Butrusning ikkinchi maktubi
1-bob
1 Iso Masihning quli va havoriysi men, Simun Butrus, odil Xudoyimiz va Xaloskorimiz Iso Masih soyasida bizning qimmatli imonimizga teng bir imonga erishgan barchaga salom aytaman.
2 Xudoni va Rabbimiz Isoni tanib-bilganingiz sayin, sizlarga Xudo inoyati oshib, xotiringiz jam bo’lsin.
3 Rabbimiz Iso O’zining ulug’vorligi va kamoloti sharofati ila bizni da’vat etgan va bizga O’zini tanitgan. Yashash va Xudo yo’lida yurishimiz uchun kerak bo’lgan hamma narsani U bizga O’ziga xos ilohiy kuch-qudrat bilan ato etgan.
4 Bu dunyo yomon ehtiroslar natijasida buzilib bormoqda. Sizlar bundan qochib qutulinglar, deb Xudo bizga ko’p ulug’ va qimmatli va’dalarni bergan. Bular ro’yobga chiqib, sizlar ilohiy tabiatdan bahramand bo’lasizlar.
5 Bularni nazarda tutib, imoningizni but qilishga jon kuydiringlar. Shunday qilib, imoningiz ustiga fazl-kamolotga ega bo’linglar. Fazl-kamolotingiz ustiga ong-bilimga ega bo’linglar.
6 Ong-bilimingiz ustiga nafsni tiyishni o’rganinglar. Nafsni tiyish ustiga sabr-toqatli bo’linglar. Sabr-toqatingiz ustiga diyonatga ega bo’linglar.
7 Diyonatli bo’lish ustiga birodarlaringizni sevinglar. Birodarsevarlik ustiga tugal muhabbatga ega bo’linglar.
8 Agar bu xislatlar sizda mavjud bo’lsa hamda yana ortib borayotgan bo’lsa, unda siz Rabbimiz Iso Masihni tanib-bilish yo’lida na sust, na samarasiz bo’lasizlar.
9 Bu xislatlardan benasiblar esa kaltabin ko’rdir, ular avvalgi gunohlaridan tozalanganini unutganlar.
10 Shuning uchun, ey birodarlar, Xudo sizlarni tanlaganini va da’vat etganini bilib, bunga munosib bo’lmoq uchun yana astoydil harakat qilinglar. Bu yo’lni tutsangiz, hech vaqt qoqinmaysizlar.
11 Shunday qilib, Rabbimiz va Xaloskorimiz Iso Masihning abadiy Shohligiga kirish yo’li sizlarga keng ochiladi.
12 Sizlar bu narsalarni bilar ekansiz va tan olgan haqiqatda qattiq turar ekansiz, men har doim bularni eslatib turishni xohlayman.
13 Bu foniy makonimda bo’lgunimcha, bularni eslatish bilan sizlarni uyg’otib turishni lozim ko’raman.
14 Chunki bu makonimdan ayrilish vaqtim yaqinlashganini bilaman, Rabbimiz Iso Masih O’zi buni menga ma’lum qilgan.
15 Bu dunyoni tark etganimdan keyin ham sizlar doimo bularni xotirlashingiz uchun jon kuydirmoqdaman.
16 Biz Rabbimiz Iso Masihning kuch-qudrat bilan kelishi haqida sizlarga ma’lumot berganimizda, uydirma afsonalarni gapirib kelmadik. Uning salobatini o’z ko’zimiz bilan ko’rganmiz.
17 Masih Otasi Xudodan hurmat va shon-sharaf qabul qildi. Ulug’vorlik to’kib turadigan dargohi sharifdan Masihga bir sado kelib: “Bu Mening sevikli O’g’limdir, Undan mamnunman”, - dedi.
18 Biz aziz tog’da U bilan birga bo’ldik, osmondan kelgan bu sadoni o’zimiz ham eshitdik.
19 Shuning uchun qadimgi payg’ambarlarning so’zlari biz uchun yanada qat’iy bo’lib qoldi. Sizlar bu so’zlarga rioya etib, yaxshi ish qilasizlar. Tong yulduzi chiqib, kun yorigungacha, qorong’i joyda chiroq qanday nur sochsa, payg’ambarlarning so’zlari sizning yuragingizga Shunday nur sochib tursin.
20 Eng avval shuni bilinglarki, payg’ambar kitoblarida uchraydigan bashoratlarning birortasi ham birovning xususiy tafsiriga bog’liq emas.
21 Hech bir payg’ambar o’zining insoniy xohishi bilan bashorat qilgan emas. Bu aziz odamlar Muqaddas Ruh tomonidan harakatga keltirilib, Xudoning so’zlarini gapirib berganlar.
2-bob
1 Isroil xalqi orasida soxta payg’ambarlar bo’lgani kabi, sizlarning orangizda ham soxta ustozlar bo’ladi. O’zlarini qullikdan sotib olgan Egalarini ular inkor etib, orangizda juda zararli bid’atlarni tarqatadilar. Bu kishilar nogahon halokatga yo’liqib qoladilar.
2 Ko’p odamlar ularning fisq-fujur ishlariga mahliyo bo’ladi. Ular tufayli haqiqat yo’li haqoratga duchor bo’ladi.
3 Ular tamagir bo’lganidan, xushomad gaplar bilan sizlarning hisobingizdan davlat orttiradilar. Mana, ularning jazosi qadimdanoq tayyor turibdi, halokati esa kechikmayapti.
4 Chunki Xudo hatto gunoh qilgan farishtalarni ham ayamagan. Hukm kunigacha saqlansinlar deb, U ularni jahannamning zimiston g’orlariga qamab qo’ygan.
5 Xudo qadimgi dunyoni ham ayamadi. U xudosizlar dunyosi ustiga to’fon keltirib, faqat solihlik yo’lini xabarlab yurgan Nuh va boshqa ozgina kishini, ya’ni hammasi bo’lib sakkiz jonnigina saqladi.
6 Xudosizlar boshiga keladigan balolardan ibrat bo’lsin, deb Xudo Sado’m va G’amo’ra Shaharlarini ham halokatga mahkum etdi va kulga aylantirdi.
7 Bebosh odamlarning buzuq xatti-harakatidan azob chekkan solih Lutni esa Xudo qutqardi.
8 O’sha xalq orasida yashagan bu solih odam ularning haqsiz ishlarini ko’rar, eshitar va o’zining solih jonini kundan-kunga qiynar edi.
9 Bundan anglashiladiki, xudojo’ylarni vasvasadan qanday qutqarishni, jazoga mahkum betavfiqlarni esa qiyomat kunigacha qanday saqlashni Xudovand biladi.
10 Ayniqsa, shahvoniy xavaslarga berilib, o’z tanasini bulg’atuvchi, ilohiy hokimiyatni esa rad qiluvchi surbet va o’jar odamlarni jazolash yo’lini Xudovand biladi. Ular samoviy mavjudotlarni haqorat qilishdan ham qo’rqmaydilar.
11 Farishtalar odamlardan ancha kuchliroq va qudratliroq bo’lganiga qaramay, Xudovand huzurida bu mavjudotlarni qarg’ab hukm etmaydilar.
12 Ammo bu odamlar-chi, aqliga sig’dirolmaydigan hamma narsani yomonlaydilar, faqat tug’ma his-tuyg’ulari bilangina yashaydilar, xuddi ovlanib yo’q qilinish uchun tug’ilgan ongsiz hayvonlarga o’xshaydilar. Ular aynan hayvon singari yo’q bo’lib ketadi,
13 qilgan nohaqliklariga yarasha jazo oladilar. Bular kunduz kuni aysh-ishratni o’zlari uchun huzur-halovat deb hisoblaydilar. Ular nomingizga dog’u g’ubor tushiradilar. Sizlar bilan ziyofatga o’tirganlarida, o’zlarining ahloqiy buzuqligidan zavqlanadilar.
14 Ko’zlari zinoga to’ymaydi, tinimsiz gunoh qiladilar. Ular sabotsiz kishilarni ovlab, yo’ldan ozdiradilar. Ko’ngillari tamagirlikka o’rganib qolgan la’nati odamlardir.
15 Ular to’g’ri yo’lni tark etdilar, ular Ba’o’r o’g’li Bal’om yo’lidan borib, gumroh bo’ldilar. Bal’om harom yo’l bilan topgan pulini sevib qolgan edi.
16 Lekin uning gunohi fosh bo’lib qoldi. Tilsiz eshak tilga kirib, inson tili bilan bu payg’ambarning tentakligiga to’sqinlik qildi.
17 Bu odamlar esa suvsiz buloqlardir, bo’ron haydagan to’zon va bulutdirlar. Ular uchun tim qorong’i zulmat tayyorlab qo’yilgan.
18 Chunki xato yo’ldan zo’rg’a qochib qutulgan imonlilarni ular dabdabali, devonavor gaplar bilan avrab, nafslariga o’t tushirib, fisqu fujur havasi bilan qiziqtiradilar.
19 O’zlari buzg’unlikning quli bo’la turib, ularga erkinlik va’da beradilar. Ammo odam nimadan engilsa, uning quli bo’ladi.
20 Ular Rabbimiz va Xaloskorimiz Iso Masihni bilib olib, dunyoning qabohatlaridan qochib qutulgan edilar. Agar bunday keyin ular yana Shunday ishlarga aralashib, mag’lub bo’lsalar, unda so’nggi ahvollari avvalgi ahvollaridan battar bo’ladi.
21 Solihlik yo’lini bilgandan keyin, tan olgan muqaddas amrdan yuz o’girgandan ko’ra, bu yo’lni hech bilmagan ular uchun yaxshiroq bo’lar edi.
22 Mana bu ishonchli maqol ularga aynan to’g’ri keladi: “It o’zining qusganiga qaytar”, Shuningdek: “Yuvilgan to’ng’iz balchiqda ag’anagani qaytar”.
3-bob
1 Ey sevganlarim, endi sizlarga bu ikkinchi maktubni yozayapman. Bu mavzularni yodingizga solib, sizda pok fikr uyg’otishga harakat qilmoqdaman.
2 Muqaddas payg’ambarlarning ilgarigi vaqtlarda aytgan so’zlarini, Shuningdek, Rabbimiz va Xaloskorimiz Isoning O’z havoriylariga sizlar uchun topshirgan vasiyatini eslab turishingizni istayman.
3 Avvalo shuni bilinglarki, oxirgi kunlarda o’z nafsiga mahliyo bo’lib yuradigan hayosiz masxarabozlar paydo bo’ladi.
4 Ular: “Rabbingizning qaytishi to’g’risidagi va’da qani? Mana, ota-bobolarimiz o’tgandan buyon, hamma narsa avval boshda qanday yaratilgan bo’lsa, Shunday turibdi”, - deb masxara qiladilar.
5 Vaholanki, ular ataylab shuni esdan chiqaradilarki, azalda Xudoning kalomi orqali eru osmon bunyod bo’lgan. Er esa suvdan chiqib, suv bilan yaratilgan.
6 Yana suvdan – to’fon suvidan qadimgi dunyo mahv bo’lgan.
7 Hozirgi eru osmon esa o’sha ilohiy kalom orqali saqlanib turibdi, Xudo betavfiq odamlar uchun belgilagan hukm va halokat kunigacha yonish uchun tayyor turibdi.
8 Ey sevganlarim, shugina e’tiboringizdan qochmasinki, Xudovand nazarida bir kun ming yil va ming yil bir kun kabidir.
9 Ba’zilar o’ylaganday, Rabbimiz bergan va’dasini amalga oshirishga imillamayapti. Aksincha, U hech kimning halok bo’lishini istamay, hamma tavba qilsin, deb sabr-toqat bilan kutib turibdi.
10 Kechasi o’g’ri qanday kelsa, Rabbimizning mahshar kuni ham xuddi Shunday nogahon kelib qoladi. U kun osmon gumburlab tamom bo’ladi, moddiy unsurlar qizib, erib ketadi, er va unda qilingan har bir ish kulga aylanadi.
11 O’sha kunda hamma narsa yo’q bo’lib ketar ekan, sizlar qanday kishilar bo’lmog’ingiz kerak?
12 Xudoning kunida osmon yonib yo’q bo’lar, moddiy unsurlar esa qizib, erib ketar ekan, sizlar o’sha kunni muqaddas yurish-turish, diyonat bilan kutishingiz va shu yo’sinda uning kelishini tezlashtirishingiz kerak.
13 Chunki Xudoning ahd qilgani bo’yicha, biz adolat hukm suradigan yangi er va yangi osmonni kutayapmiz.
14 Buning uchun, ey sevganlarim, modomiki bularni kutyapsiz ekan, Xudo oldida tinch-totuvlik bilan yashab, beg’ubor va benuqson bo’lishga jon kuydiringlar.
15 Sevikli birodarimiz Pavlus ham o’ziga berilgan donolik bilan sizlarga qanday yozgan bo’lsa, xuddi shu kabi Rabbimizning sabr-toqatini qutulish fursati deb hisoblanglar.
16 Pavlus hamma maktublarida bu mavzular haqida gapiradi-ku. Ularda tushunish qiyin bo’lgan ba’zi mavzular borki, johil va sabotsiz kishilar boshqa muqaddas yozuvlarni buzganlaridek, ularni ham buzib talqin qiladilar. Bu esa ularni halokatga yo’liqtiradi.
17 Ey sevganlarim, bularni oldindan bilar ekansiz, ehtiyot bo’linglar, yana boshboshdoq odamlarning g’avg’osi bilan yo’ldan ozmanglar, topgan qaroringizdan aynimanglar.
18 Rabbimiz va Xaloskorimiz Iso Masihning inoyatiga tayanib, Uni tanib-bilib borgan sayin rivoj topinglar. Hozirdan to mangu kungacha Unga shon-shuhrat bo’lsin! Omin.
Tuesday, March 20, 2007
Butrusning ikkinchi maktubi
Posted by Масиҳий муаллим at 15:10
Subscribe to:
Post Comments (Atom)
No comments:
Post a Comment