Galatiyaliklarga maktub
1-bob
1 Insonlar tomonidan emas, inson orqali ham emas, balki Iso Masih va Uni tiriltirgan Otamiz Xudo tomonidan havoriy qilib tayinlangan men – Pavlus,
2 Shuningdek, men bilan birga bo’lgan hamma birodarlar Galatiya o’lkasidagi Masih jamoatlariga salom yo’llaymiz.
3 Otamiz Xudodan va Rabbimiz Iso Masihdan sizlarga inoyat ila tinchlik bo’lsin.
4 Iso Masih bizni hozirgi yovuz asrdan qutqarmoqchi bo’lib, gunohlarimiz uchun O’zini fido qildi, shu yo’sin Otamiz Xudoning irodasini ado etdi.
5 Unga abadulabad shon-sharaflar bo’lsin! Omin.
6 Hayronman, sizlar qanchalik tez Masihning inoyatli da’vatidan yuz o’girib, boshqa bir “Injil”ga sajda qildingizlar!
7 Aslida boshqa Injil yo’q. Faqat ba’zilar sizlarni chalg’itib, Masih Xushxabarini buzib ko’rsatishni xohlaydilar.
8 Bordiyu biz yoki hatto osmondan biror farishta kelib, o’zimiz sizlarga o’rgatgan Injildan boshqa bir “xushxabar” keltirsa, la’nati bo’lsin.
9 Biz oldin ham aytgan edik, hozir yana aytyapman: agar kimki sizlar qabul qilgan Injilga zid bo’lgan xabarni targ’ib etsa, la’nati bo’lsin!
10 Endi men insonlardan maqtov izlayapmanmi, yoki Xudodanmi? Nahotki insonlarga yoqmoqchi bo’lsam? Agar men hali ham insonlarga yoqmoqchi bo’lganimda edi, Masihning quli bo’lolmas edim!
11 Ey birodarlar, sizlarga e’lon qilmoqdaman: men targ’ib etayotgan Injil inson ijodi emas.
12 Chunki men uni insondan qabul qilmaganman va hech kimdan ta’lim olmaganman; balki Iso Masihdan vahiy olganman.
13 Mening yahudiy dinida kechgan ilgarigi hayotim haqida eshitgansizlar; Xudoning ummatiga haddan tashqari jabr-zulm qilib, uni vayron qilar edim.
14 Qavmimdan bo’lgan ko’p tengdoshlarimga qaraganda, yahudiylikda xiyla muvaffaqiyat qozongan edim, ota-bobolarim urf-odatlariga o’ta jonkuyar edim.
15 Ammo Xudo muruvvat qilib, onam qornidayoq meni tanlagan, O’z inoyati bilan meni da’vat etgan edi.
16 Men dunyo xalqlari orasida Xudo O’g’lining Xushxabarini targ’ib qilishim uchun, Xudo O’z vaqtida O’g’lini menga zohir qildi. Shunda men darhol odamzod bilan maslahatlashmadim,
17 o’zimdan ilg’or havoriylarni ko’rgani Quddusga bormadim. Balki Arabistonga ketib, keyin yana Damashqqa qaytdim.
18 So’ngra uch yildan keyin, Butrus bilan tanishmoq uchun Quddusga bordim va uning yonida o’n besh kun bo’ldim.
19 Lekin Rabbimiz Isoning ukasi Yoqubdan boshqa havoriylarning hech birini ko’rmadim.
20 Men sizlarga nima yozayotgan bo’lsam, Xudo shohid, yolg’on emas.
21 Undan so’ng Suriya va Kilikiya mamlakatlariga bordim.
22 Yahudiya o’lkasidagi Masih jamoatlari esa meni shaxsan tanimas edilar.
23 Ular faqat: u bir vaqtlar bizlarga jabr-zulm qilib yurgan kishi edi, endi ilgari ildizi bilan quritmoqchi bo’lgan imonni o’zi targ’ib qilmoqda, degan gaplarni eshitar,
24 men uchun Xudoni ulug’lar edilar.
2-bob
1 Keyinroq, o’n to’rt yil o’tgandan so’ng, Barnabo bilan birga yana Quddusga bordim, Titusni ham yonimga oldim.
2 U erga vahiy orqali bordim. Men ko’rsatgan jahdu jadalim puchga chiqmasin, deb qo’rqib, ularning alohida e’tiborli odamlari bilan ko’rishdim, majusiylar orasida o’zim targ’ib qilayotgan Xushxabarning mohiyatini ularga bayon etdim.
3 Ular esa hatto hamrohim Titusni, yunon bo’lishiga qaramay, xatna bo’lishga majbur etishmadi.
4 Faqat ba’zi soxta birodarlar lip etib oramizga suqilib kirishgan edi. Ular bizga Iso Masih ato etgan ozodlikni ko’rolmay, bizni yana qul qilmoqchi edilar.
5 Biz esa Xushxabarning haqiqati sizlar bilan abadiy bo’lsin deb, bir dam ham ularga yon bermadik.
6 Kimlar tomonidandir e’tiborli hisoblangan odamlarga kelganda (ular bir vaqtlar qanday bo’lgan bo’lsalar, menga bari bir, Xudo insonga yuz-xotir qilmaydi), shuni aytay, o’sha e’tiqodlilar mening zimmamga boshqa hech narsa yuklamadilar.
7 Aksincha, ular Xushxabar Butrusga ahli sunnat uchun berilganini bilib, men endi shu maqsadda sunnatsizlar oldiga yuborilganimni tan oldilar.
8 Axir, Xudo ahli sunnatga havoriylik qilayotgan Butrusda ham, majusiylarga havoriylik qilayotgan menda ham amal qilib kelmoqda.
9 Shunday qilib, imonlilar jamoatining ustunlari hisoblangan Yoqub, Kifa va Yuhanno Xudo menga bu ish uchun alohida inoyat berganiga ishonch hosil qildilar. Ular biz majusiylarning oldiga ketaylik, qolganlar esa ahli sunnatning oldiga ketsin, deb kelishdilar va men bilan Barnaboga birdamlik qo’lini berdilar.
10 Ular faqat biz kambag’allarni esdan chiqarmasligimizni iltimos qildilar, buni shaxsan men bajo keltirishga jon kuydirdim.
11 Butrus Antioxiya shahriga kelganda, uning xatoligini yuziga aytib fosh qildim.
12 Chunki Quddusdan, Yoqubning yonidan ba’zi odamlar kelishidan avval Butrus majusiylar bilan birga eb-ichib yurgan edi. Ammo u odamlar kelgach, sunnatchilardan xavotirlanib, o’zini chetga oldi va majusiylar bilan aloqani uzdi.
13 Shunda boshqa yahudiylar ham Butrusga o’xshab riyokorlik qilishdi, hatto Barnabo ham ular riyokorligining qurboni bo’ldi.
14 Men esa ular Injil haqiqati bo’yicha harakat qilishmayotganini ko’rib, hammaga eshittirib Butrusga: “Agar sen yahudiy bo’la turib, yahudiylar kabi emas, majusiylar kabi yashayotgan bo’lsang, qanday qilib majusiylarni yahudiylashmoqqa majbur etyapsan?” – dedim.
15 To’g’ri, bizlar asli yahudiymiz, majusiylar singari gunohkor emasmiz.
16 Lekin shuni bilamizki, Xudo Ilohiy Qonunga amal qilgan kishini emas, Iso Masihga ishongan kishini oqlaydi. Shuning uchun bizlar ham Ilohiy Qonunga amal qilish bilan emas, Masihga ishonish bilangina oqlanamiz, deb Iso Masihga qattiq ishonganmiz. Hech kim Ilohiy Qonunga amal qilib, Xudo oldida o’zini oqlayolmaydi.
17 Bundan ko’rinadiki, Masih orqali oqlanishni izlagan o’zimiz ham hamma qatori gunohkor bo’lib chiqdik. U holda, Masih gunoh yo’lining homiysi ekan-da? – Aslo!
18 Agar men o’zim qulatgan qonun-qoidalar binosini qaytadan qurishga kirishsam, unda men o’zimning qonunbuzar ekanimni ko’rsatgan bo’laman.
19 Biroq endi men Xudo uchun yashay deb, Qonun oldida o’lganman, ha, Qonun o’zi meni o’ldirdi. Men Masih bilan birga xochga mixlab qo’yilganman.
20 Endi yashayotgan men emas, balki Masih mening ichimda yashayapti. Endi tanada yashayotganimga kelsak, meni sevgan va men uchun O’zini fido qilgan Xudoning O’g’liga bo’lgan imon bilan yashayapman.
21 Men Xudoning inoyatini inkor qilmayman. Agar Ilohiy Qonunga amal qilish bilan oqlanish mumkin bo’lganda edi, u holda Masih behuda o’lgan bo’lardi.
3-bob
1 Ey befahm galatiyaliklar! Haqiqatga bo’ysunmaslik uchun sizlarni kim sehrlab qo’ydi? Sizlarning ko’z o’ngingizda Iso Masihning xochga mixlab qo’yilgani aniq tasvir etilmaganmidi?
2 Sizlardan bir narsanigina bilmoqchiman: sizlar Muqaddas Ruhni qanday qabul qildingizlar, Tavrot Qonuniga amal qilish bilanmi yoki imon to’g’risidagi xabarni eshitish bilanmi?
3 Sizlar shunchalik fahmsizmisizlar? Muqaddas Ruh kuchi bilan boshlab, endi o’zingizning bashariy kuchingiz bilan bitirmoqchimisizlar?
4 Bekorga shuncha sinovlardan o’tdingizlarmi? Haqiqatan ham bekorga edimi?
5 Xudo sizlarga O’z Ruhini baxsh etib, orangizda ajoyib mo’’jizalar yaratmoqda. U buni Qonunga amal qilganingiz uchun qilyaptimi yoki eshitganlaringizga imon keltirganingiz uchunmi?
6 Ibrohim payg’ambardan ibrat olaylik: U Xudoga ishondi va Shuning uchun oqlandi.
7 Shundan bilinglarki, kim imonga ega bo’lsa, u Ibrohimning o’g’li sanaladi.
8 Xudo Ibrohimga: “Butun xalqlar sendan baraka topajaklar” deb, unga dastavval Xushxabar keltirgan edi. Tavrotning ana shu oyati aniq ko’rsatadiki, Xudo insonni millatiga qaramay, imoni tufayli oqlaydi.
9 Imon sohibi Ibrohim payg’ambarga Shunday ergashgan hamma ahli imon xuddi Ibrohimday Xudo rahmatiga erishadi.
10 Ilohiy Qonunga amal qildim, deb o’zini oqlamoqchi bo’lgan barcha kishilar la’nat ostidadirlar. Chunki Tavrotda Shunday yozilgan: “Qonun kitobining har bir moddasiga qattiq rioya qilmaydigan barcha la’nati bo’ladi”.
11 Shunday ekan, Ilohiy Qonunga amal qilish bilan hech kim Xudo oldida o’zini oqlayolmasligi aniqdir. Tavrotda yozilganidek: “Imoni bilan oqlangan kishi yashayveradi”.
12 Qonunga amal qilish esa imonga bog’liq emas, aksincha, Tavrotda: “Bu buyruqlarni bajo keltirgan kishi shu bilan yashayveradi”, deb yozilgan.
13 Masih esa biz uchun la’natlanib, bizni Qonun la’natidan xalos qildi, xuddi Tavrotda yozilganidek: “Yog’ochga osilgan har bir kishi la’natidir”.
14 Shu yo’sin Xudo Ibrohimga va’da qilgan qut-barakalar Iso Masih orqali majusiylarga ham nasib etdi, biz imonimiz tufayli Xudo va’da bergan Muqaddas Ruhni qabul qildik.
15 Birodarlar! Odamlar hayotidan bir misol keltiray: odam qilgan vasiyatni hech kim bekor qilolmaydi va unga qo’sholmaydi.
16 Xudoning Ibrohim va uning zotiga bergan ulug’ va’dalari bundan kam emas. Xudo Ibrohimga: “Sening zotlaringga beraman” deb, ko’pchilik haqida gapirmadi, aksincha: “Sening zotingga beraman” deb, bitta kishini, ya’ni Masihni ko’zda tutdi.
17 Shuni aytmoqchimanki, Ilohiy Qonun Ibrohimdan to’rt yuz o’ttiz yil keyin paydo bo’lgan bo’lsa-da, Xudoning Ibrohim bilan oldinroq tasdiqlagan ahdini o’rtadan ko’tarmadi, Xudoning Masih haqida bergan va’dasini bekor qilmadi.
18 Agar meros Qonunga amal qilish sharti bilan berilganda edi, vaeda bekorga chiqqan bo’lur edi. Ammo Xudo merosni Ibrohimga va’da bo’yicha ato qildi.
19 U holda Ilohiy Qonun nima uchun berilgan? Ilohiy Qonun gunohkorligimizni ochiq ko’rsatish uchun, ilohiy va’daga qo’shimcha qilib berilgan. Va’dani olgan Ibrohim Zoti kelmaguncha, bu Qonun joriy bo’lishi kerak edi. Ilohiy Qonun farishtalar orqali berilgan, vositachi esa uni xalqqa e’lon qilgan.
20 Vaholanki, bitta odam ish qilganda, vositachi kerak bo’lmaydi. Xudo esa bittadir.
21 Demak, Ilohiy Qonun Xudoning va’dalariga zidmi? – Aslo! Agar abadiy hayot ato qilishga qodir bir Qonun berilgan bo’lsa edi, unda shubhasiz Qonunga amal qilish bilan oqlansa bo’lar edi.
22 Ammo Muqaddas Kitob butun borliqni gunohning hokimiyati ostida deb e’lon qilgan. Demak, ilohiy va’da faqat Iso Masihga ishonish orqali ro’yobga chiqadi va barcha imonlilarga nasib etadi.
23 Bo’lg’usi imon paydo bo’lishidan avval, biz bu imonning vahiy qilinishini kutib turgan tutqunlarday edik, Ilohiy Qonun nazorati ostida qamab qo’yilgan edik.
24 Boshqacha aytganda, biz imon bilan oqlanishni kutar ekanmiz, Qonun Masihga boshlovchi murabbiyimiz bo’lgan.
25 Lekin imon paydo bo’lganidan so’ng, biz endi Qonunning tarbiyasida emasmiz.
26 Shunday qilib, sizlar, Iso Masihga ishongan hamma, Xudoning o’g’illarisizlar.
27 Sizlar Masihni tan olib, suvda imon keltirdingizlar va har biringiz Masihni kiyib oldingizlar.
28 Endi na yahudiy bor, na yunoniy, na qul bor, na ozod, na erkak bor, na ayol. Siz Iso Masih ummati bo’lganingiz uchun, hammangiz birsizlar.
29 Agar Masihniki bo’lsangizlar, u holda Ibrohimning ham zurriyotisizlar, Shuningdek, Xudo Ibrohimga va’da qilgan merosdan bahramandsizlar.
4-bob
1 Yana shuni aytayin: merosxo’r hali yosh bola ekan, garchi u hamma narsaning xo’jayini bo’lsa ham, quldan hech farq qilmaydi.
2 U otasi belgilagan fursatgacha vasiy va uy-ro’zg’or boshqaruvchi xizmatkorga bo’ysunadi.
3 Bizlar ham xuddi bunga o’xshab, bolalik chog’imizda dunyoning xurofiy kuchlariga qul edik.
4 Lekin zamona oxirlab qolganda, Xudo O’z O’g’lini yubordi. U xotindan tug’ilib, Qonunga bo’ysunib yurdi,
5 toki bizni Qonunga qul bo’lishdan qutqarsin va o’g’illikka qabul qilsin.
6 Endi sizlar Xudoga o’g’il bo’lgandan keyin, Xudo O’z O’g’li Isoning Ruhini yuraklaringizga yubordi. Bu Ruhdan ruhlanib, biz Xudoni aziz Ota deb chaqiramiz.
7 Demak, sen boshqa qul emassan, balki o’g’ilsan. O’g’il bo’lganing uchun, Xudo Iso Masih sharofati bilan seni voris deb ham qabul qilgan.
8 O’tmishda sizlar Xudoni bilmay, aslan xudo bo’lmagan kuchlarga qul bo’lgansizlar.
9 Endi esa Xudoni tanib-bilib oldingizlar, yana to’g’risi, Xudo tarafidan tanib-bilindingizlar. Shunday ekan, qanday qilib yana o’sha kuchsiz va qadrsiz xurofotlarga qaytyapsizlar? Yangitdan qullikka berilmoqchimisizlar?
10 Sizlar alohida kun, oy, fasl va yillarni mushohada qilyapsizlar.
11 Nahotki sizlar uchun shuncha behuda zahmat chekkan bo’lsam, deb xavotirlanyapman.
12 Ey birodarlar, sizlardan iltimos qilaman, menday bo’linglar, chunki men ham sizlarday bo’lgan edim. Sizlar menga hech ham ozor bermas edingizlar.
13 Esingizdan chiqmasin, men sizlarga Xushxabarni birinchi marta bildirganimda, jisman ojiz edim.
14 Ojizligim sizlar uchun bir sinov bo’lgani holda, mendan jirkanmay, siltab yubormadingizlar, balki meni Xudoning farishtasiday, Iso Masih kabi qabul qildingizlar.
15 Qani endi sizning o’sha paytdagi baxtiyorligingiz? O’zim sizlarga shohidman: agar bu mumkin bo’lsa edi, o’sha paytda siz o’z ko’zlaringizni sug’urib olib, menga berishga tayyor edingizlar!
16 Endi men sizlarga haqiqatni aytib, dushmaningiz bo’ldimmi?
17 Sizlarni qo’lga olish uchun harakat qilayotganlarning niyati yaxshi emas. Ular sizlarni qoyil qoldirib, bizdan ajratib olmoqchilar.
18 Niyat xolis bo’lsa, qoyil ish yaxshidir. Faqat bu men sizlarning yoningizda hozir bo’lganimdagina emas, balki doimo Shunday bo’lmog’i lozim.
19 Bolalarim, Masih sizlarda gavdalanmaguncha, men sizlarni yangitdan tug’ayotganday, to’lg’oq azobidaman.
20 Men hozir yoningizda bo’lib, gapimning ohangini o’zgartirmoqchi edim, chunki sizlarni nima qilarimni bilmay, esankirayapman.
21 Ey sizlar, Qonun bandalari bo’lishni istaganlar, menga aytinglar-chi, nahot siz Qonunga quloq solmaysizlar?
22 Mana Qonunda: Ibrohim ikki o’g’illi bo’lgan, biri cho’ridan, boshqasi ozod, o’z xotinidan edi, deb yozilgan.
23 Cho’risiniki tabiat qoidalariga binoan, ozod xotinniki esa ilohiy va’daga binoan tug’ilgan edi.
24 Bunda ramziy ma’no bor. Ikki ona ikki ahdni bildiradi: birinchisi, qullar tug’adigan Hojar bibi – Xudo Sinay tog’ida qilgan ahdning ramzidir.
25 Hojar so’zi Arabistondagi Sinay tog’ini bildirsa-da, hozirgi Quddusning ramzidir; chunki Quddus va uning bolalari hozir qul bo’lib xizmat qilmoqdalar.
26 Biroq ko’kdagi Quddus esa ozoddir: u bizlarning hammamizga ona.
27 Mana, Tavrotda bunday yozilgan: “Ey tug’maydigan, naslsiz ayol, shod bo’lgil! Quvonchlarga to’lib xitob qilgil, ey to’lg’oq azobin chekmagan! Zero nikohli ayolning o’g’illaridan ko’ra, tashlab ketilganning o’g’illari ko’p bo’ldi”.
28 Biz esa, birodarlar, Ishoqqa o’xshab, ilohiy va’da bo’yicha tug’ilgan o’g’illarmiz.
29 O’sha vaqtda tabiiy yo’l bilan tug’ilgan Ismoil ilohiy va’da bo’yicha tug’ilgan Ishoqqa zulm etdi. Hozir ham xuddi Shunday.
30 Ammo Tavrotda nima deyiladi? – “Cho’rini va uning o’g’lini haydab yuborgin. Chunki cho’rining o’g’li ozod xotinning o’g’li bilan baravar voris bo’lolmaydi”.
31 Shunday qilib, ey birodarlar, biz cho’rining emas, balki ozod xotinning farzandimiz.
5-bob
1 Shunday qilib, Masih bizga bergan erkinlikni mahkam tutinglar, qaytadan qullik bo’yinturug’ini taqmanglar.
2 Buni men, Pavlus, sizlarga gapiryapman: agar sizlar sunnat qiladigan bo’lsangizlar, Masih sizlarga foyda qilmaydi.
3 Xatna bo’ladigan har bir odamga yana ta’kidlab aytaman: u butun Ilohiy Qonunni bajarishga majburdir.
4 Sizlar: Qonunga amal qilib o’zimizni oqlaymiz, deb Masihdan ajralgansizlar va Xudo inoyatidan mahrum bo’lgansizlar.
5 Bizlar esa Ilohiy Ruhdan umidvor bo’lib, imonimiz asosida oqlanishimizni kutamiz.
6 Iso Masih yo’lida na sunnat, na sunnatsizlik biron ishga yaramaydi, faqat muhabbat bilan amal qiluvchi imon yaraydi.
7 Sizlar yaxshigina qadam otayotgan edingizlar. Shunday ekan, haqiqatga itoat qilishingizga kim halaqit berdi?
8 Sizning bu inonuvchanligingiz sizni Da’vat qiluvchidan bo’lmadi!
9 Ozgina xamirturush butun xamirni achitadi!
10 Rabbim haqi ishonchim komilki, sizlar bu xususda boshqacha fikr qilmaysizlar. Fikringizni chalg’ituvchi kim bo’lmasin, shunga yarasha jazosini oladi.
11 Birodarlar, men hali ham sunnatni targ’ib etayotgan bo’lsam, nima uchun hanuz ta’qiblarga duchor bo’lmoqdaman? Unday bo’sa, xoch vasvasasi yo’qqa chiqar edi-ku!
12 Qaniydi sizlarni bu gap bilan iztirobga soluvchilar o’zlarini bichishsa!
13 Ey birodarlar, sizlar erkinlikka chorlangansizlar. Faqat bu erkinlikni nafsingiz uchun qurbon qilmanglar, balki bir-biringizga muhabbat bilan xizmat qilinglar.
14 Chunki Ilohiy Qonunning hammasi bir so’zda jamlanadi, ya’ni: “O’zgani o’zing kabi sevgin”.
15 Ammo sizlar bir-biringiz bilan tishlashib, g’ajishsangizlar, ehtiyot bo’linglar, tag’in bir-birinizni eb bitirmanglar!
16 Men shuni aytmoqchiman: Ilohiy Ruh amri bilan yashanglar, shunda tabiatingizdagi yomon ehtiroslar junbishga kelmaydi.
17 Chunki inson tabiati Ilohiy Ruhga, Ilohiy Ruh esa inson tabiatiga qarshi yo’naltirilgan. Bu ikkovi bir-biriga dushman bo’lgani uchun, sizlar istamaganingizni qilasizlar.
18 Agar siz Ruh amri ostida yashayotgan bo’lsangiz, unda Qonun amri ostida emassizlar.
19 Bashariy tabiatning ishlari ma’lum, chunonchi: fahshbozlik, harom-harichlik, fisq-fujur,
20 butparastlik, jodugarlik, dushmanlik, janjalkashlik, rashk-g’azab, manmanlik, ixtilofchilik, bid’atchilik,
21 hasad, qotillik, ichkilikbozlik, aysh-ishrat va shularga o’xshagan ishlar. Sizlarni oldin ogohlantirgan edim, yana ogohlantiryapman: bu kabi ishlarni qiluvchilar Xudo Shohligidan bebahra bo’ladilar.
22 Ilohiy Ruhning samarasi esa – muhabbat, sevinch, xotirjamlik, sabr-toqat, lutfkorlik, xayrixohlik, sadoqat,
23 muloyimlik va ibodir. Bu xislatlarga qarshi biror qonun yo’q.
24 Iso Masihga tegishli bo’lganlar esa o’z tabiatini, hirsu ehtiroslari bilan birga, xochga mixlab qo’yganlar.
25 Agar biz Ruh amri ostida bo’lsak, Ruh amri bilan umr kechirishimiz lozim.
26 Shuhratparast bo’lmaylik, bir-birimizda rashk qo’zg’amaylik, baxillik qilmaylik.
6-bob
1 Ey, Ruh amri bilan yashayotgan birodarlarim, agar biron odam gunoh qilib qo’ysa, uni muloyim ruh bilan tuzatinglar. Unga o’xshab vasvasaga yo’liqmasligingiz uchun o’zingizga ehtiyot bo’ling.
2 Bir-biringizning og’irliklaringizga yordamlashinglar, Shunday qilib Masihning Qonunini bajargan bo’lasizlar.
3 Agar biror kishi, garchi hech narsa bo’lmasa ham, o’zini muhim kishi hisoblasa, u o’z-o’zini aldagan bo’ladi.
4 Har kim o’z ishini muhokama qilsin, shunda boshqaning ishiga qarab emas, o’z ishiga qarab tahsin oladi.
5 Zotan har kim o’z aravasini o’zi tortishi lozim.
6 Ilohiy Kalomdan ta’lim oluvchi ta’lim beruvchi bilan har qanday ezgulikni baham ko’rsin.
7 Adashmanglar, Xudo haqoratlanmaydi. Inson nima eksa, shuni o’radi.
8 O’z nafsi dalasiga urug’ eksa, nafsdan zavol o’rib oladi. Ruh dalasiga urug’ eksa, Ruhdan abadiy hayot o’rib oladi.
9 Shunday ekan, yaxshilik qilishdan bezmaylik. Agar bo’shashmasak, o’z vaqtida buning hosilini o’rib olamiz.
10 Fursatimiz bor ekan, hammaga, ayniqsa, o’zimizning ahli mo’minga yaxshilik qilaveraylik.
11 Mening qo’limga qaranglar, sizlarga qanday katta harflar bilan yozdim!
12 Sizlarni sunnat bo’lishga qistayotgan o’sha kishilar faqat sirtdan yaxshi taassurot qoldirmoqchilar, Masihning xochi uchun ta’qibga duchor bo’lmaslik uchun Shunday harakat qilyaptilar.
13 Holbuki, ahli sunnatning o’zlari ham Ilohiy Qonunga rioya etmaydilar. Ular faqat sizlarning tanalaringiz bilan maqtanmoq uchun xatna bo’lishingizni istaydilar.
14 Men esa, aslo birgina Rabbimiz Iso Masihning xochidan boshqa hech narsa bilan maqtanmayman. Uning xochi tufayli bu dunyo men uchun o’lgan, men esa bu dunyo uchun o’lganman.
15 Iso Masih yo’lida sunnatning ham, sunnatsizlikning ham hech ahamiyati yo’q. Ahamiyatlisi – yangidan yaratilishdir.
16 Bu qoidaga ko’ra yashayotganlarning hammasiga va Xudoning Isroiliga tinchlik va rahmat bo’lsin!
17 Bundan keyin hech kim menga og’irligini solmasin. Chunki men Rabbim Isoning jarohatlarini o’z tanamda olib yuribman.
18 Ey birodarlar, Rabbimiz Iso Masihning inoyati ruhingizga yor bo’lsin. Omin.
Tuesday, March 20, 2007
Galatiyaliklarga maktub
Posted by Масиҳий муаллим at 15:01
Subscribe to:
Post Comments (Atom)
No comments:
Post a Comment