Tuesday, March 20, 2007

Filippiliklarga maktub

Filippiliklarga maktub

1-bob
1Filippi shahridagi Iso Masih ummati bo’lgan barcha Xudoning azizlariga, ayniqsa imonlilar jamoatining boshliqlari va xizmatkorlariga, Iso Masihning qullari biz – Pavlus va Timo’tiydan salom!
2Otamiz Xudo va Rabbimiz Iso Masihdan sizlarga inoyat va tinchlik bo’lsin.
3Sizlarni har safar xotirlaganimda, Xudoyimga shukronalar deyman.
4Har qachon hamma ibodatlarimda barchalaringiz uchun sevinch bilan iltijo qilaman.
5Chunki sizlar birinchi kundan to hozirgi qadar Injil Xushxabarini yoyishimda ishtirok etib kelmoqdasizlar.
6Xudo sizlarda boshlagan xayrli ishini to Iso Masihning keladigan kunigacha tamom qilishiga aminman.
7Mening hammalaringiz haqingizda Shunday fikr qilishim o’rinlidir. Sizlar mening ko’nglimdasizlar. Chunki kishanbandligimga qaramasdan, har biringiz Xushxabarni himoya qilish va qaror toptirishimda meni yoqlab kelmoqdasizlar, shu tariqa Xudoning menga bergan inoyatidan ham bahramand bo’lib kelmoqdasizlar.
8Men Iso Masihning mehr-muhabbati bilan sizlarning hammalaringizga ishtiyoqmand bo’lganimga Xudo shohiddir.
9Sizlarning muhabbatingiz ham har qanday bilim va sezgida takomillashib, yana ko’pdan-ko’p ortib borishini Xudodan so’rayman.
10Sizlar yuqori qadriyatni qadrlamog’ingiz lozim, toki Masihning keladigan kunida pok va beayb bo’linglar
11va Iso Masih orqali unib-o’sadigan solihlik samaralariga boy bo’lib, Xudoga shon-sharaf keltiringlar.
12Ey birodarlar, shuni bilishingizni istaymanki, mening boshimga tushgan sharoitlar Injil Xushxabari yanada ko’proq muvaffaqiyat qozonishiga xizmat qildi.
13Mana, mening Masih uchun qamalganligim butun saroy ahliga va qolgan hamma odamlarga ham ma’lum bo’ldi.
14Shuningdek, Rabbimiz Isoga qarashli bo’lgan birodarlarimizning ko’pchilik qismi ham mening kishanbandligimdan ruhlanib, Rabbimiz kalomini yanada botirlik bilan targ’ib qila boshladilar.
15To’g’ri, ba’zilar hasad va raqobat ruhi bilan Masihni targ’ib qilyaptilar, boshqalar esa yaxshi niyat bilan targ’ib qilyaptilar.
16Ba’zilar men Xushxabarni himoya qilish uchun tayin etilganimni tan olib, muhabbat bilan harakat qilyaptilar.
17Boshqalar esa mening kishandagi qiyinchiligimni orttirishni o’ylab, raqobat ruhida, nopok niyat bilan Masihni targ’ib qilmoqdalar.
18Xo’sh unda nima bo’pti? Xoh munofiqlik bilan, xoh samimiylik bilan bo’lsin, har holda Masih targ’ib etilmoqda. Men bunga sevinyapman. Va yana sevinaman,
19chunki bilamanki, sizning duolaringiz orqali va Iso Masihning Ruhi yordamida men ozodlikka chiqaman.
20Yashasam ham, o’lsam ham, har holda xijolatda qolmasligimga qanoat hosil qildim. Har doim bo’lib kelganidek, hozir ham Masih mening vujudimda ulug’lansin, degan umidda yana jasurlik bilan faoliyat ko’rsatishga jazm qildim.
21Men uchun hayot – Masihdir, o’lim esa – yutuqdir.
22Agarda bu badanda yashayotganim mening ishimga samara keltirayotgan bo’lsa, unda nima tanlashimni ham bilmayman.
23Meni unisi ham, bunisi ham tortadi. Bir yoqdan tugab, Masih bilan birga bo’lishni orzu qilaman, chunki bu juda ham yaxshi bo’lardi.
24Ammo ikkinchi yoqdan mening badanda qolishim sizlar uchun yana ham keraklidir.
25Bunga ishonchim komil, Shuning uchun qolishimni bilaman. Sizlar imonda rivoj topib quvonishingiz uchun, men hammalaringiz bilan birga qolaman.
26Shunday qilib, oldingizga ikkinchi daf’a kelishimda, sizlar men sababli Iso Masih huzurida yana ko’proq faxrlana olasizlar.
27Faqat Masihning Xushxabariga munosib ravishda kun kechiringlar. Men xoh kelib diydoringizni ko’rsam ham, xoh sizlardan uzoq bo’lsam ham, allaqachon eshitganimdek, sizlar imonda sobitqadam bo’lib, Injil yo’lida yakdillik bilan kurashib borayotganingizni bilib olay.
28Sizlarga qarshilik ko’rsatayotganlarning hech qanday do’q-po’pisalaridan cho’chimanglar. Ana shu ularning halok bo’lishidan, sizlarning esa xalos bo’lishingizdan dalolat bermoqda. Zotan bu – Xudoning ishi.
29Xudo sizlarga Masihga ishonishnigina emas, balki Masih uchun azob chekish taqdirini ham nasib etgan.
30Mening siz ko’rgan va hozir ham eshitayotgan kurashimga sizlar sheriksizlar.

2-bob
1Agar sizlarda Masihdan kelgan biron jasorat, muhabbatdan tug’ilgan biron tasalli, Muqaddas Ruhdan ilhomlangan biron birdamlik, dildan chiqqan biron mehru shafqat bor bo’lsa,
2u holda mening sevinchimni mukammal qilib, fikr-zikringizda yakdil, mehr-muhabbatingizda aynimaydigan bo’linglar, o’zaro hamdard va hamfikr bo’lib yuringlar.
3Raqobat ruhi va shuhratparastlik bilan hech narsa qilmanglar. Aksincha, kamtarlik bilan bir-biringizni o’zingizdan yuqoriroq hurmatga sazovor hisoblanglar.
4Har bir kishi o’z manfaatinigina emas, balki boshqalarning manfaatini ham ko’zlasin.
5Iso Masih qanday fikrga ega bo’lsa, sizlar ham o’zaro xuddi shu fikrga ega bo’linglar:
6Masih Xudoning qiyofasida bo’la turib, Xudoga teng hurmatni o’lja qilmadi.
7Lekin O’z ulug’ligidan kechib, qul qiyofasiga kirdi U, ko’rinishida insonlar singari bo’ldi.
8U O’zini Shunday past olib, o’limga, hatto xochdagi o’limga borib itoat etdi.
9Ana shu sababdan Xudo Uni juda yuksaltirdi, Unga har qanday ismdan yuqori ismni ato etdi,
10Toki Isoning ismi tilga olinganda ko’k, er va er ostidagi borliq jon tiz cho’ksin
11Va har bir til Otamiz Xudo sha’niga Iso Masihni Rabbim deb ochiq tan olsin.
12Ey sevganlarim, siz doim mening gapimga quloq solib keldingizlar. Shunday qilib, faqat oldingizda bo’lganimdagina emas, balki hozir mening yo’qligimda yana ko’proq qo’rquv va titroq bilan topgan najotingizni but qilishga tirishinglar.
13Zotan Xudoning O’zi sizlarning vujudingizda amal qiladi, U O’z murod-maqsadini ado etishingiz uchun sizlarda xohishni ham, harakatni ham tug’diradi.
14Hamma narsani nolimay va shubhalanmay qilinglar,
15toki bu o’jaru buzilgan nasl orasida Xudoning pok, beg’ubor, benuqson bolalari bo’linglar. Sizlar bu dunyo odamlari orasida osmondagi yulduzlar kabi porlab turibsizlar-ku.
16Hayot kalomini mahkam tutinglar, toki mening mehnatu zahmatim behudaga ketmasin va Masih olamga qaytgan kunda sizlar mening faxrim bo’linglar.
17Sizning imon yo’lida qilgan fidokorona xizmatingiz Xudo sharafiga qurbonday gap. Men Xudoga bu qurbonlikni keltirib, o’z jonimni ham fido qilishim mumkin. Shunga qaramasdan, sevinaman va sizlarning shodligingizga qo’shilaman.
18Xuddi shu to’g’rida sizlar ham sevininglar va mening shodligimga qo’shilinglar.
19Sizlarning ahvolingizdan xabardor bo’lib ko’nglim taskin topsin, deb Timo’tiyni yaqin orada sizlarning oldingizga yuborishni Rabbim Isodan umid qilaman.
20Chunki sizlarga shunchalik samimiyat bilan, jon kuydirib g’amxo’rlik qiladigan unga teng odamim yo’q.
21Hammasi ham Iso Masihni emas, o’z ishlarini o’ylaydi-ku.
22Lekin Timo’tiyning sodiqligi sizlarga ma’lum. Xushxabarni yoyishimda u menga o’g’il otaga xizmat qilganday xizmat qildi.
23Men o’zimga nima bo’lishini bilishim bilanoq, uni darhol yuborish umididaman.
24O’zim ham yaqinda yoningizga borishga Rabbimdan to’la ishonch hosil qildim.
25Shu bilan birga, sizlarning yuborgan elchingiz, muhtojlikda menga madad bergan birodarim, hamkorim va safdoshim Epafroditni yoningizga yuborishni lozim ko’rdim.
26Chunki u hammangizni juda ko’rgisi keldi, uning kasalligi to’g’risidagi mish-mishlar sizga etib borganidan qattiq qayg’urdi.
27Haqiqatan ham o’lar holatda kasal edi. Lekin Xudo unga marhamat etdi. Va faqat unga emas, balki g’ami ustiga g’ami qo’shilmasin deb, menga ham marhamat etdi.
28Shunday qilib, uni yana ko’rib sevininglar va mening g’amim ham engillashsin deb, uni tezroq yoningizga yubormoqchiman.
29Uni Rabbimiz nomidan, quvnoq chehra bilan qabul etinglar. Bu kabi odamlarning hurmatini bajo keltiringlar.
30Chunki sizlar menga to’liq bajo keltirolmagan muqaddas xizmatni u butlab olay deb, Masih yo’lida o’z jonini ayamagan, o’lishiga sal qolgan edi.

3-bob
1Xullasi kalom, birodarlarim, Rabbingiz bilan aloqada bo’lib, xursand bo’linglar. Sizlarga ayni narsalarni yozish meni zeriktirmaydi, sizlarga esa yanada ibratlidir.
2Ana u yomonlik qiluvchilardan, u itlardan ehtiyot bo’linglar! Ana u tana kesuvchilardan ehtiyot bo’linglar!
3Mana biz haqiqiy ahli sunnatmiz. Chunki biz Muqaddas Ruh kuchi bilan Xudoga xizmat qilamiz, faqat Iso Masih bilan faxrlanamiz, tabiiy fazilatlarimizga ishonmaymiz.
4Qolaversa, men o’z fazilatlarimga ham ishonishim mumkin. Agar boshqa kimsa: men o’z fazilatlarimga ishonaman, desa, undan ham ko’proq men ishonaman.
5Men sakkiz kunligimda sunnat bo’lganman. Men Isroil xalqining Benyamin qabilasidan, ibroniy naslidan bir yahudiyman. Tavrot Qonuniga mansublik desangiz, farziy mazhabida edim.
6Diniy g’ayrat desangiz, Iso ummatini ta’qib qildim. Qonun talab qilgan solihlik desangiz, begunoh edim.
7Lekin bir vaqt fazilat deb bilgan nasalarimni endi Masih uchun foydasiz hisoblayman.
8Chinakam, Rabbim Iso Masihni bilishning afzalligi oldida men hamma narsadan bosh tortib, foydasiz deb bildim, ha, Masihga sazovor bo’lay, deb hatto axlat hisobladim.
9Endi Ilohiy Qonunga amal qilishdan iborat bo’lgan o’z solihligimga suyanmayman. Aksincha, Masih bilan bir bo’lay, deb faqat Unga ishonish orqali, imon orqali bo’ladigan solihlikka suyanaman va shu tariqa Xudo huzurida o’zimni oqlayman.
10Qani endi Masihning azoblarida qatnashib, o’limida ham Unga ergashib, Uning O’ziniyu tirilishining qudratini bilib olsam,
11va ishqilib o’liklarning tirilishiga erishsam.
12Men allaqachon murodimga etishganman yoki allaqachon kamolotga erishganman, deb aytayotganim yo’q. Lekin Iso Masih menga etib olganidek, men ham mo’ljalga etib olish uchun jon kuydirmoqdaman.
13Birodarlar, men o’zimni murodimga etishganman deb o’ylamasam-da, faqat bir narsanigina o’ylayman: orqamda qolganlarni unutib, oldimdagilarga ko’z tikaman.
14Xudo Iso Masih orqali meni oliy maqsadga chorladi. Men buni ado etib, g’alaba gulchambarini qo’lga kiritish uchun jon-jahdim bilan harakat qilaman.
15Bizdan kimki kamolotga erishgan bo’lsa, xuddi Shunday fikr qilsin. Agar sizning fikringizda boshqa narsa bo’lsa, unda buni sizga Xudo oshkor etadi.
16Faqat bizlar nimaga erishgan bo’lsak, unga yarasha fikr yurgizishimiz va o’sha qoida bo’yicha yashashimiz kerak.
17Birodarlar, mendan o’rnak olinglar. Kim biz ko’rsatgan yo’l-yo’riq bo’yicha yashayotgan bo’lsa, unga ergashinglar.
18Men sizlarga tez-tez gapirar edim-ku, Masih xochining dushmanlari kabi ish tutayotgan kishilar ko’p deb. Endi ular haqida ko’z yoshim bilan so’zlayapman:
19Ularning oxiri – halokat, ularning xudosi – qorin, ularning shon-sharafi – sharmandagarchilik. Ular erdagi narsalar haqidagina o’ylaydilar.
20Bizlarning vatanimiz esa osmondadir. U erdan biz Xaloskorimiz – Rabbimiz Iso Masihning kelishini kutyapmiz.
21Har narsani bo’ysundirish kuchiga ega bo’lgan Rabbimiz Iso Masih kelganda, xuddi shu kuchning ta’siri bilan bizning ojizu foniy tanamizni O’zining ulug’vor tanasiga o’xshatib o’zgartiradi.

4-bob
1Shunday qilib, ey mening sog’ingan, aziz birodarlarim, quvonchim va gultojim, Rabbingizga sobit bo’linglar, ey sevganlarim!
2Evodiya va Sintixadan iltimos qilaman, Rabbingiz haqi yakdil fikrda bo’linglar.
3Ey vafodor hamkorim, sendan ham o’tinaman, u ayollarga yordam ber, chunki ular men va Kliment bilan, Shuningdek, ismlari hayot kitobida yozilgan boshqa hamkorlarim bilan birga Xushxabarni targ’ib etish uchun faoliyat ko’rsatdilar.
4Rabbingiz bilan aloqada bo’lib, doimo xursand bo’linglar. Yana aytaman: xursand bo’linglar!
5Sizlarning insonparvarligingiz barchaga ma’lum bo’lsin; Rabbimiz yaqin.
6Hech narsada tashvish qilmanglar, lekin har doim ibodatda va iltijoda bo’lib, har bir tilagingizni Xudoning oldida minnatdorchilik bilan izhor qilinglar.
7Shunda inson xayoliga sig’maydigan, Xudo bergan tinchlik sizning ko’nglingiz va fikr-xayolingizni xotirjam qiladi.
8Xullas, ey birodarlar, nima haqiqiy, nima mo’’tabar, nima to’g’ri, nima sof, nima yoqimli, nima faxrli bo’lsa, qandaydir bir fazilat, qandaydir maqtanarli xislat bor bo’lsa, bular haqida fikr qilinglar.
9Sizlar mendan nimani o’rganib qabul qilgan bo’lsangiz, nimani eshitib, ko’rgan bo’lsangiz, o’shani qilinglar, shunda tinchlik bergan Xudo sizlarga yor bo’ladi.
10Men, Rabbim haqi, sizlardan juda xursandmanki, nihoyat men haqimdagi g’amxo’rlik tuyg’ularingiz uyg’ondi. Sizlar ilgari ham g’amxo’rlik qilardingiz-u, ammo buni ko’rsatishga fursatingiz yo’q edi.
11Bularni muhtojlikdan aytayotganim yo’q. Chunki men har qanday sharoitda boriga qanoat qilishga o’rganganman.
12Men tanqislikda ham, mo’l-ko’lchilikda ham qanday hayot kechirishni bilaman. Har qanday sharoitda va har erda ham to’q bo’lish, ham och qolish, ham farovonlikda yashash, ham muhtojlikda qolishning sirlarini o’rganganman.
13Meni qo’llab-quvvatlayotgan Iso Masihning madadi bilan har narsani qila olaman.
14Har holda, sizlar mening qayg’ularimga sherik bo’lib, yaxshi ish qildingizlar.
15Bilasizlarki, ey filippiliklar, men Makedoniyadan chiqib, Xushxabarni birinchi marta yoya boshlagan paytlarimda, sizlardan boshqa Masih jamoatlaridan birontasi ham menga moddiy yordam bermadi.
16Hatto Salonika shahrida bo’lganimda ham, sizlar bir-ikki marta ehtiyojimni qondirmoq uchun u erga yordam yubordingizlar.
17Men buni sadaqa so’rab gapirayotganim yo’q. Balki sizning foydangizga bo’ladigan barakani istab gapiryapman.
18Menda hamma narsa bor, hatto mo’lchilikda yashayapman. Sizlar yuborgan tortiqlarni Epafroditdan olib, o’zimga to’q bo’lib yuribman. Mana bu tortiqlar – Xudo sha’niga tutiladigan xushbo’y tutatqilar, Xudoga maqbul bo’ladigan qurbonliklardir.
19Egamning O’zi sizlarning har qanday ehtiyojingizni Iso Masih orqali, O’zining ulug’vor boyligi bilan qondiradi.
20Otamiz Xudoga abadulabad shon-sharaflar bo’lsin! Omin.
21Iso Masih azizlarining bariga salom aytinglar. Men bilan birga bo’lgan birodarlar sizlarga salom yo’llayaptilar.
22Butun Xudoning azizlari, xususan Qaysar xonadonidagilar, sizlarga salom yo’llayaptilar.
23Rabbimiz Iso Masihning inoyati sizning ruhingizga yor bo’lsin. Omin.

No comments: