Tuesday, March 20, 2007

Korinfliklarga ikkinchi maktub

Korinfliklarga ikkinchi maktub

1-bob
1Xudoning irodasi bilan Iso Masihning havoriysi bo’lgan men, Pavlus ila birodarimiz Timo’tiy Korinf shahridagi Xudoning jamoatiga, Shuningdek, Axaya o’lkasi bo’ylab yashovchi barcha Xudoning azizlariga salom yo’llaymiz.
2Otamiz Xudo va Rabbimiz Iso Masihdan sizlarga inoyat va tinchlik bo’lsin!
3Har turli tasallining manbai bo’lgan Xudo, marhamatli Ota, Rabbimiz Iso Masihning Otasi Xudoga hamdu sanolar bo’lsin!
4U butun g’am-qayg’ularimiz uchun bizga tasalli beradi. Shu tariqa o’zimizdek har turli qayg’ularga yo’liqqan boshqa odamlarni biz Xudodan olgan tasalli bilan ovuntira olamiz.
5Masihning azoblari bizda qancha ko’payayotgan bo’lsa, Masihning tasallisi ham bizda shuncha ko’paymoqda.
6Agar biz g’am-qayg’u chekayotgan bo’lsak, bu sizlar tasalli va najot topishingiz uchundir. Va agar biz tasalli topayotgan bo’lsak, bu ham sizlarning tasalli topishingiz, uchundir. Biz chekayotgan qayg’ularga o’zingiz ham yo’liqqaningizda, shu bilan tasalli topib, sabr - toqat qilasizlar.
7Sizlarga ishonchimiz komil, chunki sizlar alamlarimizgagina emas, tasallimizga ham sherik ekaningizni bilamiz.
8Ey birodarlar, Asiya viloyatida boshimizga kelgan kulfatlardan xabarsiz qolishingizni istamaymiz. Biz haddan tashqari, chidab bo’lmaydigan darajada ezildik, hatto sog’ qolishga umidimizni yo’qotgan edik.
9Ha, o’limga mahkum bo’lganimizni o’z vujudimizda sezardik. Bu Shuning uchun bo’ldiki, biz o’zimizga emas, balki faqat o’liklarni tiriltiruvchi Xudoga umid bog’laylik.
10Haqiqatan ham Xudo bizni Shunday katta o’lim tahlikasidan qutqardi va yana qutqaradi. Ha, U bizni yana qutqaradi, deb Undan qattiq umid qilamiz.
11Chunki sizlar ham biz uchun ibodat qilishda ishtirok etib kelyapsizlar. Shunday ko’p kishilarning iltijosi tufayli Xudo bizga inoyat ko’rsatdi, toki buni yana ko’plar bilib, biz tufayli Xudoga shukr qilsinlar.
12Bizning iftixor qilishimizning sababi bor, vijdonimiz ham shundan dalolat beradiki, biz bu dunyoda, xususan sizlar bilan bo’lgan munosabatimizda insoniy hikmat bilan emas, balki Xudoning inoyati bilan, muqaddaslik bilan, Xudoga maqbul bo’lgan samimiylik bilan harakat qildik.
13Biz sizlarga nima yozsak, o’qib, anglab etinglar, deb yozamiz. Umid qilamanki, sizlar bularni oxirigacha anglab etasizlar.
14Sizlar, qisman bo’lsa ham, bizni anglagansizlar va bilasizlarki, Rabbimiz Iso Masihning olamga qaytadigan kunida biz sizning faxringiz, siz esa bizning faxrimiz bo’lasizlar.
15Shu ishonch bilan, sizlar ikkinchi daf’a farah topinglar deb, oldinroq sizlarning yoningizga kelish niyatida edim..
16Sizlarning oldingizdan Makedoniyaga o’tish va Makedoniyadan yana sizlarning oldingizga qaytish niyatida edim, oxiri sizlar meni Yahudiyaga kuzatib qo’yar edingizlar.
17Shunday niyatim bo’la turib, beqarorlik bilan harakat qildimmikan? Yoki men goh ha-ha, goh yo’q-yo’q deganday, o’zboshimchalik bilan tashabbus ko’rsatdimmikan?
18Xudo O’z so’zida turadi, Shuning uchun bizning sizga so’zimiz ham goh “ha”, goh “yo’q” emas.
19Biz, ya’ni men, Silvan va Timo’tiy sizning orangizda Xudoning O’g’li — Iso Masihni targ’ib qilganimizda, buni goh “ha”, goh “yo’q” deb qilmadik. Masih degani — “ha” degani.
20 Chunonchi Xudo qancha va’dalarni bergan bo’lsa, ular Masih sharofati bilan “ha” deganday, “omin” deganday ro’yobga chiqadi, toki biz Masih orqali Xudoni ulug’laylik.
21Xudoning O’zi bizni sizlar bilan birga Masih ummati qilib, mustahkam poydevorli qildi, O’ziga ajratib oldi,
22ustimizga O’zining muhrini bosdi, bularning garovi qilib Muqaddas Ruhni yuraklarimizga joylashtirdi.
23O’z jonim haqi Xudoni shohidim bilaman: sizlarni ayaganim uchun hanuz Korinfga bora olmadim.
24Biz go’yo sizlarning imoningiz ustidan hukmronlik o’rnatayotganday bo’layapmiz. Aslida biz quvonishingiz uchun sizlarga ko’maklashmoqdamiz. Chunki sizlar imonda mahkam turibsizlar.

2-bob
1Shunday qilib, men ko’nglimda yoningizga yana xafagarchilik bilan kelmaslikka qaror qildim.
2Agar men sizlarni xafa qiladigan bo’lsam, xafa qilganlarimdan boshqa kimlar ham meni ovuntira olardi?
3Men ham oldindan Shuning uchun sizlarga yozdimki, yoningizga kelganimda meni xursand qiladigan odamlardan xafagarchilik ko’rmayin. Chunki ishonchim komilki, mening sevinchim hammangizning sevinchingizdir.
4Men sizlarni xafa qilish uchun emas, balki sizlarga bo’lgan cheksiz muhabbatimni sezishingiz uchun chuqur qayg’u va yurak iztirobi ichida hamda to’xtovsiz ko’z yoshlari bilan yozdim.
5Agar kim xafa qilgan bo’lsa ham, meni emas, mubolag’a qilmasdan aytyapmanki, deyarli hammangizni xafa qilgan bo’ladi.
6Xafa qilgan odamga ko’pchilik tomonidan berilgan bunday jazo etar.
7Shuning uchun endi bu odam haddan ortiq xafa bo’lmasliga uchun, uni kechirib tasalli berishingiz ma’quldir.
8Ha, unga boshqatdan muhabbat qo’yishingizni iltimos qilaman.
9Sizlar har ishda itoatli bo’lganingizni amalda bilish uchun sizlarga yozdim.
10Biror kishini biror narsa xususida kechirsangizlar, men ham kechiraman. Men kimni kechirgan bo’lsam (agar kechiradigan biror narsa bo’lsa), uni sizlar uchun, Masihning huzurida turib kechirdim.
11Zinhor shaytonning pand berishiga yo’l qo’ymaylik, uning fitnalaridan xabarsiz emasmiz-ku.
12Masihning Xushxabarini etkazish uchun Troas shahriga kelganimda, Rabbim menga bir eshik ochib bergan edi.
13Shunga qaramay, ruhim tinch emas edi, chunki birodarim Titusni u erda topmagan edim. Nihoyat u yoqdagilar bilan xayrlashib, Makedoniyaga jo’nadim.
14Xudoga shukr! U bizni doimo Masihning tantanali yurishida olib borayotir va biz orqali erda O’z haqidagi bilimning xush bo’ylarini tarqatayotir.
15Biz xalos bo’ladiganlarning ham, halok bo’ladiganlarning ham orasida Xudo sha’niga taralayotgan Masihning xush hidimiz.
16Bu — halok bo’ladiganlar uchun halokatli o’lim hididir, halos bo’ladiganlar uchun esa yashatuvchi hayot hididir. Bunday mas’uliyatga kim loyiq?
17Mana biz ko’pchilik qilayotganday, Xudoning kalomini bozorga solmaymiz. Aksincha, Xudo tomonidan yuborilgan va Masih xizmatida bo’lgan kishilardek, Xudoning ko’zi oldida sof ko’ngildan voizlik qilmoqdamiz.

3-bob
1O’zimizni yana tavsiya etishni boshlaymizmi? Nahotki ba’zilarga kerak bo’lganday sizlar uchun yoki sizlardan tavsiyanomalar kerak bo’ldi?
2Butun insonlar tomonidan tan olingan va o’qilayotgan, bizning qalbimizga yozilgan tavsiyanomamiz — mana sizlarsiz.
3Ochiq ko’rinib turibdiki, bizning xizmatimiz orqali yozilgan Masihning maktubi sizlarsiz. Bu siyoh bilan emas, balki barhayot Xudoning Ruhi bilan yozilgan hamda tosh lavhalarga emas, balki inson qalblari bo’lgan et lavhalarga yozilgan maktubdir.
4Biz Masih tufayli Xudo huzurida Shunday ishonchga sazovormiz.
5Lekin bunga go’yo o’z-o’zimizdan, o’z qobiliyatimiz bilan muvaffaq bo’lmaganmiz. Bizning qobiliyatimiz faqat Xudodandir.
6U bizga Yangi Ahdning xizmatkorlari bo’lishday qobiliyatni berdi. Bu xizmat esa Qonun harfi asosida emas, Ilohiy Ruh asosida sodir bo’lmoqda. Harf o’ldiradi, Ruh esa hayot bag’ishlaydi.
7Tavrot davrida Xudoga xizmat qiluvchilar toshga harfma-harf chizilgan va gunohkorga mutlaqo o’lim keltiradigan Qonun bo’yicha xizmat qilishlari kerak edi. Bu xizmatning ko’rsatmasi Shunday ulug’vorlik bilan keldiki, hatto Musoning nur yog’ilib turgan yuziga Isroil o’g’illari qaray olmas edilar (vaholanki, Muso yuzining ulug’vorligi o’tkinchi edi).
8Shunday ekan, Ilohiy Ruh bo’yicha Xudoga xizmat qilish yo’li yanada ulug’vorroq bo’lmaydimi?
9Ilgari gunohkorni mahkum qilgan xizmatning ulug’vorligi bor edi. Endi esa gunohkorning oqlanishiga sabab bo’ladigan xizmat bundan chandon ulug’ emasmi?
10Hammadan ulug’ bo’lgan narsa o’rtaga chiqqandan so’ng, ilgari ulug’ deb bilingan narsaning ulug’ligi endi hechga chiqadi.
11Agar vaqtincha joriy bo’ladigan tuzum ulug’vorlik bilan kelgan bo’lsa, unda boqiy qoluvchi tuzum naqadar ulug’vorroqdir.
12Biz bunday umidga molik bo’lib, katta jasorat bilan harakat qilyapmiz.
13Muso payg’ambar yuzimning o’tkinchi porloqligi tugaganini Isroil o’g’illari o’lmasin deb, yuziga parda yopgan edi. Biz unga o’xshamaymiz.
14Ularning zehnlari o’tmaslashib ketdi. Chunki bugunga qadar Qadimgi Ahdni o’qish vaqtida, o’sha parda turibdi. Parda ko’tarilmagan, u yolg’iz Masih orqali bartaraf bo’ladi.
15To bugunga qadar Musoning kitobini o’qish vaqtida ularning yuraklarini parda yopib turibdi.
16Faqat Rabbimiz Isoga iltijo qilganda bu parda olib tashlanadi.
17Rabbimiz — Ruhdir. Rabbimizning Ruhi qaerda bo’lsa, o’sha erda erkinlik bor.
18Biz hammamiz ochiq yuzimiz bilan, ko’zguga qaraganday, Rabbimizning ulug’vorligiga qarab turibmiz. Ulug’vorlikdan ulug’vorlikka o’tkanimiz sari, Rabbimizning suratiga tomon o’zgarmoqdamiz: bu esa Rabbimizning Ruhi orqali sodir bo’lmoqda.

4-bob
1Biz Xudoning marhamati bilan bunday xizmatga musharraf bo’lib, umidsizlanmaymiz.
2Lekin sirli va uyat ishlarni rad etib, hiyla bilan harakat qilmaymiz, Xudoning kalomini buzmaymiz. Haqiqatni ochiq-oydin qilib, Xudo huzurida o’zimizni har bir insonning vijdoniga taqdim etamiz.
3Bordiyu Xushxabarimiz yopiq bo’lsa, u halok bo’ladiganlar uchun yopiqdir.
4Xudoning tasviri bo’lgan Masihning ulug’vor Xushxabarining nurini odamlar ko’rmasin deb, bu dunyoning tangrisi imonsizlarning zehnlarini ko’r qilgan.
5Biz esa o’zimizni emas, balki Rabbimiz Iso Masihni targ’ib qilmoqlamiz: biz — Iso yo’lida sizlarning qullaringizmiz xolos.
6Xudo ibtidoda: “Qorong’ulikdan nur porlasin”, — deb qanday buyurgan bo’lsa, endi O’zining nuri bilan bizning yuraklarimizni ham Shunday yoritdi, Iso Masih siymosida porlab turgan O’zining ulug’vorligini bizga ko’rsatdi.
7Bu ulug’vor xazinani esa biz sopol idishlarda olib yuribmiz, toki bu oliy qudrat bizga emas, Xudoga mansub ekanligi ko’rinib tursin.
8Biz har tomonlama jabrlanamiz, lekin ezilmaymiz. Mushkul ahvolda qoldik, ammo umidimizni yo’qotmaymiz.
9Quvg’inga uchraymiz, lekin ilojsiz emasmiz. Erga qulaymiz, ammo yakson bo’lmaymiz.
10Isoning hayoti badanimizda namoyon bo’lib tursin deb, Uning o’limini doim badanimizda olib yuribmiz.
11Bizning foniy badanimizda Isoning hayoti namoyon bo’lsin deb, biz, tiriklar Iso uchun hamisha o’limga topshirilmoqdamiz.
12Shunday qilib, o’lim bizda, hayot esa sizda amal qilmoqda.
13Zaburda: “Ishonganim uchun gapirdim”, — deb yozilgan. Biz xuddi shu imonning ruhiga egamiz va ishonganimiz uchun gapiramiz.
14Bilamizki, Rabbimiz Isoni tiriltirgan Xudo bizni ham Iso bilan birga tiriltiradi va sizlar bilan birga O’z huzurida turg’izib qo’yadi.
15Bularning hammasi sizlar uchun sodir bo’lmoqda, toki Xudoning inoyati yana ko’pdan-ko’p odamlarga o’tsin, shu tariqa Xudoning hamdu sanosi yanada oshib, tillardan tushmaydigan bo’lsin.
16Shuning uchun ham umidsizlanmaymiz. Garchi zohiriy vujudimiz har qancha xazon bo’layotgan bo’lsa-da, botiniy vujudimiz kundan-kunga yangilanyapti.
17Bu o’tkinchi va arzimas qayg’ularimiz biz uchun haddan tashqari ajib, katta va abadiy ulug’vorlik hosil qiladi.
18Chunki biz ko’zga ko’rinadigan narsalarga emas, ko’zga ko’rinmaydigan narsalarga qaraymiz. Ko’rinadiganlari muvaqqat, ko’rinmaydiganlari esa abadiydir.

5-bob
1Biz bilamizki, bu foniy uyimiz, bu kulbamiz xarob bo’lgandan keyin, Xudo bizga mangu bir uy, qo’l bilan qurilmagan osmondagi makonni beradi.
2Biz samoviy maskanimizga burkanishni sog’inib, oh chekib yuribmiz.
3O’shanda Shunday burkangan bo’lib, boshqa yalang’och ko’rinmaymiz.
4Dunyoviy kulbada bo’lgunimizcha, istibdod ostida oh-nola chekyapmiz. Bu kulbadan chiqishni istamasak-da, samoviy vujudga burkanishni orzu qilamiz, chunki o’shanda bu foniylik boqiy hayotga tamoman g’arq bo’lajak.
5Aynan Shuning uchun Xudo bizni yaratgan va buning garovi qilib bizga Muqaddas Ruhni ato qilgan.
6Shuning uchun biz doimo xotirjammiz. Bilamizki, bu badanda joylashgunimizcha, Rabbimizdan uzoqda qolgan g’ariblarmiz.
7Biz ko’rish bilan emas, e’tiqod bilan yashaymiz.
8Ha, xotirjammiz va iloji bo’lsa, badanimiz g’urbatsarosidan chiqib, Rabbimiz huzuridagi vatanga ko’chishni xohlaymiz.
9Lekin xoh vatanda, xoh g’urbatda joylashsak, Rabbimizga maqbul bo’lish uchun jonbozlik qilamiz.
10Chunki hammamiz badanda yashagan paytda qilgan yaxshi yoki yomon ishlarimizga yarasha qismatimizni olish uchun, Masihning hukm kursisi oldida hozir bo’lajakmiz.
11Biz Xudodan qo’rqishning nimaligini anglaganimizdan keyin, boshqa odamlarni ham Unga ishontirmoqqa tirishamiz. Xudoga esa biz ayonmiz va umid qilamanki, sizlarning vijdoningizga ham ayonmiz.
12O’zimizni sizlarga qayta taqdim etmayapmiz. Lekin qalbidan ko’ra tashqi qiyofasi bilan maqtanayotganlarga tegishli javob beringlar deb, biz bilan maqtanish imkoniyatini sizlarga beryapmiz.
13Biz aqldan ozdikmi? Unda bu Xudo uchun. Aqlli gapiryapmizmi? Unda bu sizlar uchun.
14Axir, Masihning sevgisi bizni qamrab olyapti-ku! Agar hamma odamlar uchun Bittasi o’lgan bo’lsa, bu hammasi o’lgani demak, degan xulosaga keldik.
15Masih ana shu maqsadda hamma uchun o’ldi, toki yashayotganlar endi o’zlari uchun emas, balki o’zlari uchun o’lgan va tirilgan Masih uchun yashasinlar.
16Shuning uchun biz endi hech kimni insoniy fikr bilan qadrlamaymiz. Agar Masihni ilgari insoniy fikr bo’yicha bilgan bo’lsak, bundan keyin yana bunday bilmaymiz.
17Binobarin, kim Masihga tegishli bo’lsa, u yangi ijoddir. Qadimgi holat o’tib ketdi, endi (hammasi) yangi bo’ldi.
18Bularning hammasiga Xudo sabab bo’ldi. U Masih orqali bizni O’zi bilan yarashtirdi hamda odamlarni Xudo bilan yarashtirish xizmatini bizga berdi.
19Ha, Xudo Masih vujudida bo’lib dunyoni O’zi bilan yarashtirdi, odamlarning gunohlarini hisobga olmadi. Bu yarashish to’g’risidagi xabarni etkazishni esa bizga topshirdi.
20 Shunday qilib, biz Masih uchun elchilik qilyapmiz, Xudo biz orqali insonlarga murojaat etyapti. Biz Masih nomidan yolvoryapmiz: Xudo bilan yarashinglar!
21Xudo bizni O’ziga ma’qul, solih deb bilish uchun, gunohni hech bilmagan Masihni biz uchun gunohga aylantirdi.

6-bob
1Xudoning hamkorlari sifatida, Uning inoyatini befoyda qabul qilmaslikni sizlardan iltimos qilamiz.
2Chunki Xudo Tavrotda Shunday deyapti: “Maqbul vaqtda seni eshitdim, najot kunida senga yordam berdim”. Mana endi maqbul vaqt keldi! Mana endi najot kuni keldi!
3Xizmatimiz qoralanmasin deb, hech kimga hech qanday xalaqit bermaymiz.
4Xudoning xizmatkorlari sifatida o’zimizni hamma sohada ibrat qilib ko’rsatamiz: cheksiz sabr-toqatda, g’am-qayg’ularda, tanqisliklarda, tangliklarda,
5zarbalar ostida, zindonlarda, to’polonlarda, zahmatlarda, uyqusizlikda, ro’za tutishda,
6poklikda, donolikda, to’zimlilikda, mehribonlikda, Muqaddas Ruh kuchida, samimiy muhabbatda.
7Haqiqat kalomini aytib, Xudoning qudratiga suyanib, o’ng va so’l qo’lda solihlik qurollarini tutib yuribmiz.
8Sharaf va isnodga, haqorat va maqtovga duch kelyapmiz. Bizni aldamchi hisoblaydilar, ammo haqiqatgo’ymiz.
9Noma’lummiz, ammo bizni hamma biladi. Bizni o’lgan deb hisoblaydilar, ammo mana, tirikmiz. Bizni jazoga tortyaptilar, ammo o’lmayapmiz.
10Bizni xafa qilyaptilar, ammo doimo xursandmiz. O’zimiz kambag’almiz-u, ko’p kishilarni boyitamiz. Hech narsamiz yo’g’u, ammo hamma narsaga egamiz.
11Ey korinfliklar, sizlar uchun tilimiz echildi, yuragimiz keng ochildi.
12Bizning ko’nglimiz sizlar uchun tor emas, lekin o’zlaringizning ko’nglingiz juda tor ekan!
13Buning baravariga — bolalarimga gapirayotgandek gapiryapman — sizlar ham ko’nglingizni kengroq qilinglar-chi!
14Imonsizlar bilan noravo sheriklik qilmanglar. Solihlik bilan qonunsizlik orasida qanday aloqa bor? Yoki nur bilan qorong’ilik orasida qanday umumiylik bo’lishi mumkin?
15Masih bilan alayhilla’na orasida qanday kelishuv bo’la oladi? Yoki imonli bilan imonsiz orasida qanday sheriklik bo’lishi mumkin?
16Xudo ma’badi bilan butlar orasida qanday muvofiqlik bor? Sizlar esa barhayot Xudoning ma’badisizlar. Xudo Tavrotda aytganidek: “Men ular ichra maskan qilib, O’rtalarida yurgayman. Ularning Xudosi bo’lurman, Ular esa Mening xalqim bo’lur”.
17Binobarin, Xudovand yana Shunday degan: “Ularning orasidan chiqinglar, Ulardan ayrilib ketinglar, nopokka esa qo’l tegizmanglar: Shunda Men sizlarni qabul qilurman.
18Men sizlarga Ota bo’lurman, sizlar esa Menga o’g’ilu qiz bo’lursiz, — deydi Xudovand, Sarvari koinot”.

7-bob
1Ey sevikli birodarlarim, Xudo bizga bunday ulug’ va’dalarni bergan ekan, badan va ruhimizni bulg’ovchi har qanday murdorlikdan o’zimizni tozalab, Xudodan ko’rqib yashab, butunlay muqaddas bo’laylik.
2Qalbingizdan bizlarga joy beringlar. Biz hech kimga ozor bermadik, hech kimga ziyon keltirmadik, hech kimdan manfaat ko’zlamadik.
3Sizlarga ta’na qilib aytmayapman. Chunki oldin ham aytganimdek, o’lishmi qolishmi, sizlar bizning dilimizdasizlar.
4Sizlarga ishonchim komil, iftixorim katta. Qayg’u-alamlarimiz qancha bo’lmasin, mening dilim tasalliga to’lib-toshadi, behad sevinaman.
5Hatto Makedoniyaga kelganimizdan keyin ham tanamizga hech qanday rohat topolmadik, aksincha, har tomonlama siqilgan edik: tashqaridan hujumlar, ko’ngilda qo’rquvlar bor edi.
6Lekin tushkunlarga tasalli beruvchi Xudo Titusni yonimizga yuborib, bizni ovuntirdi.
7Biz Titusning kelgani bilangina emas, balki u sizlardan topgan tasalli haqida eshitish bilan ham yupanib qoldik. Titus men uchun bo’lgan qattiq sog’inchingiz, tortgan ohlaringiz, ko’rsatgan zo’r g’ayratingiz haqida bizga xabar bergandan keyin, yanada ko’proq sevindim.
8Shu sababdan, maktubim bilan sizlarni xafa qilgan bo’lsam ham, afsuslanmayman. Garchi oldin u maktubdan qisqa bir muddat sizlar xafa bo’lib, men pushaymon qilgan bo’lsam-da,
9endi sevinyapman. Xafa bo’lganingizdan emas, balki xafagarchilik sizlarni tavbaga keltiragani uchun sevinyapman. Ha, siz azbaroyi Xudo xafa bo’ldingizlar Shuning uchun bizdan hech qanday zarar ko’rmadingizlar.
10Azbaroyi Xudo keladigan xafagarchilik o’kintirmaydi, aksincha, odamlarni tavbaga keltirib, najot topishiga imkon yaratadi. Dunyoda bo’ladigan xafagarchilik esa faqat o’limni keltirib chiqaradi.
11Qaranglar, aynan shu sababli, ya’ni sizga Xudo taqdir etgan xafagarchilik sababli o’zingizni oqlash uchun sizlarda qanday g’ayrat paydo bo’ldi, qanday g’azab, qanday qo’rquv, qanday sog’inch, qanday jonbozlik, qanday adolatparvarlik hosil bo’ldi! Ana shularning hammasi bilan o’zingizni halolladingizlar.
12Har holda, mening sizlarga maktub yozishimdan maqsad ayblovchi yoki ayblanuvchini belgilash emas, balki Xudoning huzurida sizlar biz uchun qanday ixlosmand ekaningizni eslatish edi.
13Shu yo’sin biz tasalli topdik. Bu topgan tasallimizdan tashqari, Titusning xursandligi bizni yana ko’proq quvontirdi. Chunki hammangiz uning ruhini juda ko’taribsizlar.
14Men uning oldida sizlarni maqtagan edim va uyatga qolmadim. Sizlarga har narsa to’g’risida haqiqatni gapirar edik, Titusni maqtaganimiz ham haqiqat bo’lib chiqdi.
15U hammangizning itoatkorligingizni, o’zini qanday hurmat va ehtirom bilan qabul qilganingizni xotirlar ekan, uning sizlarga bo’lgan muhabbati yanada o’t olmoqda.
16Sizlarga ishonchim komil, ana shundan xursandman.

8-bob
1Endi birodarlar, Makedoniya o’lkasidagi Masih jamoatlariga Xudo ko’rsatgan inoyat haqida sizlarga bildirib qo’ymoqchimiz.
2Ular og’ir kulfatlarga yo’liqib, sinovdan o’tgan bo’lsalar-da, jo’shqin bir sevinch namoyon qildilar, o’ta kambag’alligiga qaramay, samimiy bir saxiylik ko’rsatdilar.
3Ular qo’llaridan kelgancha, hatto imkonlaridan ham ortiq xayr-ehson berganlariga men shohidman.
4Ular Xudo azizlari uchun qilinadigan yordamda ishtirok etishni bizdan ko’p o’tinib so’radilar.
5Ular hatto umid qilganimizdan ham ziyodroq qildilar: o’zlarini oldin Rabbimizga, keyin, Xudoning irodasi bilan, bizga bag’ishladilar.
6Titus bu xayrli ishni oldinroq boshlagani uchun, buni sizning orangizda bitirishi uchun uni rag’batlantirdik.
7Sizlar hamma narsada mo’lsiz — imonda, kalomda, bilimda, g’ayratu tirishqoqlikda, bizga qo’ygan mehrigizda. Shunday ekan, bu xayrli ishda ham mo’l bo’linglar.
8Buni buyruq tariqasida emas, balki boshqalarning g’ayrati bilan muqoyasa qilib, sevgingizning haqiqiyligini sinab ko’rib gapiryapman.
9Chunki sizlar Rabbimiz Iso Masihning inoyatini bilasizlar: U boy bo’la turib, kambag’alligim tufayli boy bo’linglar, deb sizlar uchun kambag’allashdi.
10Bu haqda men sizlarga foydali bo’ladigan Shunday maslahat beraman: sizlar o’tgan yili bu ishni boshlabgina qolmay, rosa ko’ngil qo’ygan edingizlar.
11Endi bu ishni oxiriga etkazinglar, chin ko’ngildan, qo’lingizdan kelganicha bitirishga harakat qilinglar.
12Agar g’ayrat bo’lsa, kimda nima yo’qligiga qarab emas, balki nima borligiga qarab qabul qilinadi.
13Boshqalarga engillik bo’lib, sizlarga esa og’irlik tushmasligi kerak, ammo bari bir tenglik bo’lsin.
14Hozirda sizlardagi baraka ulardagi etishmovchiliklarni to’ldirsin, boshqa vaqtda ulardagi baraka sizlardagi kamchiliklarni to’ldirsin, shu yo’sin tenglik bo’lsin.
15Tavrotda yozilganidek: “Ko’p to’plaganda ortig’i bo’lmadi, oz to’plaganda kami bo’lmadi”.
16Sizlar uchun Titusning diliga bunday g’ayratni jo qilgan Xudoga shukr!
17Men unga iltimos qilgan bo’lsam-da, u o’z xohishi va zo’r g’ayrat bilan sizning oldingizga bormoqchi bo’ldi.
18U bilan birga butun Masih jamoatlarida Injil voizi deb maqtalgan bir birodarni ham yuboryapmiz.
19Jamoatlar ayniqsa bu xayrli ishda yordam qilsin, deb uni yo’ldoshimiz qilib sayladilar. Biz bu ishni Rabbimizni ulug’lash uchun olib boryapmiz, shu bilan o’z ishtiyoqmandligimizni ko’rsatishga ham fursat topyapmiz.
20Bizga ishonib topshirilgan bu mo’l ehsonni yig’ishda birov bizga ta’na qilmasin deb ehtiyot bo’lmoqdamiz.
21Biz Rabbimiz oldidagina emas, balki insonlar oldida ham halol bo’lishga harakat qilamiz.
22Demak, bir necha marta turli sharoitda sinalgan va g’ayrati borligini ko’rsatgan, endi esa sizlarga ishonchi komil bo’lib yanada g’ayratli bo’lgan bu birodarimizni boyagi ikki kishi bilan birga yuboryapmiz.
23Titusga kelganda, u mening o’rtog’im va orangizda yumush bajaradigan hamkorimdir. Boshqa birodarlarimiz bo’lsa, Masih jamoatlarining elchilari va Masihning shon-shuhratidirlar.
24Shunday qilib, jamoatlar oldida bularga muhabbatingizni namoyon qilib, sizlar tufayli topgan iftixorimizning to’g’riligini isbot etinglar.

9-bob
1Azizlar uchun qilinadigan yordam haqida sizlarga yozish men uchun ortiqchadir.
2Chunki bilamanki, yordam berishga tayyorsizlar, Shuning uchun ham: “Axaya aholisi o’tgan yildan beri tayyor”, — deb Makedoniya bo’ylab sizlar bilan maqtanib yuribman. Sizlarning g’ayratingiz tufayli ko’plar harakatga keldi.
3Endi siz haqingizda maqtanish behuda bo’lib chiqmasin va xuddi aytganimday, tayyor bo’linglar deb, birodarlarni yuboryapman.
4Yana makedoniyaliklar men bilan birga borib, sizlarni tayyor bo’lmagan holda topsalar, biz uyatga qolmaylik — aynan sizlar deb aytmayapman: chunki biz Shunday ishonib sizlar bilan maqtanib qo’yganmiz, axir.
5Shuning uchun va’da etilgan ionalarni oldindan tayyorlasinlar deb, men birodarlarni o’zimdan avval oldingizga yuborib, iltimos qilishni lozim ko’rdim. Ionangiz nohaq soliqday emas, rozilik bilan tayyor bo’lsin.
6Shuni unutmangki, qizg’anib ekkan qizg’anib o’rib oladi: mo’l ekkan esa mo’l o’rib oladi.
7Har kim norozi bo’lib yoki majburiyat bilan emas, balki ko’nglida niyat etganini bersin. Chunki Xudo rozi bo’lib beruvchini sevadi.
8Sizlar hamma vaqt hamma narsaga to’la qanoat hosil qilib, turli xayrli ishlarga boy bo’lishingiz uchun, Xudo sizlarni har xil noz-ne’matlardan boy qilishga qodir.
9Zaburda yozilganidek: “Solih qo’lini ochib kambag’alga sadaqa berar, uning solihligi esa abadiy turar”.
10Dehqonga urug’ va eyuvchiga non beradigan Xudo sizlarning ekkaningizni ham mo’l qiladi, bu himmatingizni unumli qiladi.
11Sizlar yanada saxiy bo’lib, har jihatdan boyib ketasizlar, natijada biz tufayli Xudoga hamdu sanolar oshib ketadi.
12Bu muqaddas burchning ijro bo’lishi bilan nafaqat Xudo azizlarining kamchiliklari to’ldiriladi, balki ko’pchilik odamlar ham Xudoga ko’pdan-ko’p tashakkur aytishga sabab topadi.
13Chunki bu xayr-ehsoningiz sizning Xudoga bo’ysunganingizdan, Shuningdek, Masih Xushxabariga bo’lgan ixlosingiz va samimiy saxovatingizdan dalolatdir: odamlar buni ko’rib Xudoni ulug’laydilar.
14Sizlar uchun ibodat qilar ekanlar, Xudo sizga ortig’i bilan inoyat berganidan quvonishib, sizlarga ko’ngil qo’yadilar.
15Uning ifodalashga til ojiz hadyasi uchun Xudoga shukr!

10-bob
1Men, Pavlus — shaxsan oramizda bo’lganida kamtar, bizdan uzoq bo’lganida esa jasur, deb yurishgan men, Pavlus — Masihning muloyimligi va muruvvati bilan sizlarga murojaat qilaman.
2Sizdan o’tinib so’rayman, oldingizga kelganimda, meni jasurona va balandparvoz gapirishga majbur qilmanglar! Shuni aytay, bizni o’z bashariy qobiliyati bilangina ish qilyapti, deb o’ylayotganlarning ba’zilariga men Shunday jasoratni bemalol ko’rsatarman.
3Bizning hayotimiz bandalik bo’lsa ham, bashariy kuch bilan jang qilmayapmiz.
4Bizning jangdagi qurol-aslahamiz bashariy emas, balki qal’alarni yakson qilish qudratiga ega bo’lgan ruhiy aslahalardir. Biz Xudoning qudrati bilan safsatalarni barham beramiz,
5Xudo bilimiga qarshi bosh ko’targan har qanday baland iddaoni quritib yuboramiz. Har qanday fikrni Masihga bo’ysundirib asir qilamiz.
6O’zlaringiz ham to’la bo’ysungandan keyin, biz har xil itoatsizlikni jazolashga tayyormiz.
7Tashqi qiyofaga qarayapsizlarmi? Agar kim Masihning ummatiman, deb o’ziga ishonsa, o’z-o’zidan qiyos qilsin: u qanday Masihning ummati bo’lsa, bizlar ham xuddi Shunday Masihning ummatimiz.
8Rabbimiz bizga bergan iqtidor haqida andak ko’proq maqtansam ham, xijolat bo’lmayman. Chunki bu iqtidor sizni xarob qilish uchun emas, barpo qilish uchun berilgan.
9Maktublarim bilan sizlarni go’yo qo’rqitayotgan bo’lib ko’rinmayin.
10Ba’zilar: “U maktublarida talabchan va kuchli, lekin shaxsan zaif va so’zi o’tmas”, — deyaptilar.
11Bunday deyuvchilar shuni bilsinki, biz uzoqda, maktublarimizda qanday bo’lsak, shaxsan, huzuringizda ham Shundaymiz.
12Biz o’zlarini namoyish qilayotganlarning ba’zilari bilan o’zimizni barobar tutishga yoki qiyos qilishga jur’at etmaymiz. Ular aqlsizlarcha o’zlarini o’zlari bilan o’lchab, o’zlariga o’zlari me’yordirlar.
13Lekin biz esa cheksiz-chegarasiz maqtanavermaymiz. Biz faqat Xudo taqdir etgan chegara ichida maqtanamiz. Bu chegara esa sizlargacha etib borgan.
14Biz go’yo sizlarning oldingizga bormaganday, haddimizdan oshmayapmiz, chunki Masihning Xushxabarini sizning oldingizgacha etkazganmiz.
15Biz haddan tashqari boshqalarning mehnati bilan ham maqtanmayapmiz. Lekin imoningiz komil bo’la borgan sari, biz o’z chegaramizdan oshmay, orangizdagi nufuzimizni yana orttiramiz, deb umid qilamiz.
16Shunday qilib, begona erlardagi tayyor ishlar bilan maqtanmay, sizlardan uzoqroq joylarda ham Xushxabarni targ’ib qilaylik.
17Maqtanaman degan Rabbimiz bilan maqtansin.
18O’zi-o’zini maqtagan emas, balki Rabbimiz maqtagan kishi maqbuldir.

11-bob
1Koshki mening chandon befarosatlik qilishimga biroz bo’lsa ham sabr qilsangizlar edi! Zotan sizlar menga sabr qilyapsizlar ham.
2Men sizlarni Xudoning rashki bilan qizg’anyapman, chunki sizlarni bir pok bokira qizni yagona erga nikohlaganday, Masihga taqdim etdim.
3Mabodo Momo Havoni ilon o’zining hiylagarligi bilan aldaganiga o’xshab, sizlarning o’y-fikringiz ham buzilib, Masihga xos soddalikdan ayrilib qolmasangizlar, degan xavotirdaman.
4Agar birov kelib, biz va’z qilgandan boshqa bir Isoni va’z qilsa, yo sizlar olgan Ruhdan boshqa bir ruhni olsangiz, yoki qabul qilgan Injildan boshqa bir xushxabarni eshitsangiz, naqadar xush qarshilaysizlar!
5Men ham o’sha “oliy havoriylar”dan hech bir narsada qolishmayman, deb o’ylayman.
6Men nutqda mohir bo’lmasam ham, lekin bilimda mohirman. Bu xususda biz sizlarga tamoman ochiq va ayonmiz.
7Men sizlarni yuksaltirish uchun o’zimni pasaytirib, Isoning Xushxabarini sizlarga tekinga targ’ib qilib, gunoh qildimmikan?
8Men sizlarga xizmat qilish uchun boshqa Masih jamoatlariga chiqim keltirib, ulardan mablag’ olar edim. Orangizda bo’lib, muhtojlikda qolganimda ham birovga ortiqcha yuk bo’lmadim.
9Chunki Makedoniyadan kelgan birodarlar etishmovchiliklarimni to’ldirdilar. Men hech narsada sizlarga og’ir bo’lmaslikka tirishgan edim va tirishaman ham.
10O’zimdagi Masihning haqiqati haqi deyapman: Axaya mamlakati bo’ylab hech kim bu iftixorimdan meni mahrum qila olmaydi.
11Nima uchun Shunday munosabatda bo’lyapman? Sizlarni sevmaganimdanmikan? Xudo biladi, unday emas!
12Biz bilan teng bo’lishga intilayotgan maqtanchoqlarga yo’l bermaslik uchun, men nima qilayotgan bo’lsam, kelajakda ham qilaveraman.
13Bu kabi odamlar — soxta havoriylar, hiylakor xizmatkorlardir, ular faqat Masihning havoriylari qiyofasini oladilar.
14Buning hayron qoladigan joyi yo’q. Chunki shaytonning o’zi ham nurli farishtaning qiyofasini oladi.
15Demak, shaytonning xizmatkorlari ahli saloh qiyofasini olsalar, ajablanmaslik kerak. Ularning oqibati qilmishlariga yarasha bo’ladi.
16Yana aytaman: biror kishi meni aqlsiz deb o’ylamasin. Bordiyu Shunday o’ylasangiz, hech bo’lmasa aqlsiz kabi qabul qilinglar-chi, toki men ham biroz maqtanay!
17Bunday balandparvozlik qilib, men Rabbim gapirganday emas, balki aqlini yo’qotgan maqtanchoqday gapirgan bo’laman.
18Modomiki, ko’pchilik o’zlarining insoniy fazilatlari bilan maqtanayotgan ekan, mayli men ham maqtanaveraman.
19Siz, aqllilar, aqlsizlarga jon deb toqat qilasizlar.
20Chindan ham agar biror kishi sizni asoratga solsa, haqingizni esa, talon-taroj qilsa, o’zini katta tutsa, yuzingizga tarsaki ursa, sizlar bunga chidaysizlar.
21Xijolatlik bilan aytamanki, bizda bunday ishlarga darmon etmas edi! Shunday qilib, agar biror kishi biron narsada maqtanmoqqa jur’at qilsa — o’zimni aqlsizlikka solib aytyapman — unda men ham jur’at etaman.
22Ular yahudiymi? — Men ham yahudiyman. Ular isroillikmi? — Men ham isroillikman. Ular Ibrohim naslimi? — Men ham Ibrohim nasliman.
23Ular Masihning xizmatkorlarimi? — Men befarosatlik qilib aytyapmanki, ularning hammasidan ustunman! Zahmat desangiz, men ulardan ko’proq zahmat chekdim. Zindon desangiz, ulardan ko’proq zindonda yotdim. Zarba desangiz, men haddan tashqari zarba edim, hatto ko’p marta o’limga yaqin yurdim.
24Yahudiylar tomonidan besh daf’a bir kam qirqtadan qamchi edim.
25Uch daf’a tayoq bilan savaladilar, bir daf’a toshbo’ron qildilar, uch daf’a kemada halokatga uchradim, bir kechayu kunduzni dengiz bag’rida o’tkazdim.
26Ko’p daf’a sayohatlarga chiqdim. Daryolarda tahlikada qoldim, qaroqchilardan tahlikada qoldim, o’z qondoshlarimdan ham, majusiylardan ham tahlikaga tushdim. Shaharda tahlika, yovonda tahlika, dengizda tahlika, soxta birodarlar orasida tahlika!
27Mehnat va mashaqqat ostida, ko’p daf’a uyqusizqikda, ochlik va tashnalikda, ko’p ro’za tutish azoblarida qoldim, sovuq havoda yalang’och yurdim.
28Tashqi hodisalardan boshqa har kuni odamlar yig’ilib keladi, butun Masih jamoatlari haqida ham g’amxo’rlik qilaman.
29Qaysi darmonsizlar bilan men toliqmagan edim?! Qaysi vasvasaga tushganlar uchun yuragim yonmagan edi?
30Agar maqtanish menga lozim bo’lsa, o’z zaifligim bilan maqtanaman.
31Abadiy hamd-sanoga munosib Xudo, Rabbimiz Iso Masihning Otasi biladiki, men yolg’on gapirmayaman.
32Mana, Damashqda podsho Aretasning viloyat hokimi meni tutish uchun Damashq shahrini nazorat ostiga olgan edi.
33Ammo meni savat ichida devordagi derazadan tushirishdi va men uning qo’lidan qochib qutuldim.

12-bob
1Mening maqtanishim hech ham munosib emas, chunki endi Rabbim menga ko’rsatgan ro’’yolarga va vahiylarga kelaman.
2Masihga qarashli bir odamni bilaman. O’n to’rt yil oldin — badanda edimi, badandan tashqarida edimi, bilmayman, Xudo biladi — u odam erdan uchinchi osmonga qadar ko’tarildi.
3Ha, bu odam haqida shuni bilamanki, — yana badanda edimi, badandan tashqarida edimi, bilmayman, Xudo biladi
4— u jannatga ko’tarildi va insonga gapirish mumkin bo’lmagan, tilga olib bo’lmas so’zlar eshitdi.
5Bunday bir odam bilan maqtansam bo’ladi. Lekin o’zim haqimda bo’lsa, zaifliklarimdan boshqa hech narsa bilan maqtana olmayman.
6Shu bilan birga, agar maqtanaman desam, aqlsiz bo’lmayman, chunki haqiqatni gapirgan bo’laman. Faqat biror kishi men haqimda o’zimda ko’rgan yoki eshitgandan ortiq fikr qilmasin, deb o’zimni tutib turibman.
7Menga kelgan odatdan tashqari ajoyib vahiylardan o’zimni hammadan yuqori tutmasligim va kibrlanib ketmasligim uchun, mening badanimga bir nish, meni niqtalayveradigan bir shayton elchisi berildi.
8Buni mendan yiroqlashtirgin deb, uch marta Rabbimga yolvordim.
9Ammo Rabbim menga Shunday dedi: “Senga bergan inoyatim etar, Mening qudratim zaiflikda tugal bo’ladi”. Shuning uchun, Masihning qudrati menda amal qilsin deb, yanada ko’proq, bajonidil o’z zaifliklarim bilan maqtanaman.
10Shu sababdan Masih uchun zaifliklarga, ozorlarga, muhtojliklarga, ta’qib va siquvlarga yo’liqqanimda, qanoat qilaman. Chunki zaif bo’lsam, qudratim oshar ekan.
11Men maqtanib, aqlsiz kabi bo’ldim. Ammo meni bunga sizlar majbur etdingizlar-ku. Sizlar meni madh qilishingiz lozim edi. Bordiyu men hech kim bo’lmasam ham, o’sha “oliy havoriylar”dan hech kam emasman.
12Havoriyligim mohiyati sizlarning oranigizda tugal sabr-qanoat bilan, ajoyib va qudratli mo’’jizalar orqali isbotlab berilgan-ku!
13O’zga Masih jamoatlaridan sizlarning nimangiz qolishar ekan? Bordiyu, birgina sizlarga mening og’irligim tushmaganini aytsam. Aybim uchun meni kechiringlar!
14Mana, uchinchi daf’a oldingizga borishga tayyormanu, sizlarga hech og’irligimni tushirmayman. Chunki qo’lingizdagini emas, o’zlaringizni istayman. Zotan farzandlar ota-onalariga emas, balki ota-onalar farzandlariga mol-mulk jamg’arishlari lozim.
15Men esa ko’p mamnuniyat bilan mol-mulkimnigina emas, o’z jonimni ham sizlarning jonlaringiz uchun sarflayman. Men sizlarni haddan tashqari sevar ekanman, sizlar meni kamroq sevishingiz to’g’ri bo’ladimi?
16Masalan, aytaylik, men sizlarga og’irligimni tushirmagan bo’lsam-da, lekin aldab, hiyla bilan sizlardan olgan ekanman.
17Biroq yuborgan odamlarim orqali sizlardan biror manfaat ko’rdimmikan?
18Titusdan iltimos qilib, boshqa birodarimizni ham u bilan birga oldingizga yuborganimda, Titus sizlardan foydalandimikan? Bizlar bir ruhda faoliyat ko’rsatmagan edikmi? Bir yo’lda yurmagan edikmi?
19Biz sizlarning oldingizda o’zimizni oqlamoqchimiz, deb fikr qilmayapsizlarmi hali? Yo’q, Masih haqi Xudoning huzurida gapiryapmiz: ey sevganlarim, biz faqat ibrat olishingiz uchun bunday harakat qilyapmiz.
20Men yoningizga kelganimda, mabodo sizlarni yoqimsiz ahvolda toparman, sizlar esa meni yoqimsiz ahvolda toparsiz, deb qo’rqaman. Mabodo kelsamu, janjal, hasadgo’ylik, g’azabnoklik, talash-tortish, bo’hton, g’iybat, manmanlik, tartibsizlik ko’ramanmi, degan xavotirdaman.
21Bordiyu yana yoningizga kelganimda, ko’pchilik burun qilgan gunohlari — harom-xarishlik, fahshbozlik, shaloqlikdan tavba qilmagan bo’lsa, Xudoyim meni oldingizda erga urmasin, sizlar uchun motam tutib yig’lamayin.

13-bob
1Men endi uchinchi daf’a yoningizga boryapman. Axir, Tavrotda yozilganidek: “Ikki yoki uch shohidning har qanday guvohligi qat’iy bo’ladi”.
2Shunday qilib, men ikkinchi daf’a yoningizda bo’lganimda ogohlantigan edim. Endi esa g’oyib bo’lsam ham, yozib ogohlantiryapmanki, agar yana oldingizga borsam, oldin gunoh qilgan odamlarning ham, boshqalarning ham hech birini ayamayman.
3Sizlar-ku men orqali Masih so’zlashiga dalil izlayapsizlar. Mana, Masih sizlarga nisbatan zaif emas, U orangizda O’z qudratini namoyish qilmoqda.
4Garchi U zaiflik holatida xochga mixlangan bo’lsa-da, Xudoning qudrati tufayli tirikdir. Shunga o’xshab, biz Masihning zaifligiga sherik bo’lsak ham, sizlarni deb Xudoning qudrati tufayli Masihning hayotiga ham sherikmiz.
5O’z-o’zingizni tekshiringlar: imonda turibsizlarmi? O’zingizni sinab ko’ringlar: Iso Masih ichingizda ekanini bilmayapsizlarmi? Bilmasangizlar, maqbul emassizlar.
6Biz esa nomaqbul emasligimizni bilasizlar, deb umid qilaman.
7Sizlar yomon ish qilmasligingizni Xudodan tilaymiz. Maqsadimiz o’zimizni maqbul deb ko’rsatish emas. Aksincha, bordiyu biz maqbul ko’rinmsak ham, sizlar yaxshi ish qilsangiz bo’ldi.
8Zotan haqiqatga qarshi turishga kuchimiz etmaydi, haqiqat yo’lida esa kuch-quvvvatlimiz.
9Bizlar zaif, sizlar esa quvvatli bo’lganingizdan sevinamiz. Zotan, tilagimiz sizlarning komil bo’lishingizdir.
10Shuning uchun men hali kelmay turib, shularni yozayapman, toki kelganimda Rabbim menga bergan iqtidor bilan qattiq choralarni ishga solmayin. Men bu iqtidorni xarob qilish uchun emas, barpo qilish uchun olganman.
11Shunday qilib, birodarlarim, yaxshi qolinglar. Komil bo’lishga g’ayrat qilinglar. Pand-nasihatga quloq solinglar. O’zaro hamfikr bo’linglar, tinchlikni saqlanglar. Shunda sevgi va tinchlik bergan Xudo sizlar bilan bo’ladi.
12Muqaddas o’pich bilan salomlashinglar. Xudoning barcha azizlari sizlarga salom yo’llayaptilar.
13Rabbimiz Iso Masihning inoyati, Otamiz Xudoning sevgisi va Muqaddas Ruhning hamrohligi hammangizga yor bo’lsin! Omin.

No comments: