Kolosaliklarga maktub
1-bob
1Xudoning irodasi ila Iso Masihning havoriysi bo’lgan men – Pavlus va birodarimiz Timo’tiydan
2Kolosa shahridagi Masihga sidqidildan berilgan muqaddas birodarlarimizga salom!
3Otamiz Xudodan [va Rabbimiz Iso Masihdan] sizlarga inoyat va tinchlik ato bo’lsin. Sizlarning haqingizga ibodat qilar ekanmiz, Rabbimiz Iso Masihning Otasi – Xudoga doim shukronalar bildiramiz.
4Chunki Iso Masihga bo’lgan imoningiz va butun ahli mo’minga qo’ygan mehr-muhabbatingizdan xabardormiz.
5Bunga sizlar haqiqat kalomi, ya’ni Injil Xushxabari orqali erishdingizlar. Samoda o’zlaringiz uchun tayyorlab qo’yilgan xazina to’g’risidagi Xushxabarni eshitib, umidvor bo’ldingizlar.
6Ana shu Xushxabar butun jahonga ham yoyildi, sizlarga ham etib bordi. Sizlar Xudoning inoyatini eshitib, chini bilan anglab etdingizlar. O’sha kundan beri Xushxabar sizning orangizda tobora tomir yoyib, samara bermoqda.
7Manfaatingiz yo’lida Masihning sodiq xizmatkori bo’lgan sevimli hamkorimiz Epafras ham ana shu xususda sizlarga ta’lim bergan edi.
8Endi u sizning ilhomli mehr-muhabbatingiz haqida ham bizga xabar qildi.
9Shuning uchun biz bu haqda eshitgan kunimizdan beri sizlar uchun ibodat qilishni kanda qilmayapmiz. Xudodan shuni so’raymizki, Uning irodasini to’la anglashingiz uchun O’zi sizlarga har qanday ilohiy hikmat va fahm-idrok ato qilsin,
10toki sizlar Rabbingizga munosib yashab, Uni har jihatdan mamnun qilinglar, har turli xayrli ishda samarali bo’linglar, Xudoni tanib-bilib ulg’ayinglar,
11Uning ulug’vor kuch-qudratidan bahra olib, to’la-to’kis baquvvat bo’linglar, hamma narsaga sabr-toqat va sevinch bilan chidab,
12Otamiz Xudoga shukrona qilinglar. Chunki U O’z azizlariga va’da qilgan nurli merosdan bizni bahramand qildi.
13Bizni zulmat hukmronligidan ozod qilib, sevimli O’g’lining Shohligiga ko’chirdi.
14Xudoning O’g’li bizning o’rnimizga qurbon bo’ldi, O’z qonini to’kib gunohlarimizni yuvdi.
15Iso Masih ko’rinmas Xudoning in’ikosidir. U butun maxluqot ustidan, xuddi to’ng’ich singari, birinchi o’rinda turadi.
16Ko’kdagi va erdagi borliq mavjudot, ko’rinadigan va ko’rinmaydigan maxluqot, u dunyoyu bu dunyodagi har qandy taxtu toj, saltanatu hukmronlik U orqali yaratilgan.
17Uning O’zi esa hamma narsadan avval mavjud edi. Borliq mavjudot Uning soyasida mavjuddir.
18U O’z badani, ya’ni ummatining boshidir. U o’liklar ichidan birinchi bo’lib tirilgani uchun, hammaning ilg’ori va boshidir.
19Xudo butun kamolotni Unda jo qilishni xush ko’rdi.
20Uning vositasi bilan Xudo eru ko’kdagi borliq mavjudotni O’zi bilan yarashtirishga qaror qildi. Xochda to’kilgan qonni inobatga olib, Xudo O’zi yaratganlar bilan sulh tuzdi.
21Mana sizlar ham bir vaqtlar yomon ishlar qilib, yaramas fikrda bo’lib, Xudoga begona va dushman edingizlar.
22Endi esa Masih O’zining insoniy badanini qurbonlikka bag’ishlab, O’z o’limi orqali sizlarni Xudo bilan yarashtirdi, Xudo huzuriga sizlarni muqaddas, aybsiz va nuqsonsiz holda taqdim qildi.
23Sizlar endi eshitgan Xushxabarga qattiq e’tiqod qo’yib, umidingizdan qaytmasangiz, imoningizda mahkam, og’ishmay tursangiz, bo’ldi. Injil Xushxabari osmoni falak ostida Xudo yaratgan barcha jonzodga etkazildi, men – Pavlus esa bu Xushxabarning fidoyisi bo’ldim.
24Men hozirgi vaziyatda sizlar uchun azob tortayotganimga sevinaman. Masihning O’z badani, ya’ni ummati uchun tortmagan qayg’ularini men o’z tanamda tortib to’ldiryapman.
25Xudoning menga topshirig’i bo’yicha, men Masih ummati ustidan mas’ul xizmatkor bo’ldim, Xudo kalomini to’liq targ’ib qilish vazifasini o’z zimmamga oldim.
26Ana shu kalom o’tgan asrlar va avlodlardan sir tutilib, hozir esa Xudoning azizlariga oshkor bo’ldi.
27Xudo dunyo xalqlari uchun saqlagan ushbu sirning naqadar boy va ulug’vorligini O’z azizlariga ochib berishga rozi bo’ldi, chunonchi ulug’vor umidimizning mag’zi – sizning ichingizdagi Masih.
28Shunga ko’ra, biz Masihga ishongan har bir odamni mukammal holda Xudoga taqdim etmoqchimiz. Har bir odamga aql o’rgatib, butun donolik bilan ta’lim-tarbiya berib, Masihni targ’ib qilmoqdamiz.
29Men ham ana shu maqsadda jon-jahdim bilan xizmat qilar ekanman, menga kuchli ta’sir qilayotgan Rabbimning qudratiga suyanaman.
2-bob
1Men sizlar uchun, Shuningdek, Laodikiya shahridagilar hamda shaxsan yuzimni ko’rmagan imonlilarning hammasi uchun naqadar zo’r g’ayrat ko’rsatayotganimni bilishingizni istayman.
2Maqsadim shuki, sizlar dadil bo’ling, muhabbat ruhida birlashing, fahm-idrok va to’la komil ishonch bilan Otamiz Xudoning siri – Masihni payqab oling.
3Chunki hikmat va ilmu ma’rifatning hamma xazinalari Masihda pinhondir.
4Buni men Shuning uchun aytyapmanki, hech kim sizlarni tilyog’lamalik qilib yo’ldan ozdirmasin.
5Men garchi jisman sizning orangizda bo’lmasam ham, ruhan orangizdaman, sizlarning tartib-intizomingiz va Masihga bo’lgan sog’lom imoningizni ko’rib sevinyapman.
6Endi sizlar Iso Masihni Rabbimiz deb qabul qilgan ekansizlar, U bilan aloqada bo’lib yashanglar.
7Olgan ta’limotingizga muvofiq, Unda tomir yoyib, qaror toping, imoningizda qattiq turing, shu yo’lda rivojlanib borib, Xudoga shukronalar tilingizdan tushmasin.
8Ehtiyot bo’linglar, hech kim falsafa va quruq safsatalar bilan sizlarni avramasin. Bunday gaplar Masihga emas, balki insonlarning an’anasiga, dunyoning xurofiy unsurlariga asoslanadi.
9Xudoning butun borlig’i to’la-to’kis Masih vujudida mavjuddir.
10Har turli hukmronlik va hokimiyatning boshi Masih bilan aloqada bo’lib, sizlar ham to’la-to’kis bo’ldinglizlar.
11Sizlar Masih bilan aloqada bo’lib sunnat ham qilindingizlar. Bu Masihning sunnati bo’lib, inson qo’li bilan qilinmaydi, bu sunnat gunohkor vujudning kesib tashlanishi demakdir.
12Sizlar imon keltirganda suvga cho’mib, Masih bilan birga ko’mildingizlar. Shuningdek, Masihni tiriltirgan Xudoning qudratiga qattiq inonib, Masih bilan birga tirildingizlar.
13Ilgari sizlar sunnatsiz, ya’ni gunohga botgan holatda bo’lib, o’lik edingizlar. Endi esa Xudo barcha gunohlaringizni kechirib, sizlarni Masih bilan birga yangi hayot uchun tiriltirdi.
14Bizga qarshi yozilgan, mahkumligimizni bildiruvchi aybnomani Xudo o’chirdi, ya’ni uni Masih bilan birga xochga mixlab, kuchdan qoldirdi.
15O’sha xoch orqali ruhiy hokim va hukmronliklar ustidan ham g’alaba qozondi. Ularning qurol-yarog’ini olib qo’ydi-da, ularni O’zining tantanali yurishida yurgizib, rasvoi olam qildi.
16Shunday qilib, egulik-ichgulik, diniy bayramlar, yangi oy yoki dam olish kunlari xususida hech kim sizlarga qonun-qoida chiqarmasin.
17Bular kelajak dunyoning sharpasigina xolos, asli esa Masihdadir.
18Farishtalarga sig’inishni qoyil qiladigan, o’z xayolida tug’ilgan “vahiylar”ga maftun bo’lgan, soxta kamtarlik ko’rsatib, o’zining insoniy fikrlashi bilan behuda mag’rurlanib ketgan hech bir kishi sizlarni vasvasaga solmasin.
19Bunday kishilar O’z ummatining Boshi bo’lgan Masihdan ajralgan. Ana bu Boshdan butun badan hayotbaxsh kuch olib, payu bo’g’inlar orqali o’zaro ulanib, Xudo xohlagan yo’lda o’sadi.
20Agar sizlar Masih bilan birga o’lgan bo’lsangizlar, dunyoning xurofiy kuchlari oldida ham o’lgan bo’lasizlar. U holda yana nima uchun bu dunyoga qul bo’lgandek,
21“tegma”, “tutma”, “ema” kabi qonun-qoidalariga bo’ysunasizlar?
22Bu qoidalarning hammasi faqat qo’llanib yo’q bo’luvchi narsalar bilan bog’liq bo’lib, insonlarning buyruq va an’analariga tayanadi.
23Garchi bular natijasida paydo bo’ladigan beboshlarcha dindorlik, o’zini mo’minlikka solish, badanni qiynash odamlarga hikmatday tuyulsa-da, aslida nafsga o’t, nafsoniyatga dog’ tushiradi.
3-bob
1Sizlar Masih bilan birga tirilgan ekansiz, yuqoridagi, Masih bo’lgan joydagi narsalarni izlanglar; U samoda Xudoning o’ng tomonida o’tiribdi.
2Fikringiz er yuzidagi emas, samodagi narsalar bilan band bo’lsin.
3Chunki sizlar o’lgansizlar, yangi hayotingiz esa Masih bilan Xudo huzurida pinhondir.
4Hayotingizning o’zi – Masihdir. U olamga qaytib zohir bo’lgach, sizlar U bilan birga ulug’vor tusda zohir bo’lasizlar.
5Shunday qilib, erga xos nafsingizni tiyib, fahshbozlik, nopoklik, yomon hirsu havaslar hamda butparastlik bilan teng bo’lgan tamagirlikni o’ldiringlar.
6Bular sababli Xudoning g’azabi itoatsiz bandalarning boshiga tushadi!
7Sizlar ham bir vaqtlar bu kishilar bilan yotib-turib, ayni Shunday ishlar qilar edingizlar.
8Ammo endi g’azab, jahl, ginalarning hammasini bir chetga yig’ishtirib qo’yinglar. Og’zingizdan hech qanday jerkish yoki nojo’ya so’z chiqmasin.
9Bir-biringizga yolg’on gapirmanglar. Chunki sizlar eski insonni yomon odatlari bilan birga o’zingizdan soqit qildingizlar.
10Buning o’rniga Xudoni tanib-bilish sari yangilanayotgan, Yaratuvchining suratiga o’xshab borayotgan yangi insonni qabul qildingizlar.
11Shu nuqtai nazardan endi na yunoniy bor, na yahudiy; na sunnatli bor, na sunnatsiz; na johil bor, na madaniyatsiz; na qul bor, na ozod. Zero Masih hamma narsadir va hamma narsadadir.
12Xudo sizlarni azizlarim deb tanlagan, sizlar muqaddassiz. Shunga ko’ra rahm-shafqat, ko’ngilchanlik, kamtarlik, muloyimlik va sabr-toqatni zeb-ziynat qilib taqinglar.
13Bir-biringizga nisbatan chidamli va kechirimli bo’linglar. Agar bir kishi ikkinchisidan xafa bo’lsa, Masih sizlarni kechirgani kabi, sizlar ham bir-biringizni kechiringlar.
14Yana bularning ustiga kamolot cho’qqisi bo’lgan muhabbat tojini kiyinglar.
15Masih ato qilgan tinchlik dilingizda hokim bo’lsin. Sizlar bir badanning a’zolari kabi tinch-totuv bo’lishga da’vat etilgansizlar. Shuningdek, minnatdor bo’linglar.
16Masihning kalomi sizda chuqur o’rnashib, yashayversin. Butun donolik bilan bir-biringizga ta’lim bering, nasihat qiling. Zabur xonishi, ilhomli qo’shiqlar va madhiyalar bilan, chin ko’ngildan, minnatdorchilik bilan Xudoni tarannum etinglar.
17Nima aytsangiz yoki nima qilsangizlar, hammasini Rabbimiz Iso nomidan qilib, U orqali Otamiz Xudoga shukrona aytinglar.
18Ey xotinlar, Rabbimiz bilan aloqada yashovchilarga munosib, erlaringizga itoat etinglar.
19Ey erkaklar, xotinlaringizni sevinglar, ularga qo’pol muomalada bo’lmanglar.
20Ey bolalar, har narsada ota-onalaringizning so’ziga quloq solinglar, chunki bu Rabbimizga ma’qul keladi.
21Ey otalar, ruhiy tushkunlikka tushmaslik uchun bolalaringizni ranjitavermanglar.
22Ey qullar, dunyodagi xo’jayinlaringizga har narsada itoat etinglar. Buni insonga yoqmoq uchun, xo’jako’rsinga emas, balki soddadillik bilan, Xudodan qo’rqib qilinglar.
23Qiladigan har bir ishni insonlar uchun emas, Rabbingiz uchun qilayotganday, chin qalbdan bajaringlar.
24Xudodan abadiy mukofot olishingizni o’ylab, Egangiz Masihga xizmat qilinglar.
25Kimki nohaqlik qilsa, qilmishiga yarasha jazosini oladi. Xudo yuz-xotirchilik qilmaydi.
4-bob
1Ey xo’jayinlar, sizning ham osmonda Egangiz borligini bilib, qullaringizga odil bo’ling, haqini to’liq beringlar.
2Toat ibodatga astoydil berilinglar; ibodat qilishda hushyor bo’lib, shukrona qilinglar.
3Shuningdek, bizlar uchun ham ibodat qilinglar: biz Xudoning kalomini targ’ib qilishimiz va Masih sirini bayon etishimiz uchun O’zi bir eshikni ochib bersin. Men ana shu sir tufayli qamoqdaman.
4Bu sirni munosib ravishda izhor eta olishimni Xudodan so’ranglar.
5Fursatni g’animat bilinglar, safingizda bo’lmaganlar bilan oqilona yo’l tutinglar.
6Har bir odamga qanday javob berish lozimligini bilinglar, so’zingiz hamisha fayzli va mazali bo’lsin.
7Rabbimning sodiq xizmatkori, hamkorim va suyukli ukam Tixik men haqimdagi barcha narsalarni sizlarga bildiradi.
8Ana shu maqsadda uni oldingizga jo’nataman: u ko’ngillaringizni tinchitib, ahvolingizdan xabar olib kelsin.
9Sodiq va sevimli birodarimiz, hamShaharingiz O’nisim ham Tixik bilan birga oldingizga boradi. Ular bu erda yuz bergan hamma narsani sizlarga aytib berishadi.
10Men bilan birga qamalgan Aristarx va Barnaboning jiyani Mark ham sizlarga salom yo’llayaptilar. Mark haqida buyruq olgansizlar; agar oldingizga borsa, uni yaxshi qabul qilinglar.
11Yustus laqabli Iso ham sizlarga salom yo’llayapti. Xudoning Shohligi yo’lida mehnat qilayotgan bulardan boshqa yahudiy hamkorlarim yo’q. Ular menga yupanch bo’lib kelmoqdalar.
12Iso Masihning quli, hamShaharingiz Epafras sizlarga salom yo’llayapti. Sizlar Xudoga ma’qul bo’lgan hamma narsani bajaruvchi etuk, ishonchi komil kishilar bo’lib og’ishmay turinglar, deb Epafras zo’r g’ayrat bilan, tinmay ibodat qilmoqda.
13U sizlar uchun hamda Laodikiya va Ierapol Shaharlaridagi Masih jamoatlari uchun ne-ne zahmatlar chekkaniga o’zim shohidman.
14Sevimli tabib Luqo va Dimas sizlarga salom yo’llashyapti.
15Laodikiya shahridagi birodarlarga, ayniqsa Nimfa va uning uyida to’planadigan jamoatga salom aytinglar.
16Bu maktubim orangizda o’qib berilgandan keyin, Laodikiyadagi Masih jamoatiga ham o’qitinglar. Sizlar esa Laodikiyadan keladigan maktubni o’qinglar.
17Arxippga: “Sen Rabbimiz yo’lida bo’yningga olgan xizmatni ado qilish uchun ehtiyot bo’l”, - deb aytinglar.
18Men, Pavlus, o’z qo’lim bilan bu duoyi salomni yozyapman. Qamoqda yotganimni esdan chiqarmanglar. Xudoning inoyati sizlarga yor bo’lsin. Omin.
Tuesday, March 20, 2007
Kolosaliklarga maktub
Posted by Масиҳий муаллим at 15:00
Subscribe to:
Post Comments (Atom)
No comments:
Post a Comment