solihlikka qul qilib topshiringlar va muqaddas yashanglar.
20Gunohning quli ekaningizda, solihlik talablaridan ozod edingizlar.
21Hozir o’zingiz uyalayotgan qilmishlardan o’sha vaqtda qanday naf bor edi? U qilmishlarning oqibati o’limdir.
22Hozir esa gunoh qilishdan ozod bo’lib, Xudoning qullari bo’lgansizlar. Bundan naf — muqaddaslikdir va buning natijasi esa abadiy hayotdir.
23Gunohning evazi — o’lim, Xudoning in’omi esa Rabbimiz Iso Masih qiyofasidagi abadiy hayotdir.
7-bob
1Qonunni biluvchilarga so’zim: ey birodarlar, odam tirik ekan qonun uning ustidan hokim ekanini nahot bilmasangiz?
2Masalan, erli xotin eri tirik ekan, qonun bo’yicha unga bog’liqdir. Lekin eri o’lsa, xotin boshi bog’liqlik qonunidan ozod bo’ladi.
3Shuning uchun, eri tirik xotin boshqa erga tegsa, u zinokor sanaladi. Ammo eri o’lsa, xotin qonundan ozod bo’ladi va boshqa erga tegsa ham, zino qilgan hisoblanmaydi.
4Shunga o’xshab, sizlar ham, ey birodarlarim, Boshqasiga, ya’ni qayta tirilgan Masihga tegib va Masih badanining bir qismi bo’lib, Ilohiy Qonun oldida o’lgan hisobidasiz. Bu esa Xudo yo’lida samarali bo’lishimiz uchundir.
5Zero biz irsiy tabiatimiz amri bilan yashagan vaqtlar, Ilohiy Qonun oshkor qilgan gunohkor ehtiroslar a’zoyi badanimizda amal qilar va o’lim uchun zamin hozirlar edi.
6Endi esa ilgari bizni bog’lab turgan Qonun qarshisida o’lib, Qonundan ozod bo’ldik. Shunday qilib, biz eski harfma-harf yo’l bilan emas, balki yangi Ruh yo’li bilan yurib, Xudoga xizmat qilmoqdamiz.
7Xo’sh, nima deylik? Nahotki Ilohiy Qonun gunohga bois bo’ldi? — Aslo! Ammo agar Qonun vositachi bo’lmasa edi, men gunohni bilmagan bo’lar edim. Qonun “tamagirlik qilma” deb buyurmaganda edi, men tamagirlikni bilmas edim.
8Shu tariqa gunoh amr orqali bahona topib, mening yuragimda har turli tamagirlikni hosil qildi. Qonun yo’qligida esa, gunoh kuchsizdir.
9Bir vaqtlar men o’zim Ilohiy Qonundan tashqarida bo’lib yashar edim. Ammo ongimda amr tug’ilgach, gunoh tirildi,
10men esa o’ldim. Hayot uchun bo’lgan amr mening o’limimga sabab bo’ldi.
11Chunki gunoh amr orqali bahona topib, meni aldadi, amr orqali meni o’ldirdi.
12Bundan ko’rinadiki, Qonun — muqaddasdir, har bir amri ham muqaddas, odil va yaxshidir.
13Shunday ekan, yaxshi bo’lgan amr menga o’lim keltiradimi? — Mutlaqo! Biroq, gunoh — gunoh deb ochiq bilinishi uchun, yaxshilik orqali menga o’lim keltirdi, toki gunohning nihoyat darajada gunohligi amr orqali anglashilsin.
14Bizga ma’lumki, Ilohiy Qonun tabarrukdir. Biroq men esa — gunohga qul bo’lib sotilgan ojiz bandaman.
15Shundan o’zim qilayotgan ishlarni o’zim tushunmayman: men nimani xohlasam, uni qilmayman va nimani yomon ko’rsam, uni qilaman.
16Agar men xohlamagan narsani qilayotgan ekanman, bu bilan Qonunning yaxshi ekanligini ma’qullayotgan bo’laman.
17Demak, bu ishlarni men o’zim emas, balki yuragimdagi gunoh qilayotgan bo’ladi.
18Menda, ya’ni irsiy tabiatimda yaxshi narsa yo’qligini aniq bilaman. Yaxshilik qilish istagi dilimda bor bo’lsa-da, uni ro’yobga chiqarishga kuchim etmaydi.
19Men istagan yaxshi ishni qilmayapman, aksincha, istamagan yomon ishni qilyapman.
20Agar istamagan ishni qilayotgan ekanman demak, bu ishni men o’zim emas, balki ichimda turadigan gunoh qilyapti.
21Men bundan ushbu qoidani chiqaraman: yaxshilik qilmoqchi bo’lganimda, qalbimda hamisha yomonlik poylab turadi.
22Xudoning Qonunidan ichki borlig’im zavq oladi-yu,
23ammo a’zoyi badanimda boshqa bir qonun ish ko’radi: bu qonun ongim ma’qullagan Xudo Qonuniga qarshi kurashib turadi va a’zoyi badanimda amal qiluvchi gunoh qonuniga meni asir etadi.
24Oh, men sho’rlik odam! O’limga giriftor shu badanimdan meni kim qutqarar ekan?
25—Xudoga shukr, Rabbimiz Iso Masih soyasida O’zi qutqaradi! Xullasi kalom, men ongim bilan Xudo Qonuniga rioya etsam-da, vujudim bilan gunoh qonuniga xizmat qilaman.
8-bob
1Shunday qilib, Iso Masih ummati bo’lganlarga qarshi endi hech bir mahkumlik yo’qdir.
2Iso Masih ummatiga hayot beruvchi Ruhning Qonuni meni gunoh va o’limni hosil qiluvchi Qonundan ozod qildi.
3Inson tabiati ojizligi tufayli Ilohiy Qonun o’zi ham ojiz bo’lib qoldi. Qonun ulgura olmagan ishni esa Xudo qildi: U O’z O’g’lini gunohkor insonga o’xshatib olamga yubordi va Uni gunoh uchun qurbonlikka bag’ishladi, shu yo’sin inson tabiatidagi gunohni mahkum qildi.
4Xudo buni, Ilohiy Qonun talablari tabiat amri bilan emas, Ruh amri bilan yashayotgan bizlarda bajo bo’lsin, deb qildi.
5Bashariy tabiat amri bilan yashaydiganlar bashariy fikr qiladilar. Ilohiy Ruh amri bilan yashaydiganlar ilohiy fikr qiladilar.
6Bashariy tabiatning murod-maqsadi — o’limdir. Ilohiy Ruhning murod-maqsadi — hayot va tinchlikdir.
7Bashariy tabiatning murod-maqsadi Xudoga dushmanlikdir; chunki bunday tabiat Xudoning Qonuniga itoat qilmaydi hamda qila olmaydi.
8O’z tabiati amri bilan yashaydigan odamlar Xudoga manzur bo’la olmaydilar.
9Xudo Ruhi sizning ichingizda yashayotgani uchun, sizlar endi tabiatingiz amri bilan emas, balki Ruh amri bilan yashayapsizlar. Kimki Masihning Ruhiga ega bo’lmasa, u Masihniki emasdir.
10Agar Masih ichingizda ekan, badan gunoh uchun o’limga mahkum bo’lsa-da, ruh oqlanganingiz uchun hayotdir.
11Chunki Iso Masihni tiriltirgan Xudoning Ruhi sizning vujudingizda yashayapti. Agar Xudo O’z Ruhi qudratida Masihni tiriltirgan bo’lsa, U ichingizdagi o’sha Ruh orqali sizning foniy badanlaringizni ham tiriltirajak.
12Shunday qilib, ey birodarlar, tabiatimiz amri bilan yashash uchun biz bu tabiat talablari oldida majbur emasmiz.
13Agar o’z tabiatingizga mahliyo bo’lib yashasangiz, ruhan o’lishingiz muqarrar. Lekin agar bashariy tabiatning qilmishlarini Ruh kuchi bilan o’ldirsangiz, ruhan yashaysizlar.
14Xudo Ruhi bilan boshqariladigan barcha Xudoning farzandidir.
15Chunki sizlar yana qo’rquvda yashash uchun qullik ruhini olmadingizlar, balki o’g’illik Ruhini oldingizlar. Bu Ruhdan ruhlanib, biz Xudoni aziz Ota deb chaqiramiz.
16Xudo Ruhi O’zi bizning ruhimizga qo’shilib, Xudo farzandlari ekanligimiz haqida guvohlik berib turadi.
17Agar Xudoning farzandlari bo’lsak, farzandlarday meros olish huquqiga ham egadirmiz. Xudoning qut-barakalaridan meros ulushi oluvchilar cifatida Masihning vorisdoshlarimiz. Agar biz Masihning azob-uqubatlariga sherik bo’lsak, albatta, Uning ulug’ shon-sharafiga ham sherik bo’lajakmiz.
18O’ylaymanki, bizga zohir bo’lajak ulug’vorlik oldida shu on azob-uqubatlarini aytib o’tish ham arzimasdir.
19Mana, Xudo O’z farzandlarini zohir qilishini butun maxluqot mushtoq bo’lib kutmoqda.
20Chunki maxluqot o’tkinchilikka mahkum bo’lgan. Bu esa maxluqotning o’z ixtiyori bilan emas, balki maxluqotni yaratgan Xudoning ixtiyori bilan bo’lgan.
21Ayni zamonda maxluqotning o’zi ham fano qulligidan ozod etilmoq va Xudo farzandlarining ulug’vor erkinligiga erishmoq umidiga egadir.
22Bilamizki, borliq maxluqot hozirga qadar birgalikda oh-nola qilib, go’yo tug’ish azobini chekib yotibdi.
23Va faqat maxluqotgina emas, balki biz o’zimiz ham ichimizdan oh-nola qilayotibmiz. Biz kelgusi hosilning ilk mahsuliday Xudo Ruhini olgan bo’lsak ham, o’g’il qilib olinishni, vujudimiz qutulishini intizor bo’lib kutyapmiz.
24Bizning najotimiz umiddadir. Ko’zga ko’rinib turgan narsa esa umid emas. Kim ko’rib turgan narsani umid qilar ekan?
25Agar biz ko’rmaganimizni umid qilayotgan bo’lsak, buni sabr bilan kutib tursak bo’ladi.
26Buning ustiga, Ilohiy Ruh bizning zaifligimizga madad berib turadi. Chunki biz qanday ibodat qilmoq kerakligini bilmayamiz Lekin Ilohiy Ruhning O’zi ifoda qilib bo’lmas oh-nolalar bilan biz uchun Xudo oldida shafoat qiladi.
27Yuraklarni sinovchi Xudo esa Ruhning fikri nimada ekanligini biladi. Chunki Ruh Xudoning irodasiga ko’ra Xudo azizlari uchun shafoat qiladi.
28Biz bilamizki, Xudoni sevganlarga, ya’ni Xudo O’z murodi bo’yicha da’vat etganlarga hamma narsa yaxshilik bo’lib xizmat qiladi.
29Xudo azaldan bilgan kishilarni O’z O’g’lining suratiga aylantirish uchun belgiladi, toki O’g’il ko’p birodarlar orasida To’ng’ich bo’lsin.
30Xudo azaldan belgilagan kishilarni da’vat ham etdi, da’vat etgan kishilarni esa oqladi, oqlagan kishilarni esa ulug’likka ham sazovor qildi.
31Endi bunga nima deymiz? Agar Xudo biz tomon bo’lsa, kim bizga qarshi chiqar ekan?
32Xudo O’z O’g’lini ayamay, balki hammamiz uchun Uni fido qilgan bo’lsa, U bilan birga hamma narsani ham bizga bermasmikan?
33Xudo tanlagan kishilarni kim aybdor qilar ekan? Xudoning O’zi ularni oqlagan-ku.
34Bizni kim mahkum qilar ekan? O’lgan ham tirilgan Iso Masih Xudoning o’ng tomonida turib, biz uchun shafoat qilmoqda-ku.
35Xudoning sevgisidan bizni kim judo qilar ekan: qayg’umi, siqilishmi, quvg’inmi, ochlikmi, yalang’ochlikmi, xavf-xatarmi yoki qilichmi?
36Mana, Zaburda yozilganidek: “Sen tufayli bizni har kun o’ldirmoqdalar. Qurbonlik qo’ylar deb hisoblaydilar”.
37Ammo bizni Sevganning soyasida bularning hammasi ustidan ulkan g’alaba qozonamiz.
38Men aminmanki, na o’lim va na hayot, na farishtalar va na jin-ajinalar, na hozirgi va na kelgusi hodisalar,
39na balandliklar va na chuqurliklar hamda na yaratilgan boshqa biron mavjudot Rabbimiz Iso Masih shaxsidagi Xudo sevgisidan bizni judo qilishga qodir emas.
9-bob
1Men, Masih haqi, haqiqatni aytyapman, yolg’on gapirmayapman: Muqaddas Ruhdan yorishgan vijdonim ham bundan dalolat bermoqda:
2mening yuragimda buyuk g’amim, tinmaydigan dardim bor.
3O’z qarindoshu qondoshlarim bo’lgan isroilliklar tufayli men hatto Masihdan mardudu mal’un bo’lmoqchi edim.
4Xudo ularni o’g’illikka olgan, O’zining ulug’vorligini ularga namoyon qilgan, ular bilan ahd-paymon qilgan, ularga Tavrotni, diniy xizmat ko’rsatmalarini yo’llagan hamda tabarruk va’dalarni bergan.
5Ulug’ ota-bobolarimiz ularning otalari bo’lgan, Masih ham jisman ulardan kelib chiqqan. U borliq narsa ustidan hukmdor, abadiy hamdu sanolarga sazovor bo’lgan Xudodir. Omin!
6Xudoning kalomi o’z kuchini yo’qotdi, demoqchi emasman. Ammo Isroildan bo’lganlarning hammasi Xudo xalqi emasdirlar.
7Ibrohim zurriyotidan bo’lganlarning hammasi Ibrohim bolalari emasdirlar, balki Xudo Ibrohimga aytganidek: “Sening zurriyoting Ishoq orqali ko’payadi”.
8Demak, Xudoning farzandlari tabiatan tug’ilgan bolalar emas, faqat ilohiy va’da bo’yicha tug’ilganlar haqiqiy zurriyot hisoblanadilar.
9Xudoning Ibrohimga bergan va’dasi ana Shunday edi: “Kelgusi yil shu vaqtda Men kelaman va Soroning bir o’g’li bo’ladi”.
10Bunga o’xshab, Rivqo bibi ham egiz o’g’illarga hamilador bo’lgan edi. Ular bitta otadan, ya’ni ulug’ otamiz Ishoqdan edilar.
11Bu bolalar hanuz tug’ilmagan va yaxshi yoki yomon biron ish qilmagan vaqtda,
12Xudo Rivqoga: “Kattasi kichigiga qul bo’ladi”, — degan edi. Demak, Xudo birovni tanlaganda, uni O’zi bilganidek, savob ishlaridan qat’i nazar yorlaqaydi va da’vat etadi.
13Xudo Tavrotda aytganidek: “Men Yoqubni sevdim, Lekin Esovdan nafratlandim”.
14Bunga nima deymiz? Xudo nohaqmi? — Aslo!
15Mana, Xudo Musoga nima degan: “ Marhamat etganimga marhamat etaman, rahm aylaganimga rahm aylayman”.
16Shunday qilib, tanlanish insonning orzu yoki tashabbusiga emas, balki Xudoning marhamatiga bog’liqdir.
17Tavrotda “ Qudratimni sen orqali namoyon qilay, deb Ismim butun er yuzida ma’lum bo’lgay, deb men Seni yuksaltirdim.
18Demak, Xudo istaganiga marhamat etadi va istaganining diydasini qotiradi.
19Endi mendan so’raysan: “ Xo’sh, nima uchun Xudo birovni ayblaydi? Zotan Uning irodasiga qarshi chiqa oladigan yo’q-ku!”
20Ey inson, sen kimsanki, Xudoga so’z qaytarasan? Haykal haykaltaroshga: “Meni nima uchun bunday yasading?” — deydimi?
21Kulol xuddi o’sha gil qorishmasidan bir idishni e’tiborli, bashqa idishni e’tiborsiz ish uchun yasashga haqi yo’qmi?
22Agar Xudo g’azabu qudratini zohir etmoqchi bo’lib, O’z g’azabiga yo’liqtirib halok qiladigan odamlarga ko’p sabr bilan chidagan bo’lsa, nima bo’pti?
23Agar Xudo azaldan marhamatiga sazovor bilgan va ulug’lash uchun belgilagan odamlarga O’zining cheksiz ulug’vorligini zohir etmoq maqsadida bunday qilgan bo’lsa, nima bo’pti?
24Nafqat yahudiylar orasidan, balki boshqa barcha xalqlar orasidan ham Xudo da’vat etgan bu kishilar — mana bizlarmiz.
25Ho’sheya payg’ambarning kitobida aytilganidek: “Mening xalqim bo’lmaganni — Mening xalqim, Sevgilim bo’lmaganni — sevgilim deyman.
26Siz Mening xalqim emassiz, — deyilgan erda, ular barhayot Xudoning o’g’illari deyiladi”.
27Isha’yo payg’ambar esa Isroil haqida Shunday nido etyapti: “Isroil o’g’illarining son-sanog’i Dengiz qumi qadar bo’lsa ham, Ortib qolgan qismiyoq najot topur.
28Rabbimiz O’z ishini er yuzida tez va butkul bajarib chiqur”.
29Isha’yo payg’ambar yana karomat qilib aytganki: “Agar Xudovand — Sarvari koinot bizga zurriyot qoldirmaganida edi, biz Sado’m shahriga o’hshab, G’amo’ra singari bo’lib qolar edik”.
30Endi bunga nima deymiz? Bir yoqdan solihlik payidan bo’lmagan majusiylarni Xudo O’zi oqladi, ular Masihga ishonib, solih deb qabulga o’tdilar.
31Ikkinchi yoqdan Isroil xalqi o’zimizni oqlaylik, deb Ilohiy Qonunga qattiq rioya qilishga unnab, Qonunni o’rinlatmay, aybdor bo’lib qoldi.
32Nima uchun? Chunki ular imonga tayangan solihlikni izlamay, balki Qonun amrlarini bajarish bilan savob qozonmoqchi bo’ldilar va to’siq toshiga qoqinib, munkib ketdilar.
33Xuddi Tavrotda yozilganidek: “Mana, Men Sionda bir to’siq toshini, odamlar qoqinib ketgusi toshni qo’yurman. Unga e’tiqod etgan kishi uyatga qolmas”.
10-bob
1Ey birodarlar, yuragim orzu-armoni va Xudodan yolvorgan tavalloyim isroilliklarning qutulishidir.
2Ularning Xudo yo’lida g’ayratlari borligiga guvohdirman. Biroq bu g’ayrat haqiqiy tushunchaga asoslangan emas.
3Xudoning O’zi odamlarni oqlab solih deyishini ular anglamasdan, o’z solihliklarini o’rnatishga intildilar, yakka O’zi odamlarni oqlab solih degan Xudoga iltijo qilmadilar.
4Masih esa — Qonunning oxiridir. Masihga e’tiqod qilgan har bir gunohkorni Xudo oqlaydi.
5Ilohiy Qonunga rioya qilish bilan o’zini oqlamoqchi bo’lganlar haqida Muso payg’ambar bunday yozgan: “Qonunni bajo keltirgan odam shu bilan yashayveradi”.
6Imonga tayangan solihlik esa bunday so’zlayapti: “Yuragingda: Osmonga kim chiqadi? — dema (go’yo Masihni erga tushirish uchun).
7Yoki: Erning qa’riga kim tushadi? — dema” (go’yo Masihni tiriltirish uchun).
8Oyat nima deydi, eshit: “Kalom senga yaqindir, sening og’zingu dilingdadir”. Mana bu — biz targ’ib qilib yurgan imon kalomi.
9Agar sen Isoni Rabbim deb, og’zing bilan ochiq iqror etsang va Xudo Uni tiriltirganiga chin yurakdan inonsang, najot topasan.
10Chunki oqlanish uchun yurak bilan e’tiqod qilmoq, qutulish uchun og’iz bilan iqror bo’lmoq lozimdir.
11Tavrotda yozilganiday: “Unga e’tiqod qilgan hech kimsa uyatga qolmas”.
12Bu masalada yahudiy bilan g’ayridin orasida farq yo’qdir. Xuddi o’sha Rab — hammaning Rabbidir. Ismini chaqirganlarning hammasi uchun U ehsonga boydir.
13Chunki “Rabbimiz ismini chaqiradigan har bir kishi najot topur”.
14Ammo ular inonmasdan turib, Uni qanday chaqiradilar? U haqda eshitmagan holda, Unga qanday inonadilar? Targ’ib qiluvchi bo’lmasa, qanday eshitadilar?
15Yuborilmasdan turib, Kalomni qanday targ’ib qiladilar? — Tavrotda yozilganidek: “Naqadar go’zaldir ezgulik mujdasin, tinchlik Xushxabarin keltirgan oyoqlar!”.
16Holbuki, Xushxabar keltiruvchilarga hamma quloq solmadi. Xuddi Isha’yo payg’ambar aytganidek: “Yo Rabbiy! Bizning xabarimizga kim ishondi?”.
17Shunday qilib, imon — eshitishdan, eshitish esa — Masih kalomini va’z etishdan hosil bo’ladi.
18Ammo men Shunday so’rayman: Ular eshitmadimi? — Albatta, eshitdilar, mana Zaburda qanday yozilgan: “Ularning ohangi butun dunyoga yoyildi, so’zlari esa erning to’rt tarafiga etib bordi”.
19Yana so’rayman: Isroil bilmas edimi? — Avvalo Muso payg’ambar orqali Xudo Shunday degan: “Men sizda xalqim bo’lmaganlar ustidan rashk uyg’oturman, fahmsiz bir qavm ila g’azabingizni qo’zg’aturman”.
20Isha’yo payg’ambar esa Xudo kalomini jasurona gapirib degan: “Meni izlamaganlarga O’zimni toptirdim, Meni so’ramaganlarga O’zimni zohir etdim”.
21Lekin Isroil haqida Xudo Shunday degan: “Men bo’ysunmas va qaysar bir xalqqa kun bo’yi qo’llarimni cho’zib turdim”.
11-bob
1Xo’sh, men so’rayman: Xudo O’z xalqini rad etdimi? — Aslo! Chunki men o’zim ham Ibrohim naslidan, Benyamin qabilasidan bir isroillikman.
2Xudo azaldan bilgan O’z xalqini rad etmadi. Isroilga qarshi Xudoga shikoyat etgan Ilyos payg’ambar haqidagi oyatda nima yozilganini nahotki sizlar bilmasangiz?
3“Yo Rabbiy! Sening payg’ambarlaringni o’ldirdilar, qurbongohlaringni vayron qildilar. Yolg’iz men qoldim-u, mening jonimga ham qasd qilmoqdalar”, — degan edi Ilyos.
4Xudo unga qanday javob berdi? — “Baal oldida tiz cho’kmagan etti ming odamni men O’zim uchun ajratib oldim”.
5Xuddi Shunday, hozirgi vaqtda ham Xudoning inoyati bilan saylab olingan bir ozchilik bordir.
6Ular Xudo inoyati tufayli saylanganlar, demak, savob ishlari tufayli saylangan emaslar; aks holda inoyat yana inoyat bo’lmas edi. Agar ular savob ishlari tufayli saylanganida edi, yana Xudo inoyatiga o’rin qolmas edi va savob yana savob bo’lmas edi.
7Bu nimani bildiradi? — Isroil izlaganiga erishmadi. Faqat saylanganlar izlaganiga erishdilar, qolganlarning esa diydasi qotib qoldi.
8Xuddi Tavrotda yozilganidek: “Xudo ularga qattiq uyqu ruhini yubordi. Bugungi kunga qadar ko’rmaydigan ko’zlar, eshitmaydigan quloqlar berdi”.
9Dovud ham deganki: “Ularning dasturxoni o’zlari uchun to’ru qopqon, tuzoq hamda jazo eri bo’lsin.
10Ko’zlari qorong’ilashib, ko’rmaydigan bo’lsin, bellari abadiy bukilib qolsin”.
11Shuning uchun men so’rayman: yahudiylar yo’q bo’lish uchun qoqindilarmi? — Aslo! Ammo ularning rashki qo’zg’alsin, deb ularning gunohkorligi tufayli boshqa xalqlarga najot keldi.
12Agar yahudiylarning gunoh qilib, barbod bo’lganligi barcha dunyo xalqlariga qut-baraka keltirgan bo’lsa, ularning kamol topishi naqadar ko’proq qut-baraka keltiradi!
13Endi dunyo xalqlaridan bo’lgan sizlarga xitob qilaman: men g’ayriyahudiylarning havoriysi bo’lib, bu xizmatimni faxrli deb bilaman,
14agarda men o’z qon-qardoshlarimning rashkini qo’zg’atib, ulardan qandaydir ba’zilarini qutqarib olsam!
15Agar ularning rad qilinishi dunyoning Xudo bilan yarashishiga imkon bergan bo’lsa, qabul bo’lishlari o’limdan hayotga qaytishdan boshqa nima bo’la oladi?!
16Agar achitqi muqaddas bo’lsa, xamir ham muqaddasdir. Agar tomir muqaddas bo’lsa, novdalar ham muqaddasdir.
17Xo’sh, endi zaytun daraxtining ba’zi novdalari sindirilgan va sen yovvoyi zaytun butog’i bo’la turib, novdalar orasiga payvand bo’lgansan, daraxtning shirador tomiriga ulangansan.
18Lekin novdalar oldida g’ururlanib ketma! G’ururlansang, bilginki, sen tomirni emas, balki tomir seni ko’tarib turibdi.
19Ehtimol sen: “Mening payvand bo’lishim uchun novdalar sindirildi”, — dersan.
20To’g’ri, Isroil xalqi imonsizligi tufayli sindirildi; sen esa imoningda mahkam turasan. Shunga qaramay maqtanma, balki qo’rq.
21Yo’qsa, Xudo asl novdalarni ayamagani kabi, seni ham ayamasligi mumkin.
22Shuning uchun sen Xudoning mehribonligini ham, qattiqqo’lligini ham bilib qo’ygin! Yiqilganlarga U qattiqqo’ldir, ammo sen Uning mehribonligiga sodiq qolsang, senga mehribondir. Aks holda sen ham kesib tashlanarsan.
23Yahudiylar imonsizlikda qattiq turib olmasalar, ular yana payvand bo’ladilar, chunki Xudo ularni yana payvand qilishga ham qodirdir.
24Sen tabiatan yovvoyi zaytun novdasi bo’la turib kesilding va tabiatga xilof ravishda yaxshi zaytun daraxtiga payvand bo’lding. Shunday ekan, asl novdalar o’z daraxtiga yana payvand bo’lishi naqadar osondir!
25Ey birodarlarim, siz tag’in o’zbilarmon bo’lib qolmanglar, deb bu sirdan xabarsiz qolishingizni istamayman: boshqa xalqlardan najot topadiganlarning soni tamom bo’lmagunga qadar, Isroil xalqining vaqtincha diydasi qotgan.
26Shunday qilib, butun Isroil qutulajak. Tavrotda yozilganidek: “Qutqaruvchi Siondan kelajak, Yoqub elidan betavfiqni daf qilajak.
27Men ularni gunohlaridan forig’ qilganimda, ular bilan Mening ahdim bu bo’lajak”.
28Injil Xushxabarini rad qilganlari sababli, yahudiylar sizlarning manfaatingiz uchun Xudoga dushman bo’lib qoldilar. Lekin Xudo ularni tanlagani sababli, ota-bobolari xotiri uchun, ularni aziz deb biladi.
29Chunki Xudoning in’omlari va da’vati o’zgarmasdir.
30Sizlar bir vaqtlar Xudoga itoatsiz bo’lib, lekin endi yahudiylarning itoatsizligi tufayli marhamatga noil bo’ldingizlar.
31Shunga o’xshab, endi yahudiylar ham sizga ko’rsatilgan marhamat tufayli itoatsiz bo’ldilar, toki ular ham endi marhamatga noil bo’lsinlar.
32Chunki Xudo hammaga marhamat ko’rsata olishi uchun, hammani itoatsizlikka giriftor qildi.
33Oh, Xudoning saxovatu hikmati hamda bilimining chuqurligini qarang! Uning hukmlariga kimning aqli etar, yo’llarini kim tekshirib chiqar ekan?
34“Xudoning aqlini kim bilgan ekan? Uning maslahatchisi kim bo’lgan ekan?”
35“Kim Xudoga bir narsa bermishki, Xudo unga qaytarib bersin?”
36Butun borliq Undan chiqib, U orqali bordir va Unga qaratilgandir. Unga abadiy shon-sharaflar bo’lsin! Omin.
12-bob
1Shunday qilib, ey birodarlarim, Xudoning marhamati haqi sizlarga yolvoraman: Xudoga oqilona xizmat qila olishingiz uchun vujudingizni tirik, muqaddas, Xudoga manzur bo’ladigan qurbon qilib bag’ishlanglar.
2Bu dunyoga uyg’unlashmanglar. Xudoning yaxshi, manzur, komil irodasining nima ekanini fahmlamoq uchun fikringizni yangilash orqali tubdan o’zgaringlar.
3Menga berilgan inoyatdan foydalanib, sizlarning har biringizga shuni aytyapman: haddingizdan oshib, o’zingizga bino qo’ymanglar. Lekin Xudo har bir kishiga qancha imon bergan bo’lsa, shunga ko’ra fikr qilib, aqli raso odamlar bo’linglar.
4Badanimiz bir bo’lsa-da, uzvlar ko’p, uzvlarning vazifasi esa bir xil emas.
5Shunga o’xshab, biz ko’p kishi bo’lsak ham, Masih vujudida birlashganmiz va bir badanni tashkil etamiz, har birimiz alohida-alohida bo’lib, bir-birimiz uchun uzvdirmiz.
6Xudoning inoyat qilgani bo’yicha, biz Undan har xil in’omlar olganmiz. Birovning in’omi bashoratgo’ylik bo’lsa, o’z ishonch-e’tiqodiga muvofiq bashorat qilsin.
7Agar xizmat in’omi bo’lsa, xizmat qilsin; agar muallimlik in’omi bo’lsa, ta’lim bersin.
8Kim nasihatgo’y bo’lsa, pand-nasihat bersin. Kim ehson beruvchi bo’lsa, chin ko’ngildan bersin. Kim boshliq bo’lsa, g’ayrat bilan boshchilik qilsin. Kim mehribonchilik qilsa, xursandlik bilan qilsin.
9Sevgingiz riyosiz bo’lsin. Yomonlikdan nafrat qilib, yaxshilikka chirmashib olinglar.
10Bir-biringizni birodarlarcha, samimiy muhabbat bilan sevinglar. Bir-biringizni izzat-hurmat qilishga o’zishganday harakat qilinglar.
11G’ayratingizni susaytirmanglar. Otashin ruh bilan Rabbingizga xizmat qilinglar.
12Umidvorlik ila xursand bo’lib yuringlar. Qayg’uda sabrli, toat-ibodatda sabotli bo’linglar.
13Imonlilarning ehtiyojlarini ta’minlashda ishtirok etinglar. Mehmondo’st bo’lishga jon kuydiringlar.
14Sizlarni quvg’in qilayotganlarni duo qilinglar, ha duo qilinglar, qarg’amanglar.
15Sevinayotganlar bilan birga sevininglar, yig’layotganlar bilan birga yig’langlar.
16O’zaro hamfikr bo’linglar. Takabburlik qilmay, muloyim odamlar bilan do’st bo’linglar. O’zbilarmonlik qilmanglar.
17Hech kimga yomonlik evaziga yomonlik qaytarmanglar. Barcha odamlarning ko’zi oldida yaxshilik qilishga intilinglar.
18Agar iloji bo’lsa, qo’lingizdan kelganicha, barcha odamlar bilan tinch-totuv hayot kechiringlar.
19Ey seviklilarim, o’zingiz uchun qasos olmanglar, balki Xudoning g’azabiga yo’l qo’yinglar. Zero Tavrotda Shunday yozilgan: “Qasos Mening qo’limda, Sazosini Men beraman, — deydi Xudovand”.
20Aksincha: “Agar dushmaning och qolgan bo’lsa, uni to’yg’izgil, agar chanqagan bo’lsa, unga suv ichirgil. Mana shunda uning boshiga yonayotgan cho’g’lar yiqqanday bo’lursan”.
21Yomonlikka mag’lub bo’lma, yomonlikni yaxshilik bilan mag’lub qilgin.
13-bob
1Har bir odam hukmron hokimiyatga bo’ysunsin. Chunki Xudo buyurmagan hokimiyat yo’q, mavjud hokimiyatlarning hammasini ham Xudo tayin etgan.
2Shuning uchun hokimiyatga qarshilik ko’rsatgan Xudoning amriga qarshi chiqqan bo’ladi. Qarshilik qiluvchilar esa o’z-o’zlarini hukmga duchor qiladilar.
3Yaxshilik qilganlar emas, yomonlik qilganlar boshliqlardan qo’rqishlari kerak. Hokimiyatdan qo’rqmaslikni istaysanmi? Unda yaxshi ish qilib yur, shunda boshliqning maqtoviga sazovor bo’lasan.
4Chunki boshliq sening manfaating uchun Xudoning xizmatkoridir. Ammo yomon ish qilsang, qo’rq. Chunki u qilichni behuda ko’tarib yurmaydi. U yomonlik qilganga g’azabnok jazo beruvchi sifatida Xudoning xizmatkoridir.
5Shuning uchun faqat g’azabdan qo’rqqanlikdangina emas, balki vijdon yuzasidan ham itoat qilmoq lozimdir.
6Coliq to’lashingizning sababi ham shu. Chunki soliq yig’ish bilan mashg’ul bo’lgan amaldorlar bu ish bilan Xudoga xizmat qiladilar.
7Har bir kishiga o’z haqini beringlar: soliq yilg’uvchiga — soliq: boj oluvchiga — boj: qo’rquvga loyiq bo’lganga — qo’rquv: hurmatga loyiq bo’lganga — hurmat.
8Bir-biringizni sevishdan boshqa hech kimdan bir narsa burchli bo’lmanglar. Chunki o’zgani sevadigan kishi Ilohiy Qonunni bajo keltirgan bo’ladi.
9“Zino qilma”, “Qotillik qilma”, “O’g’rilik qilma”, ( “Yolg’on guvohlik berma”,) “Tamagirlik qilma” va bunga o’xshash yana qancha amrlar bor bo’lsa, hammasi shu so’zda xulosa qilinadi: “O’zgani o’zing kabi sevgin”.
10Sevuvchi kishi o’zgaga yomonlik qilmaydi. Shunday qilib, sevish — butun Ilohiy Qonunni bajo keltirish bilan barobardir.
11Hozirgi vaqt-soatning ahamiyatini bilib, Shunday harakat qilinglar. Mana, sizlarning uyqudan uyg’onish vaqt-soatingiz kelib qoldi! Biz imon keltirgan vaqtdan ko’ra, hozirgi vaqtda qutulishimiz yaqinroqdir.
12Kecha o’tib ketib, kunduz yaqinlashdi. Shuning uchun qorong’ilik ishlaridan forig’ bo’lib, nur aslahalarini kiyib olaylik.
13Aysh-ishrat va ichkilikbozlik bilan emas, shahvatparastlik va fisq-fujur bilan emas, janjalkashlik va hasadgo’ylik bilan emas, balki kunduzga yarasha, odob bilan kun kechiraylik.
14Rabbimiz Iso Masihni sovutday kiyib olinglar va tabiatingizning gunohli havas-ehtiroslarini qoniqtirishga intilmanglar.
14-bob
1Imoni zaif odamni, uning fikrlari haqida bahslashmay, qabul qilinglar.
2Kimdir hamma narsani eb bo’ladi, deb ishonadi. Imoni zaif kishi esa faqat sabzavot eydi.
3Har narsani eyish mumkin degan kishi emovchini kamsitmasin, Shuningdek, har narsani emaydigan kishi eydiganni ayblamasin: chunki Xudo uni qabul qilgandir.
4Sen kim bo’libsanki, boshqa kishining malayini tergaysan? U o’z xo’jayini oldida yo turadi, yo yiqiladi. Rabbimiz esa uni turg’azishga qodir, Shuning uchun u turadi.
5Birov bir kunni boshqa kundan yuqoriroq hisoblaydi, boshqa kishi esa hamma kunlar haqida bir xil fikr yurgizadi. Har bir kishi o’z fikrida mahkam tursin.
6Kunga e’tibor qiluvchi Rabbim deb e’tibor qiladi. (Shuningdek, kunga e’tibor qilmovchi Rabbim deb e’tibor qilmaydi.) Har narsani eguvchi Rabbim deb eydi. Har narsani emovchi ham Xudoga shukr qilib, Rabbim deb emaydi.
7Bizdan hech kim o’zi uchun yashamaydi va hech kim o’zi uchun o’lmaydi ham.
8Agar yashasak, Rabbimiz uchun yashaymiz: agar o’lsak, Rabbimiz uchun o’lamiz. Demak, yashasak ham, o’lsak ham Rabbimizga qarashlimiz.
9Masih ham o’liklarning, ham tiriklarning Rabbi bo’lish uchun o’ldi-yu, o’limdan tirilib keldi.
10Shunday bo’lsa, sen nima uchun birodaringni hukm qilyapsan? Nima uchun birodaringni kamsityapsan? Hammamiz ham Masihning hukm kursisi oldida hozir bo’lajakmiz-ku.
11Tavrotda yozilishicha: “Hayotim haqi, — deydi Xudovand, — har bir kas Mening oldimda tiz cho’kkusi, har bir til Xudoligimni tan olg’usi”.
12Demak, har birimiz o’zimiz haqimizda Xudoga hisobot beramiz.
13Shuning uchun bir-birimizni boshqa hukm qilmaylik. Eng yaxshisi, birodaringizning yo’liga to’siq qo’ymaslik, uni vasvasaga solmaslik to’g’risida muhokama qilinglar.
14Men shuni bilaman va Rabbim Iso nomidan qat’iy aminmanki, hech bir narsa o’zi-o’zicha harom emasdir. Faqat bir narsani harom hisoblagan kishi uchun u narsa haromdir.
15Agar birodaring sen eyayotgan ovqat tufayli xafa bo’lsa, demak, sen muhabbat yuzasidan harakat qilmayotgan bo’lasan. Masih bu odam uchun o’lgan, uni ovqating bilan halokatga yo’liqtirma.
16Sizlarning yaxshi deb bilgan narsangiz qoralanmasin.
17Xudoning Shohligi ovqat va ichimlikdan iborat emas, balki Muqaddas Ruh bag’ishlagan solihlik, tinchlik va sevinchdir.
18Kim Masihga Shunday xizmat qilib yursa, u Xudoga maqbul va insonlarning maqtoviga sazovordir.
19Shuning uchun o’zaro tinch-totuv yashaylik, bir-birimizni ruhan rivojlantirish uchun jon kuydiraylik.
20Ovqat tufayli Xudoning ishini buzma! Hamma ovqatlar haloldir, lekin biron narsa eb o’zgani vasvasaga solgan kishi yomonlik qilgan bo’ladi.
21Birodaring vasvasaga tushib aynib qolishidan ko’ra, go’sht emaslik, may ichmaslik yoki birodaringni qoqintiradigan biron ish qilmaslik yaxshidir.
22Bu xususda sening e’tiqoding qanday bo’lsa, Xudo oldida o’z e’tiqodingni o’zingga saqlab tur. Tutgan yo’lida o’z-o’zini mahkum qilmaydigan odam baxtiyordir!
23Lekin o’z eganidan shubha qilgan kishi mahkumlikka yo’liqadi, chunki u e’tiqod bo’yicha emagan. E’tiqodga asoslanmagan har bir ish esa — gunohdir.
24Men xabarlab yurgan Injil, ya’ni Iso Masihning Xushxabariga binoan sizlarni sobitqadam qilishga qodir bo’lgan Xudoga hamdu sanolar bo’lsin! Qadim davrlardan beri yashirin tutilib, hozirgi vaqtda esa ochilib qolgan ulug’ sir
25mangu barhayot Xudoning amri ila qadimgi payg’ambarlarning kitoblaridan vahiy etilgan, endi esa barcha xalqlarga imonga bo’ysunishlari uchun taqdim etilgandir.
26Donishmand bo’lgan yagona Xudoga Iso Masih orqali ilalabad shon-sharaflar bo’lsin! Omin.
15-bob
1Biz imoni kuchlilar o’zimizni mamnun qilishni ko’zlamasdan, kuchsizlarning ojizligiga sabr-bardosh qilishimiz kerak.
2Har birimiz o’zganing yaxshilik va rivoj topishiga g’amxo’rlik qilib, uni mamnun qilishga harakat qilaylik.
3Chunki Masih ham O’z-o’zini mamnun qilmadi. Lekin Zaburda U haqda yozilganidek: “Seni tahqir qiluvchilarning haqorati Mening ustimga tushdi”.
4Qadimgi oyatlarda nimaiki yozilgan bo’lsa, bizning ta’lim olishimiz uchun yozilgan. Biz bu oyatlardan sabr va tasalli topib, umidimizda mahkam turishimiz lozim.
5Sabr va tasalli manbai bo’lgan Xudoning O’zi esa, Iso Masih o’rgatganidek, bir-biringiz bilan hamfikr bo’lishni sizlarga ato etsin,
6toki sizlar yakdillik bilan, bir og’izdan Rabbimiz Iso Masihning Otasi bo’lgan Xudoni ulug’langlar.
7Xudoni ulug’lash uchun Masih sizlarni qabul qilganidek, sizlar ham bir-biringizni qabul qilinglar.
8Mening so’zimni tinglanglar: Iso Masih ota-bobolarimizga berilgan ilohiy va’dalarni ro’yobga chiqaray, deb Xudo haqiqatiga sodiq qoldi va sunnat ahli bo’lgan yahudiylarning xizmatkori bo’ldi.
9Ayni zamonda U Xudoning marhamati haqi uchun boshqa xalqlarga ham yuborildi, toki ular Xudoni ulug’lasinlar. Zaburda yozilishicha: “Xalqlar ichra Senga hamdlar ayturman, Sening ismingni kuylab sano ayturman”.
10Yana boshqa joyda Shunday yozilgan: “Ey barcha elu xalqlar, Xudoning xalqi bilan birga sevininglar!”
11Va yana: “Ey barcha millatlar, Xudovandga hamd aytinglar! Ey butun xalqlar, Uni madh etinglar!”
12Isha’yo payg’ambar esa Shunday degan: “Xalqlarga hukmronlik qilish uchun Ishay urug’idan bir Zot chiqib kelajak. Xalqlar Unga umid bog’lagaylar”.
13Umid manbai bo’lgan Xudo esa Mudaddas Ruh kuchi ila sizlarni umidga boy qilsin, imoningizga yarasha sizlarni har xil sevinch va tinchlik bilan shod qilsin.
14Ey birodarlarim, sizga kelsak, siz yaxshilikka va har xil bilimga boy hamda bir-biringizga pand-nasihat qilishga qodir ekaningizga o’zim aminman.
15Birodarlarim, Xudoning menga bergan inoyati tufayli sizlarga eslatib qo’yish uchun bir qadar botinish bilan yozdim.
16Men Xudo inoyati tufayli Iso Masihning barcha xalqlarga yuborgan elchisi bo’lib, Xudoning Xushxabarini targ’ib qilishda muqaddas xizmat ko’rsatmoqdaman. Bu xalqlar Muqaddas Ruh orqali muqaddaslashtirilib, Xudoga baxshida etilgan va Unga maqbul bo’lgan bir hadyadir.
17Shunday qilib, Iso Masihga tashakkur, men Xudo yo’lida qilgan ishlarim bilan maqtansam bo’ladi.
18Lekin men orqali amal qilgan Masihdan boshqa narsa haqida gapirishga jur’at etmayman. Masihning O’zi majusiylarni imonga bo’ysundirish yo’lida menga yor bo’lib, so’zimu ishimga ilhom berib,
19Muqaddas Ruhni yuborib, men orqali qudratli va ajoyib mo’’jizalar sodir qildi. Shunday qilib, men Quddusdan boshlab, to Illiriya sohillariga qadar Masihning Xushxabarini tamoman yoyib chiqdim.
20Shu bilan birga, men boshqalarning poydevori ustiga bino qurmayin, deb Masihning ismi hali tilga olinmagan erlarda Xushxabarni targ’ib qilish uchun jon kuydirdim.
21Tavrotda yozilganidek: “Undan xabarsiz bo’lganlar ko’rgaylar, U haqda eshitmaganlar anglagaylar”.
22Sizlarning oldingizga kelishim uchun menga to’sqinlik qilgan ko’p sabablar bor edi.
23Endi esa bu mamlakamlarda menga boshqa ish qolmagan. Men ko’p yillardan beri sizlarni ko’rishni orzu qilganimdan,
24Ispaniyaga yo’l olib sizlarning oldingizga bormoqchiman. O’tib ketayotganimda avval sizlarni ko’rib, bir oz diydoringizga to’yganimdan keyin, meni u erga kuzatib qo’yasizlar, degan umiddaman.
25Lekin hozircha men Xudo azizlariga yordam bergani Quddusga ketyapman.
26Chunki Makedoniya va Ahaya o’lgalaridagi Masih jamoatlari Quddusdagi kambag’al imonlilar uchun iona to’plashni xush ko’rdilar.
27Ha, xush ko’rdilar, chunki ular yahudiylardan qarzdordir. Majusiylar endi yahudiylarning ruhiy barakatlariga sherik bo’lganlaridan keyin, ularga jismonan ham xizmat qilishlari munosibdir.
28Demak, men bu ishni bajarib, to’plangan mablag’ni ularga topshirganimdan keyin, sizlarning eringizdan o’tib Ispaniyaga jo’nab ketaman.
29Men sizlar bilan ko’rishgach, Masih Xushxabarining to’liq qut-barakasini keltirishni burchim deb bilaman.
30Ey birodarlarim! Rabbimiz Iso Masih haqi, Xudo Ruhidan ilhom olgan muhabbat haqi sizlarga yolvoraman: men uchun Xudoga ibodat qilinglar, kurashimga qo’shilinglar,
31toki Yahudiya o’lkasidagi imonsizlardan qutulay va Quddusdagi xizmatim u joydagi Xudo azizlariga ma’qul tushsin.
32Xudo xohlasa, men bahuzur sizning oldingizga boray va siznikida shodligu orom topay.
33Tinchlik manbai bo’lgan Xudo hammalaringizga yor bo’lsin. Omin!
16-bob
1Kenxreya shahridagi imonlilar jamoatida xizmat ko’rsatayotgan opamiz Fivani sizlarga taqdim etaman.
2Uni Rabbimiz haqi, Xudo azizlariga munosib qabul qilinglar.U nimaga muhtoj bo’lsa, yordam beringlar. Zero u ko’p kishilarga va ayniqsa menga ham madadkor bo’lgan.
3Iso Masih xizmatida bo’lgan hamkorlarim Priskilla bilan Akilga salom aytinglar.
4Ular mening jonimni asrash uchun o’zlarini o’lim xavfiga qo’ydilar. Ularga yolg’iz men emas, balki majusiylardan imon keltirganlarning barcha yig’ilishlari ham tashakkur bildirmoqdalar.
5Ularning uyida yig’iladigan jamoatga ham salom aytib qo’yinglar. Asiya o’lkasida Masih uchun birinchi unib-chiqqan hosilday bo’lgan sevikli muhibim Epenetga salom aytinglar.
6Biz uchun ko’p mehnat qilgan Maryamga salom aytinglar.
7Havoriylar orasida nom chiqargan va mendan oldin Masihga imon keltirgan hamda men bilan birga mahbus bo’lgan qarindoshim Andronikka, Shuningdek, Yuniyga salom aytinglar.
8Rabbimiz yo’lida borayotgan sevikli o’rtog’im Ampliatga salom aytinglar.
9Masih xizmatida hamkorimiz bo’lgan Urban va sevikli Staxisga salom aytinglar.
10Sinovdan o’tib, Masihga maqbul bo’lgan Apellisga salom aytinglar. Aristovul xonadoni ahliga salom aytinglar.
11Qarindoshim Hirodionga salom aytinglar. Narkis xonadoni ahlidan Rabbimizga qarashli bo’lganlarga salom aytinglar.
12Rabbimiz xizmatida zahmat chekkan Trifen bilan Trifosga salom aytinglar. Rabbimiz xizmatidan ko’p zahmat chekkan sevikli singlim Persisga salom aytinglar.
13Rabbimizning mumtoz xizmatkori bo’lgan Rufusga va meni o’z o’g’li kabi asragan onasiga salom aytinglar.
14Asinkrit, Flegon, Hermes, Patrovas, Hermas va ular bilan birga bo’lgan birodarlarga salom aytinglar.
15Filolog bilan Yuliyaga, Nirey va uning singlisiga, Olimpas hamda ular bilan bo’lgan butun azizlarga salom aytinglar.
16Muqaddas o’pich bilan salomlashinglar. Barcha Masih jamoatlari sizlarga salom yo’llayaptilar.
17Ey birodarlarim, sizlarni o’rgangan ta’limotingizdan aynitib, nifoq va g’ulg’ulaga sabab bo’ladigan kishilardan ehtiyot bo’lishingizni o’tinib so’rayman: ulardan o’zingizni chetga olinglar.
18Chunki bunday odamlar Rabbimiz Iso Masihga emas, balki o’z qorinlariga xizmat qiladilar. Sofdil odamlarning ko’nglini shirin so’zlar va tilyog’lamalik bilan ovlaydilar.
19Sizlarning mo’minligingiz hammaga ma’lum bo’lib qoldi. Men o’zim ham sizlardan xursandman-u, lekin sizlar yaxshilikda dono, yomonlikdan holi bo’lishingizni istayman.
20Tinchlik manbai bo’lgan Xudoning O’zi tez orada shaytonni oyoqlaringiz ostida ezib tashlaydi. Rabbimiz Iso Masihning inoyati sizlarga yor bo’lsin.
21Mening hamkorim Timo’tiy hamda qarindoshlarim Lutsiy, Yason va Sosipatr sizlarga salom yo’llayaptilar.
22Bu maktubni yozayotgan men — Tertiy ham sizlarga Rabbimdan salomatlik tilayman.
23Mening va butun imonlilar jamoatining mehmonnavozi bo’lgan Gay ham sizlarga salom aytyapti. Shaharning xazinadori Erast va birodarimiz Kvart sizlarga salom yo’llashyapti.
24Rabbimiz Iso Masihning inoyati hammalaringizga yor bo’lsin. Omin.
Tuesday, March 20, 2007
Rimliklarga maktub
Posted by Масиҳий муаллим at 15:07
Subscribe to:
Post Comments (Atom)
No comments:
Post a Comment