Tuesday, March 20, 2007

Mark bayon etgan Xushxabar

Mark bayon etgan Xushxabar

1-bob
1 Injil, ya’ni Xudoning O’g’li – Iso Masih haqidagi Xushxabar shu bilan boshlanadi.
2Isha’yo payg’ambarning kitobida yozilganki: “Men Sendan avval elchimni yuborarman, U Sening oldingda yo’l hozirlab yurar.
3Cho’l-biyobonda nido yangramoqda: Xudovand yo’lini tayyorlangiz, ravon aylangiz so’qmoqlarin! – deya”.
4Bu oyat xuddi Yahyo payg’ambarga to’g’ri keladi. U cho’lda paydo bo’lib, xalqni imonga chaqira boshladi. “Gunohlaringiz kechirilishi uchun tavba-tazarru qilinglar va suvga cho’mib imon keltiringlar”, – deb e’lon qilardi.
5Shunda butun Yahudiya yurti bo’ylab yashovchilar va barcha quddusliklar Yahyoning oldiga chiqar, gunohlariga iqror bo’lar va Yahyoning buyrug’i bilan daryoga cho’mib imon keltirar edilar.
6Yahyo tuya junidan kiyim kiyib, beliga teridan kamar bog’lab, chigirtkayu yovvoyi asal bilan ovqatlanardi.
7U xalqqa Shunday deb e’lon qilardi: “Orqamdan mendan ham Qudratlisi kelmoqda. Men engashib Uning choriq iplarini echishga ham arzimayman.
8Men sizlarni suvgagina cho’mdirib yuribman, U esa sizlarni Muqaddas Ruhga cho’mdiradi”.
9O’sha kunlari Iso Jalilaning Nosira shahridan keldi, Yahyo Uni O’rdun daryosiga cho’mdirdi.
10 Iso suvdan chiqishi bilanoq osmon ochilib, Muqaddas Ruh kaptarday uchib Isoning boshiga qo’ngani ko’rildi.
11Osmondan esa: “Sen Mening sevikli O’g’limsan, Sendan mamnunman”, - degan sado eshitildi.
12Muqaddas Ruh Isoni darhol cho’lga haydab ketdi.
13Iso cho’lda qirq kun bo’lib, shayton tomonidan vasvasaga solindi. U hayvonlar bilan birga yashar, farishtalar esa Unga xizmat qilishardi.
14Yahyo qamab qo’yilgandan so’ng, Iso Jalilaga qaytdi. U Xudoning Shohligi haqida Xushxabar tarqatdi.
15“Vaqt-soati keldi, Xudoning Shohligi yaqinlashib qoldi. Tavba qilinglar, Injilga imon keltiringlar!” – deb e’lon qilib yurdi.
16Iso Jalila ko’li bo’yidan o’tayotib, ko’lga to’r tashlab o’tirgan Simun va uning ukasi Idrisni ko’rib qoldi. Ular baliqchi edilar.
17Iso ularga: Mening ketimdan yuringlar, Men sizlarni inson ovchilari qilaman, – dedi.
18Ular esa darhol to’rlarini tashlab, Isoning ortidan yurishdi.
19Iso u erdan bir oz nari yurgach, Zabadiy o’g’illari Yoqub va uning ukasi Yuhannoni ko’rib qoldi. Ular qayiqda to’rlarini yamab o’tirishgan edi.
20 Iso shu onda ularni ham chaqirdi. Ular esa otalari Zabadiyni ishchilar bilan qayiqda qoldirib, Isoning orqasidan yurishdi.
21Ular Kafarnahum shahriga kirib kelishdi. Juma kuni kech kirgach, Iso yahudiy ibodatxonasiga borib, ta’lim bera boshladi.
22Xaloyiq Isoning ta’limotiga hayron qoldi. Chunki U odamlarga ulamolar kabi emas, balki qudratli kuch egasiday ta’sirchan ta’lim berar edi.
23O’sha ibodatxonada yomon ruhga chalingan bir odam bor edi. U to’satdan qichqirib yubordi:
24Ey nosiralik Iso! Bizda nima ishing bor? Sen bizni halok qilgani keldingmi? Sening kimligingni bilaman, Sen Xudoning Azizisan!
25Biroq Iso yomon ruhga do’q urib: Jim bo’l va undan chiqib ket! – dedi.
26Yomon ruh u odamni larzaga soldi-da, ovozi boricha baqirib, uning vujudidan chiqib ketdi.
27Hammani vahima bosdi. O’zaro fikr yuritib: Bu nima gap? Bu qanaqa yangi ta’limot ekan? U yomon ruhlarga ham qudrat bilan buyuradi, ruhlar esa Unga bo’ysunadi! – deyishdi.
28Shunday qilib, Iso haqidagi shov-shuv tezda butun Jalila yurtiga yoyilib, yon-atrofga ovoza bo’ldi.
29Ibodatxonadan chiqqan hamon Iso O’zi bilan Yoqub va Yuhannoni olib, Simun va Idrisning uyiga borishdi.
30 Simunning qaynonasi isitmalab yotgan edi. U haqda Isoga aytib qolishdi.
31Iso ayolning yoniga borib, qo’lidan ushlab ko’tardi. Shu zahoti isitma tushdi va ayol xizmatga tutindi.
32Quyosh botib, kech kirgan paytda, barcha kasallar va jinga chalinganlarni Isoning oldiga olib kela boshlashdi.
33Butun Shahar aholisi eshik oldiga yig’ilib qoldi.
34Iso talay dardu illatlardan qiynalganlarni sog’aytirdi. Ko’p jinlarni quvib chiqardi, ularning so’zlashiga esa imkon bermasdi. Chunki jinlar Isoning Masihligini bilar edilar.
35Ertalab Iso juda barvaqt turdi va Shahardan tashqariga, xilvat joyga borib, ibodat qildi.
36Simun va uning jo’ralari Isoning orqasidan borishdi.
37Isoni topib: Hamma Seni izlayapti-ku! – deyishdi.
38Iso ularga: bu erlarda ham voizlik qilayin, chunki Men ana shu maqsad uchun kelganman, – dedi.
39Shunday qilib, Iso butun Jalila yurtini kezib chiqib, mahalliy ibodatxonalarda voizlik qilar va jinlarni quvib chiqarar edi.
40 Bir moxov Isoga yaqinlashib, Uning oldida tiz cho’kkancha yalindi: Agar istasang, meni moxovlikdan pok qila olasan.
41Isoning unga rahmi kelib, qo’lini uzatdi va unga tegizib: Istayman, pok bo’l! – deb qo’ydi.
42Buni aytar-aytmas, odamning moxovligi arib, pokpokiza bo’lib ketdi.
43Iso esa unga jiddiy tanbeh berib:
44Menga qara! Hech kimga hech narsa aytma, lekin borib ruhoniyga ko’rin va sog’ayganingni tasdiqlat, bundan dalolat bo’lishi uchun Muso payg’ambar buyurgan qurbonliklarni keltirib ber, – dedi-da, uni darhol jo’natib yubordi.
45U kishi chiqiboq, ro’y bergan hodisa haqida hamma yoqqa e’lon qila boshladi. Natijada Iso endi biror Shaharga ochiq kirolmaydigan bo’lib qoldi. U Shahardan tashqarida, xilvat joylardagina bo’lardi. Shunga qaramay, haloyiq har tomondan Uning oldiga kelar edi.

2-bob
1Bir necha kundan keyin Iso yana Kafarnahum shahriga keldi. Uning uyda ekanligi ma’lum bo’lgach,
2tezda ko’p haloyiq to’plandiki, hatto eshik oldida ham joy qolmadi. Iso esa halqa Xudoning so’zini aytardi.
3Shu orada to’rt kishi ko’tarib kelayotgan bir shol odamni Uning oldiga olib kelishdi.
4Xalq ko’pligidan Isoga yaqinlashish imkonini topolmay, ular Iso o’tirgan uyning tomini teshib tuynuk ochishdi va sholni to’shagi bilan tushirishdi.
5Iso ularning ishonchini ko’rib, sholga: Bolam, gunohlaring kechirildi, – dedi.
6Bu erda ba’zi ulamolar o’tirgan edilar. Ular o’zlaricha:
7“Nega U bunday shakkoklik qilyapti? Gunohlarni yolg’iz Xudodan boshqa kim ham kechira oladi?” – deb o’ylar edilar.
8Iso shu onda ularning mulohazalarini ruhan payqab, ularga dedi: Nega sizlar dillaringizda bunday mulohaza qilyapsizlar?
9Nima osonroq? Sholga: “Gunohlaring kechirildi”, deb aytishmi, yoki: “O’rningdan tur, to’shagingni olib yur”, deb aytishmi?
10 Lekin Inson O’g’lining er yuzida gunohlarni kechirish qudrati borligini ham bilib qo’yinglar! U Shunday dedi-da, sholga qarab:
11Senga aytaman, o’rningdan tur, to’shagingni olu, uyingga ket! – dedi.
12Shol shu ondayoq o’rnidan turib ketdi-yu, to’shagini ko’tarib, hammaning ko’z oldida chiqib ketdi. Barcha hayratga tushdi. – Biz hech qachon bunday holni ko’rmagan edik! – deb Xudoni olqishlar edilar.
13Iso yana ko’l bo’yiga chiqdi. Tumonat xaloyiq Uning oldiga to’plandi. Iso ularga ta’lim berdi.
14U erdan o’tayotib, Iso soliq yig’adigan joyda o’tirgan Alfey o’g’li Leviyni ko’rib qoldi. – Mening orqamdan yur! – dedi unga Iso. Leviy esa o’rnidan turib, Isoning orqasidan ergashdi.
15Keyin Iso Leviyning uyida mehmon bilib o’tirdi. Iso va shogirdlaridan boshqa ko’p soliqchilar va har xil gunohkor odamlar ham eb-ichib o’tirardi. Bular singari Isoga ergashuvchi odamlar ko’p edi.
16Iso soliqchilar va gunohkorlar bilan birga eb-ichib o’tirganini ulamolar va farziylar ko’rib, Uning shogirdlariga: Bu qanday gap? U soliqchilaru gunohkorlar bilan birga eb-ichib o’tiribdi-ku! – deyishdi.
17Iso buni eshitib, Shunday javob berdi: Sog’lar emas, bemorlar tabibga muxtojdir. Men taqvodorlarni emas, gunohkorlarni tavbaga chaqirgani kelganman.
18Yahyoning ham, farziylarning ham shogirdlari ro’za tutayotgan edilar. Ular Isoning yoniga kelib: Nega Yahyoning shogirdlari va farziylarning shogirdlari ro’za tutadi-yu, Sening shogirdlaring tutmaydi? – deb so’rashdi.
19Iso ularga dedi: Kuyov davrada bo’lgan vaqtda to’y ahli ro’za tuta olarmikin? Yo’q, kuyov ular bilan birga bo’lguncha, ro’za tuta olmaydilar.
20 Biroq kuyov ulardan judo bo’ladigan kunlar keladi, ana o’shanda ro’za tutadilar.
21Hech kim yangi matodan yamoq qilib, eski kiyimga solmaydi. Aks holda, yangi yamoq eski kiyimdan so’kilib ketadi va yirtiq battar yomon bo’ladi.
22Shuningdek, hech kim yangi sharobni eski meshga quymaydi. Aks holda, yangi sharob meshni yirtadi, sharob to’kiladi va mesh ham nobud bo’ladi. Illo, yangi sharobni yangi meshga quymoq darkor.
23Bir shanba kuni Iso g’alla dalasidan o’tayotgan edi. Uning shogirdlari yo’l-yo’lakay boshoqlarni uza boshlashdi.
24Buni ko’rgan farziylar Isoga: Qara, nega ular dam olish kunida taqiqlangan ishni qilishyapti? – deyishdi.
25Iso ularga dedi: Nahotki sizlar Dovud bilan hamrohlari och qolib muhtoj bo’lganda nimalar qilishganini hech qachon o’qimagan bo’lsangiz?
26Dovud oliy ruhoniy Aviatar zamonida Xudoning uyiga kirib, faqat ruhoniylargina eyishi mumkin bo’lgan baxshida nonlarni eb, hamrohlariga ham bergan edi.
27Keyin Iso davom etdi: Inson dam olish kuni uchun emas, balki dam olish kuni inson uchun yaratilgan.
28Binobarin, Inson O’g’li dam olish kunining ham hokimidir.

3-bob
1Iso yana ibodatxonaga kirdi. U erda qo’li shol bir odam bor edi.
2U bu odamni dam olish kunida ham sog’aytirarmikan, deb Isoni zimdan kuzatib turishdi.
3Iso qo’li shol odamga: O’rtaga chiq! – dedi. So’ng xaloyiqdan so’radi: Dam olish kunida yaxshilik qilish lozimmi yoki yomonlik? Jonni xalos qilish kerakmi, yoki halok? Ular esa indamadi.
5Iso odamlarning bunday bag’ri toshligidan qayg’urib, atrofga g’azab bilan qaragancha, u odamga: Qo’lingni uzat! – dedi. U odam qo’lini uzatishi bilanoq, tuzalib ketdi.
6Farziylar esa darrov tashqariga chiqib, Isoni halok qilish chorasini topmoq uchun Hirodchilar bilan til biriktirishdi.
7Iso shogirdlari bilan ko’l tomon jo’nadi. Jalila va Yahudiyadan chiqqan katta bir olomon Unga ergashardi.
8Quddus va Idumeyadan, O’rdun naryog’idagi yurtlardan, Shuningdek, Tir va Sido’n sohillaridan kelgan tumonat xaloyiq Isoning qilayotgan ishlarini eshitib, Uning oldida tirband bo’lib qolgan edi.
9Iso odam ko’pligidan siqilib qolmay, deb shogirdlariga qayiq tayyorlab qo’yishni aytdi.
10 Chunki ko’plar shifo topayotgan edi va hamma dardlilar qo’l tegizish ilinjida Iso tomon yopirilar edilar.
11Yomon ruhlar esa Isoni ko’rgan paytda Uning oldiga yiqilib: “Sen Xudoning O’g’lisan”, – deb baqirib yuborishardi.
12Ammo Iso O’zini oshkor qilib qo’ymasliklari uchun ruhlarni qattiq tanbexlab qo’yardi.
13Shundan so’ng Iso toqqa chiqib, shogirdlaridan O’zi istaganlarini yoniga chaqirdi. Ular kelgach,
14Iso ularni voizlik qilishga, kasallarni sog’aytirish va jinlarni quvib chiqarishga yubormoqchi bo’lib, kuch-qudrat egasi qildi.
15Iso doim O’zi bilan birga bo’lish uchun quyidagi o’n ikki shogirdini tayinladi:
16unga Butrus deb laqab qo’ygan Simun,
17Baniragash, ya’ni “Momaqaldiroq o’g’illari” deb laqab qo’ygan Zabadiy o’g’illari Yoqub va Yuhanno,
18yana Idris, Filip, Bartolmey, Matto, To’ma, Alfey o’g’li Yoqub, Taddey, vatanparvar Simun
19va Isoga xiyonat qilgan Yahudo Ishqariyot.
20 Shundan so’ng uyga keldilar.Yana shunchalik ko’p xaloyiq to’plangan ediki, hatto non eyishga vaqtlari bo’lmadi.
21Isoning yaqinlari buni eshitib, - U aqldan ozib qolibdi, - deb olib kelishga bordilar.
22Quddusdan kelgan ulamolar esa: Uni shayton urgan, U ins-jinslarning boshlig’i shayton kuchi bilangina jinlarni quvib chiqaryapti, - deyishdi.
23Shunda Iso ularni yoniga chaqirib, masal bilan so’zlay boshladi: Qanday qilib shayton shaytonni quvib chiqara oladi?
24Agar bir podshohlik o’z ichidan bo’linib ketsa, u podshohlik turolmaydi.
25Bir xonadon o’z ichidan bo’linib ketsa, u xonadon turolmaydi.
26Agarda shayton o’z-o’ziga qarshi chiqib bo’lingan bo’lsa, u tura olmaydi, balki uning kuni bitadi .
27Hech kim uyning egasi bo’lgan kuchli kishini avval bog’lab qo’ymasdan turib, uning uyiga kirib, mol-dunyosini o’g’irlab ketolmaydi. Faqat Shunday qilibgina uyni talash mumkin.
28Sizlarga chinini aytayin: odam bolalarining qilgan barcha gunohlari va aytgan barcha kufrliklari kechiriladi.
29Lekin kim Muqaddas Ruhni kufr etsa, abadiy kechirilmaydi, u abadiy jazoga mahkum bo’ladi.
30 Iso bu so’zni, “Uni jin uribdi”, - deganlari sababli aytdi.
31Isoning onasi bilan ukalari kelib qolishdi. O’zlari uyning tashqarisida kutib turib, Isoni chaqirib kelish uchun odam yuborishdi.
32Isoning atrofida xaloyiq tirband edi. Ular Unga: Mana, onang, ukalaring va singillaring tashqarida kutib, Seni so’rayaptilar, - deyishdi.
33Iso ularga javoban: Mening onam va ukalarim kim? - dedi.
34So’ngra atrofida o’tirganlarga nazar solib dedi: Mana, Mening onam va ukalarim!
35Kimda-kim Xudoning irodasini bajo keltirsa, u Mening ukam, singlim, onam bo’ladi.

4-bob
1Iso yana ko’l bo’yida ta’lim berishni boshladi. Oldiga bir talay odam yig’ilib qolgach, Iso ko’ldagi qayiqqa tushib o’tirdi. Butun xaloyiq esa ko’l qirg’og’ida, quruqlikda qoldi.
2Iso masal orqali xalqqa ko’p nasihatlar qildi. O’z ta’limotida Shunday dedi:
3“Quloq solinglar! Urug’ sepuvchi urug’ sepgani chiqibdi.
4Urug’ sepayotganda ba’zi urug’lar yo’l yoqasiga tushibdi. Qushlar uchib kelib, urug’larni cho’qib ketibdi.
5Ba’zi donlar tuprog’i kam toshloqqa tushibdi. Tuproq chuqur bo’lmaganidan, urug’lar tez ko’karib chiqibdi.
6Biroq quyosh chiqqach, so’lib, ildizi bo’lmagani uchun qurib ketibdi.
7Boshqa urug’lar tikanlar orasiga tushibdi. Tikanlar o’sib, urug’larni bo’g’ib qo’yibdi va ular hosil bermabdi.
8Yana boshqa urug’lar esa yaxshi erga tushibdi va unib-o’sib, o’ttiz, oltmish va hatto yuz barobar ko’p hosil beribdi”.
9Keyin Iso ularga: “Kimning eshitar qulog’i bo’lsa, eshitsin!” – dedi.
10 Xalq ketib, Iso yolg’iz qolgach, U bilan yuruvchilar va o’n ikki shogirdi boyagi masal haqida alohida so’radilar.
11Iso ularga dedi: “Xudo Shohligining siri sizlarga nasib etgan. Tashqaridagilarga esa hamma narsa masallar bilan uqtiriladi.
12Shunday qilib, ularga qaratilgan bu oyat bajo kelmoqda: “Ular qarab turib, ko’rmaslar, Eshitib turib, anglamaslar. Aks holda tavba-tazarru qilur Va gunohlaridan forig’ bo’lur edilar”.
13“Bu masalni tushunmayapsizlarmi? – dedi ularga Iso. – Unday bo’lsa, barcha masallarni ham qanday qilib tushunasizlar?
14Mana, urug’ sepuvchining sepgani – Xudoning Kalomidir.
15Yo’l yoqasiga tushgan urug’ Shunday odamlarni bildiradi: ularning yuragiga ilohiy kalom sepiladi. Biroq ular eshitgan hamon shayton kelib, qalblariga sepilgan kalomni o’g’irlab ketadi.
16Toshloqqa tushgan urug’ esa Shunday odamlarni bildiradi: ular kalomni eshitar-eshitmas, sevinch bilan qabul qilaveradilar.
17Lekin ular ildizi yo’q beqaror odamlardir. So’ngra kalom tufayli qayg’u yoki quvg’inga duchor bo’lishsa, tezda vasvasaga tushib qoladilar.
18Yana boshqalar tikanzorga tushgan uruqqa o’xshaydilar. Ular Xudoning kalomini eshitadi-yu,
19lekin bu dunyoning tashvishlari, boylikka o’chlik va bashqa havaslar ularning yuraklariga suqilib kirib, kalomni bo’g’ib qo’yadi, kalom esa samarasiz qoladi.
20 Yaxshi tuproqqa tushgan urug’ bo’lsa, kalomni eshitib, qalbiga jo qilgan odamlarni bildiradi. Ular goh o’ttiz, goh oltmish, goh yuz barobar ko’p samara beradilar”.
21Iso ularga yana dedi: “Shamni olib kelib, idishning yoki chorpoyaning tagiga qo’yadimi? Aksincha, shamdonga qo’ymaydimi?
22Xuddi shu singari, oshkora bo’lmaydigan hech qanday sir yo’q, sirtga chiqmaydigan hech yashirin narsa yo’q.
23Kimning eshitar qulog’i bo’lsa, eshitsin!”
24Keyin ularga yana dedi: “Eshitayotganlaringizni qulog’ingizga quyib oling! Siz qanday o’lchov bilan o’lchasangiz, xuddi Shunday o’lchov bilan sizga ham o’lchab beriladi. Siz, tinglayotganlarga esa qo’shib ham beriladi.
25Kimda bor bo’lsa, unga yana beriladi. Kimda yo’q bo’lsa, bor bo’lgani ham tortib olinadi”.
26Iso yana dedi: “Xudoning Shoxligi erga urug’ sepgan odamga o’xshaydi.
27Kechasi bo’ldimi, uxlaydi, kunduzi bo’ldimi, turadi. Urug’ning qanday unib-o’sayotganidan u bexabar.
28Er o’z-o’zidan avval ko’katni, so’ngra boshoqni, undan keyin boshoqdagi to’liq donni undiradi.
29Hosil pishgach, yig’im-terim vaqti keldi, deb darhol o’roq soladi”.
30 Iso yana dedi: “Xudo Shoxligini nimaga o’xshataylik? Uni qanday masal bilan ifodalasak bo’ladi?
31Mana, Xudoning Shoxligi bir xantal doniga o’xshaydi: u erga sepilganda, er yuzidagi barcha urug’lardan kichik bo’ladi.
32Lekin sepilgandan keyin ko’karadi va barcha ko’katlardan baland bo’lib o’sadi. U ulkan shoxlar chiqaradiki, osmondagi qushlar ham uning panohida uya quradilar”.
33Shunday qilib, Iso xalqning eshitish imkoniga qarab, bu singari ko’pgina masallar orqali Xudo kalomini o’rgatar edi.
34Masalsiz ularga gapirmas edi. Shogirdlari bilan tanho qolganda esa, ularga hammasini ochiq tushuntirar edi.
35O’sha kuni kechqurun Iso shogirdlariga: Narigi qirg’oqqa suzib o’taylik, - dedi.
36Ular xaloyiqni jo’natib, Isoni o’tirgan qayig’ida olib ketishdi. Isoning ketidan boshqa qayiqlar ham suzib keldi.
37Shu orada ko’lda kuchli bo’ron ko’tarildi. To’lqinlar qayiqni tebratib yubordi, qayiq suvga to’la boshladi.
38Iso esa qayiqning quyruq tomonida yostiqqa bosh qo’yib, uxlab yotgan edi. Shogirdlar Isoni uyg’otib: Ustoz, biz halok bo’lyapmiz! Parvo qilmaysanmi? – deyishdi.
39Shunda Iso turib, shamolga do’q urdi va ko’lga: Jim bo’l, bas qil! – deb qo’ydi. Shu onda shamol tindi va chuqur sukunat bo’ldi.
40 Iso shogirdlariga: Nega bunday qo’rqoqsizlar? Qanday qilib haligacha ishonchingiz yo’q? – dedi.
41Ular esa juda qo’rqib, bir-biriga: Bu qanaqa kishiki, shamol ham, ko’l ham Unga bo’ysunsa? – deyishdi.

5-bob
1Ko’lning narigi qirg’og’idagi Gadara yuriiga etib kelishdi.
2Iso qayiqdan tushishi bilanoq, yovuz ruhga chalingan bir odam qabrlar orasidan chiqib, Uni qarshiladi.
3Turar joyi qabriston bo’lgan bu odamni hech kim hatto zanjir bilan ham bog’lay olmas edi.
4Ko’p martaba uni kishanu zanjirlar bilan bog’langan bo’lsalar-da, ammo u zanjirlarni uzib, kishanlarni ham sindirib tashlar edi. Uni tiyish uchun hech kimning kuchi etmas edi.
5Doimo, kechayu kunduz qabrlarda, tog’larda baqirib yurar, o’zini toshlarga urib jarohatlar edi.
6U Isoni uzoqdan ko’rib, yugurib keldi-da, Unga ta’zim qilib,
7ovozi boricha baqirdi: Ey Iso, Xudoyi Taoloning O’g’li! Men bilan nima ishing bor? Xudo haqi Senga yolvoraman, meni qiynama!
8Chunki Iso unga: “Ey yovuz ruh, bu odamdan chiqib ket!” – deb buyurgan edi.
9Iso undan so’radi: Isming nima? – Ismim Tumonat, chunki bizlar ko’pchilikmiz, - javob berdi u.
10 O’zlarini bu yurtdan tashqariga haydab chiqarmasligini Isodan ko’p yolvorib so’radi.
11O’sha tog’ning yon bag’rida katta to’ng’iz podasi o’tlab yurgan edi.
12Hamma ruhlar Isoga yolvorib: Bizni shu to’ng’izlarga yuborgin, ularga kiraylik, – deyishdi.
13Iso ularga ruxsat berdi. Yovuz ruhlar esa shu zahoti u odamdan chiqib, to’ng’izlarga kirib olishdi. Ikki mingga yaqin to’ng’iz podasi tik qiyalikdan ko’lga yopirilib, g’arq bo’ldi.
14Shunda to’ng’iz boquvchilar to’rt tomonga to’zib, Shahar va qishloqlarda bu bo’lib o’tgan hodisani gapirib berishdi. Aholi esa buni ko’rgani borib,
15Isoning oldiga yig’ilishdi. Ilgari tumonat jin qamragan odamni kiyingan va aqli raso holda o’tirganini ko’rib, qo’rqib ketishdi.
16Voqeani ko’rgalar esa haligi odam jindan qanday qutulgani va to’ng’izlar bilan nima ro’y bergani haqida xalqqa so’zlab berishdi.
17Shunda erli xalq Isodan o’z yurtlari chegarasidan chiqib ketishni iltimos qildi.
18Iso qayiqqa tushdi. Jindan qutulgan odam Isoga ergashish uchun ruxsat so’radi.
19Lekin Iso rozilik bermadi. – O’z uyingga bor, Rabbing senga nimalar qilganini, qanday rahm-shafqat ko’rsatganini o’z yaqinlaringga gapirib ber, - dedi unga.
20 Shunda u kishi borib, O’nkent viloyatida Iso o’ziga nimalar qilganini targ’ib qila boshladi. Hamma ham hayratga tushdi.
21Iso ko’lning berigi bo’yiga suzib o’tib, qirg’oqda turardi. Uning oldiga yana ko’p xaloyiq to’plandi.
22Yahudiy jamoa boshlaridan Yair ismli bir kishi kelib qoldi. U Isoni ko’rib, Uning oyoqlariga o’zini tashladi-da:
23Qizim o’lim to’shagida yotibdi. Kelib unga qo’lingni tegizgin, u sog’ayib tirik qolsin, - deb yalinib-yolvordi.
24Iso u bilan ketdi. Uning orqasidan ko’p xaloyiq ergashib, Uni siqib qo’yar edi.
25U erda o’n ikki yildan beri qon ketishidan azob chekayotgan bir ayol ham bor edi.
26U ko’p tabiblardan ko’p qiynalib, butun mol-mulkini sarf etgani bilan hech foyda ko’rmagan, aksincha, ahvoli yanada og’irlashib ketgan edi.
27Ayol Iso haqida eshitdiyu, xaloyiq o’rtasida orqa tomondan Unga yaqinlashib, kiyimiga qo’l tegizdi.
28U o’zicha: “Agar kiyimiga bir tegib olsam bas, sog’ayib ketaman”, - deb o’ylagan edi.
29U Shunday qilishi bilanoq, qon ketishi to’xtadi. Ayol kasallikdan forig’ bo’lganini o’z tanasida his etdi.
30 Iso esa shu onda O’zidan bir kuch chiqqanligini payqadi. U atrofidagi xaloyiqqa ko’z yugurtirib: Mening kiyimimga kim tegdi? – dedi.
31Shogirdlari Unga: Xaloyiq Seni siqib turganligini ko’ryapsan-ku va tag’in kiyimimga kim tegdi, deb so’rayapsanmi? – deyishdi.
32Lekin Iso buni qilgan ayolni ko’rish uchun atrofga qarar edi.
33Ayol o’ziga nima bo’lganini bilib, qo’rqib va qaltirab ketdi, Isoning oyoqlariga o’zini tashlab, butun haqiqatni Unga so’zlab berdi.
34Iso unga: Qizim, ishonching seni qutqardi. Eson-omon borib, dardingdan forig’ bo’lgil, - dedi.
35Iso Shunday deb turgan ham ediki, jamoaboshining uyidan odamlar kelib unga: Qizingiz o’ldi, nega yana Ustozni ovora qilyapsiz? – dedilar.
36Iso bu so’zlarni eshitib, jamoaboshiga: Qo’rqma, faqat ishongin, - dedi.
37Iso hech kimning ergashishiga yo’l qo’ymay, faqat Butrus, Yoqub va uning ukasi Yuhannoni olib ketdi.
38Jamoaboshining uyiga etganlarida, yig’i va dod-faryod to’la bir qiy-chuvga duch kelishdi.
39Iso ichkariga kirib: Nega qayg’uryapsizlar, nega yig’layapsizlar? Qizcha o’lgan emas, u uxlab yotibdi, - dedi.
40 Ular esa Uning ustidan kulishdi. Iso hammani tashqariga chiqarib yubordi, qizchaning ota-onasi va shogirdlarini olib qoldi va qizcha yotgan xonaga kirdi.
41Qizchaning qo’lidan ushlab unga: Talifa qumi! – dedi. Bu so’zning tarjimasi: “Qizim, senga aytaman: o’rningdan tur!” demakdir.
42O’n ikki yashar qizaloq shu onda o’rnidan turib, yura boshladi. Buni ko’rganlarning aqli shoshdi.
43Iso: Buni hech kim bilmasin, - deb ularga qat’iy buyurdi va qizchaga ovqat berishlarini aytdi.

6-bob
1Iso u erdan jo’nab, O’z yurtiga bordi. Shogirdlari ham Uning orqasidan ergashib kelishdi.
2Shanba kuni bo’lgach, Iso ibodatxonada ta’lim bera boshladi. Uni tinglayotganlarning ko’pchiligi hayratga tushib: Bular Unga qaerdan nasib bo’lgan ekan? Unga bunday donolikni kim berdi? Qanday qilib Uning qo’li orqali bunaqa mo’’jizalar sodir bo’lyapti?
3Maryamning o’g’li, Yoqub, Yusuf, Yahudo va Simunning akasi duradgor Iso bu emasmi? Uning singillari ham mana shu erda, o’z oramizda turibdiku! – deyishdi. Va g’ashlanib, Isoni rad qilishdi.
4Iso ularga: Payg’ambar o’z vatanidan, o’z qarindosh-urug’lari va uyidan boshqa erda e’tiborsiz qolmas, - dedi.
5Iso u erda hech qanday mo’’jiza yaratolmadi. Faqatgina bir muncha bemorlarga qo’l tegizib, ularni sog’aytirdi.
6Ularning imonsizligiga ajablandi. Shundan so’ng Iso atrofdagi qishloqlarda kezib ta’lim berardi.
7O’n ikki shogirdini yoniga chaqirib, ikkita-ikkitadan qilib jo’natmoqchi bo’ldi. Ularga yovuz ruhlar ustidan hokimlik qilish uchun qudrat berdi.
8Ularga buyurib: “Yo’l uchun yolg’iz hassadan boshqa hech narsa – to’rva ham, non ham, kamarlaringga mis chaqa ham olmanglar,
9balki oddiygina choriq kiyib, ikki sidra kiyim esa kiymanglar”, - dedi.
10 Iso yana dedi: “Agar biron joyda biron uyga kirsangizlar, u erdan chiqishingizgacha o’sha uyda qolinglar.
11Agar biron joy odamlari sizni qabul qilmasa va sizga quloq solmasalar, u erdan chiqayotganingizda ularga ogohlantirish tariqasida oyoqlaringizdan changni qoqib ketinglar. [Sizlarga chinini aytayin, qiyomat kunida u Shahardan ko’ra Sado’m va G’amo’ra Shaharlarining holi engilroq bo’ladi.]”
12Shunda shogirdlar yo’lga tushib, xalqni tavba qilishga undab yurishdi.
13Ko’p jinlarni quvib chiqarishdi va ko’p kasalarga yog’ surtib ularni sog’aytirishdi.
14Isoning nomi el og’ziga tushib qolgan edi. Podshoh Hirodning qulog’iga ham mish-mishlar etganda, u: Yahyo payg’ambar tirilib kelibdi. Shuning uchun bu Kishi orqali bunday ajoyibotlar sodir bo’lmoqda, - dedi.
15Boshqalar esa Uni Ilyos payg’ambar deb hisoblasa, yana boshqalar Uni qadimgi payg’ambarlar qatorida bir payg’ambar derdilar.
16Hirod bularni eshitib: Bu men boshini kesgan Yahyodan bashqasi emas. U qayta tirilib kelgan, - deb qattiq turdi.
17Hirod o’z ukasi Filipning xotini Hirodiyaga uylangani sababli Yahyoni qo’lga olib, zindonga qamatib qo’ygan edi.
18Chunki Yahyo Hirodga:”Ukangning xotinini olish sen uchun ravo emas”, - deb yurgan edi.
19Hirodiyaning o’zi Yahyodan achchiqlanib, uni o’ldirmoqchi bo’lgan, ammo bu niyatiga eta olmayotgan edi.
20 Hirod esa Yahyoning solih va muqaddas kishi ekanini bilib, undan qo’rqar va uni himoya qilar edi. Uning so’zlarini maroq bilan tinglar va ko’p ishlarni uning maslahati bilan qilardi.
21Bir kuni qulay fursat tug’ilib qoldi. Hirod o’zining tug’ilgan kuni munosabati bilan o’z mansabdorlari, mingboshilari va Jalila yurtining og’alariga ziyofat berdi.
22Hirodiyaning qizi kirib, raqs tushdi va Hirod bilan ulfatlarining ko’nglini topdi. Podshoh qizga: Nima istasang, tila, men senga beraman, - dedi.
23Unga hatto qasam ichib: Mendan nima so’rasang, beraman, podshohligimning yarmigacha bo’lsa ham, beraman, - dedi.
24Qiz chiqib onasidan so’radi: Nimani so’ray? - Yahyo payg’ambarning boshini so’ra! – dedi onasi.
25Qiz shu onda podshoh huzuriga yugurib borib: Menga hoziroq laganda Yahyo payg’ambarning boshini olib berishingizni so’rayman, - dedi.
26Podshoh juda xafa bo’ldi. Lekin qasam ichganligi tufayli va mehmonlar xotiri uchun qizining iltimosini rad etishni istamadi.
27U shu ondayoq jallodni yuborib, Yahyoning boshini keltirishni buyurdi.
28Jallod zindonga borib, Yahyoning boshini tanidan judo qildi va laganga solib, qizga olib berdi: qiz esa onasiga topshirdi.
29Yahyoning shogirdlari yuz bergan hodisani eshitib, uning jasadini olgani borishdi va uni dafn etishdi.
30 Havoriylar Isoning huzuriga to’planib, qanday ishlar qilishganini, halqqa nimalar o’rgatishganini birma-bir aytib berdilar.
31Iso ularga: Kelinglar, bir o’zimiz biron xilvat joyga boraylik, bir oz dam olinglar, - dedi. Chunki kelib-ketuvchilar ko’pligidan ularning ovqat eyishga ham vaqti yo’q edi.
32Iso bilan shogirdlari alohida qayiqqa tushib, xilvat joyga jo’nab ketishdi.
33Lekin xalq ularning ketayotganini ko’rdi, ko’pchilik tanib qoldi. Shunda hamma Shaharlardan piyoda yo’lga tushishdi, Iso bilan shogirdlari borayotgan joyga yugurib borib, ulardan oldin etib kelishdi.
34Iso qayiqdan chiqqanda, shuncha haloyiqni ko’rib, ularga achindi. Chunki ular cho’ponsiz qo’ylarga o’xshardi. Iso ularga ko’p narsalarni o’rgatardi.
35Ancha vaqt o’tgandan so’ng, shogirdlar Isoning yoniga kelib: Bu er yo’von ekan, endi vaqt kech bo’lib qoldi.
36Xalqni qo’yib yubor, atrofdagi qishloq va ovullarga borib o’zlariga non sotib olishsin, eydigan hech narsallari yo’q, - deyishdi.
37Iso ularga javoban: Sizlar ularga ovqat beringlar! - dedi. - Nahotki biz ikki yuz kumush tangaga non sotib olib kelib, xalqqa edirsak? - deb so’rashdi Undan.
38Iso dedi: Qancha nonlaringiz bor? Borib ko’ringlar. Ular bilib kelgach: Beshta non, ikkita baliq bor ekan, - deyishdi.
39Iso xaloyiqni to’p-to’p qilib yashil o’t ustida o’tkazishni shogirdlariga buyurdi.
40 Xalq yuztadan va elliktadan to’da-to’da bo’lib o’tirdi.
41Iso beshta non bilan ikkita baliqni oldi va osmonga qarab shukrona duosini o’qidi. Nonlarni sindirib, xaloyiqqa tarqatish uchun shogirdlariga berdi. Ikkita baliqni ham hammaga taqsimlab berdi.
42Ularning hammalari eb to’ydi.
43So’ng ortib qolgan non burdalari va baliqlarni terib olishdi, to’la o’n ikki savat chiqdi.
44Non eganlar besh mingta yaqin erkak edi.
45Iso vaqt o’tkazmay, shogirdlarini qayiqqa tushirib, narigi tomondagi Baytsayda shahriga o’tishga majbur qildi. Ungacha O’zi odamlarga ruxsat beradigan bo’ldi.
46Xalqni jo’natib yuborganidan keyin, Iso ibodat qilish uchun toqqa chiqdi.
47Kech kirgach, qayiq ko’lning o’rtasida edi. Iso esa yolg’iz O’zi quruqlikda edi.
48Shamol shogirdlarga qarshi esar edi. Iso ular qayiqni xaydashga qiynalayotganini ko’rdi. Subhidam chog’i Iso ko’l ustida yurgancha shogirdlari tomon keldi-da, yonlaridan o’tguday bo’ldi.
49Shogirdlar esa ko’l yuzida yurgan Isoni ko’rib, allaqanday sharpa deb o’ylab, qichqirib yuborishdi.
50 Hammasi ham Uni ko’rib, yuraklari orqasiga tortib ketdi. Ammo Iso o’sha zahoti gapga kirib: Dadil bo’linglar! Bu Men, qo’rqmanglar! – dedi.
51Iso shogirdlari yoniga, qayiqqa tushishi bilan shamol tindi. Shogirdlar haddan tashqari taajjublanib, lol bo’lib qolishdi.
52Ular non bilan bo’lgan mo’’jizadan ham ibrat olmagan edilar, aqllari etmas edi.
53Ko’ldan suzib o’tib, Genisaret qirg’og’iga kelib to’xtadilar.
54Qayiqdan chiqishlari bilanoq xalq Isoni tanib qoldi.
55Tezda butun o’sha yurtga xabar etib bordi. Isoning qaerdaligini eshitganlar esa o’z kasallarini to’shakda ko’tarib borib, Isoni qidirib topguncha yurtni aylanadigan bo’lishdi.
56Iso qaerga bormasin – qishloqlargami, Shaharlargami, ovullargami – odamlar kasallarni ochiq maydonlarga qo’yar, aqalli kiyimining bir chekkasiga tegish uchun Undan iltimos qilishardi. Unga qo’l tegizganlar esa shifo topardi.

7-bob
1Farziylar va Quddusdan kelgan ayrim ulamolar Isoning yoniga to’plandilar.
2Ular Iso shogirdlarining ba’zilari harom, ya’ni yuvilmagan qo’llari bilan non eyayotganlarini ko’rib, ta’na qildilar.
3Sababki, farziylar va umuman yahudiylar ota-bobolarining urf-odatini saqlab, qo’llarini yaxshilab yuvmay hech ovqat emaydilar.
4Bozordan qaytganlarida ham yuvinmay ovqat emaydilar. Shuningdek, kosa, tovoq qozon, kursi yuvish bilan bog’liq ko’pgina udumlarga rioya qiladilar.
5Shunday qilib, farziylar va ulamolar Isodan: Sening shogirdlaring nega ota-bobolar urf-odatini saqlamaydilar? Nima uchun yuvilmagan qo’llari bilan non eyishadi? – deb so’radilar.
6Iso ularga Shunday javob berdi: Isha’yo payg’ambarning karomati siz ikkiyuzlamachilarga juda to’g’ri keladi, mana uning kitobida Xudo nima degan: “Bu xalq Meni hurmatlar tilida, Lekin dili esa Mendan uzoqdur.
7Ular Menga behudaga o’qir sanolar, Insonlar amru ta’limin farz deb”.
8[Sizlar-ku qozon-tovoq chayish bilan bog’liq va boshqa yana ko’p udumlarga rioya qilib,] Xudoning amrini tashlaysiz-u, insonlar urf-odatini esa pesh qilasizlar.
9Yana ularga dedi: Siz o’z urf-odatlaringizni deb Xudoning amrlarini bir chetga yig’ishiirib qo’yishni boplaysiz-da!
10 Muso payg’ambar aytgan edi: “Ota-onangni hurmat qil”, va “Ota- onasini haqorat qilgan mutlaqo o’ldirilsin”.
11Ammo sizlar: Agar kim ota yoki onasiga: Mening senga yordamim qurbon, ya’ni Xudoga bag’ishlangan, - desa,
12u ota yoki onasiga biron yaxshilik qilmasa ham bo’ladi, deysizlar.
13Shu bilan siz o’zlaringiz o’rnatgan urf-odatlaringizni deb Xudoning kalomini bekor qilasizlar. Va shunga o’xshash yana ko’p ishlarni qilasizlar.
14Keyin Iso butun xalqni yoniga chaqirib, dedi: Hammalaringiz Menga quloq solib, miyaga joylang!
15Sirtdan inson ichiga kiradigan hech narsa insonni harom qila olmaydi. Aksincha, inson ichidan chiqadigan narsa insonni harom qiladi.
16[Kimning eshitar qulog’i bo’lsa, eshitsin!]
17Iso xaloyiq orasidan chiqib uyga kirdi, shogirdlari Undan boyagi masal haqida so’radilar.
18U ularga dedi: Sizlar ham shunchalik befahmmisizlar? Sirtdan insonning ichiga kiradigan hech narsa uni harom qila olmasligini anglamaysizlarmi?
19Bu narsalar insonning qalbiga emas, qorniga kiradi va kerak joydan chiqib ketadi. Shu bilan Iso har qanday oziq-ovqatlarni halolladi.
20 U yana dedi: Insonning ichidan chiqadigan narsalar harom qiladi.
21Chunki ichdan, ya’ni inson qalbidan yomon fikrlar, fahshu zino, qotillik,
22o’g’rilik, tamagirlik, badniyatlik, makkorlik, nafsga berilganlik, g’ayirlik, kufr, manmanlik va nodonlik chiqadi.
23Ana shu yomonliklarning hammasi insonning ichidan chiqib, uni harom qiladi.
24Iso u erdan chiqib, Tir va Sido’n taraflariga keldi. Bir uyga kirdi va buni hech kim bilib qolishini istamas edi, lekin yashirina olmadi.
25Qizalog’ini yovuz ruh chalgan bir ayol Iso haqida eshitib qoldi-da, tez kelib Uning oyog’iga yiqildi.
26Bu ayol Suriyaning Finikiya muzofotida tug’ilgan bo’lib, yahudiy emas edi. Qizidan jinni quvib chiqarishni Isodan iltimos qildi.
27Biroq Iso unga: Avval bolalar to’ysin, bolalardan nonni olib itlarga tashlash yaxshi emas, - dedi.
28Ayol: Xuddi Shunday, Hazrat, lekin itlar ham bolalar dasturxonidan to’kilgan ushoqlarni terib eydi-ku, - deb javob berdi.
29Iso unga: Bor, mana shu gaping uchun qizingdan jin chiqib ketdi, - dedi.
30Ayol borib uyiga kelganda, qizini jindan qutulib, to’shakda yotgan holda ko’rdi.
31Iso Tir va Sido’n chegarasidan jo’nab, O’nkent viloyatidan o’tib, yana Jalila ko’li bo’yiga keldi.
32Isoning oldiga bir kar-soqovni keltirib, unga qo’l tegizishini so’rashdi.
33Iso u odamni xaloyiq orasidan olib chiqib bir chetga tortdi-da, barmoqlarini uning quloqlariga tiqib qo’ydi va tupurib tiliga tegizdi.
34Keyin osmonga qarab, chuqur xo’rsindi-da, unga: Effatah! – dedi. Bu so’zning tarjimasi “Ochil!” demakdir.
35Shu onda u odamning quloqlari ochilib, tilga kirdi, ravongina gapira boshladi.
36Iso u erdagilarga, buni hech kimga aytmanglar, deb buyurdi. Biroq U odamlarga qancha man etsa, ular yanada ko’proq oshkor etishardi.
37Ular haddan tashqari tong qolib: “U hamma narsani yaxshi qiladi, karlarni eshitadigan, soqovlarni gapiradigan qiladi”, - deyishardi.

8-bob
1O’sha kunlarda yana ko’pdan-ko’p odam yig’ilgan edi. Eyish uchun hech narsalari qolmaganda, Iso shogirdlarini yoniga chaqirib dedi:
2Xalqqa achinyapman. Uch kundan beri Mening oldimda turishibdi va eydigan hech narsalari yo’q.
3Agar ularni uylariga ovqat bermay jo’natib yuborsam, yo’lda holdan toyadilar, chunki ba’zilari olis erlardan kelishgan.
4Shogirdlari bunga javoban: Ularni to’ydirish uchun bu sahroda kim qaerdan non topa olardi? - deyishdi.
5Qancha nonlaringiz bor? – so’radi Iso. – Ettita, – dedi shogirdlar.
6Shundan keyin Iso xalqqa erga o’tirishni buyurdi. Ettita nonni olib, shukrona duosini o’qib sindirdi va tarqatish uchun shogirdlariga berdi. Shogirdlar xalqqa tarqatishdi.
7Ularda bir oz baliq ham bor edi. Iso duo o’qib, bularni ham tarqatishni buyurdi.
8Xalq eb to’ydi. Ortib qolgan burdalarni terishganda, etti savat chiqdi.
9U erda to’rt mingga yaqin odam bor edi. Iso xaloyiqqa javob berdi
10 va tezda shogirdlari bilan qayiqqa tushib, Dalmanuta yurtiga suzib o’tdi.
11Farziylar Isoning oldiga borib, U bilan bahslasha boshladilar. Uni sinab ko’rish maqsadida ko’kdan dalil ko’rsatishini so’radilar.
12Lekin Iso chuqur xo’rsindi: Nega bu avlod dalilni talab qilyapti? Sizlarga aytib qo’yay, bu avlodga hech qanday dalil ko’rsatilmaydi!
13Shunday dedi-yu, ularni qoldirib, yana qayiqqa tushdi va narigi qirg’oqqa suzib o’tdi.
14Shogirdlar o’zlari bilan non olishni unutibdilar. Qayiqda bittagina nondan boshqa narsa yo’q edi.
15Shu orada Iso shogirdlarini ogohlantirib: Menga qaranglar, farziylarning va Hirodning xamirturushidan ehtiyot bo’linglar! – dedi.
16Ular o’zlaricha: “Buni non olmaganimiz uchun aytdi, chog’i”, – deb fikr yuritishdi.
17Iso buni bilib qolib, ularga dedi: Nega sizlar, nonimiz yo’q, deb qayg’urayapsizlar? Hali ham yuragingiz so’qirmi?
18Nahotki ko’zlaringiz bo’lib, ko’rmaysizlar, quloqlaringiz bo’lib, eshitmaysizlar? Esingizda yo’qmi?
19Men beshta nonni sindirib, besh ming kishiga bo’lib berganimda, sizlar non burdalaridan necha savat terib oldinglar? – O’n ikki savat, – dedi ular.
20 Men ettita nonni sindirib, to’rt ming kishiga bo’lib berganimda, burdalaridan necha savat terib oldinglar? – Etti savat, – deyishdi.
21Hali ham anglamadinglarmi? – dedi ularga Iso.
22Iso Baytsayda kishlog’iga keldi. Uning oldiga bir ko’rni olibo kelib, unga qo’l tegizishini so’rashdi.
23Iso ko’rning qo’lidan ushlab, qishloq tashqarisiga olib chiqdi. Ko’zlariga tupurib, qo’llarini uning boshiga qo’ydi-da: Biron narsa ko’ryapsanmi? – deb so’radi.
24Ko’r boshini ko’tarib: Odamlarni ko’ryapman, lekin ular menga yurayotgan daraxtlarday tuyulmoqdalar, – dedi.
25Shundan keyin Iso qo’llarini yana ko’rning ko’zlaringa tegizib, unga bir qarashni buyurdi. U ko’zlarini ochib qarasa, sog’ayib qolgan, hamma narsani aniq ko’rayotgan edi.
26Iso uni uyiga jo’natarkan: Qishloqqa kirma, [qishloqda hech kimga buni aytma,] – dedi.
27Iso O’z shogirdlari bilan Filip Kesariyasiga mansub qishloqlarga ketdi. Yo’lda U shogirdlaridan: Odamlar Meni kim deb hisoblaydilar? – deb so’radi.
28Shogirdlar dedi: Ba’zilari Yahyo payg’ambar deb, boshqalari Ilyos payg’ambar deb, yana birlari esa o’tgan payg’ambarlardan biri deb hisoblaydilar.
29Iso ulardan so’radi: Sizlar-chi, Meni kim deb hisoblaysizlar? Butrus Unga javob berib: Sen Masihsan, – dedi.
30 Bundan so’ng Iso, Men haqimda hech kimga gapirmanglar, deb shogirdlariga qat’iy buyurdi.
31Inson O’g’li ko’p azob chekishi, oqsoqollar, oliy ruhoniylar va ulamolar tomonidan rad qilinib, o’ldirilishi, uchinchi kuni esa qayta tirilishi kerak, deb Iso shogirdlariga uqtira boshladi.
32Bu haqda ochiqdan-ochiq gapirar edi. Shunda Butrus Isoni chetga tortib, fikridan aynitishga harakat qildi.
33Lekin Iso o’girilib shogirdlarini ko’rdi-da, Butrusga ta’na qildi: Yo’qol ko’zimdan, shayton! Sen Xudoning ishlarini emas, inson ishlarini o’ylayapsan, – dedi.
34Shundan so’ng Iso xalq bilan shogirdlarini oldiga chaqirib dedi: Kimda-kim Menga ergashishni istasa, o’zidan kechsin va o’z xochini ko’tarib, orqamdan yursin.
35Kim jonini ayamoqchi bo’lsa, jonini yo’qotadi. Kim Men va Injil uchun jonini bersa, jonini qutqaradi.
36Agar inson butun dunyoni egallab olsa-yu, o’z joniga zarar keltirsa, bundan unga nima fayda?
37Inson o’z joni evaziga qanday to’lov topib berarkan?
38Kimki bu vafosizu gunohkor nasl orasida Mendan va Mening so’zlarimdan uyalar ekan, Inson O’g’li ham muqaddas farishtalar bilan birga Otasining ulug’vorligida kelganda, undan uyaladi.

9-bob
1Iso ularga dedi: Sizlarga chinini aytayin, bu erda turganlardan ba’zilari borki, ular Xudo Shohligi qudrat bilan kelishini ko’rmaguncha, o’lim ko’rmaydilar.
2Oradan olti kun o’tgach, Iso Butrus, Yoqub va Yuhannoni alohida baland bir toqqa olib chiqdi. U erda, ularning ko’zi oldida Isoning qiyofasi o’zgarib ketdi.
3Uning kiyimlari yarqirab, qorday oppoq tusga kirdiki, er yuzida hech bir kir yuvuvchi bunday oqartira olmas edi.
4To’satdan shogirdlarga Ilyos bilan Muso payg’ambarlar ko’rindi. Ular Iso bilan suhbatlashayotgan edilar.
5Shunda Butrus Isoga: Ustoz! Bizlar uchun bu erda bo’lish juda yoqyapti. Uchta chayla yasaylik, birisi Senga, birisi Musoga, birisi Ilyosga, – dedi.
6Lekin u nima deyishini bilmas edi, ularni juda vahima bosgan edi.
7Shu paytda bir bulut paydo bo’lib, ularga soya soldi. Bulut ichidan: Bu Mening sevikli O’g’limdir, Unga quloq solinglar! – degan sado keldi.
8Birdaniga shogirdlar atroflariga qarab, yolg’iz Isodan boshqa hech kimni yonlarida ko’rishmadi.
9Tog’dan tushayotganlarida Iso ularga: Inson O’g’li o’lib tirilmagunicha, bu ko’rganlaringni hech kimga aytmanglar, – deb buyurdi.
10 Ular esa bu so’zni diliga tugib olib, o’lib tirilish o’zi nima ekan, deb o’zaro fikrlashar edilar.
11Isodan so’radilar: Nega ulamolar, qiyomatdan oldin Ilyos payg’ambar kelishi kerak, deb aytadilar?
12Iso ularga javoban dedi: To’g’ri, avvalo Ilyos payg’ambar kelib, hamma narsani yo’lga qo’yadi. Xo’sh, qanlay qilib Inson O’g’li ko’p azob chekishi va xo’rlanishi kerak, degan oyatlar ham bor?
13Biroq Men sizlarga shuni aytaman: Ilyos allaqachon keldi va u haqida yozilganidek, u bilan o’z bilganlaricha qildilar.
14Iso qolgan shogirdlari yoniga qaytib kelgach, ularning atrofida ko’p xaloyiqni va ular bilan bahslashayotgan ulamolarni ko’rdi.
15Xaloyiq Isoni ko’rishi bilanoq hammasi ajablanib ketishdi. Uning oldiga yugurib borib, salom berishdi.
16Iso ulamolardan: Ular bilan nimalar to’g’risida bahslashyapsizlar? – deb so’radi.
17Xaloyiq orasidan kimdir javob berdi: Ustoz! Men Sening oldingga o’g’limni olib keldim, mana uni tilsiz ruh urgan.
18Yovuz ruh uni qaerda tutib olsa, erga yiqitib sudraydi. Uning og’zidan ko’pik chiqadi, tishlarini g’ichirlatib qotib qoladi. Sening shogirdlaringga ruhni quvib chiqaringlar dedim, lekin ular eplasholmadi.
19Iso bunga javoban: Ey imonsiz avlod! Qachongacha sizlar bilan bo’laman? Qachongacha sizlarga chidayman. Oldimga keltiringlar bolani! – dedi.
20 Bolani Isoning oldiga keltirishdi. Yovuz ruh Isoni ko’rishi bilanoq, bolani qaltiratib tashladi. Bola erga yiqildi-yu, og’zidan ko’pik oqizgancha ag’nab yotaverdi.
21Iso uning otasiga qarab: U bu ahvolga tushganiga necha vaqt bo’ldi? – deb so’radi. – Bolaligidan shunaqa.
22Ruh uni halok qilmoqchi bo’lib ko’p martaba olovga, suvga tashladi. Agar qo’lingdan kelsa, bizlarga rahm qil, yordam bergin, – dedi.
23Iso unga: Qo’limdan kelsami? To’g’risi, sen bir oz bo’lsa ham ishona olsang edi! E’tiqodli kishi hamma imkonga ega bo’ladi – dedi.
24Shu on bolaning otasi ko’z yoshi bilan hayqirib: E’tiqod qilaman, Rabbiy! E’tiqodsizligimdan qutqargin! – dedi.
25Xalq yugurishib yig’ilayotganini ko’rgan Iso yovuz ruhga do’q qilib: Ey soqov va kar ruh, Men senga buyuraman: boladan chiq va qaytib unga kirma! – dedi.
26Shunda ruh qattiq qichqirib yubordi-da, bolani shiddat bilan qaltiratib undan chiqib ketdi. Bola o’likday bo’lib qalganidan, ko’plar uni o’ldi deb aytishdi.
27Lekin Iso uni qo’lidan ushlab ko’tardi, bola oyoqqa turdi.
28Iso uyga kirdi.U yolg’iz ekan, shogirdlari Undan: Nega biz jinni quvib chiqarolmadik? – deb so’radilar.
29Bu toifa jinlarni ibodatdan boshqa yo’l bilan quvib bo’lmaydi.
30 Ular u erdan jo’nab, Jalila yurti orqali yurib o’tdilar. Iso esa buni hech kim bilib qolishini istamas edi.
31U shogirdlariga ta’lim berib, Shunday dedi: Inson O’g’li odamlar qo’liga tutib beriladi. Uni o’ldirishadi, o’ldirishgandan uch kun keyin esa U qayta tiriladi.
32Shogirdlar esa bu so’zlarni tushunmasalar-da, ammo Undan so’rashga ham botina olmadilar.
33Iso Kafarnahum shahriga keldi. Uyda bo’lganida, shogirdlardan so’radi: Yo’lda ketayotganingizda nimalar haqida bahslashdinglar?
34Ular indamadilar, yo’lda ular kim eng katta deb bahslashgan edilar.
35Iso o’tirib, o’n ikki shogirdini yoniga chaqirdi: Kim birinchi bo’lishni istasa, hammaning oxirida tursin va hammaga xizmatkor bo’lsin, – dedi.
36So’ngra bir bolani olib, uni o’rtalarida turg’izib qo’ydi va bolani quchoqlagancha, shogirdlariga dedi:
37Kim Shunday bolalardan birini Mening nomimdan qabul qilsa, u Meni qabul qilgan bo’ladi. Kim Meni qabul qilsa, u Meni emas, balki Meni Yuborganni qabul qilgan bo’ladi.
38Yuhanno Isoga: Ustoz! Sening noming bilan jin quvib chiqarayotgan bir odamni ko’rib qoldik, U biz bilan yurmayapti, deb unga buni man qildik, – dedi.
39Iso Shunday dedi: Man qilmang! Chunki Mening nomim bilan mo’’jiza yaratgan hech kim darrov Men yomonlay olmaydi.
40 Kim sizga qarshi bo’lmasa, u siz tomonda.
41Kim sizga Mening nomim uchun, Masih ummati bo’lganingiz uchun bir piyola suvgina ichirsa ham, sizlarga chindan aytamanki, u o’z mukofotidan quruq qolmas.
42“Kim Menga ishongan shu kichiklardan birontasini yo’ldan ozdirsa, uning bo’yniga bir tegirmon toshini osib dengizga tashlanishi u uchun yaxshiroq bo’lar edi.
43Agar qo’ling seni yo’ldan ozdirsa, uni chopib tashla. Ikki qo’ling bilan so’nmas do’zax o’tiga yo’liqqaningdan ko’ra, mayib bo’lib abadiy hayotga erishganing yaxshiroqdir.
44[ Do’zaxilarning qurti ham o’lmas, o’ti ham so’nmas.]
45Agar oyog’ing seni yo’ldan ozdirsa, uni chopib tashda. Ikki oyog’ing bilan so’nmas do’zax o’tiga tashlangandan ko’ra, cho’loq bo’lib abadiy hayotga erishganing yaxshiroqdir.
46[Do’zaxilarning qurti ham o’lmas, o’ti ham so’nmas.]
47Agar ko’zing seni yo’ldan ozdirsa, uni o’yib tashla. Ikki ko’zing bilan o’tli do’zaxga tashlangandan ko’ra, bir ko’z bilan Xudoning Shohligiga kirganing yaxshiroqdir.
48Do’zaxilarning qurti ham o’lmas, o’ti ham so’nmas.
49Hamma ham o’tda poklanadi, har bir qurbonlik tuzga bulanadi.
50 Tuz – yaxshi narsa. Lekin tuz o’z sho’rligini yo’qotsa, uni yana nima bilan sho’r qilasizlar? Gapingiz tuzli bo’lsin, o’zaro tinch-totuv yashanglar”.

10-bob
1Iso u erdan ketib, Yahudiya o’lkasiga va O’rdun daryosining naryog’iga keldi. Uning atrofiga yana ko’p xalq yig’ildi, U O’z odati bo’yicha odamlarga yana ta’lim bera boshladi.
2Ba’zi farziylar Uni sinab ko’rmoq niyatida yaqinlashib: Er o’z xotinidan ajralishiga ijozat beriladimi? – deb so’radilar.
3Iso bunga javoban: Muso sizlarga nimani buyurgan edi? – deb so’radi.
4Muso erkak taloq xatini yozib xotinidan ajralishiga ijozat bergan edi, – deyishdi.
5Iso ularga javob berib dedi: Bag’ri toshligingiz uchun Muso sizlarga bu amrni yozib qoldirgan.
6Aslida Xudo dunyoni yaratishidanoq odamlarni erkak va xotin qilib yaratdi.
7Tavrotda yozilishicha: “Shuning uchun er kishi ota-onasini qoldirib,
8o’z xotiniga yopishib qoladi va ikkovi bir tan bo’ladi”. Bunga ko’ra, ular endi ikki emas, balki bir tan hisoblanadi.
9Xudo birga qo’shganini bandasi ajratmasin.
10 Uyga kelgandarida, shogirdlar yana shu haqda Isodan so’radilar.
11U ularga dedi: Kim o’z xotini bilan ajralib boshqasiga uylansa, u xotiniga nisbatan zino qilgan bo’ladi.
12Xotin ham agar o’z eridan ajralib boshqasiga tegsa, zino qilgan bo’ladi.
13Ularning peshanasiga qo’lini qo’ysin, deb Isoning oldiga bolalarni keltirishardi. Shogirdlar esa etaklab keluvchilarni koyib qo’yishdi.
14Iso buni ko’rganda, g’azablanib dedi: – Bolalarga yo’l qo’yinglar, Mening oldimga kelishiga to’sqinlik qilmanglar! Mana, Xudoning Shohligi bundaylarnikidir.
15Sizlarga chinini aytayin: kim Xudoning Shohligini bola kabi qabul qilmasa, unga hech kirolmaydi.
16Keyin bolalarni quchoqlab, ularning peshanalarini silab duo qildi.
17Iso yo’lga chiqayotganida, kimdir yugurib kelib, Uning oldida tiz cho’kdi-da: – Valine’mat Ustozim! Abadiy hayot nasib bo’lmog’i uchun nima qilishim kerak? – deb so’radi.
18Iso unga dedi: Nega Meni valine’mat deysan? Birgina Xudodan boshqa hech kim valine’mat emas-ku.
19Sen ilohiy amrlarni bilasan: “Zino qilma. Odam o’ldirma. O’g’rilik qilma. Soxta guvohlik berma. Birovning haqini ema. Ota-onangni hurmat qil”.
20 U kishi Isoga javob qaytarib: Ustozim! Bularning hammasiga yoshligimdan buyon rioya qilib kelaman, – dedi.
21Iso unga qaradi va yaxshi ko’rib qoldi. – Senga bir narsa etishmaydi, – dedi unga. – Bor, nimaga ega bo’lsang, hammasini sotib, pulini kambag’allarga bo’lib ber. Shundagina osmonda xazinang bo’ladi. Keyin kel, [xochni olib] orqamdan yur.
22Bu so’zlardan boyning ta’bi xira bo’ldi, chunki uning mol-mulki ko’p edi. U qayg’urib qaytib ketdi.
23Iso atrofga ko’z yugurtirib shogirdlariga dedi: Pul-dunyosi borlarning Xudo Shohligiga kirishlari naqadar qiyin!
24Shogirdlar bu so’zlarni eshitib, aqllari shoshdi. Iso esa qayta boshdan so’z oldi: Bolalar, boylikka umid bog’laganlar Xudo Shohligiga kirishga qanchalik qiynaladi!
25Boy odamning Xudo Shohligiga kirishidan ko’ra, tuyaning igna teshigidan o’tishi osondir.
26Shogirdlar haddan tashqari ajablanib o’zlaricha: Unday bo’lsa, kim najot topa olarkan? - deyishdi.
27Iso ularga ko’zini tikib: Odamlarga bu imkonsiz, lekin Xudoga emas. Chunki Xudo hamma imkonga egadir, – dedi.
28Butrus so’z olib Isoga: Mana, biz hamma narsani qoldirib, Sening orqangdan ergashib keldik, – dedi.
29Iso bunga javoban dedi: Sizlarga rostini aytsam, kim Men va Injil uchun uy-joy, aka-uka, opa-singil, ota-ona, xotin-bolalarini yoki er-mulkini tashlab ketsa,
30 u hozir, bu dunyodayoq duchor bo’layotgan quvg’inlar orasida yuz hissa ortiq uy-joylar, aka-ukalar, opa-singillar, ota-onalar, bolalar va erlarga ega bo’ladi, kelajak dunyoda esa abadiy hayotga sazovor bo’ladi.
31Lekin ko’p birinchilar oxirgi va oxirgilar esa birinchi bo’ladilar.
32Quddusga qarab yo’l bosar edilar. Iso oldinda ketayotgan edi. Shogirdlari hayron edi, boshqalar esa qo’rqib-qo’rqib ergashayotgan edilar. Iso o’n ikki shogirdini yoniga chaqirib, yana O’zi bilan nima yuz berishi to’g’risida so’zlay boshladi:
33Mana, biz endi Quddusga kirib boryapmiz. U erda Inson O’g’li oliy ruhoniylar va ulamolar qo’liga tutib beriladi. Ular Uni o’limga mahkum qilib, majusiylarga topshiradilar.
34Ular Uni haqorat qiladilar, qamchilaydilar, yuziga tupuradilar va Uni o’ldiradilar. Lekin uch kundan so’ng U qayta tiriladi.
35Zabadiy o’g’illari Yoqub bilan Yuhanno Isoning oldiga kelib: Ustoz, bizning bir tilagimiz bor, uni biz uchun bajo keltirishingni istaymiz, – deyishdi.
36Sizlar uchun nima qilishimni istaysizlar? – so’radi Iso.
37Ular: Sen ulug’vor dargohingda bo’lganingda, birimiz Sening o’ng tomoningda, boshqamiz esa chap tomoningda o’tirishimizga ruxsat bergin, – deyishdi.
38Iso ularga: Sizlar nima so’rayotganingizni bilmaysizlar. Men ichadigan zaqqum kosani siz icha olasizlarmi? Men botadigan qayg’u-alamlarga botib chidayolasizlarmi? – dedi.
39Ular: Chidayolamiz, – deb javob berishdi. Iso ularga dedi: Sizlar-ku Men ichadigan zaqqum kosani ichib, botadigan qayg’u-alamlarimga o’zingiz ham duchor bo’lasizlar.
40Ammo Mening o’ng va chap tomonimda o’tirishga ruxsat berish Mening ixtiyorimda emas. Bu o’rin kimlarga atalgan bo’lsa ularniki bo’ladi.
41Qolgan o’nala shogird buni eshitib, Yoqub bilan Yuhannodan achchiqlana ketishdi.
42Iso esa ularni yoniga chaqirib, dedi – Bilasizlarki, xalqlarning hokimlari hisoblanganlar hokimlik qilishdan qolishmaydilar, katta amaldorlar elga o’z hukmini o’tkazadilar.
43Ammo sizlarning orangizda bunday bo’lmasin. Aksincha, oragizda kim katta bo’lishni istasa sizlarga xizmatda bo’lsin.
44Orangizda kim birinchi bo’lishni istasa, hammangizga qul bo’lsin.
45Chunki Inson O’g’li ham O’ziga xizmat qildirish uchun emas, balki O’zi xizmat qilish va O’z jonini fido qilib, ko’plarni qutqarish uchun kelgan.
46Ular Erixo shahriga keldilar. Shahardan yana chiqib ketayotganlarida, Isoga O’z shogirdlari hamda bir talay xaloyiq ergashib borayotgan edi. Yo’l chekkasida Timeyning o’g’li ko’r Bartimey sadaqa so’rab o’tirgan edi.
47U nosiralik Iso o’tib ketayotganini eshitib: Ey Dovud O’g’li Iso, menga rahm qil! – deb baqira boshladi.
48Ko’p odamlar esa uni koyib, jim bo’lishga majbur qilishdi. Lekin u: Ey Dovud O’g’li, menga rahm qil! – deb yana qattiqroq hayqirdi.
49Iso to’xtadi va u odamni yoniga chaqirtirdi. Ko’rni chaqirgani borganlar unga: Qo’rqma, o’rningdan tur, U seni chaqiryapti, – deyishdi.
50 Ko’r to’nini echib tashlab, o’rnidan turib ketdi-da, Isoning yoniga keldi.
51Iso undan so’radi: Sen Mendan nima nima istaysan? – Ustozim, ko’zlarim ko’rsin! – dedi ko’r.
52Iso unga: Bor, ishonching seni qutqardi, – dedi. O’sha zahoti ko’rning ko’zlari ochilib ketdi. U Isoning ortidan ergashib yo’l yurdi.

11-bob
1Quddusga yaqinlashib, Zaytun tog’i etagidagi Baytfagiya va Baytaniya qishloqlariga kelganlarida, Iso shogirdlaridan ikkitasini jo’nata turib dedi:
2Qarshingizdagi qishloqqa boringlar. U erga kirishingiz bilanoq, hech kim minmagan, bog’lab qo’yilgan xo’tikni topinglar. Uni echib bu erga olib kelinglar.
3Agar kim sizlardan: “Nima qilyapsizlar?” deb so’rab qolsa, “U Rabbimizga kerak, U uni darhol bu erga qaytarib yuboradi”, deb javob beringlar.
4Ular borib, ko’chada darvoza yonida bog’lab qo’yilgan xo’tikni topib, echib olishdi.
5U erda turgan bir necha kishi ularga: Nima qilyapsizlar? Nega xo’tikni echyapsizlar? – deyishdi.
6Shogirdlar Iso buyurganidek javob berishdi, odamlar ularni qo’yib yuborishdi.
7Xo’tikni Isoning oldiga olib kelishdi. Uning ustiga kiyimlarini yozib qo’yishdi, Iso unga mindi.
8Ko’pchilik o’z kiyimlarini yo’lga poyandoz qildi. Boshqalar esa dashtdagi daraxtlardan yashil novdalarni kesib, yo’lga to’shadilar.
9Oldinda va orqada yurayotganlar: “Najot bergin! Xudovand nomidan Kelayotgan muborak!
10Otamiz Dovudning yaqinlashgan shohligi mangu bo’lsin! Ko’klardan najot kelsin!” – deb hayqirishar edilar.
11Iso Quddusga kirib kelib, ma’badga bordi. Hamma narsani ko’zdan kechirib, vaqt kech bo’lib qoldi, deb o’n ikki shogirdi bilan Baytaniya qishlog’iga ketdi.
12Ertasi kun Baytaniyadan chiqqanlarida, Iso och qoldi.
13U uzoqdan barglar bilan qoplangan bir anjir daraxtini ko’rib qoldi, biron narsa topilarmikin, deb unga yaqinlashdi. Daraxtning yoniga kelib, bargdan boshqa hech narsa topolmadi: chunki anjir terish vaqti emas edi.
14Iso daraxtga qarab: Bundan keyin abadiy sening mevangni eguvchi bo’lmasin! – dedi. Shogirdlari ham bu gapni eshitishdi.
15So’ng Quddusga kelishdi. Iso ma’badga kirib, ichkarida oldi-sotdi qilayotganlarni quvib chiqara boshladi. Sarroflarning xontaxtalarini, kabutar sotuvchilarning kursilarini ag’darib yubordi.
16Ma’bad ichida biron narsa ko’tarib o’tishga ham ruxsat bermadi.
17Iso xalqqa ta’lim berayotib dedi: Tavrotda: “Mening uyim barcha xalqlar ibodat qiladigan uy deb atalgay”, – deb yozilmaganmi? Sizlar esa Xudoning uyini qaroqchilar uyasiga aylantirib yuboribsizlar!
18Ulamolar va oliy ruhoniylar buni eshitganda, Isoni halok etish chorasini topmoq payiga tushdilar. Ammo butun xalq Uning ta’limotiga mahliyo edi, Shuning uchun Undan hayiqar edilar.
19Kech bo’lgach, Iso Shahardan tashqariga chiqib ketdi.
20Erta bilan ular yana anjir daraxti yonidan o’tib qarashsaki, daraxt ildizigacha qurib qolgan ekan.
21Butrus bo’lgan hodisani eslab, Isoga: Ustoz! Qara, Sen la’natlagan anjir daraxti qurib qolibdi, – dedi.
22Iso bunga javoban aytdi:
23Xudoga ishonchingiz bo’lsin. Sizlarga gapim shuki, agar kim bu toqqa: “Qo’porilib dengizga otil”, desa-yu, o’z qalbida shubhalanmay, aytgani bajo kelishiga qattiq ishonsa, aytgani bo’ladi.
24Binobarin, sizlarga aytaman: siz ibodatda nimaiki so’rasangiz, olishingizga ishoninglar va erishasizlar.
25Ibodat qilib turganingizda birovda ginangiz bo’lsa, uni kechirib yuboring, toki osmondagi Otangiz ham sizlarning gunohlaringizni kechirsin.
26[Agar sizlar boshqalarning ayb-gunohlarini kechirmasangizlar, osmondagi Otangiz ham sizlarni kechirmaydi.]
27Ular yana Quddusga keldilar. Iso ma’badda aylanib yurgan edi, oliy ruhoniylar, ulamolar va oqsoqollar Uning oldiga kelib
28so’radilar: Sen bu mo’’jizalarni qanday kuch bilan qilyapsan? Bularni qilish uchun Senga kim vakolat bergan?
29Iso ularga Shunday javob berdi: Men sizlarga bir savol beray. Menga javob bersangizlar, Men ham bu ishlarni qanday vakolat bilan qilayotganimni sizlarga aytaman.
30 Yahyo payg’ambar xalqni suvda tavba qildirish uchun Xudodan vakolat olganmidi, yoki insondanmi? Javob beringlar Menga.
31Ular o’zlaricha mulohaza yurita boshlashdi: “Agar Xudodan desak, U: Nega Yahyoga ishonmadingizlar? – deydi.
32Ammo insondan desak-chi?” Vaholanki, ular xalqdan qo’rqardilar, chunki hammalari Yahyoni haqiqiy payg’ambar deb hisoblardi.
33Xullas ular Isoga javoban: Bilmaymiz, – deyishdi. Iso ularga: U holda Men ham qanday vakolat bilan bu ishlarni qilayotganimni sizlarga aytmayman, – deb javob berdi.

12-bob
1Iso xalqqa masallar orqali so’ylay boshladi: “Bir odam uzumzor barpo qilibdi. Atrof tevaragini panjara bilan o’rab, uzum siqadigan iskanja qurib, qo’riqchi minorasi o’rnatibdi-da, bog’ni bog’bonlarga ijaraga berib, o’zi vaqtincha boshqa mamlakatga ketibdi.
2Mavsumida uzumzorning hosilidan olish uchun bog’bonlarning oldiga bir xizmatkorini yuboribdi.
3Bog’bonlar esa uni tutib urishibdi va hech narsa bermasdan qaytarib yuborishibdi.
4Bog’ egasi yana boshqa bir xizmatkorini ularning oldiga yuboribdi. Ular esa tosh bilan uning boshini yorib, xo’rlab chiqarib yuborishibdi.
5Yana boshqasini yo’llabdi, unisini esa o’ldirishibdi. Boshqa bir qancha xizmatkorini yuboraveribdi, ammo bog’bonlar ularning ba’zisini urib, ba’zisini o’ldirishibdi.
6Bog’ egasining endi birgina odami qolibdi, u ham bo’lsa, sevikli o’g’li ekan. U: “O’g’limni hurmat etarlar”, – deb, bog’bonlar oldiga uni yuboribdi.
7Lekin ular bir-biriga: Bu merosxo’r-ku! Qani, uni o’ldiramiz, shunda meros bizga qoladi, – deyishibdi.
8O’g’lini ushlab, o’ldirib, bog’dan tashqariga chiqarib tashlashibdi.
9Endi bog’ egasi nima qilar ekan? U kelib bog’bonlarni o’ldiradi, bog’ini esa boshqalarga topshiradi.
10Nahotki sizlar shu oyatni hech o’qimagan bo’lsangiz: “Binokorlar keraksiz deb tashlagan tosh naq binoning peshtoqidan joy oldi.
11Bu Xudovand irodasi tufaylidir, bizga esa ajoyibot timsolidir”.
12Din peshvolari buni eshitib, Isoni qo’lga olishga intildilar. Biroq xalqdan qo’rqqanlaridan, Uni qoldirib ketdilar.
13Isoni tilidan tuzoqqa ilintirish uchun Uning oldiga farziylardan va Hirod odamlaridan ba’zilarini yubordilar.
14Ular kelib: Ustoz, – dedilar, – biz bilamizki, Sen odilsan, biror kishiga xushomadgo’ylik qilmaysan. Odamlarga yuz-xotir qilmasdan, Xudoning yo’lini to’g’ri o’rgatasan. Seningcha, Qaysarga soliq to’lash dinga muvofiqmi yoki yo’q? Bizlar beraylikmi, bermaylikmi?
15Iso ularning munofiqligini bilar edi. – Nima, Meni sinab ko’rmoqchimisizlar? Menga bir dinor olib kelinglar, bir ko’rayin, – dedi.
16Ular olib kelgach, Iso so’radi: Bu surat va yozuv kimniki? – Qaysarniki, – dedi ular.
17Iso ularga: Qaysarning haqini Qaysarga, Xudoning haqini Xudoga beringlar, – dedi. Buni eshitganlar juda hayron bo’ldilar.
18Bundan keyin o’liklar tirilmaydi, jeb aytadigan sadduqiylar Isoning oldiga kelib, Undan so’radilar:
19Ey Ustoz! Muso payg’ambar bizga Shunday yozib qoldirgan: “Agar kimning akasi o’lib, uning xotini qolib, ammo undan farzand qolmagan bo’lsa, unda ukasi akasining xotiniga uylanib, u uchun avlod yaratsin”.
20 Xo’sh, etti aka-uka bor ekan. Birinchisi xotin olib, nasl qoldirmay o’lib ketibdi.
21Ikkinchisi o’sha xotinni olib, farzand ko’rmay olamdan o’tibdi. Uchinchisining boshiga xuddi shu ko’rgilik tushibdi.
22Shuningdek, aka-ukalarning ettovi ham o’sha xotinga uylanib, farzand ko’rmay olamdan o’tibdilar. Oxirida xotin ham qazo qilibdi.
23Xo’sh, qiyomatda ular tirilganda, xotin qaysi birining xotini sanalar ekan? Ettovi ham unga uylangan ekanlar-ku!
24Iso ularga Shunday javob berdi: Sizlar Muqaddas Kitobni ham, Xudoning qudratini ham bilmaysizlar, ana shu sababdan adashyapsizlar.
25O’liklar tirilganda, na uylanadilar va na erga tegadilar, balki bamisoli osmondagi farishitalarday bo’ladilar.
26Nahotki sizlar Musoning kitobida, yonayotgan buta to’g’risidagi oyatda Xudoning nima aytganini hech o’qimagan bo’lsangizlar? Xudo Musoga: “Men Ibrohimning Xudosi, Ishoqning Xudosi va Yoqubning Xudosiman”, – degan va shu tariqa o’liklarning tirilishiga ishora qilgan.
27Chunki Xudo o’liklarning emas tiriklarning Xudosidir. Sizlar juda ham adashyapsizlar.
28Ulamolardan biri ularning munozara qilayotganini eshitib, Isoning ularga yaxshi javob berib turganini ko’rdi. U Isoning oldiga kelib: Butun ilohiy amrlarning eng muhimi qaysi biri? – deb so’radi.
29Iso unga javob berib dedi: Butun amrlarning eng muhimi shu: “Tingla, ey Isroil! Rabbimiz bo’lgan Xudovand – yagona Xudovanddir.
30Rabbing bo’lgan Xudovandni butun qalbing bilan, butun joning bilan, butun onging bilan va butun quvvating bilan, sevgin”. Mana bu eng muhim amr.
31Ikkinchisi esa undan kam emas, chunonchi: “O’zgani o’zing kabi sevgin.” Bulardan buyuk amr yo’q.
32Yaxshi gapirding, Ustoz, – dedi ulamo Isoga. – Xudo yagona, Undan boshqa xudo yo’q deb to’g’ri aytding.
33Uni butun qalb, butun ong, butun jon va butun quvvat bilan sevish, o’zgani esa o’zimizni sevganday sevish kerak. Bu – har qanday qurbon so’yish va nazr-niyoz atashdan a’loroqdir.
34Iso uning oqilona javob berganini ko’rib: Sen Xudoning Shohligidan uzoqda emassan, – dedi. Shundan keyin boshqa hech kim Undan so’rashga jur’at etmadi.
35Iso ma’badda ta’lim berayotib, savol tashladi: Qanday qilib ulamolar Masihni Dovudning O’g’li deydilar?
36Dovudning o’zi Muqaddas Ruh ilhomi bilan deganki “Xudovand mening Rabbimga aytdi: Yovlaringni oyoqlaring ostiga yiqitmagunimcha, Sen Mening o’ng tomonimda o’ltirib turgin”.
37Demak, Dovudning o’zi Masihni Rabbim deb atagan bo’lsa, qanday qilib Masih uning o’g’li bo’ladi? Ko’pchilik xalq esa Isoni ishtiyoq bilan tinglar edi.
38Iso xalqqa nasihat qilib yana Shunday dedi:
39Uzun kiyimlar kiyish, xalq yig’inlarida alik olish, ibodatxonalarda hurmatli o’rinda va ziyofatlarda to’rda o’tirishni yaxshi ko’radigan ulamolardan ehtiyot bo’linglar!
40 Ular beva ayollarning uy-joylarini shilib, xo’ja ko’rsinga uzoq duo o’qiydilar. Mana shular og’irroq jazoga duchor bo’ladilar.
41Iso ma’bad xazinasi qarshisida o’tirib, xalqining sadaqa qutisiga qanday pul solayotganiga qarab turar edi. Bir to’da boylar anchagina pul tashladilar.
42Bir kambag’al beva ayol ham kelib, ikki chaqa tashladi.
43Shunda Iso shogirdlarini yoniga chaqirib dedi: Sizlarga chinini aytayin, bu kambag’al beva ayol qutiga pul tashlaganlarning hammasidan ham ko’proq tashladi.
44Chunki boshqalarning barchasi o’zlarining ortiqcha pullaridan tashladilar. Ammo bu ayol o’zining tirikchilik tashvishlariga qaramasdan, bor-yo’g’ini tashladi.

13-bob
1Iso ma’baddan chiqib ketayotganida, shogirdlaridan biri: Ustoz, qara, naqadar chiroyli toshlar, naqadar hashamatli binolar! – dedi.
2Iso unga javob berib: Bu hashamatli binolarni ko’ryapsanmi? Bu erda biror bir g’isht butun qolmaydi, hammasi vayron bo’ladi, – dedi.
3Iso Zaytun tog’ida, ma’badning ro’parasida o’tirgan vaqtda Butrus, Yoqub, Yuhanno va Idris Undan alohida so’radilar:
4Bizga ayt-chi, bu aytganlaring qachon yuz beradi? Bularning amalga oshishini ko’rsatadigan belgi qanday bo’ladi?
5Iso shogirdlariga qarab so’z boshladi: “Hech kim sizlarni yo’ldan ozdirmasligi uchun ehtiyot bo’linglar!
6Chunki ko’p kishilar Mening nomim bilan kelib: “Men U bo’laman”, – deb ko’plarni yo’ldan ozdiradilar.
7Siz yiroq-yaqindan urush xabarlarini eshitganda, cho’chimanglar. Garchi bular sodir bo’lishi kerak bo’lsa-da, bu hali so’nggi nihoya emas.
8Xalq xalqqa qarshi, podshohlik podshohlik qarshi ko’tariladi. Ayrim joylarda zilzilalar, qahatchiliklar, qo’zg’olonlar bo’ladi. Bu hodisalar esa bamisli to’lg’oqning boshidir.
9Sizlar esa o’zingizga ehtiyot bo’linglar. Chunki sizlarni adliyaga topshirib, ibodatxonalarda uradilar. Men tufayli sizlarni hokimlar va podshohlar huzurida turg’izib qo’yadilar, sizlar esa Mening guvohlarim bo’lasizlar.
10Chunki avvalo barcha xalqlarga Injil Xushxabari targ’ib qilinishi lozim.
11Sizlarni topshirish uchun olib borayotganlarida, nima aytamiz, deb oldindan o’ylamanglar, qayg’urmanglar. O’sha soatda nima nasib etsa, uni aytinglar. Chunki o’shanda sizlar emas, balki Muqaddas Ruh gapiradi.
12Aka ukasini, ota bolasini o’limga topshiradi. Bolalar o’z ata-onalariga qarshi chiqib, ularni o’ldiradilar.
13Mening nomim tufayli hamma sizlardan nafratlanadi. Lekin oxirigacha chidagan qutuladi”.
14“Doniel payg’ambar karomat qilib aytgan “dahshatli razolat” nomunosib joyda turganini ko’rganingizda [ o’qigan o’zi tushunsin!] Yahudiyada bo’lganlar tog’larga qochishsin.
15Tomning ustida bo’lganlar pastga tushib uyidan biron narsa olib kelish uchun uyiga kirishmasin.
16Dalada bo’lganlar choponini olgani orqasiga qaytishmasin.
17U kunlarda homilador va emizikli ayollarning holiga voy!
18Qochishingiz qishga to’g’ri kelmasligi uchun ibodat qilinglar.
19Chunki o’sha kunlarda Shunday musibat bo’ladiki, Xudo dunyoni yaratganidan to hozirgacha bunday bo’lmagan va qaytib sodir bo’lmaydi.
20Agar Rabbimiz o’sha kunlarni qisqartirmaganida edi, hech bir jonzod omon qololmas edi. Lekin U tanlagan kishilar uchungina o’sha kunlarni qisqartiradi.
21Agar o’shanda kimdir sizlarga: “Masih mana bu erda”, yoki: “Mana u erda”, – deb aytsa, ishonmanglar.
22Chunki soxta masihlar va soxta payg’ambarlar paydo bo’lib, iloji bo’lsa, tanlanganlarni ham yo’ldan ozdirish uchun g’aroyibotlar va mo’’jizalar ko’rsatadilar.
23Sizlar esa ehtiyot bo’linglar. Mana, Men hammasini sizlarga oldindan aytib qo’ydim.
24Ammo o’sha kunlarda, o’sha musibatdan keyin quyosh tutilib, oy xiralanadi.
25Yulduzlar osmondan tushib, samoviy kuchlar larzaga keladi.
26U vaqt Inson O’g’li bulutlar ichida, buyuk qudrat va shon-shuhrat bilan kelayotganini ko’radilar.
27O’shanda U farishtalarini yuborib, osmonning bir burchidan boshqa burchigacha, erning to’rt tomonidan O’zining tanlagan kishilarini to’plab oladi”.
28“Anjir daraxtidan ibrat olinglar: uning shoxlari ko’karib barglar chiqarayotganda, yoz yaqinlashganini bilasizlar.
29Shunga o’xshab, bu ishlarning sodir bo’layotganini ko’rganda bilinglarki, U yaqindir, bo’sag’ada turibdi.
30Sizlarga chinini aytayin: bu nasl o’tmasdanoq, bularning hammasi sodir bo’ladi.
31Eru osmon bitar, lekin Mening so’zlarim bitmas.
32O’sha kun yoki soat haqida birgina Otamdan boshqa hech kim bilmaydi; O’g’il ham, osmondagi farishtalar ham bilmaydilar.
33Ko’z-quloq bo’lib turinglar, hushyor bo’lib ibodat qilinglar; chunki o’sha vaqt-soat qachon kelishini bilmaysizlar.
34Bu xuddi safarga jo’nagan uy egasiga o’xshaydi. U o’z uy-ro’zg’orini xizmatkorlariga topshirib, har biriga biron vazifa berib, darvozabonga esa hushyor bo’lib turishni buyurib, jo’nab ketibdi.
35Xuddi Shunday, sizlar ham hushyor bo’lib turinglar. Chunki uy Egasi qachon kelishini – kechqurunmi, yarim tundami, xo’rozlar qichqirgandami yoki ertalabmi – bilmaysizlar.
36Mabodo U nogahon kelib, sizlarni g’aflat uyqusida ko’rmasin!
37Sizlarga nima aytayotgan bo’lsam, hammaga aytganimdir; hushyor bo’lib turinglar!”

14-bob
1Yahudiylar xamirturushsiz non eydigan Fisih bayramiga ikki kun qolgan edi. Oliy ruhoniylar va ulamolar Isoni hiyla bilan tutib, o’ldirish uchun fursat poylab turgan edilar.
2Ular: Bu ish faqat bayram kunlarida bo’lmasligi kerak, yana xalq g’alayon qilmasin, – deyishdi.
3Iso Baytaniya qishlog’ida moxov Simunning uyida mehmon bo’lib o’tirgan edi, bir ayol ganchdan yasalgan idishda sof, qimmatbaho sunbul moyi olib keldi. Idishni sindirib, moyni Isoning boshiga quydi.
4Ba’zilar bundan g’azablanib, bir-biriga: Bu moyni bunday isrof etishning nima keragi bor edi?
5Mana, bu moyni uch yuz kumush tangadan ham ko’proqqa sotib kambag’allarga taqsimlab berish mumkin edi-ku! – deb ayolni qattiq koyishdi.
6Qo’yinglar uni! – dedi Iso. – Nega ayolni xijolatda qoldiryapsizlar? U Men uchun ezgu ish qildi.
7Kambag’allar har doim sizlar bilan birga bo’ladilar. Istagan vaqingizda ularga ezgulik qila olasizlar. Lekin Men doim sizlar bilan birga bo’lmayman.
8Ayol qo’lida borini berdi. U Mening tanamga xushbo’y moy surtib, hozirdan dafnga tayyorladi.
9Sizlarga chinini aytayin: Injil Xushxabari dunyoning qaysi erida targ’ib qilinsa, bu ayol ham eslanib uning qilgan ishi yodga olinadi.
10Shunda o’n ikki shogirddan biri bo’lgan Yahudo Ishqariyot chiqib, Isoni tutib berish uchun oliy ruhoniylarning oldiga bordi.
11Ular buni eshitib, sevindilar va Yahudoga pul berishga ahd qildilar. U esa Isoga xiyonat qilish uchun qulay payt izlay boshladi.
12Yahudiylar xamirturushsiz non eydigan Fisih bayramining birinchi kunida qurbon qo’zisini so’yish kerak edi. Bu kunda shogirdlar Isoga: Fisih bayram taomini qaerda emoqchisan? Biz borib tayyorgarchilik qilaylik, – deyishdi.
13Iso shogirdlaridan ikkitasini yuborayotib, ularga dedi: Shaharga boringlar, sizlarga ko’zada suv ko’tarib ketayotgan odam uchraydi; uning orqasidan boringlar.
14U kiradigan uyning egasiga: “Ustozimiz: Shogirdlarim bilan Fisix bayram taomini eydigan xona qaerda, deb so’rayapti”, deb aytinglar.
15U kishi sizlarga shinam, tayyorlab qo’yilgan katta bolaxonani ko’rsatadi. U erda biz uchun hozirlik ko’ringlar.
16Shogirdlar jo’nashdi. Shaharga kirganlarida, xuddi Isoning aytganini topdilar va Fisih bayram taomini tayyorladilar.
17Oqshom bo’lgach, Iso o’n ikki shogirdi bilan birga u erga keldi.
18Ular eb o’tirganlarida Iso: Sizlarga chinini aytayin, Men bilan taom eyayotgan sizlardan bir kishi Meni tutib beradi, – dedi.
19Shogirdlar xafa bo’lib, birin-ketin: O’sha men emasmi? – deb Undan so’ray boshladilar. [Va shogirdlardan biri yana: O’sha men emasmi? – dedi.]
20 Iso ularga javoban dedi: O’n ikki shogirdimdan biri-da, kim Men bilan birga kosaga non ivitib esa, o’shadir.
21To’g’ri, Inson O’g’lining taqdiri oyatda yozilganiday ketyapti. Lekin Inson O’g’lini tutib beradigan o’sha odamning holiga voy! U odamning tug’ilmagani o’zi uchun yaxshiroq bo’lar edi.
22Ular ovqatlanayotganda, Iso nonni oldi, duo o’qib sindirdi va shogirdlariga berib: –Olinglar, englar, bu Mening tanamdir, – dedi.
23Kosani ham oldi va shukrona duosini o’qib ularga uzatdi. Hammalari undan ichdilar.
24Iso ularga dedi: Bu ko’plar uchun to’kiladigan, Yangi Ahdni kuchga kiritadigan Mening qonimdir.
25Sizlarga chinini aytayin: Xudoning Shohligida Men yangi sharob ichadigan kungacha uzum ne’matini boshqa ichmayman.
26So’ng ular kuylab, Zaytun tog’i tomon ketdilar.
27Iso shogirdlariga dedi: Bu tunda hammangiz Mendan yuz o’girasizlar. Chunki Tavrotda Shunday yozilgan: “Men cho’ponni jarohatlayman, Qo’ylar o’zi tarqab ketadi”.
28Biroq Men o’lib tirilganimdan keyin, sizlarni Jalilada kutaman.
29Butrus Isoga: Agar hamma Sendan yuz o’girsa ham men o’girmayman! – dedi.
30Iso unga: Senga rostini aytsam, bugun, shu kechasiyoq, xo’roz ikki marta qichqirmasdanoq, sen Mendan uch marta tonasan, – dedi.
31Lekin Butrus yana ta’kid bilan o’zinikini tasdiqlab: Men Sen bilan birga o’lishim kerak bo’lsa ham, Sendan aslo tonmayman, – dedi. Boshqa hamma shogirdlar ham Shunday deyishdi.
32So’ngra Getsemaniya degan bir joyga keldilar. Iso shogirdlariga: Men ibodan qilgunimcha, sizlar bu erda o’tirib turinglar, – dedi.
33Butrus, Yoqub va Yuhannoni O’zi bilan birga olgan Iso vahimaga tushdi va qattiq qayg’ura boshladi.
34Shogirdlariga: Mening jonim o’lim oldidaligini sezib, juda qiynalmoqda. Shu erda qolinglar-da, sergak turinglar, – dedi.
35Bir oz nari ketib erga yiqildi, agar iloji bo’lsa, bu soatning alami meni chetlab o’tsin deb ibodat qildi.
36Ey aziz Otam! – dedi. – Sen hamma narsaga qodirsan, bu zaqqum kosani Mening yonimdan o’tkazib yuborgin. Lekin Mening istaganim emas, Sening istaganing bo’lsin.
37Shogirdlari oldiga qaytib kelgach, ularni uxlab yotgan holda ko’rdi. Butrusga dedi: Simun! Uxlayapsanmi? Bir soatgina ham uyg’oq o’tira olmadingmi?
38Vasvasaga tushmaslik uchun hushyor bo’lib, ibodat qilib turinglar. Ruh tetik, tana esa zaifdir.
39Iso yana borib, o’sha so’zlarni aytib ibodat qildi.
40U qaytib kelib, shogirdlarini yana uxlab yotgan holda ko’rdi. Ularning ko’zlarini g’aflat bosgan edi. Unga nima deb javob berishlarini bilmas edilar.
41Uchinchi marta borib kelib, Iso shogirdlariga dedi: Sizlar hali ham beparvo uxlab, rohatlanib yotibsizlarmi? Bas endi, mana vaqt-soati keldi. Inson O’g’li gunohkorlar qo’liga tutib berilyapti.
42Turinglar, ketaylik! Mana, Menga xiyonat qiluvchi yaqinlashib qoldi.
43Iso hali gapirib turganida, o’n ikki shogirdidan biri Yahudo qo’qqisdan kelib qoldi. Uning yonida oliy ruhoniylar, ulamolar va oqsoqollar tomonidan yuborilgan, qilich va tayoq ushlagan olomon bor edi.
44Xoin Yahudo: “Men kimni o’psam, u O’sha Kishidir. Uni ushlanglar va ehtiyot qilib olib ketinglar”, – deb ular bilan til biriktirgan edi.
45Yahudo keliboq, Isoga yaqinlashdi-da: Ustoz! Ustoz! – deb Uni o’pdi.
46Shu onda odamlar Isoga dast solib, Uni ushlab olishdi.
47Isoning yonida turganlardan biri qilichini qinidan sug’urdi-da, oliy ruhoniy qaroliga bir urib qulog’ini kesib tashladi.
48Iso ularga dedi: Sizlar Meni qo’lga olish uchun qaroqchiga qarshi chiqqandek qilichu tayoqlar bilan qurollanib kelibsizlar.
49Men esa har kuni ma’badda sizning orangizda edim, ta’lim berardim, sizlar-chi Meni qo’lga olmadingizlar. Ammo zotan oyatlar bajo kelishi lozim.
50O’shanda hamma shogirdlari Isoni tashlab, qochib ketishdi.
51Yalang’och tanasini choyshabga o’ragan bir yigit ham Isoga ergashib borayotgan edi. Askarlar uni ushlab olganda,
52u choyshabni tashlab, ulardan yalang’och holda qochib qutuldi.
53Isoni bosh oliy ruhoniyning oldiga olib keldilar. Uning yoniga hamma oliy ruhoniylar, oqsoqollar va ulamolar yig’ildilar.
54Butrus esa Isoga uzoqdan, to oliy ruhoniyning hovlisi ichigacha ergashib kelgandi. Xizmatkorlar bilan birga olov yonida o’tirib, isindi.
55Oliy ruhoniylar va Oliy Kengashning barcha a’zosi Isoga o’lim jazosi berish uchun Unga qarshi guvoh izlar edilar, lekin topolmas edilar.
56Ko’p odamlar Unga qarshi soxta guvohlik berayotgan bo’lsalar-da, ammo bergan guvohliklari bir-biriga mos kelmas edi.
57Soxta guvoxlardan ba’zilari so’zga chiqib Shunday der edilar:
58U: “Inson qo’li bilan qurilgan bu ma’badni Men buzib tashlayman-u, uch kunda inson qo’llarisiz, boshqa bir ma’badni tiklayman”, – deganini eshitgan edik.
59Lekin bu xususda ham guvohlarning bergan ma’lumotlari bir-biriga zid edi.
60 Bundan keyin bosh oliy ruhoniy o’rtaga chiqib Isodan so’radi: Sen nega hech javob qaytarmayasan? Ularning Senga qo’ygan ayblariga nima deysan?
61Iso esa indamadi, hech javob qaytarmadi. Bosh oliy ruhoniy yana Undan so’radi: Muborak Xudoning O’g’li – Masih Senmisan?
62Iso: Men O’shaman, va siz Inson O’g’lini qodir Tangrining o’ng tomonida o’tirib, osmon bulutlari bilan kelayotganini ko’rasizlar, – dedi.
63Shundan keyin bosh oliy ruhoniy o’z kiyimlarini yirtib – Bizlarga yana guvohlarning nima keragi bor?
64Kufr etganini o’zlaringiz eshitdingizlar. Bunga nima deysizlar? – dedi. Hammalari Uni o’limga loyiq deb topishdi.
65Ba’zilar Unga tupura boshlashdi. Uning yuz-ko’zini bog’lab, mushtlaganlaricha: Payg’ambarligingni ko’rsat-chi! – deyishardi. Xizmatkorlar ham Uni shapaloqlashardi.
66Butrus pastdagi hovlida ekan, oliy ruhoniyning xizmatkor ayollaridan biri kelib qoldi.
67Isinib turgan Butrusni ko’rib, unga tikilib qaradi-da: Sen ham nosiralik Iso bilan birga eding-ku! – dedi.
68Lekin Butrus inkor etdi: Sen nima deyapsan o’zi, tushunmayapman, anglamayapman – dedi-yu, boshqa yoqqa tashqi hovliga chiqib ketdi. Shu payt xo’roz qichqirdi.
69Xizmatkor ayol uni yana uchratib, u erda turganlarga: Bu ulardan biri-ku! – deb so’zlay boshladi.
70Butrusga gapira boshlashdi: Haqiqatan sen ulardan birisan, jalilaliksan, [lahja juda o’xshaydi.]
71– Sizlar aytayotgan bu Odamni men tanimayman! – deb Butrus la’nat o’qib, qasam icha boshladi.
72Naq shu payt xo’roz ikkinchi marta qichqirdi. Isoning: “Xo’roz ikki marta qichqirmasdanoq, sen Mendan uch marta tonasan”, – degan so’zi Butrusning esiga tushib, yig’lay boshladi.

15-bob
1Tong otar-otmas, oliy ruhoniylar, oqsoqollar va ulamolar hamda Oliy Kengashning qolgan a’zolari maslahatlashib olishdi va Isoni bog’latib, Pilatga olib borib topshirishdi.
2Pilat Isodan: Sen yahudiylarning Podshosimisan? – deb so’radi. – O’zing aytding, – deb javob berdi Iso.
3Oliy ruhoniylar Uni ko’p masalada ayblayotgan edilar.
4Pilat yana Unga: Sen hech narsaga javob bermaysanmi ? Ko’ryapsan-ku, Senga qarshi ayblar juda ko’p! – dedi.
5Lekin Iso boshqa hech javob bermadi. Pilat bunga hayron qoldi.
6Har bayramda Pilat xalqining iltimosiga binoan bir mahbusni ozod qilar edi.
7O’shanda isyon vaqtida qotillik qilgan Barabba ismli bir kishi o’z sheriklari bilan qamoqda edi.
8Xalq yangitdan qiychuvlashib, Pilatdan har doim qilib kelgan ishni ular uchun ado etishni so’ray boshladi.
9Oliy ruhoniylar Isoni ko’rolmaganlaridan tutib berganliklarini bilgan Pilat:
10Yahudiylarining Podshosini oldingizga chiqarib yuborishimni istaysizlarmi? – deb so’radi.
11Oliy ruhoniylar esa buning o’rniga yaxshisi Barabbani ozod qilishini talab qilinglar, deb xalqni qo’zg’ab qo’ydi.
12Pilat yana ularga xitob qildi: Unday bo’lsa, sizlar yahudiylarning Podshosi deb atagan Kishini nima qilishimni istaysizlar?
13Uni xochga mixlab qo’y! – deb qaytadan shovqin-suron ko’tarishdi.
14Pilat so’radi: U nima yomonlik qilibdi? – Uni xochga mixlab qo’y! – deb yana kuchliroq baqirishdi.
15Shundan keyin Pilat xalqni mamnun qilay, deb ularning oldiga Barabbani chiqarib yubordi. Isoni esa rosa savalatgandan so’ng xochga mixlash uchun askarlarga topshirdi.
16Askarlar Isoni hukumat saroyidagi mahkama binosiga olib borib, butun bo’linmani Uning boshiga to’plashdi.
17Unga shohona to’n kiydirishdi va tikanlardan toj o’rib boshiga qo’yishdi.
18Yashavor, ey yahudiylarning Podshosi! – deb Uni qutlay boshlashdi.
19Qamish bilan Uning boshiga urib, yuziga tupurishdi. Uning oldida tiz cho’kib, ta’zim qilishdi.
20Uni Shunday masxara qilganlaridan keyin, Undan shohona to’nni echib olib, O’zining kiyimlarini kiydirishdi va Uni xochga mixlash uchun olib ketishdi.
21Iskandar va Rufning otasi, kirineyalik Simun ismli bir kishi daladan kelib o’tib ketayotgan edi. Bu kishini Isoning xochini ko’tarib borishga majbur qilishdi.
22Nihoyan Isoni “Boshsuyagi” ma’nosini beruvchi Go’lgota degan joyga olib kelishdi.
23Unga mirra aralashtirilgan sharob berishdi, lekin U ichmadi.
24Bundan so’ng Isoni xochga mixlab qo’yishdi. Uning kiyimlarini esa o’zaro bo’lishib, kim nima oladi deb qur’a tashlashdi.
25Uni xochga mixlaganlarida soat to’qqiz edi.
26Boshi ustida “Yahudiylarning Podshohi” deb Uning aybini ko’rsatadigan yozuv bor edi.
27Iso bilan birga ikki qaroqchini ham – birini Uning o’ng tomoniga, ikkinchisini esa chap tomoniga xochga mixlab qo’ydilar.
28[Shunday qilib, “U jinoyatchilar qatorida turdi”, degan oyat bajo bo’ldi.]
29O’tib ketayotganlar boshlarini chayqagancha Isoni haqoratlashardi: Hey ma’badni buzib uch kun ichida tiklaydigan!
30O’zingni O’zing qutqarib, xochdan tushib ko’r-chi!
31Oliy ruhoniylar va ulamolar ham ularga qo’shilib, Isoni masxaralay ketishdi. Ular bir-biriga: Boshqalarni qutqardi, O’zini esa qutqara olmaydi!
32Isroilning Podshosi Masih endilikda xochdan tushsin, toki biz ko’rib Unga ishonaylik! – deyishardi. Iso bilan birga xochga mixlanganlar ham Uni so’kar edilar.
33Tush chog’i butun erni qorong’ilik qoplab, soat o’chgacha davom etdi.
34Soat uchda Iso baland ovoz bilan: – Elohi, Elohi, lamo shavaqtani? – deb faryod qildi. Bu so’zning tarjimasi: “Tangrim, Tangrim, nega Meni tashlab qo’yding?” – demakdir.
35U erda turgan ba’zilar buni eshitib: Qarang, U Ilyos payg’ambarni chaqiryapti-ku, – deyishdi.
36Shunda birov yugurib borib, shimgichni sirkaga botirib, qamishning uchiga ilib qo’ydi-da, Isoga ichirmoqchi bo’ldi. U: To’xtanglar, ko’raylik-chi, Ilyos kelib xochdan tushirarmikan, – dedi.
37Ammo Iso qattiq faryod qildiyu jon berdi.
38Ma’baddagi parda yuqoridan pastgacha yirtilib, ikkiga bo’linib ketdi.
39Isoning qarshisida turgan yuzboshi Uning Shunday qattiq faryod qilib jon berganini ko’rib: Haqiqatan ham bu Odam Xudoning O’g’li ekan! – dedi.
40U erda uzoqdan qarab turgan ayollar bor edi.Ular orasida magdalalik Maryam, kichik Yoqub bilan Yusufning onasi Maryam hamda Salomiya bor edilar.
41Iso Jalilada ekanligida, ular Unga xizmat qilib ergashib kelgan edilar. U erda Iso bilan birga Quddusga kelgan boshqa ko’p ayollar ham bor edi.
42Juma kuni kech kirishiga sal qolgan, dam olish kuniga tayyorgarlik qilish vaqti tugayotgan edi.
43Shunda Oliy Kengashning taniqli a’zosi, Xudo Shohligiga ko’z tikib yurgan arimateyalik Yusuf jur’at etib, Pilatning huzuriga bordi. Va Isoning jasadini so’radi.
44Pilat Uning darrov o’lganiga hayron bo’ldi. Yuzboshini chaqirib: Uning o’lganiga ko’p bo’ldimi? – deb so’radi.
45Yuzboshidan bilib olgach, jasadni Yusufga berdi.
46Yusuf kafan sotib oldi. Isoni xochdan tushirib olib, kafanga o’radi va qoyada o’yilgan qabrga qo’ydi. Keyin qabrning og’ziga bir toshni yumalatib keltirib, qo’yib ketdi.
47Magdalalik Maryam bilan Yusufning onasi Maryam esa Isoning qaerga ko’milganini ko’rdilar.

16-bob
1Shanba kungi dam vaqti tugagach, magdalalik Maryam, Yoqubning onasi Maryam va Salomiya borib Isoga surtish uchun atirlar sotib oldilar.
2Yakshanba kuni juda barvaqt turib, tong otarda qabrga bordilar.
3Ular bir-biriga: Qabr og’zidagi toshni biz uchun kim ag’darib beradi? – deyishdi.
4Boshlarini ko’tarib qarashsaki, tosh allaqachon ag’darilgan ekan: u juda ham katta edi.
5Qabr ichiga kirib, o’ng tomonda o’tirgan oq kiyimli bir yigitni ko’rdilaru, cho’chidilar.
6Yigit ularga: Qo’rqmanglar! – dedi. – Sizlar xochga mixlangan nosiralik Isoni izlamoqdasizlar. U tirildi, U bu erda yo’q. Mana Uning qo’yilgan joyi!
7Endi sizlar borib Uning shogirdlariga, ayniqsa Butrusga: “U sizlarni Jalilada kutyapti; sizlarga aytganidek, Uni o’sha erda ko’rasizlar”, – deb aytinglar.
8Ayollar qabrdan chiqib, yugurib qochib ketdilar. Ularni qaltiroq va dahshat bosgan edi. Qo’rqqanlaridan hech kimga biron narsa aytmadilar.
9Yakshanba kuni erta saharda tirilgan Iso birinchi bo’lib etti jindan qutqargan magdalalik Maryamga ko’rindi.
10Maryam borib, ilgari Iso bilan birga bo’lgan, endi esa motam tutib yig’layotgan kishilarga xabar etkazdi.
11Biroq ular Isoning tirik ekanligini va Maryam Uni ko’rganligini eshitsalar ham, ishonmadilar.
12Shundan keyin Iso yo’lda bir qishloq tomon ketayotgan ikkita shogirdiga bashqacharoq qiyofada ko’rindi.
13Ular esa qaytib kelib, boshqalarga xabar etkazishdi, lekin ularga ham ishonmadilar.
14Nihoyat Iso O’zining eb-ichib o’tirgan o’n bir shogirdiga zohir bo’ldi. Uni tirilgan holda ko’rgan odamlarga ishonmay, imonsiz qolganlari, diydasini qotirgani uchun ularga ta’na qildi.
15Iso shogirdlariga dedi: “Butun jahon bo’ylab yuringlar va hamma tirik jonga Injil Xushxabarini targ’ib qilinglar.
16Kim ishonib, suvda imon keltirsa, najot topadi. Ishonmagan esa mahkum bo’ladi.
17Quyidagi alomatlar imonlilarga hamroh bo’ladi: Mening nomim bilan jinlarni quvib chiqaradilar. Yangi tillarda so’zlaydilar.
18Qo’llariga ilon olib ko’tarsalar yoki halokatli biron narsa ichsalar ham, ularga zarar etmaydi. Bemorlarga qo’llarini qo’yganda, ular sog’ayib ketadilar”.
19Rabbimiz Iso shogirdlariga ushbularni tayinlab bo’lgach, osmonga ko’tarildi va Xudoning o’ng tomoniga o’tirdi.
20Shogirdlar esa ketib, hamma yoqda voizlik qilib yurdilar. Rabbimiz ularga ko’maklashar va paydo qilgan mo’’jizalar orqali O’z kalomini tasdiqlar edi. OMIN.

No comments: