Tuesday, March 20, 2007

Yoqubning maktubi

Yoqubning maktubi

1-bob
1Men, Xudoning va Rabbimiz Iso Masihning quli Yoqub, jahonga tarqalib ketgan o’n ikki qabilaga salomatlik tilayman.
2Ey birodarlarim, turli sinovlarga duchor bo’lganingizda, uni katta sevinch bilan qabul qilinglar.
3Shuni bilinglarki, imoningizning sinalishidan sabr-toqat hosil bo’ladi.
4Sabr-toqat to’la samarasini ko’rsatsin, toki sizlar hech bir narsadan kamchiliksiz, komil va nuqsonsiz odamlar bo’linglar.
5Agar sizlardan biror kishining hikmati kamlik qilsa, hammaga samimiyat bilan, ta’na qilmasdan beruvchi Xudodan so’rasin, Xudo unga beradi.
6Lekin hech shubha qilmasdan, imon bilan so’rasin. Chunki shubha qiluvchi kishi shamolda tebrangan dengiz to’lqiniga o’xshaydi.
7-8O’zining butun yo’llarida beqaror, ikkilanuvchi bunday odam Rabbimdan biror narsa olaman, deb hayol qilmasin.
9Nochor ahvoldagi birodar o’zining yuksalishi bilan maqtansin.
10Boy esa o’zining pasayishi bilan maqtansin. Chunki u o’tning guliday so’lib qoladi.
11Quyosh chiqib, jazirama issig’i bilan o’tni quritib yuboradi. O’tning guli to’kiladi, butun go’zalligi yo’qoladi. Xuddi shu singari boyning ham hayot yo’li xazon bo’ladi.
12Sinovga sabr-toqat qilgan odam baxtiyordir. Chunki u sinovdan o’tgach, Rabbimizni sevuvchilarga nasib bo’ladigan hayot tojiga sazovor bo’ladi.
13Vasvasaga tushganda hech kim: “Xudo meni sinab ko’rayotir”, - demasin. Chunki Xudo yomonlik vasvasasiga tushmaydi, O’zi ham hech kimni vasvasaga solmaydi.
14Lekin har kim o’zining ehtirosiga berilib, aldanib vasvasaga duchor bo’ladi.
15Keyin ehtiros homilador bo’lib gunohni tug’adi, gunoh esa etilib, o’limga sabab bo’ladi.
16Ey sevikli birodarlarim, aldanmanglar!
17Har bir ne’mat, har bir mukammal hadya yuqoridan, samoviy nurlar Otasidan tushadi. Unda hech qanday o’zgarish yo’q, o’zgaruvchan ko’lanka ham yo’q.
18Xudo haqiqat kalomi orqali bizga hayot bag’ishladi, chunki O’z yaratganlari orasida birinchi o’rinni egallashimizni xohladi.
19Ey sevikli birodarlarim, shuni bilinglarki, har bir odam eshitishda chaqqon, gapirishda vazmin, g’azab vaqtida og’ir bo’lsin.
20Chunki inson g’azabi Xudoning odil hukmini amalga oshira olmaydi.
21Shuning uchun har qanday ifloslikni, ko’p bo’lib qolgan yomonliklarni bir chetga yig’ishtirib qo’yinglar, Xudoning qalbingizga ekib qo’ygan kalomini muloyimlik bilan tan olinglar. Ana bu kalom jonlaringizni qutqarishga qodir.
22O’z-o’zingizni aldab, Xudo kalomining faqat tinglovchilarigina emas, balki ijrochilari bo’linglar.
23Agar biror kishi kalomni tinglab, ijro etmasa, u o’zining asl yuzini ko’zguda ko’rgan odamga o’xshab qoladi.
24Odam o’ziga qaradi-yu ketdi va darhol qanday ekanligini unutib yubordi.
25Lekin mukammal Qonunga, Xudoning erk beruvchi Qonuniga yaqindan qarab, unga qat’iy amal qilgan kishi, ya’ni unutuvchan tinglovchi emas, balki ishni bajaruvchi kishi o’z yo’lida baxtiyor bo’ladi.
26Agar orangizdagi biror kishi o’zini dindor hisoblab, tilini tiymasa, u o’z vijdonini aldagan bo’ladi va uning dindorligi befoydadir.
27Otamiz Xudoga ma’qul tushadigan din-diyonat poklik va benuqsonlikni talab qiladi, ya’ni etim-esirlarni qayg’uli kunlarida yo’qlab borishimiz lozim hamda bu dunyoning nopokliklaridan o’zimizni toza saqlashimiz kerak.

2-bob
1Ey birodarlarim, ulug’vor Rabbimiz Iso Masihga bo’lgan imoningizni yuz-xotirchilikdan toza saqlanglar.
2Agar sizlarning yig’ilishingizga oltin uzukli, bashang kiyimli bir odam bilan juldur, kir kiyimli kambag’al bir odam kirsa-yu,
3sizlar bashang kiyinganga qarab: “Marhamat qilib to’rda o’tiring”, - kambag’alga esa: “Sen poygahda tur” yoki “Shu erga, oyog’im ostida o’tir”, - desangiz,
4sizlar yuz-xotirchilikka borib, bu bilan yomon niyatli qozilarga o’xshab qolmaysizlarmi?!
5Ey sevikli birodarlarim, quloq solinglar: Bu dunyoda kambag’al hisoblanganlarni Xudo o’zi tanlab, imonda boy qildi-ku! U O’zini sevganlarga va’da berganidek, ularni O’z Shohligidagi merosdan bahramand qildi.
6Lekin sizlar-chi, kambag’alni beobro’ qilib tashladingiz! Sizlarni jabr-zulm qilgan, mahkamalarga sudrab olib borgan boylar emasmi?!
7Sizlar aziz bir Nom bilan tanilmoqdasizlar, bu Nomni haqorat qilgan ular emasmi?!
8Tavrotda: “O’zgani o’zing kabi sevgin” deb buyurilgan. Agar sizlar bu Shoh amriga mukammal rioya qilayotgan bo’lsangiz, unda yaxshi ish qilayotgan bo’lasizlar.
9Lekin agar yuz-xotirchilik qilayotgan bo’lsangiz, gunoh qilyapsiz va Ilohiy Qonun oldida jinoyatchi bo’lib qolasizlar.
10Kimki Ilohiy Qonunning hamma moddalariga rioya qilsa-yu, faqat bir narsada gunoh qilsa, u butunlay gunohkor bo’lib qoladi.
11Chunki “Zino etma” degan Xudo ayni zamonda “Odam o’ldirma” ham degan. Agar sen zino qilmasang-u, ammo odam o’ldirsang, baribir Xudo Qonunini buzgan bo’lasan.
12Sizlar Xudoning erk beradigan Qonuni bo’yicha hukm qilinuvchilar kabi gapiringlar va harakat qilinglar.
13Chunki hukm shafqatsizga shafqatsizdir. Shafqat esa hukmdan ustun keladi.
14Ey birodarlarim, agar biror kishi imoni borligini aytsa-yu, xayrli ishlar qilmasa, nima foydasi bor? Bunday imon uni qutqararmikin?
15Biron birodar yoki singil yalang’och va rizqi-ro’zdan mahrum bo’lsa-yu,
16birortangiz ularga: “Eson-omon borib, isining va ovqatlaning”, - desangiz, lekin ularning tanasi ehtiyojini qondirmasangiz, bundan nima foyda?
17Xuddi Shunday amalsiz imon ham o’z-o’zidan o’likdir.
18Endi biror kishi: “Sening imoning bor, mening xayrli ishlarim bor”, - deyishi ham mumkin. Qani, xayrli ishlarsiz imoningni menga ko’rsatgin, men esa senga imonimni xayrli ishlarim orqali ko’rsataman!
19Sen Xudoning yagonaligiga ishonasanmi? Yaxshi qilasan! Jinlar ham ishongani uchun dahshatdan titraydilar.
20Ey aqlsiz odam, xayrli ishlarsiz imonning foydasiz ekanligini bilmaysanmi?
21Otamiz Ibrohim ham o’g’li Ishoqni qurbon qilmoqchi bo’lganida, o’z xayrli ishlari tufayli oqlangan-ku!
22Ko’ryapsanmi? Uning imoniga xayrli ishlari omil bo’lgan. Imoni xayrli ishlari bilan takomillashgan.
23Tavrotda: “Ibrohim Xudoga ishondi va shu tariqa oqlandi”, - deb yozilgan. Bu so’z ro’yobga chiqib, Ibrohim Xudoning do’sti deb atalgan.
24Ko’ryapsizlarki, inson faqat imoni tufayligina emas, balki xayrli ishlari tufayli ham oqlanadi.
25Yana fohisha Rahobani misol qilib olaylik: u josuslarni qabul qilib, pinhona yo’ldan jo’natib, xayrli ish qilgan va shu tariqa oqlangan.
26Xullas, ruhsiz badan o’lik bo’lganidek, xayrli ishlarsiz imon ham o’likdir.

3-bob
1Ey birodarlarim, biz, ustozlar jiddiyroq hukmga duchor bo’lishimizni bilasizlar, Shuning uchun ko’plaringiz ustoz bo’lavermanglar.
2Chunki hammamiz ko’p xato qilamiz. Agar kim so’zlayotganda xato qilmasa, u komil insondir, butun vujudini ham tiyib olishga kuchi etadi.
3Bizga itoat etishi uchun otlarning og’izlariga suvluq solib, ularning butun vujudini boshqaramiz.
4Mana, kemalar ham, qancha ulkan bo’lmasin va kuchli shamollar bilan yurmasin, kemachining ko’ngli qaerni istasa, juda kichik bir rul bilan boshqara oladi.
5Til ham xuddi Shunday badanning kichkina bir uzvidir, ammo u ko’p lof uradi. Qara, kichik bir uchqun naqadar katta o’rmonni yondirib yuboradi!
6Til – bir olov, uzvlarimiz orasida bir buzg’unchi dunyo! U butun vujudimizni bulg’aydi. U jahannamdan alangalanib, butun falakni ham yondiradi.
7Har xil yovvoyi hayvon, qush, sudraluvchi va dengiz hayvoni inson zoti tomonidan tiyilgan va tiyilmoqda.
8Ammo tilni hech bir inson tiya olmaydi. U to’xtatib bo’lmaydigan yovuz kuchdir, o’ldiradigan zahar sochib turadi.
9Tilimiz bilan Rabbimiz va Otamizni maqtaymiz, tilimiz bilan Xudoning suratida yaratilgan insonlarga la’nat o’qiymiz.
10Maqtash va la’natlash bir og’izdan chiqadi. Ey birodarlarim, bu Shunday bo’lmasligi kerak!
11Axir, bitta buloqdan shirin va achchiq suv oqib chiqadimi?
12Ey birodarlarim, anjir – zaytun yoki tok novdasi anjir bera oladimi? Sho’r buloq ham shirin suv bermaydi-ku!
13Orangizdagi dono va fahmli kishi kim? Unday odam bor bo’lsa, yaxshi yurish-turishi bilan, donolikdan dalolat beruvchi muloyimligi bilan o’zini ko’rsatsin.
14Agarda yuragingizda rashk-hasad va xudbinlik bo’lsa ham, manmanlik qilib haqiqatni rad etmanglar.
15Bunday donolik yuqoridan tushmagan. Bunday donolik dunyodan, moddiyatdan, jin-ajinadan tug’ilgan.
16Chunki qaerda hasadgo’ylik va xudbinlik hukm sursa, u erda tartibsizlik va har xil yaramaslik paydo bo’ladi.
17Lekin yuqoridan tushgan donolik esa, birinchidan pokdir. Ikkinchidan esa murosali, muloyim, bo’ysunuvchan, to’la mehr-shafqatli, yaxshi samaralar bilan to’lib-toshgan, beg’araz va riyosizdir.
18Shu tariqa solihlik urug’i sepilib, tinchlikparvarlar uchun osoyishtalik barpo bo’ladi.

4-bob
1Orangizdagi janjal va to’qnashuvlar qaerdan kelib chiqadi? Tanangizning uzvlarida o’zaro jang qilayotgan nafsu ehtiroslaringizdan emasmi?
2Bir narsa orzu qilyapsizlar, ammo orzungiz amalga oshmagach, odam o’ldiryapsizlar. Hasad qilyapsizlar, ammo maqsadingizga erisha olmagach, talashib tortishyapsizlar. Xudodan so’ramaganingiz uchun sizlarda yo’q.
3So’rayapsizlar-u, lekin olmayapsizlar, chunki yomon niyat bilan, nafsingizni qondirish uchun so’rayapsizlar.
4Ey vafosizlar, dunyo bilan do’stlik Xudoga dushmanlik ekanligini bilmaysizlarmi? Kim dunyo bilan do’st bo’lishni istasa, Xudoga dushman bo’ladi.
5Nahotki sizlar: “Xudo ichimizga solgan ruhni nihoyatda qizg’anadi” degan oyatni inobatga olmaysizlar?
6Biroq Xudoning inoyati bunga qaraganda yanada saxiyroq, chunonchi boshqa oyatda Shunday aytilgan: “Xudo mag’rurlarga qarshi, ammo kamtarlarga inoyatlidir”.
7Shunday qilib, Xudoga itoat qilinglar. Iblisga qarshi turinglar, shunda u sizlardan qochadi.
8Xudoga yaqinlashinglar, shunda U sizlarga yaqinlashadi. Ey gunohkorlar, qo’llaringizni gunohdan tozalanglar! Ey hardamxayollar, ko’ngillaringizni to’g’ri qilinglar!
9Qayg’uringlar, motam tutinglar, nola qilinglar! Kulgingiz yig’iga, shodligingiz motamga aylansin.
10Rabbingiz oldida o’zingizni past olinglar, U esa sizlarni yuksaltiradi.
11Ey birodarlarim, bir-biringizni yomonlamanglar. O’z birodarini yomonlagan yoki ayblagan kishi Ilohiy Qonunni yomonlagan hisoblanadi. Agar sen Ilohiy Qonunni ayblasang, sen Qonunning ijrochisi emas, balki qozisi bo’lasan.
12Qonun chiqaruvchi va hukm qiluvchi Xudo esa yagonadir. Faqat U qutqarish va nobud qilish qudratiga ega. Sen kim bo’libsanki, birodaringni hukm qilasan?
13Xo’sh, sizlar: “Bugun yoki ertaga falon Shaharga borib, u erda bir yil yashab, savdo-sotiq qilib, foyda ko’ramiz”, - deysizlar-u,
14lekin ertaga nima bo’lishini bilmaysizlar. Hayotingiz – birpas ko’rinib, keyin parlanib ketadigan bug’ kabi narsa.
15Buning o’rniga sizlar: “Agar Rabbimiz xohlasa, biz tirik qolib, uni yoki buni qilamiz”, - deb aytishingiz kerak.
16Holbuki, sizlarning dimog’ingiz ko’tarilib, kekkayib yuribsizlar. Har qanday kekkayish esa yovuzlikdir.
17Shunday qilib, kim xayrli ish qilishni bilsa-yu, uni amalda qilmasa, gunoh hisoblanadi.

5-bob
1Keling endi, ey boylar, boshingizga tushadigan falokatlar uchun faryod etinglar, yig’langlar!
2Chunki boyligingiz chirib ketgan, kiyimingizni kuya egan.
3Oltinu kumushlaringizni zang bosgan. Mana, ularning zangi sizga qarshi guvohlik beradi va tanangizni olovday yondiradi. Sizlar dunyoning oxirgi kunlariga boylik orttirib kelmoqdasizlar.
4Ekinlaringizni o’rgan o’roqchilarning ish haqini ushlab qoldingizlar. Mana, sizlar ushlab qolgan pullar o’zi faryod qilmoqda! O’roqchilarning dod-fig’oni qudratli Egamning qulog’iga etib bordi.
5Sizlar dunyoda ortiqcha nash’u namoga berilib, kayf-safoda yashadingizlar. Qurbonlik kuniga kelguncha yuraklaringizni yog’ bosdi.
6Sizlarga qarshilik ko’rsata olmagan sofdil odamni qoralab, qatl qildingizlar.
7Ey birodarlarim, Rabbimiz Iso qayta kelguniga qadar sabr-toqat qilinglar. Dehqon ham goh kuzgi, goh bahorgi yomg’irlar yoqqunga qadar sabr-toqat bilan kutib, er undirgan qimmatbaho hosilni yig’ib teradi.
8Xuddi shu singari, sizlar ham sabr-toqatli bo’linglar, dilingiz quvvatga to’lsin. Chunki Rabbimizning kelishi yaqinlashib qoldi.
9Ey birodarlarim, aybdor bo’lmaslik uchun bir-biringizning ustingizdan shikoyat qilmanglar. Mana, hukm qiluvchi Rabbimiz eshik oldida turibdi.
10Ey birodarlarim, Xudovand nomidan gapirgan payg’ambarlarning azob-uqubatga qanday chidaganliklaridan o’rnak olinglar.
11Sabr qilganlari uchun ularni baxtiyor hisoblaymiz. Ayubning sabr-toqati haqida eshitgansizlar, umrining oxirgi kunlarida Xudovand u uchun nimalar qilganini bilasizlar. Xudovand ko’p shafqatli va marhamatlidir.
12Ey birodarlarim, eng avvalo na er haqi, na osmon haqi va na boshqa narsa haqi qasam ichmanglar. Aybdor bo’lmasligingiz uchun, “ha” degan joyda “ha” deng, “yo’q” degan joyda “yo’q” deng.
13Agar orangizda biror kishi azob-uqubat chekayotgan bo’lsa, ibodat qilsin. Agar birov ko’tarinki ruhda bo’lsa, hamdu sanolar o’qisin.
14Agar sizlardan biror kishi bemor bo’lsa, imonlilar jamoatining oqsoqollarini chaqirsin. Ular Rabbimiz Iso nomi bilan duo qilib, bemorning boshiga yog’ surkasinlar.
15Imon bilan qilingan duo bemorni sog’aytiradi, Rabbimiz O’zi uni tuzatadi. Agar bemor gunoh qilgan bo’lsa, Rabbimiz uni kechiradi.
16Shunday qilib, shifo topishingiz uchun, bir-biringiz oldida qilgan gunohlaringizga iqror bo’linglar va bir-biringiz uchun ibodat qilinglar. Solih odamning zo’r berib qilgan iltijosi kuchli ta’sirga egadir.
17Mana, Ilyos payg’ambar ham bizga o’xshash bir inson edi. Yomg’ir yog’masin deya, u astoydil iltijo qildi va er yuziga uch yilu olti oy yomg’ir yog’madi.
18U yana iltijo qilgach, osmondan yomg’ir yog’di va erdan hosil unib chiqdi.
19Ey birodarlarim, agar sizlarda biror kishi haqiqat yo’lidan bosh tortsa, uni yana haqiqatga qaytarishga tirishinglar.
20Bilinglarki, gunohkorni xato yo’ldan qaytargan kishi o’limdan bir jonni qutqargan va ko’p gunohlarni yuvgan bo’ladi.

No comments: