Tuesday, March 20, 2007

Yuhannoning birinchi maktubi

Yuhannoning birinchi maktubi

1-bob
1 Azaldan bor bo’lgan Hayot Kalomi borasida biz eshitib tamosho qilgan, ko’zlarimiz ko’rgan, qo’llarimiz sezganini sizlarga ma’lum qilmoqdamiz.
2 Hayot zohir bo’ldi, Otaning huzuridagi abadiy Hayot bizga zohir bo’ldi. Biz Uni ko’rdik va shohid bo’lib sizlarga bildirmoqdamiz.
3 Sizlar biz bilan munosabatda bo’linglar, deb mana shu ko’rib eshitganlarimizdan sizlarni xabardor qilmoqdamiz. Biz esa Ota bilan va Uning O’g’li Iso Masih bilan munosabatdamiz.
4 Bularni sizlarning shodligingiz tugal bo’lishi uchun yozyapmiz.
5 Masihdan eshitib, sizlarga bildirayotgan xabarimiz shuki, Xudo – nur, Unda hech qanday qorong’ilik yo’q.
6 Agar U bilan aloqa qilamiz, deb qorong’ilikda yursak, yolg’on gapirib, haqiqatga xilof ish qilgan bo’lamiz.
7 Biroq Uning O’zi nurda bo’lgani kabi, biz ham nurda yursak, bir-birimiz bilan aloqa qilamiz va Uning O’g’li Isoning qoni bizni har qanday gunohdan pok qiladi.
8 Agar gunohimiz yo’q desak, o’z-o’zimizni aldagan bo’lamiz va ko’nglimizda haqiqat bo’lmaydi.
9 Agar gunohlarimizni e’tirof etsak, Xudo gunohlarimizdan o’tadi va bizni har turli nohaqlikdan forig’ qiladi. Chunki U O’z so’zida sodiq va adolatlidir.
10 Agar gunoh qilganimiz yo’q desak, Xudoni yolg’onchi qilib qo’ygan bo’lamiz va qalbimizdan Uning kalomi joy olmaydi.

2-bob
1 Ey farzandlarim, bularni Shuning uchun yozyapmanki, sizlar gunoh qilmanglar. Bordiyu birortamiz gunoh qilib qo’ysak, Otaning oldida odil homiymiz – Iso Masih bor.
2 Uning O’zi yolg’iz bizning gunohlarimiznigina emas, balki butun dunyoning gunohlarini yuvish uchun qurbon bo’ldi.
3 Agar biz Uning amrlariga rioya qilsak, Uni bilib olganimizga amin bo’lamiz.
4 Uni bilaman deb turib, Uning amrlariga rioya qilmagan kishi yolg’onchi bo’ladi, unda haqiqat yo’q.
5 Kimki Masihning kalomiga rioya qilsa, u kishida Xudoning sevgisi haqiqatan kamolga etgan bo’ladi. Biz Xudo bilan bir tan ekanimizni ana shundan bilib olamiz.
6 Xudo bilan bir tanman, degan kishi Masih yurganday yurmog’i shart.
7 Ey mahbublarim, sizlarga yangi amrni emas, balki o’zingiz dastlab qabul qilgan qadimgi amrni yozyapman. Qadimgi amr – sizlar eshitgan Xudo kalomi.
8 Shu bilan birga, yangi amrni yozyapman desam ham bo’ladi, zero qorong’ilik o’tib, haqiqiy nur hozirdan porlamoqda. Bu haqiqat Masihda ham, sizlarda ham ochiq ko’rinmoqda.
9 Kimki nurda yuribman desa-yu, lekin birodaridan nafratlansa, u hali ham qorong’ilikdadir.
10 Kimki birodarini sevsa, u nur ichida yashaydi va qoqinishga yo’l bo’lmaydi.
11 Ammo birodaridan nafratlangan kishi qorong’ilikda bo’ladi. U qorong’ilikda yuradi-yu, qaerga borayotganini bilmaydi; chunki qorong’ilikda uning ko’zlari ko’r bo’lgan.
12 Ey farzandlarim, sizlarga yozyapman: Masih nomi tufayli gunohlaringiz kechirilgan.
13 Ey otalar, sizlarga yozyapman: azaldan bor Bo’lganni bildingizlar. Ey yigitlar, sizlarga yozyapman: yovuz shayton ustidan g’olib chiqdingiz. Ey bolalar, sizlarga yozyapman: sizlar Otamiz Xudoni tanib oldingiz.
14 Otalar, sizlarga yozdim: siz azaldan bor Bo’lganni tanib oldingiz. Yigitlar, sizlarga yozdim: sizlar baquvvatsizlar, Xudo kalomini dilingizda saqlayotirsiz, yovuz shayton ustidan g’olib chiqdingizlar.
15 Dunyoga va undagi narsalarga muhabbat qo’ymanglar. Kim dunyoga muhabbat qo’ysa, uning qalbidan Otaning muhabbati joy olmaydi.
16 Chunki dunyoga xos har bir narsa – tana nafsi, hirsli ko’zlar, maishatga oid kibr-havo Otadan emas, balki dunyodandir.
17 Dunyo ham, uning nafsi ham o’tib ketadi. Lekin Xudoning irodasini bajo keltirgan abadiy yashaydi.
18 Ey farzandlarim, dunyoning so’nggi damlari keldi! Dajjol kelishini eshitgansizlar, hozirdanoq ko’p dajjollar paydo bo’ldi. Ana shundan biz so’nggi damlarni yashayotganimizni bilamiz.
19 Ular o’zimizning oramizdan chiqdilar, lekin ular bizga qarashli emas. Agar bizga qarashli bo’lganlarida edi, biz bilan qolgan bo’lar edilar. Ular bizdan ayrilib ketdilar, ma’lum bo’ldiki, hammasi ham bizga qarashli emas.
20 Sizlar hammasini bilasizlar, chunki siz tabarruk Masihning Ruhiga egasizlar.
21 Men buni, haqiqatni bilmaydilar, deb yozayotganim yo’q. Aksincha, sizlar haqiqatni bilasizlar, har qanday yolg’on haqiqatdan paydo bo’lmasligini bilasizlar.
22 Agar Isoning Masihligini inkor etuvchi yolg’onchi bo’lmasa, unda yolg’onchi kim? Ota va O’g’ilni kim inkor etsa, dajjol o’shadir.
23 Kimda-kim O’g’ilni inkor etsa, unda Ota yo’q. Kimda-kim O’g’ilni tan olsa, unda Ota ham bor.
24 Sizlar azaldan eshitgan kalom dilingizda saqlansa, sizlar ham O’g’il, ham Ota bilan bir tan bo’lasizlar.
25 Masihning bizlarga bergan va’dasi ana shu, ya’ni abadiy hayotdir.
26 Bularni sizlarni yanglishtiradiganlar borligi uchun yozdim.
27 Holbuki, sizlar Masihning Ruhini qabul qilgansizlar. Uning Ruhi ichingizda yashayotgani uchun, sizlarga hech kimning biror narsa o’rgatishiga ehtiyoj yo’q. Masihning Ruhi haqiqiy, soxta emas. U sizlarga hamma narsani o’rgatadi. Masih sizlarga o’rgatganidek, U bilan aloqada bo’lib yashanglar.
28 Ha, farzandlarim, endi Masih bilan aloqada bo’lib yashanglar, toki U olamga qaytib kelganda dadil bo’laylik, Uning oldida uyatga qolmaylik.
29 Agar Uning solih ekanligini bilar ekansizlar, shuni ham bilinglarki, to’g’ri ish qilgan har bir kishi Uning farzandidir.

3-bob
1 Qaranglar, Otamiz bizni bolalarim deb, qanday buyuk bir muhabbat ko’rsatdi! Haqiqatan ham, biz Uning bolalarimiz. Dunyo Otamizni tanimagani uchun, bizni ham tanimayapti.
2 Ey mahbublarim, hozir biz Xudoning bolalari bo’lsak-da, kelajakda nima bo’lishimiz noaniq. Faqat shuni bilamizki, Iso Masih zohir bo’lganda, biz U singari bo’lamiz; U qanday bo’lsa, Shunday holda ko’ramiz.
3 Masihga bunday umid bog’lagan har bir kishi o’zini poklaydi, chunki Masih pokdir.
4 Gunoh qiluvchi har bir kishi qonunbuzar bilan tengdir. Gunoh – qonunsizlik demakdir.
5 Masih esa gunohlarimizni aritish uchun paydo bo’lganini bilasizlar. Unda gunoh yo’q.
6 Masih bilan bir tan bo’lgan hech kimsa gunoh qilmaydi. Kim gunoh qilib yursa, Uni ko’rmagan ham, tanimagan ham.
7 Ey farzandlarim, hech kim sizlarni aldamasin. Masih qanday solih bo’lsa, to’g’ri ish qiluvchi kishi ham U singari solihdir.
8 Gunoh qiluvchi kishi esa iblis zotidir. Chunki dastlab iblis gunoh qilgan. Xudoning O’g’li esa iblisning ishlarini barbod qilmoq uchun paydo bo’ldi.
9 Xudodan tug’ilgan hech bir kishi gunoh qilmaydi, chunki Xudoning urug’i uning ichida qoladi. U Xudodan tug’ilgani uchun gunoh qila olmaydi.
10 Kimda-kim to’g’ri ish qilmasa, birodarini sevmasa, u Xudo zotidan emas. Xudoning bolalari ham, iblisning bolalari ham shundan bilinadi.
11 Boshda sizlar Masihdan eshitgan vasiyat shu: bir-birimizni sevaylik!
12 O’z ukasini qatl qilgan iblis zoti Qobilga o’xshamaylik. Qobil ukasini nima uchun o’ldirdi? Chunki uning ishlari qabih, ukasining ishlari esa solih edi.
13 Ey birodarlarim, agar dunyo sizdan nafratlanayotgan bo’lsa, hayratlanmanglar.
14 Biz o’lim holatidan hayotga o’tganimizni bilamiz, chunki biz birodarlarimizni sevamiz. Kimki birodarini sevmasa, o’lim holatida qoladi.
15 Birodaridan nafratlangan har qanday kishi qotildir. Hech bir qotil esa abadiy hayotga ega bo’lmasligini bilasizlar.
16 Masih bizlar uchun jonini fido qildi, ana shundan biz muhabbatni bildik. Biz ham birodarlarimiz uchun jonimizni berishga burchlimiz.
17 Agar biror kishi farovon hayot kechirayotgan bo’lsa-yu, birodarini muhtojlik holatida ko’rib turib, ko’nglini tosh qilsa, qanday qilib u odamda Xudoning sevgisi joy oladi?
18 Ey farzandlarim, biz so’z yoki til bilangina emas, balki amalda va haqiqatda sevishimiz lozim.
19 Shu tariqa biz haqiqat ahli ekanimizga ishonch hosil qilamiz va Xudo oldida ko’nglimiz xotirjam bo’ladi.
20 Agarda ko’nglimiz bizni ayblasa, Xudo ko’nglimizdan ulug’ ekanini bilamiz. Chunki U hamma narsani aniq biladi.
21 Ey mahbublarim, agar vijdonimiz bizni qiynamasa, Xudo oldida dadil bo’lamiz
22 va Undan nimaiki so’rasak, U beradi. Chunki biz Uning amrlarini bajo keltirib, Unga maqbul bo’lgan ishlarni qilayotirmiz.
23 Ilohiy amr – Xudoning O’g’li Iso Masihga ishonishdan va xuddi Iso Masih buyurganidek, bir-birimizni sevishdan iborat.
24 Kim Xudoning amrlarini bajo keltirsa, u Xudo bilan bir tan, Xudo ham u bilan bir tan bo’ladi. Xudo vujudimizda yashayotganini shundan bilamizki, U bizga O’z Ruhini berdi.

4-bob
1 Ey mahbublarim, har qanday ruhga inonavermangiz. Xudodan bo’lgan-bo’lmaganligini bilish uchun ruhlarni sinovdan o’tkazingiz. Chunki dunyoda ko’pgina soxta payg’ambarlar paydo bo’lgan.
2 Odam vujudi bilan dunyoga kelgan Iso Masihni tan oluvchi har bir ruh Xudodandir. Xudoning Ruhini shundan taniysizlar.
3 [Odam vujudi bilan dunyoga kelgan] Iso Masihni tan olmovchi har qanday ruh Xudodan emas. Bu – dajjolning ruhi. Dajjol kelishini sizlar eshitgan edingizlar. Mana, hozirdan u dunyodadir.
4 Ey farzandlarim, sizlar Xudodansizlar va soxta payg’ambarlarni engdingizlar. Chunki ichingizdagi Ruh dunyoda hukm surayotgan ruhdan ustundir.
5 Ular bu dunyodan, ularning gapi ham bu dunyoga oid, Shuning uchun dunyo ularni tinglaydi.
6 Bizlar esa Xudodanmiz, kim Xudoni tanisa, u bizni tinglaydi. Xudodan bo’lmagan bizni tinglamaydi. Ana shundan biz haqiqat ruhini va aldash ruhini taniymiz.
7 Ey mahbublarim, bir-birimizni sevaylik. Chunki sevgi Xudodandir. Har bir sevuvchi kishi Xudodan tug’ilgan va Xudoni taniydi.
8 Sevmaydigan kishi Xudoni tanigani yo’q. Chunki Xudoning O’zi sevgidir.
9 Xudo bizga bo’lgan muhabbatini ochiq ko’rsatdi: U yagona O’g’lini dunyoga yuborib, U orqali bizga hayot bag’ishladi.
10 Biz Xudoni sevmagan edik, U bizni sevdi va O’z O’g’lini gunohlarimizni yuvish uchun qurbonlik qilib yubordi. Ana, bu muhabbatdir!
11Ey mahbublarim, Xudo bizni Shunday sevganiga yarasha, bizlar ham bir-birimizni sevishimiz qarzdir.
12Hech kim hech qachon Xudoni ko’rgan emas. Agar bir-birimizni sevsak, Xudo bizning ichimizda qoladi va Uning muhabbati bizda kamol topadi.
13Uning bizga bergan Ruhi orqali bilamizki, Xudo biz bilan, biz Xudo bilan bir tanmiz.
14Ota O’z O’g’lini dunyoning Xaloskori qilib yubordi, buni biz ko’rdik va guvohlik beramiz.
15Agar kim Isoni Xudoning O’g’li deb tan olsa, Xudo u bilan, u Xudo bilan bir tan bo’lib yashaydi.
16Xudo bizga naqadar muhabbat qo’yganini bilamiz va bunga imonimiz komil. Xudo sevgidir. Sevgini diliga jo qilgan kishi Xudo bilan bir tan bo’lib yashaydi, Xudo ham uning vujudida yashaydi.
17Shu tariqa sevgi dilimizda kamol topadi va qiyomatda so’roq bo’lganda dadil bo’lamiz. Chunki biz bu dunyoda Masih yashaganday yashaymiz.
18 Sevgida qo’rquv yo’q, aksincha, komil sevgi qo’rquvni quvib chiqaradi. Qo’rqoq kishida sevgi kamolotga etmagan, chunki qo’rquv jazo tushunchasi bilan bog’liqdir.
19 Biz Uni sevaylik, chunki avval U bizni sevdi.
20 Agar biror kishi “Xudoni sevaman” desa-yu, birodaridan nafratlansa, u yolg’onchidir. Ko’rib turgan birodarini sevmasa, ko’rmagan Xudoni qanday seva olar ekan?!
21 Kim Xudoni sevsa, birodarini ham sevmog’i lozim, degan amrni biz Masihdan olganmiz.

5-bob
1 Iso Masihdir deb ishongan har bir kishi Xudodan tug’ilgan. Otani sevgan har bir kishi bolasini ham sevadi.
2 Agar Xudoni sevsak va Uning amrlariga amal qilsak, Uning bolalarini ham sevishimiz shaksizdir.
3 Xudoni sevish – Uning amrlarini bajo keltirish demakdir. Xudoning amrlari esa og’ir emas;
4 chunki Xudoning har bir farzandi dunyoni engadi. Mana shu bizning imonimiz dunyo ustidan g’olib chiqdi.
5 Iso Xudoning O’g’li deb inongan kishidan boshqa kim ham dunyoni enga olardi?!
6 Iso Masih suv va qon bilan keldi. U faqat suv bilan emas, suv va qon bilan keldi. Ruh esa U haqda guvohlik beradi, chunki Ruh haqiqatdir.
7 Shunday qilib [osmonda uchtasi guvohlik beradi: Ota, Kalom va Muqaddas Ruh. Bu uchovi bir.
8 Erda ham] uchtasi guvohlik beradi: Ruh, suv va qon. Bu uchovi bir.
9 Garchi insonlarning guvohligini qabul qilsakda, ammo Xudoning guvohligi undan muhimroq, bu esa Xudoning O’z O’g’li haqida bergan guvohligidir.
10 Kim Xudoning O’g’liga inonsa, u o’z yuragida Xudoning guvohligiga egadir. Xudoga inonmagan, ya’ni Uning O’z O’g’li haqida bergan guvohligiga inonmagan kishi Xudoni yolg’onchi qilib qo’ygan bo’ladi.
11 Xudoning guvohligi shundan iboratki, Xudo bizlarga abadiy hayot berdi. Bu hayot esa Uning O’g’lida mujassamdir.
12 Kim Xudoning O’g’liga ega bo’lsa, hayotga egadir. Kim Xudoning O’g’liga ega bo’lmasa, hayotga ega emas.
13 Men bularni sizlar abadiy hayotga egaligingizni bilinglar, deb yozdim. Chunki sizlar Xudoning O’g’li nomiga imon keltirgansizlar.
14 Biz Xudo huzuriga dadillik bilan kiramiz, chunki bilamizki, Xudoning irodasiga ko’ra bir nima tilasak, U bizga quloq soladi.
15 Agar Xudo tilaklarimizni tinglayotganini bilsak, tilaklarimiz bajo bo’lganini ham bilamiz.
16 Agar biror kishi birodarining gunoh qilayotganini ko’rsayu, bu gunoh abadiy o’limga sabab bo’lmasa, u uchun ibodat qilsin. Uning ibodati tufayli birodariga hayot bag’ishlanadi. Men buni gunohi abadiy o’limga sabab bo’lmaydiganlar uchun aytyapman. Abadiy o’limga sabab bo’ladigan gunoh ham bor. Bunday gunoh uchun ibodat qiling, demayapman.
17 Har qanday yomonlik gunohdir, ammo hamma gunoh ham abadiy o’lim bilan tugamaydi.
18 Xudodan tug’ilgan har bir odam gunoh qilmasligini bilamiz. Xudoning O’g’li uni O’z panohida asraydi, yovuz shayton unga tegmaydi.
19 Bilamizki, bizlar Xudodanmiz, butun dunyo esa yovuz shaytonning hukmidadir.
20 Yana shuni bilamizki, Xudoning O’g’li kelib, Haqni tanishimiz uchun bizga aql-idrok berdi. Biz Haq bilan, Uning O’g’li Iso Masih bilan bir tanmiz. U Haq Taolo va abadiy hayotdir.
21 Ey farzandlarim, butlardan saqlaninglar. Omin.

No comments: