Vahiy
1-bob
1Bu kitob Iso Masihning vahiysidir. Xudo tez orada yuz berishi muqarrar bo’lgan hodisotni O’z qullariga ko’rsatishi uchun Iso Masihga ushbu vahiyni berdi. U esa farishtasini yuborib, quli Yuhannoga buni bildirdi.
2Yuhanno Xudoning kalomi va Iso Masihning shahodati, ya’ni ko’rgan narsalarining hammasi haqida guvohlik berdi.
3Bu bashoratni o’qiyotgan va tinglayotganlar hamda bu yozganlarga amal qiluvchilar baxtiyordir. Chunki vaqt yaqin.
4Men, Yuhanno, Asiya viloyatidagi etti Masih jamoatiga yozyapman: hozir bor, azaldan bor bo’lgan, kelajakda bor bo’lg’usi Xudodan, Uning taxti oldida turgan etti Ruhdan,
5Shuningdek, o’liklar ichidan birinchi bo’lib tirilgan, er yuzi podshohlarining Shohanshohi bo’lgan ishonchli shohid – Iso Masihdan sizlarga inoyat va tinchlik bo’lsin. Iso Masih bizni ko’p sevdi. U O’z qonini to’kib, bizni gunohlarimizdan forig’ qildi.
6U bizni shohlar qildi, Otasi Xudo uchun ruhoniylar ham qildi. Abadiy shon-sharaf, mangu saltanat Unga xosdir. Omin.
7Mana, U bulutlar bilan kelyapti! Har bir ko’z Uni ko’radi, Uning badanini teshganlar ham ko’radi, dunyoning jamiki qabilalari U tufayli fig’on chekadi. Ha, Shunday bo’lgay! Omin.
8“Men – Ibtido va Intihodirman”, - deydi Xudoyi Taolo, hozir bor, azaldan bor bo’lgan, kelajakda bor bo’lg’usi Sarvari koinot.
9Men – Iso Masihning qayg’u-hasrati, saltanati va sabr-qanoatiga sizlar bilan sherik bo’lgan birodaringiz Yuhannoman. Xudoning kalomi tufayli va Iso Masih uchun shohidlik berganim sababli Patmos oroliga surgun qilingan edim.
10Rabbimiz Isoning tirilishi qutlanadigan kunda men Ilohiy Ruhning ta’sirida qoldim. Birdaniga orqamdan karnay ovoziga o’xshash kuchli bir nido eshitdim: “[Men Ibtido va Intiho, Avvaliyu Oxiridirman.]
11Ko’rganlaringni kitobga yozib bor va Asiyadagi etti jamoatga – Efes, Izmir, Pergam, Tiyatira, Sardis, Filadelfiya va Laodikiya Shaharlaridagi jamoatlarga yubor”.
12Men bilan gaplashayotgan Kimsani ko’rish uchun o’girildim. Shunda etti oltin shamdonni ko’rdim.
13Shamdonlar o’rtasida bo’yi baravar uzun rido kiygan va ko’ksiga oltin kamar bog’lagan Inson O’g’liga o’xshash bir Kimsa ko’rindi.
14Uning boshi, sochlari bamisli oq yung, qordek oppoq, ko’zlari esa otash alangasidek chaqnardi.
15Uning oyoqlari ko’rada qizdirilgan yaltiroq misga o’xshardi, ovozi ko’p suvlarning shov-shuvini eslatardi.
16O’ng qo’lida etti yulduzni tutib turar, og’zidan o’tkir dudama qilich chiqazib turar edi. Uning yuzi kunning qizig’ida balqiydigan quyoshday balqib turardi.
17Uni ko’rishim bilanoq, Uning oyoqlari ostiga jonsiz kabi yiqildim. U esa o’ng qo’lini ustimga qo’yib, Shunday dedi: “Qo’rqma! Men Avvaliyu Oxiridirman.
18Tirikman. O’lgan edim va mana, abadulabad tirikman. Omin. O’lim va tamug’ ochqichlari Mendadir.
19Shunday qilib, nimalar ko’rding, nimalar bo’lyapti, bundan so’ng nimalar yuz beradi, hammasini yozib bor.
20O’ng qo’limda sen ko’rgan etti yulduz va etti oltin shamdon siriga kelsak, etti yulduz – etti jamoatning farishtalari, etti shamdon esa – etti jamoatdir”.
2-bob
1“Efesdagi jamoatning farishtasiga yoz: Etti yulduzni o’ng qo’lida Tutguvchi, ettita oltin shamdon orasida Yuruvchi Shunday deydi:
2Sening ishlaring, mehnating, sabr-toqatingni bilaman. Havoriy bo’lmagan holda o’zlarini havoriy deb aytganlarni sinading va yolg’onini fosh qilding.
3Ha, sabr-toqating bor. Mening nomim uchun ko’pni boshdan kechirding va charchamading.
4Biroq senga bir e’tirozim borki, sen ilk muhabatingdan ayniding.
5Endi qaerdan tushganingni esla! Tavba qil va avvalgi ishlaringni qilib yur. Aks holda, tavba qilmasang, qo’qqisdan sening yoningga kelib, shamdoningni joyidan siljitib yuboraman.
6Lekin sendagi yaxshi fazilat shuki, sen nikolaychilarning ishlaridan nafratlanasan. Men ham ulardan nafratlanaman.
7Ruhning jamoatlarga aytayotgan gaplarini qulog’i bor kishi eshitsin. G’olibga Xudoning jannatidagi hayot daraxti mevasidan eyishni ehson etaman”.
8“Izmirdagi jamoatning farishtasiga yoz: O’lgan bo’lib, tirilib Kelgan, Birinchi va Oxirgi Shunday deydi:
9Sening [ishlaring,] qayg’ularing, kambag’alligingni bilaman. Ammo holbuki, sen boysan! O’zlarini yahudiy deganlarning haqoratlarini ham bilaman. Ular yahudiy emas, balki shayton yig’inidirlar.
10Boshga tushadigan azob-uqubatlardan hech qo’rqma. Mana, iblis sizlarni sinash uchun orangizdan ba’zilarni olib zindonga tashlaydi, o’n kungacha azob chekasizlar. O’limgacha sodiq qol, shunda Men senga hayot tojini beraman.
11Ruhning jamoatlarga aytayotgan gaplarini qulog’i bor kishi eshitsin. G’olib kelgan ikkinchi o’limdan hech bir zarar ko’rmaydi”.
12“Pergamdagi jamoatning farishtasiga yoz: O’tkir dudama qilich Sohibi Shunday deydi:
13[Sening ishlaringni bilaman.] Shaytonning taxti bo’lgan joyda yashayotganlaringni bilaman. Mening nomimga ixlos qo’yding. Hatto orangizdagi sodiq shohidim Antipa shayton o’tirgan erda shahid bo’lgan kunlarda ham sen Menga bo’lgan imoningdan qaytmading.
14Lekin senga bir oz e’tirozim bor: orangizda Bal’om ta’limotini tutuvchilar bor. Bal’om Isroil o’g’illarini yo’ldan urish uchun Boloqni tashviq qilgan edi, Boloq esa ularni butga qurbon qilingan go’sht eyishga va zinokorlik qilishga unatdi.
15Shuningdek, sening ichingda nikolaychilar ta’limotini tutuvchilar ham bor.
16Endi tavba qil! Aks holda men zudlik bilan oldingga borib, O’z og’zimdagi qilich bilan o’sha gunohkorlarga qarshi jang qilaman.
17Ruhning jamoatlarga aytayotgan gaplarini qulog’i bor kishi eshitsin. G’olibga sirli manna va bir oq tosh beraman. Bu toshning ustiga yangi bir ism yozilganki, uni toshni olgan kishidan boshqa hech kim bilmaydi”.
18“Tiyatiradagi jamoatning farishtasiga yoz: Ko’zlari otash alangasiday chaqnoq va oyoqlari yaltiroq misday porloq Xudoning O’g’li Shunday deydi:
19Sening ishlaring, sevging, imoning, fidoyiliging va sabringni bilaman. Oxirgi ishlaring avvalgisidan ko’proq ekanini ham bilaman.
20Lekin senga bir e’tirozim bor: Izavel degan xotinga yo’l qo’yibsan. U o’zini payg’ambar deb, qullarimga zinokorlik etishni va butga qurbon qilingan narsani eyishni targ’ib qilib, ularni to’g’ri yo’ldan ozdirmoqda.
21Tavba qilishi uchun unga muhlat berdim, ammo u zinokorligidan tavba qilmoqchi emas.
22Mana, Men uni xastalik to’shagiga yotqizaman. U bilan birga zino qilganlarni ham, bordiyu qilmishlaridan tavba qilmasalar, buyuk kulfatga duchor qilaman.
23Uning farzandlariga o’lim urug’ini yog’diraman. Shunda butun jamoatlar Men ko’ngil va qalblarni sinab ko’rguvchi ekanimni bilib oladilar. Orangizdagi har bir kishini o’z qilmishiga yarasha taqdirlayman.
24Tiyatirada qolgan va bu ta’limotga ergashmagan, go’yo “shaytonning teranliklari” deyilgan sirlarga bosh suqmagan boshqalarning hammasiga aytaman: sizlarga boshqa og’irlik solmayman.
25Faqat Men kelgunimga qadar, sizda bor bo’lganni qattiq ushlanglar.
26G’olib kelgan va oxirigacha Mening ishlarimga ergashganga xalqlar ustidan hukmronlik qilishni ato etaman.
27-28Bu iqtidorni Menga Otam ato qilgan, Men esa uni shogirdimga ato etaman. U temir tayoq ila xalqlarga cho’ponlik qiladi, ular esa sopol idish singari sinib ketadi. Unga tong yulduzini ham ato qilaman.
29Ruhning jamoatlarga aytayotgan gaplarini qulog’i bor kishi eshitsin”.
3-bob
1“Sardisdagi jamoatning farishtasiga yoz: Xudoning etti Ruhiga va etti yulduzga Molik Shunday deydi: Sening ishlaringni bilaman. Sening go’yo tirik degan noming bor, ammo o’liksan.
2Bedor bo’l! O’lishga yuz tutmagan nimang qolgan bo’lsa, tuzatib qo’y. Sening ishlaring Xudoyim oldida tugal emasligini aniqladim.
3Nima eshitgan va qabul qilgan bo’lsang, eslab amalga oshir va tavba qil. Agar bedor bo’lmasang, Men o’g’riday bosib kelaman, sen esa qaysi soatda seni bosib olishimni bilmaysan.
4Biroq Sardisda o’z kiyimlarini bulg’atmagan bir necha odamlaring bor. Ular Men bilan birga oq kiyimda yuradilar, ular bunga loyiqdir.
5Kimki g’olib kelsa, Shunday oq kiyim kiyadi. Men uning nomini hayot kitobidan o’chirmayman, Otam Xudo va Uning farishtalari oldida uning nomini tan olaman.
6Ruhning jamoatlarga aytayotgan gaplarini qulog’i bor kishi eshitsin”.
7“Filadelfiyadagi jamoatning farishtasiga yoz: Muqaddas va Haq, Dovudning kalitiga Molik, ochganini hech kim bekita olmaydigan, bekitganini esa hech kim ocha olmaydigan Zot Shunday deydi:
8Sening ishlaringni bilaman. Mana, oldingdagi eshikni ochdim, uni hech kim bekita olmaydi. Senda kuch ko’p emas, ammo Mening so’zimni saqlading, nomimni inkor etmading.
9Mana, shayton yig’inidan bo’lganlarni Men nima qilarkanman? Ular o’zlarini yolg’ondan yahudiy deydilar, ammo yahudiy emaslar. Men ularni Shunday ko’yga solamanki, kelib sening oyog’ingga sajda qiladilar, Men seni naqadar sevganimni bilib oladilar.
10Sen Mening sabr qilish haqidagi amrimni bajo keltirding, Shuning uchun Men er yuzi bo’ylab yashovchilarni sinash uchun yuboriladigan vasvasa soatidan seni asrayman.
11Men tezda kelaman. Qo’lingda nimang bo’lsa, mahkam tut, zinhor biror kimsa tojingni tortib olmasin.
12G’olibni Men Xudoyimning ma’badida ustun qilaman, u boshqa u erdan chiqmaydi. Uning peshanasiga Xudoyimning nomini, Shuningdek, Xudoyim oldidan, osmondan tushadigan Xudoyimning shahri – yangi Quddusning nomini va o’zimning yangi nomimni ham yozaman.
13Ruhning jamoatlarga aytayotgan gaplarini qulog’i bor kishi eshitsin”.
14“Laodikiyadagi jamoatning farishtasiga yoz: Omin, ishonchli va haqiqiy Shohid, Xudo yaratganlarining Boshlig’i Shunday deydi:
15“Sening ishlaringni bilaman, sen na sovuq va na issiqsan. O, qani edi yo sovuq, yo issiq bo’lsang!
16Sen issiq ham, sovuq ham emas, balki iliq bo’lganing uchun seni og’zimdan chiqarib yuboraman.
17Sen: “Boyman, boyib ketdim, hech narsadan kam-ko’stim yo’q”, - deysan-u, ammo ayanchli, achinarli, qashshoq, ko’r va yalang’och ekanligingni bilmaysan!
18Senga maslahat beraman: boyishing uchun Mendan o’tda toblangan oltin, yalang’ochlik aybing ko’rinmasligi uchun oq kiyim, ko’rishing uchun ko’zga surtadigan malham sotib ol.
19Men kimni sevsam, uning gunohini fosh qilaman va adabini beraman. Shunday ekan, g’ayratga kel va tavba qil.
20Mana, Men eshik oldida turib taqillatyapman. Kimda-kim ovozimni eshitib eshikni ochsa, Men uning yoniga kiraman; Men u bilan, u Men bilan kechki ovqatni baham ko’ramiz.
21G’olibga O’zim bilan birga taxtimda o’tirishni ato etaman. Chunki Men ham g’olib kelib, Otam bilan birga Uning taxtida o’tirdim.
22Ruhning jamoatlarga aytayotgan gaplarini qulog’i bor kishi eshitsin”.
4-bob
1Shundan keyin bir qaragan edim, osmonda lang ochiq bir eshikni ko’rdim. Ilgari men bilan gaplashgan karnay sadosiga o’xshash o’sha ovoz yana eshitildi: “Bu yoqqa chiq, bundan keyin nima yuz berishini senga ko’rsataman”.
2Shu payt men Ilohiy Ruhning ta’sirida qoldim. Bir qarasam, osmonda bir taxt – Arshi a’lo turar, unda bir Siymo o’tirar edi.
3O’tirgan Siymo olmos va la’lga o’xshash yaltiroq edi. Arshi a’lo atrofida zumradnamo kamalak bor edi.
4Tevarakda yana yigirma to’rtta taxt turar, bu taxtlarda boshlarida oltin toj va oq kiyim kiygan yigirma to’rt nafar oqsoqol o’tirar edi.
5Arshi a’lodan chaqmoq chaqib, momaqaldiroqning guldiragan ovozi kelardi. Arshi a’lo oldida Xudoning etti Ruhi bo’lgan ettita mash’al yonib turardi.
6Arshi a’loning old qismida oynaga o’xshagan, billurday dengiz bor edi. Arshi a’loning o’rta qismi va atroflarida to’rtta jondor turar edi, ularning oldi va orqasi ko’zlar bilan qoplangan edi.
7Birinchi jondor arslonga, ikkinchisi buzoqqa o’xshar edi, uchinchi jondorning yuzi odamsimon, to’rtinchisi esa uchayotgan burgutga o’xshar edi.
8Bu to’rt jondorning har birining oltita qanoti bor edi. Ular ichin-tashin, har taraflama ko’z bilan qoplangan edi. Kechasiyu kunduzi ular tinmay shu so’zlarni takrorlaydi: “Azaldan bor bo’lgan, hozir bor, kelajakda ham bor bo’lg’usi Sarvari koinot, Tangri Taolo muqaddas, muqaddas, muqaddasdir!”
9Jondorlar Arshi a’loda o’tirgan, to abad barhayot Siymoga izzat-ikrom va shukronalar qilishi bilan,
10yigirma to’rt nafar oqsoqol taxtdagi to abad barhayot Siymo oldida erga yaslanib, sajda qilib, tojlarini taxt oldiga tashlab, Shunday deydilar:
11“Yo Rabbimiz, yo Xudoyimiz! Sen shon-shuhrat, izzat-ikrom, kuch-qudratni egallashga loyiqsan. Zero Sen butun borliqni yaratding, hamma narsa Sening irodang ila vujudga keldi”.
5-bob
1Arshi a’loda o’tirgan Siymoning o’ng qo’lida ichi ham, tashi ham yozuvdan iborat, ettita muhr bilan muhrlangan bir kitob ko’rdim.
2Kuchli bir farishta baland ovoz bilan: “Kitobni ochishga va uning muhrlarini echishga kim loyiq?” – deya e’lon qilayotganini ko’rdim.
3Biroq na osmonda, na er yuzida, na er ostida kitobni ocha oladigan yoki ichiga nazar sola oladigan biror kimsa yo’q edi.
4Kitobni ochib o’qishga yoki hatto ichiga nazar solishga ham loyiq biror kimsa topilmaganligidan, men ko’p yig’ladim.
5Shunda oqsoqollardan biri menga: “Yig’lama! – dedi. – Mana, Yahudo qabilasidan bo’lgan Arslon, Dovud zotidan bo’lgan G’olib kitobni ochib, etti muhrni echishga qodir”.
6To’rt jondor va oqsoqollar qurshab olgan Arshi a’loning o’rtasida bo’g’izlangan kabi bir Qo’zi turganini ko’rdim. Qo’zining etti shohi va etti ko’zi bor edi; bular Xudoning er yuziga yuborgan etti Ruhidir.
7Qo’zi kelib, Arshi a’loda o’tirgan Siymoning o’ng qo’lidan kitobni oldi.
8U kitobni olganda, to’rt jondor va yigirma to’rt oqsoqol Qo’zining oldida erga yuz tuban yiqilishdi. Har birining qo’lida bir chang va xushbo’y tutatqilarga to’la oltin kosalar bor edi. Xushbo’y tutatqilar – azizlarning duoyu ibodatlari demakdir.
9Ular quyidagicha yangi qo’shiq aytishar edi: “Sen kitobni olishga, uning muhrlarini echishga loyiqsan! Chunki Sen bo’g’izlangan eding, O’z qoning evaziga har bir qabila, til, xalq va millatdan Xudo uchun odamlarni qo’lga kiritding.
10Bizni Xudoyimizga shohlar va ruhoniylar qilding, bizlar er yuzida hukm surajakmiz”.
11Keyin Arshi a’lo, jondorlar va oqsoqollarning atrofida ko’p farishtalarni ko’rdim, ularning ovozlarini eshitdim. Ularning sanog’iga etib bo’lmas, ming-minglab, lak-lak edilar.
12Ular baland ovoz bilan derdilar: “Bo’g’izlangan Qo’zi kuch-qudrat, boylik, donishmandlik, saltanat, shuhratu shavkat, hamdu sanolarga sazovordir!”.
13Ko’kdayu erdagi, er ostidagi, dengiz yuzidagi va ichidagi har bir mahluqot, har bir mavjudotning Shunday deganini eshitdim: “Arshi a’loda o’tirgan Xudo va Qo’zi abadulabad hamdu sanolar, shon-shuhratlar, izzat-ikrom va saltanatga sazovordir!”.
14To’rt jondor: “Omin!” – dedilar. Yigirma to’rt oqsoqol esa yuz tuban yiqilib, [illalabad barhayot Bo’lganga] sajda qildilar.
6-bob
1Keyin men Qo’zining etti muhrdan birini buzganini ko’rdim. O’sha paytda to’rt jondordan biri momaqaldiroqqa o’xshash ovoz bilan: “Chiqib qaragin!” – deganini eshitdim.
2Men bir qarasam, bir oq otni, ustida kamalagi bor suvorini ko’rdim. Unga bir toj berildi. U g’oliblarcha yo’lga otlandi, yana g’alaba qozonishga chiqdi.
3Qo’zi ikkinchi muhrni buzganda, ikkinchi jondor: “Chiqib qaragin!” – deganini eshitdim.
4Shu payt boshqa jiyron ot chiqib qoldi. Otliqqa katta qilich – insonlar bir-birini zolimlarcha o’ldirish uchun dunyodan tinchlikni olish qudrati berildi.
5Qo’zi uchinchi muhrni buzganda, uchinchi jondor: “Chiqib qaragin!” – deganini eshitdim. Bir qarasam, qora bir ot chiqayotganini ko’rdim. Otliqning qo’lida tarozi bor edi.
6Men to’rt jondorning orasidan Shunday bir ovoz eshitganday bo’ldim: “Bir tog’ora bug’doy bir kumush tangaga, uch tog’ora arpa bir kumush tangaga. Ammo zaytun yog’i va sharobga zarar etkazma!”
7Qo’zi to’rtinchi muhrni buzganda, “Chiqib qaragin!” degan to’rtinchi jondorning ovozini eshitdim.
8Bir qarasam, bir saman ot chiqayotgan ekan. Otga mingan suvorining nomi O’lim edi. Tamug’ uning ketidan kelayotgan edi. Ularga qilich bilan, qahatchilik va o’lat bilan, erning vahshiy hayvonlari bilan odamlarni qirish uchun erning to’rtdan bir qismi ustidan hokimlik berildi.
9Qo’zi beshinchi muhrni buzganda, Xudoning kalomi va bergan shahodatlari tufayli shahid bo’lganlarning jonlarini qurbongoh poyasida ko’rdim.
10Baland ovoz bilan faryod qilib Shunday derdilar: “Ey muqaddas va haqqoniy Hukmdor, qachongacha hukm etmay va dunyoda yashayotganlardan qonimizning intiqomini olmay turasan?”
11Ularning har biriga oq libos berildi. O’zlari kabi o’ldiriladigan hamkor va birodarlari soni to’lmagunga qadar, qisqa bir muddat tinch qolishlari ularga aytildi.
12Qo’zi oltinchi muhrni buzganda, qarasam, buyuk zilzila bo’layotganini ko’rdim. Quyosh xuddi qora xirqaga burkangandek qorong’ilashdi, oy esa laxta qonga aylandi.
13Kuchli shamol anjir daraxtini silkitganda xom anjirlar erga qanday to’kilsa, osmondagi yulduzlar ham xuddi Shunday er yuziga to’kildi.
14Osmon daftarday o’ralib, yo’qolib ketdi. Har bir tog’ va orol joyidan siljidi.
15Dunyoning shohlariyu mansabdorlari, boylari, mingboshilari, zo’ravonlari, erkinu tutqinlar – bari g’orlarga va tog’larning qoyalari orasiga yashirindilar.
16Ular tog’u qoyalarga: “Ustimizga qulang, taxtda o’tirgan Siymodan va Qo’zining g’azabidan bizni asrang!
17Uning buyuk qahr-g’azabi kuni keldi-ku! Unga kim bardosh bera oladi?!” – deb yolvorar edilar.
7-bob
1Shundan keyin er yuzining to’rt burchagida turgan to’rt nafar farishtani ko’rdim. El esib, erga ham, dengizga ham, biron daraxtga ham tegmasin deb, ular er yuzining to’rt shamolini ushlab turar edilar.
2So’ngra men barhayot Xudoning muhrini ushlab turgan, kunchiqardan chiqayotgan boshqa bir farishtani ko’rdim. U erga va dengizga zarar etkazish uchun qudrat olgan to’rtta farishtaga baland ovoz bilan xitob qildi:
3“Xudoyimizning qullari peshanalariga muhr bosmagunimizcha, na erga, na dengizga, na daraxtlarga biron zarar etkazmanglar!”
4Men muhrlangan kishilarning sonini eshitdim. Bani Isroil qabilalarining barchasidan yuz qirq to’rt ming kishi muhrlangan edi:
5Yahudo qabilasidan o’n ikki ming kishi muhrlangan edi. Ruben qabilasidan o’n ikki ming, Gad qabilasidan o’n ikki ming,
6Osher qabilasidan o’n ikki ming, Naftoli qabilasidan o’n ikki ming, Manashe qabilasidan o’n ikki ming,
7Shim’o’n qabilasidan o’n ikki ming, Leviy qabilasidan o’n ikki ming, Issoxor qabilasidan o’n ikki ming,
8Zavulun qabilasidan o’n ikki ming, Yusuf qabilasidan o’n ikki ming, Benyamin qabilasidan o’n ikki ming kishi muhrlangan edi.
9Shundan keyin qarasam, har xil millatdan, barcha qabilalar, xalqlar va tillardan bo’lgan, uning hisobiga etib bo’lmaydigan darajada ulkan bir olomon Arshi a’lo oldida, Qo’zining huzurida turardi. Hammasi oq libos kiyib, qo’llarida xurmo novdasini tutar edilar.
10Ular baland ovoz bilan: “Najotkorlik taxtda o’tirgan Xudoyimizga va Qo’ziga xosdir!” – deb xitob qilishar edi.
11Hamma farishtalar taxt, oqsoqollar va to’rt jondorning atrofida turar edilar. Taxtning oldida o’zlarini yuz tuban erga tashlab, Xudoga sajda qilib, bunday aytishar edi:
12“Omin! Hamdu sanolar, shon-shuhrat, donishmandlik, shukronayu sharaflar, qudrat va saltanat abadulabad bizning Xudoyimizga xosdir! Omin”.
13Oqsoqollardan biri gap boshlab mendan so’radi: oq libos kiygan bu odamlar kim, ular qaerdan kelganlar?
14Ey taqsir, buni siz bilasiz, - dedim men. U menga Shunday aytdi: bular buyuk qayg’udan o’tib chiqqanlar. Liboslarini yuvib, Qo’zining qoni bilan oqartirganlar.
15Shuning uchun ular Xudoning taxti oldida turadilar va Uning ma’badida kecha-kunduz xizmat qiladilar. Taxtda O’tirgan esa chodirini ularning ustiga quradi.
16Ular boshqa och qolmaydilar ham, chanqamaydilar ham. Endi na quyosh, na biron-bir jazirama ularni qizitmaydi.
17Chunki taxt o’rtasidagi Qo’zi ularni boqadi, obi hayot buloqlariga olib boradi. Xudo ularning ko’z yoshlarini butunlay artib yuboradi.
8-bob
1Qo’zi ettinchi muhrni buzganda, osmon yarim soatcha sukunatda qoldi.
2Men Xudoning huzurida turgan etti farishtani ko’rdim. Ularga ettita karnay berildi.
3Boshqa bir farishta kelib, qurbongohning oldida turdi. Uning qo’lida xushbo’y tutatqilar tutatishga moslangan oltin idish bor edi. Arshi a’lo oldidagi oltin qurbongoh ustida bag’ishlasin deb, barcha azizlarning ibodatlari bilan qorishtirish uchun unga ko’p xushbo’y tutatqilar berildi.
4Azizlarning ibodatlari bilan tutatqilarning tutuni farishtaning qo’lidan Xudoning oldiga ko’tarildi.
5Farishta tutatqi tutayotgan idishni oldi-yu, uni qurbongohdagi otash bilan to’ldirib, er yuziga uloqtirib yubordi. O’shanda gulduros sadolari yangrab, yashinlar chaqnab, zilzila boshlandi.
6Keyin qo’llarida etti karnay tutgan etti farishta karnay chalishga chog’landilar.
7Birinchi farishta karnay chaldi. Qon aralash do’l va otash paydo bo’ldi va er yuziga yog’dirildi. Erning uchdan biri, daraxtlarning uchdan biri va butun o’t-o’lanlar yonib ketdi.
8Ikkinchi farishta karnay chaldi. Xuddi lovullab yonayotgan katta tog’ dengizning ichiga otilganday bo’ldi va dengizning uchdan biri qonga aylandi.
9Dengizdagi jonli mahluqlarning uchdan bir qismi o’ldi va kemalarning uchdan bir qismi nobud bo’ldi.
10Uchinchi farishta karnay chaldi. Osmondan mash’al bo’lib yonayotgan ulkan bir yulduz daryolarning uchdan biriga, Shuningdek, suv buloqlariga tushdi.
11Bu yulduzning oti Erman edi. Suvlarning uchdan bir qismi ermanga aylandi, Shunday taxirlashib ketgan suvdan ichib ko’p odamlar o’ldi.
12To’rtinchi farishta karnay chaldi. Quyoshning uchdan biri, oyning uchdan biri va yulduzlarning uchdan biri zararlandi. Natijada ularning uchdan bir qismi qorong’ilashdi, kunduzning ham, tunning ham uchdan bir qismi yorug’siz qoldi.
13Keyin qarasam, osmonning o’rtasida uchib borayotgan bir burgut baland ovoz bilan Shunday deganini eshitdim: “Karnaylarini chaladigan boshqa uchta farishtaning karnay sadosidan er yuzida yashayotganlarning holiga voy, voy, voy!”
9-bob
1Beshinchi farishta karnay chaldi. Osmondan erga tushgan bir yulduzni ko’rdim. Unga tubsizlik qa’rining kaliti berilgan edi.
2U tubsizlik qa’rining qulfini ochdi. Tubsizlik qa’ridan katta o’choqdan o’rlayotgan dudga o’xshash tutunlar chiqdi. Tubsizlik qa’ridan o’rlayotgan tutundan quyosh va havo qorong’ilashib ketdi.
3Tutundan chigirtkalar chiqib, er yuziga tarqaldi. Ularga er yuzidagi chayonlarning kuchiga o’xshash bir kuch berilgan edi.
4Chigirtkalarga er yuzidagi o’t-o’lanlarga ham, bironta ko’kalamzor yoki daraxtga ham tegmanglar, faqat peshanalarida Xudoning muhri bo’lmagan odamlargagina zarar etkazinglar, deb buyurildi.
5Chigirtkalarga odamlarni o’ldirishga emas, faqat ularga besh oy azob berishga ruxsat etildi. Ular bergan azob esa chayon insonni chaqqandagi azobday edi.
6Bu hodisa sodir bo’ladigan kunlarda insonlar o’limni izlaydilar, ammo uni topa olmaydilar. O’limni istab qoladilar, ammo o’lim ulardan qochadi.
7Chigirtkalarning ko’rinishi jangga shaylangan otlarga o’xshar edi. Ularning boshida oltin tojga o’xshash buyumlar bor, yuzlari esa odamsimon edi.
8Sochlari ayollar sochiga, tishlari esa arslon tishiga o’xshar edi.
9Ko’kraklari xuddi temir zirhday, qanotlarining tovushi esa urushga elib borayotgan tumonat otlaru jang aravalarining tovushini eslatar edi.
10Chayonlarga o’xshash dumlari va nishlari bor edi. Insonlarga besh oy zarar etkazish uchun olgan qudratlari o’sha dumlarida edi.
11Ularning ustida tubsizlik qa’rining farishtasi hukmronlik qiladi. Bu farishtaning oti yahudiycha Abaddo’n, yunoncha Apollion demakdir.
12Birinchi “voy” o’tdi, mana bundan keyin yana ikkita “voy” bor.
13Oltinchi farishta karnay chaldi. Xudo hzuridagi oltin qurbongohning to’rtta shoxi tomondan bir ovoz eshitdim.
14Bu ovoz qo’lida karnay bo’lgan oltinchi farishtaga: “Buyuk Frot daryosi bo’yida bog’lab qo’yilgan to’rt farishtani echib yubor!” – dedi.
15Insonlarning uchdan birini o’ldirsin deb, o’sha soat, o’sha kun, o’sha oy va o’sha yil uchun hozir turgan to’rtta farishta bo’shatib yuborildi.
16Otliq qo’shinlar soni ikki yuz million edi, men ularning sonini eshitdim.
17Men vahiyda otlar bilan suvorilarni bunday holatda ko’rdim: ularning olov, lojuvard va oltingugurt rangli zirhlari bor edi. Otlarning boshi arslon boshiga o’xshar, og’izlaridan olov, tutun va oltingugurt chiqib turar edi.
18Insoniyatning uchdan biri bu uch balodan – otlar og’zidan chiqayotgan olov, tutun va oltingugurtdan o’ldi.
19Chunki otlarning kuchi og’zi va dumlaridadir. Dumlarida ilonga o’xshagan boshlari bor, bu boshlari bilan zarar etkazadilar.
20Bu balolardan omon qolgan insonlar esa o’z qilmishlaridan tavba qilmadilar. Jinlarga bosh egishdan, ko’rolmaydigan, eshitolmaydigan, yurolmaydigan oltin, kumush, mis, tosh va yog’och butlarga sajda qilishdan voz kechmadilar.
21O’zlarining qotillik, jodugarlik, zinokorlik va o’g’riliklaridan ham tavba qilmadilar.
10-bob
1Men osmondan tushayotgan, bulutga burkangan kuchli boshqa bir farishtani ham ko’rdim. Uning boshi uzra kamalak bor edi. Yuzi quyoshday yaltirar, oyoqlari olov ustunlariday lovullab turar edi.
2Uning qo’lida ochilgan bir kitobcha bor edi. U o’ng oyog’ini dengiz ustiga, chap oyog’ini esa er yuziga qo’yganicha,
3arslon bo’kirganday kuchli ovoz bilan hayqirdi. U hayqirgan mahalda ettita momaqaldiroq ham o’z tovushlari bilan gapga kirdi.
4Ettita momaqaldiroq o’zicha gapira boshlaganda, men yozmoqchi bo’ldim. Lekin osmondan: ettita momaqaldiroqning gaplarini yozma, muhrlab sir saqla! – degan tovush eshitdim.
5Dengiz va er yuzida turgan, men ko’rgan farishta o’ng qo’lini osmonga ko’tardi.
6Osmon va undagi borliqni, er va ustidagi borliqni yaratgan, abadulabad barhayot bo’lgan Parvardigor haqi qasam ichib, farishta dedi: endi muhlat uzaymaydi.
7Mana, ettinchi farishta karnay chalib ovoz beradigan kunlarda, Xudo O’z qullari – payg’ambarlarga ma’lum qilgan O’zining sirli murod-maqsadini butkul amalga oshirgay.
8Osmondan eshitilgan ovoz menga yana gapirib: bor, dengiz va er ustida turgan farishtaning qo’lidagi ochiq kitobchani ol, - dedi.
9Men farishtaning yoniga borib: kitobchani menga bergil, - dedim. Farishta menga: kitobchani olib, uni egin! Qorningda bir taxirlik hosil qiladi, ammo og’zing asalday shirin bo’ladi, - dedi.
10Men kitobchani farishtaning qo’lidan olib edim. Og’zim asaldek shirin bo’ldi. Ammo uni eganimdan keyin qornim achishib ketdi.
11So’ngra farishta menga: sen yana ko’p xalqlar, millatlar, tillar va podshohlar haqida bashorat qilishing kerak, - dedi.
11-bob
1Menga hassaga o’xshash bir qamish berilib, Shunday deyildi: “Tur, Xudoning ma’badini va qurbongohni o’lchab chiq, unda sajda qiluvchilarni sanab chiq.”
2Lekin ma’badning tashqarisidagi hovlini qoldir, uni o’lchama. Chunki u er majusiylarga berilgan. Ular tabarruk Shaharni qirq ikki oy oyoq osti qiladilar.
3Men ikki shohidimga qudrat beraman, ular jul kiygan holda bir ming ikki yuz oltmish kun payg’ambarlik qiladilar”.
4Bular dunyoning Rabbi oldida turajak ikkita zaytun daraxti va ikkita mash’aldir.
5Agar kim ularga ozor bermoqchi bo’lsa, og’izlaridan o’t chiqib, dushmanlarini eb bitiradi. Ularga ozor berishni istagan Shunday o’ldirilishi kerak.
6Ular payg’ambarlik qiladigan kunlarda erga yomg’ir yog’masin, deb ko’k yuzini bog’lash qudratiga egadirlar. Ular suvni qonga aylantirish va er yuzini istagan vaqtida turli baloyu ofatlarga yo’liqtirish qudratiga egadir.
7Ular shahodat berib bo’lgandan keyin, tubsizlik qa’ridan chiqqan vahshiy hayvon ular bilan jang qiladi, ularni engadi va o’ldiradi.
8Ularning jasadlari buyuk Shaharning maydoniga tashlanib qoladi. Bizning Rabbimiz ham o’sha Shaharda xochga mixlangan edi, uning ramziy nomi Sado’m va Misrdir.
9Barcha xalqlardan, qabilalardan, turli til va millatlardan bo’lgan odamlar uch yarim kun ularning jasadlariga ko’z olaytirib, dafn etishga ruxsat berishmaydi.
10Er yuzida yashayotganlar bundan sevinib xursandchilik qilishadi va bir-birlariga hadyalar yuborishadi. Chunki ikkala payg’ambar er yuzida yashovchilarga ko’p azob bergan edilar.
11Uch yarim kundan keyin ikki payg’ambarning vujudiga Xudodan hayot ruhi kirdi va ular oyoqqa turdilar. Ularni ko’rganlarga qattiq dahshat tushdi.
12Ikki payg’ambar samodan kelgan baland bir ovozning: “Bu yoqqa chiqinglar!” – deganini eshitiboq, dushmanlarining ko’z o’ngida bulut ichida osmonga ko’tarilishdi.
13O’sha zahoti shiddatli bir zilzila yuz berdi va Shaharning o’ndan bir qismi quladi. Zilzilada etti ming kishi nobud bo’ldi. Qolganlari esa dahshatda qolib, samodagi Xudoga hamdu sano aytishdi.
14Ikkinchi “voy” o’tdi. Mana, uchinchi “voy” tez yaqinlashyapti.
15Ettinchi farishta karnay chaldi. Osmonda baland ovozlar yangradi: “Bu dunyoning hukmronligi Xudovandimizga va Uning Masihiga o’tdi endi. U abadulabad hukmronlik qiladi”.
16So’ng Xudoning huzurida taxtlarida o’tirgan yigirma to’rt nafar oqsoqol yuz tuban erga tashlandilar va Xudoga sajda qilib dedilar:
17“Yo Rabbiy, Tangri Taolo, har narsaga qodir Sarvari koinot! Hozir borsan, ilgari bo’lgansan. Kelajakda ham bor bo’lajaksan. Biz Senga shukrlar qilamiz. Sen buyuk qudratingni amalga oshirib, shoh o’rnini egallading.
18Elu xalqlar g’azablangan edi, Sen ham g’azabga minding. Ana, o’liklarni hukm qilish vaqt-soati keldi, qullaring – payg’ambarlar va azizlaring hamda Sendan qo’rqqan kattayu kichiklarni o’z qilmishlariga yarasha taqdirlash vaqt-soati keldi, er yuzini xarob qiluvchilarni xarob qilish vaqt-soati keldi!”
19Keyin Xudoning osmondagi ma’badi ochildi. Ma’badda Uning Ahd Sandig’i ko’rindi. O’shanda chaqmoq chaqib, momaqaldiroq sadolari yangradi, zilzila boshlandi, shiddatli do’l yog’di.
12-bob
1Osmonda ajoyib bir alomat – quyoshga burkangan bir ayol paydo bo’ldi. Uning oyoqlari ostida oy va boshida o’n ikki yulduzli toj bor edi.
2Ayol homilador bo’lib, uni to’lg’oq tutar, dard bilan baqirar edi.
3So’ngra osmonda boshqa bir alomat ko’rindi: etti boshli, o’nta shoxli, etti boshiga etti toj kiygan ulkan qizil ajdaho paydo bo’ldi.
4U dumi bilan osmondagi yulduzlarning uchdan birini sidirib, erga uloqtirdi. Keyin ajdaho tug’ayotgan ayolning chaqalog’ini yutib yuborish uchun uning oldida kutib turdi.
5Ayol o’g’il tug’di. O’g’lon Xudoning huzuriga, Arshi a’loga keltirildi, chunki u barcha xalqlarni temir hassa bilan boqishi kerak.
6Ayol esa cho’l tomon, Xudo maxsus hozirlagan joyga qochib ketdi. U erda u bir ming ikki yuz oltmish kun boqilishi lozim.
7Osmonda jang bo’ldi. Mikoil va uning farishtalari ajdahoga qarshi urishdilar. Ajdaho ham o’zining farishtalari bilan urushga tushdi.
8Ammo ajdaho g’olib kelmadi. Osmonda ularga boshqa joy qolmadi.
9Ulkan ajdaho – iblis va shayton deb atalgan, butun dunyoni aldab yo’ldan ozdirayotgan o’sha almisoq ilon o’z farishtalari bilan birga er yuziga otildi.
10O’shanda samodan baland ovoz bilan aytilgan bu so’zlarni eshitdim: “Endi Xudoyimiz najotkorligi, qudrati, saltanati hamda Uning Masihi hukmronligi o’rnatildi. Endi birodarlarimizning tuhmatchisi, Xudoyimiz huzurida ularga kecha-kunduz tuhmat qilayotgan iblis tashqariga otildi.”
11Ular Qo’zining qoni sharofati bilan va O’zlarining shahodat kalomi bilan uni engdilar. Ular o’z jonlarini to o’lguncha sevmagan edilar.
12Shodlaning, ey osmonu falak va unda yashovchilar! Ammo er va dengizning holiga voy! Zero iblis vaqt oz qolganini bilib, mudhish qahr-g’azab ila sizning oldingizga tushdi”.
13Ajdaho o’zining er yuziga otilganini ko’rgach, o’g’il bola tuqqan ayolni ta’qib qila boshladi.
14Ayol ilon oldidan cho’l tomon qochib ketdi, o’z joyiga uchib borishi uchun unga katta burgutning ikki qanoti berildi. O’sha erda u uch yarim yil boqilishi lozim.
15Ilon esa, uni sel oqib ketsin deb, ayolning ketidan quvib, og’zidan daryoday suv to’kdi.
16Ammo er xotinga yordam berdi; er og’zini ochib, ajdaho quyib yuborgan daryoni yutib yubordi.
17Ajdaho ayolga qarshi darg’azab bo’ldi. U ayol naslidan omon qolganlar bilan, ya’ni Xudoning amrini saqlagan va Iso Masihning shahodatiga sodiq qolganlar bilan jang qilgani chiqdi.
13-bob
1Men dengiz sohilidagi qumloq ustida turgan edim. To’satdan etti boshli, o’nta shoxli bir hayvon dengizdan chiqayotganini ko’rib qoldim. Shoxlarida o’nta toji bor edi, boshlarida esa kufrona nomlar yozilgan edi.
2Men ko’rgan hayvon qoplonga o’xshar edi. Oyoqlari ayiqning oyog’iga, og’zi esa arslonning og’ziga o’xshar edi. Ajdaho unga o’z qudrati, taxti va buyuk iqtidorini berdi.
3Men hayvonning boshlaridan birini o’lar holatda yaralangan taxlitda ko’rdim. U o’lay deganda, yarasi sog’ayib qoldi. Shunda butun jahon hayvonning ketidan baqrayib, dong qotib qoldi, hayvonga bunday iqtidor bergan ajdahoga sajda qilishdi.
4Odamlar: “Bu hayvonga o’xshagan yana kim bor ekan? U bilan kim urisha olar ekan?” – deb hayvonga ham sajda qilishdi.
5Hayvonga takabburona va kufrona so’zlar sochadigan og’iz berildi, u qirq ikki oy davomida bu iqtidorini amalda ko’rsatdi.
6Xudoga qarshi kufr aytish, Uning nomi va makoni hamda osmonda yashovchilarga qarshi kufrlar yog’dirish uchun hayvon og’zini ochdi.
7Unga Xudo azizlari bilan urishish hamda ularni engishga ruxsat berildi. Unga har bir qabila, xalq, til va millat ustidan hokimlik qilish iqtidori berildi.
8Er yuzida yashayotganlarning hammasi hayvonga sajda qilishadi, faqat dunyo yaratilganidan beri bo’g’izlangan Qo’zining hayot kitobiga ismi qayd bo’lganlar bundan istisnodir.
9Qulog’i bor kishi quloq solsin!
10Kimki asirlikka olib borsa, o’zi asirlikka tushar. Kimki qilichdan o’tkazsa, o’zi qilichdan o’tar. Bunda Xudo azizlarining sabru imoni darkor.
11Bundan so’ng men erdan chiqayotgan boshqa bir hayvonni ko’rdim. Qo’zi kabi ikkita shoxi bor edi va ajdaho kabi gapirardi.
12U birinchi hayvonning butun iqtidori bilan uning oldida amal qilardi. Hayvon butun er yuzini va unda yashovchilarni o’lar holatdagi yarasi sog’aygan birinchi hayvonga sajda qilishga majbur qildi.
13U insonlar oldida hatto osmondan erga olov tushirishga qadar ajoyib mo’’jizalar yaratdi.
14Birinchi hayvon oldida qilishi uchun unga berilgan mo’’jizakorlik qudrati bilan u er yuzida yashayotganlarni aldab yo’ldan ozdirdi. U odamlarga qilichdan yaralanib, biroq sog’ qolgan birinchi hayvonning tasvirini qilishni buyurdi.
15Unga hayvonning tasviriga ruh kiritish uchun qudrat berildi. Hayvon tasviri tilga kirdi va o’ziga sajda qilmaganlarning hammasini o’ldirishni buyurdi.
16U hammaning – kattayu kichikning, boyu kambag’alning, erkinu tutqinning o’ng qo’li yoki peshanasiga tamg’a bosilsin, deb farmon chiqardi.
17Shunday qilib, kim hayvonning tamg’asi, ya’ni uning oti yoki otining soniga ega bo’lmasa, mutlaqo oldi-sotdi qilolmas edi.
18Bunda hikmat bor. Aqli etgan kishi hayvonning sonini hisoblab chiqsin, chunki bu son – insonning sonidir. Uning soni olti yuz oltmish oltidir.
14-bob
1Men qaradim-u, Sion tog’ida Qo’zi turganini ko’rdim. Qo’zi bilan birga peshanasida Uning va Otasining ismi yozilgan yuz qirq to’rt ming kishi bor edi.
2Osmondan ko’p suvlarning shov-shuviday, gumburlagan momaqaldiroq tovushiday bir tovush yangrar edi. Men eshitgan bu tovush xuddi chang chalayotgan cholg’uchilar chiqaradigan sadoni eslatardi.
3O’sha bir yuz qirq to’rt ming kishi Arshi a’lo oldida, to’rtta jondor va oqsoqollar oldida yangi bir kuy kuylar edilar. Er yuzidan sotib olingan bu yuz qirq to’rt ming kishidan boshqa hech kim bu kuyni o’rgana olmas edi.
4Bular o’zlarini xotinlar bilan bulg’atmagan mas’um kishilardir. Bular Qo’zi qayoqqa ketsa, Uning orqasidan ketgan kishilardir. Bular Xudo va Qo’ziga to’ng’ich bo’lgudek, insonlar orasidan sotib olinganlar.
5Ularning tilida yolg’on-makr yo’q, [Xudoning taxti oldida] ular benuqsondir.
6Shundan keyin osmon o’rtasidan uchib borayotgan boshqa bir farishtani ko’rdim. Bu farishta er yuzida yashovchi har bir millat va qabilaga, har qanday til va xalqqa abadiy Mujda keltirayotgan edi.
7U baland ovoz bilan Shunday dedi: “Xudodan qo’rqing, Uni ulug’lang! Uning hukm qilish vaqt-soati keldi. Eru ko’kni, dengizni, buloqlarni Yaratganga sajda qilinglar!”
8Keyin boshqa bir farishta uchib kelib, Shunday dedi: “Vayron bo’ldi! Vayron bo’ldi buyuk Bobil shahri! U barcha xalqlarga ichirgan edi o’zining qaynoq fahshu zino sharobidin”.
9So’ngra uchinchi farishta uchib kelib, baland ovozda Shunday dedi: kimki hayvonga va uning tasviriga sajda qilib, peshanasi yoki qo’liga tamg’a qabul qilsa,
10u Xudoning qahr kosasida soflab tayyorlangan qaynoq g’azab sharobini ichadiyu, muqaddas farishtalar va Qo’zi oldida yonayotgan oltingugurt ichida azob chekadi.
11Ular azobining dudi abadulabad burqirab turadi.Hayvon va uning tasviriga sajda qilib, hayvon nomli tamg’ani qabul qilganlar kechayu kunduz tinchlik ko’rmaydilar.
12Bunga xudo amrini saqlagan va Isoga sodiq qolgan azizlarning sabr-toqati darkor.
13Shunda osmondan menga gapirayotgan bir ovozni eshitdim: Buni yozib ol: bundan keyin Rabbimiz Iso ummati bo’lib dunyodan o’tganlar baxtlidir! Ha, - deydi Ruh, - ular o’z mehnatlaridan tinchisin, ularning qilgan ishlari o’zlariga hamrohdir.
14Shundan keyin bir yorug’ bulut ko’rdim. Bulut ustida Inson O’g’liga o’xshagan Siymo o’tiribdi; Uning boshida oltin toj va qo’lida o’tkir o’roq.
15Ma’baddan boshqa bir farishta chiqib, bulut ustida O’tirganga baland ovoz bilan Shunday dedi: “O’rog’ingni ishga solib o’r, chunki o’rim-yig’im vaqti keldi. Mana erning hosili etildi”.
16Bulut ustida O’tirgan o’rog’ini erga tashladi, erning hosili ham o’rildi.
17Osmondagi ma’baddan boshqa bir farishta chiqdi. Uning ham o’tkir o’rog’i bor edi.
18Olovga hukmron yana boshqa bir farishta esa qurbongohdan chiqib keldi. U o’tkir o’roqli farishtaga Shunday xitob qildi: “O’tkir o’rog’ingni ishga sol, erdagi uzum boshlarini qirqib ol, chunki erda uzum pishib shingil-shingil bo’ldi”.
19Farishta o’rog’ini erga tashladi, erdagi uzum boshlarini terib, Xudoning katta qahr-g’azab charxiga uloqtirdi.
20Charx Shaharning tashqarisida ishga tushdi. Charxdan oqib chiqqan qon daryo bo’lib, bir ming olti yuz o’q otimi ergacha bordi va otlarning yuganlarigacha chiqdi.
15-bob
1Men osmonda odatdan tashqari ajoyib boshqa bir alomat ko’rdim: qo’lida oxirgi etti balo bor etti farishta. Ana shu balolar bilan Xudoning g’azabi tamom bo’ladi.
2Men go’yo olov aralash oynadan yasalgan bir dengizni ham ko’rdim. Hayvonga, uning tasviri, [tamg’asi] hamda nomining soniga qarshi g’alaba qozonganlar Xudoning changlarini qo’lga olib, shu oyna dengizning ustida turgan edilar.
3Ular Xudo quli Musoning kuyini va Qo’zining kuyini kuylab, Shunday derdilar: “Yo Rabbiy, Tangri Taolo, har narsaga qodir Sarvari koinot! Sening ishlaring buyuk va ajoyibdir. Ey elu xalqlar Podshohi! Sening yo’llaring to’g’ri va haqdir.
4Ey Xudovandi karim! Kim cho’chimas ekan Sendan? Kim ulug’lamas ekan ismingni? Zero yolg’iz O’zing muqaddassan. Jamiki ellar huzuringga kelib, Senga bosh egib sajda qilgaylar. Barchaga ayon bo’ldi odil hukmlaring”.
5Shundan so’ng qaradim-u, samodagi ma’bad, ya’ni Shahodat Chodiri ochilganini ko’rdim.
6Etti baloga hokim etti farishta toza va porloq zig’ir mato kiygan va ko’ksiga oltin kamarlar bog’lagan holda ma’baddan chiqdilar.
7To’rt jondordan biri etti farishtaga abadulabad barhayot Xudoning g’azabi bilan to’liq ettita oltin kosa berdi.
8Ma’bad Xudoning ulug’vorligi va qudratidan dud bilan to’lib ketdi. Etti farishtaning etti balosi tamom bo’lmaguncha, hech kim ma’badga kira olmadi.
16-bob
1Bundan keyin ma’baddan etti farishtaga: “Boringlar, Xudoning g’azabi bilan to’lib-toshgan etti kosani erga to’kinglar”, - degan baland bir ovoz eshitdim.
2Birinchi farishta borib kosasini erga to’kdi. O’zida hayvonning tamg’asi bo’lgan va uning tasviriga sajda qilayotgan odamlarda og’ir, jirkanch yiringli yaralar paydo bo’ldi.
3Ikkinchi farishta kosasini dengizga to’kdi. Dengiz o’likning qoniga o’xshash bir tus oldi va ichidagi butun jonivorlar o’ldi.
4Uchinchi farishta kosasini daryolarga va buloqlarga to’kdi, bular ham qonga aylanib ketdi.
5Suvlar farishtasining Shunday deganini eshitdim: “Yo Rabbiy, Sen barhaqsan, hozir bor, azaldan boru muqaddassan. Sening hukming – odil hukm.
6Aziz-muqaddaslar va payg’ambarlar qonini to’kkanlarga Sen qon ichirding, ular bunga loyiqdir”.
7Qurbongoh ham tilga kirib, Shunday deganini eshitdim: “Ha, Rabbiy, Tangri Taolo, har narsaga qodir Sarvari koinot! Sening hukmlaring odil va haqqoniydir”.
8To’rtinchi farishta o’z kosasini quyosh ustiga to’kdi, quyoshga insonlarni o’tday yondirish qudrati berildi.
9Jazirama issiq insonlarni qizdirganda, ular bu ofatlarga hukmi o’tadigan Xudo sha’niga hamdu sanolar emas, haqoratlar yog’dirdilar, qilmishlaridan tavba qilmadilar.
10Beshinchi farishta kosasini hayvon taxtiga to’kib yubordi, hayvonning saltanati zimistonga chulg’anib qoldi. Odamlar azobdan tillarini tishladi.
11Azob va yara-jarohatlaridan nolib, osmondagi Xudoni haqorat qildilar-u, qilmishlaridan tavba qilmadilar.
12Oltinchi farishta kosasini buyuk Frot daryosi ustiga to’kdi. Kunchiqardan keladigan shohlarga yo’l ochilsin deb, daryoning suvi quridi.
13Bundan keyin ajdaho, hayvon va soxta payg’ambarning og’izlaridan chiqayotgan qurbaqanamo uchta yovuz ruhni ko’rdim.
14Bular ajoyibot yaratadigan jinlarning ruhidir. Ular har narsaga qodir Xudoning ulug’ kunida bo’ladigan jangga barcha jahon shohlarini to’plash uchun chiqadilar.
15“Mana, Men o’g’ri kabi kelyapman! Baxtlidir hushyor tortgan kishi, yalang’och yurmayin, aybim ko’rinmasin deb kiyimini saqlab turgan kishi!”
16Ruhlar shohlarini yahudiy tilida Hor-Magido’n deyilgan joyga to’pladilar.
17Ettichi farishta kosasini havoga to’kdi. Samoviy ma’baddagi taxtdan: “Amalga oshdi!” – degan baland bir ovoz chiqdi.
18Shu vaqt yashinlar chaqnab, ovozlar yangrab, momaqaldiroq guldiradi. Shunday kuchli zilzila bo’ldiki, er yuzida inson yashagandan beri bu qadar kuchli zilzila yuz bermagan edi.
19Ulug’ Shahar uch bo’lakka bo’linib ketdi. Majusiylar Shaharlari er bilan yakson bo’ldi. Xudoning qaynoq qahr-g’azab sharobi bilan to’lgan kosa unga berilsin deb, buyuk Bobil shahri ham Xudoning huzurida xotirlandi.
20Har bir orol o’rnidan jildi, tog’lar ko’zdan g’oyib bo’ldi.
21Osmondan har bir donasi botmon keladigan yirik do’l insonlar ustiga yog’ildi. Odamlar do’l balosidan Xudoni haqorat qilishardi, chunki bu balo haddan ziyod edi.
17-bob
1Etti kosali etti farishtadan biri kelib, menga Shunday dedi: “Bu yoqqa kelgin, ko’p suvlar bo’yida o’tirgan buyuk fohishaga chiqarilgan hukmni senga ko’rsataman.
2Er yuzi shohlari u bilan fahsh qilardi, er yuzida yashayotganlar uning zino sharobidan mast bo’lardilar”.
3Bundan keyin farishta meni ilohiy Ruh ta’sirida cho’lga olib keldi. U erda etti boshli, o’n shoxli, kufrona nomlar bilan to’lib-toshgan qip-qizil bir hayvon ustiga mingan xotinni ko’rdim.
4Xotin qip-qizil, arg’uvon kiyimda, oltin, javohirot, marvaridlar bilan bezangan edi. Uning qo’lida iflosliklar bilan, zino haromliklari bilan to’lib-toshgan oltin kosa bor edi.
5Xotinning peshonasida uning ismi yozilgan edi: “Sir: buyuk Bobil – er yuzi fohishalari va haromliklari onasidir”.
6Xotin Xudo azizlari qonidan, Iso shohidlari qonidan mast bo’lganini ko’rdim. Uni ko’rib, g’oyat darajada hayron bo’ldim.
7Farishta menga dedi: “Nima uchun hayratga tushding? Men senga xotinning va uni ko’tarib yurgan etti boshli, o’n shoxli hayvonning sirini aytib beraman.
8Ana, sen ko’rgan hayvon bor edi, endi u yo’q. U ko’p o’tmay tubsizlik qa’ridan chiqib, halokatga yo’liqadi. Er yuzida yashayotgan va dunyo yaratilgandan buyon hayot kitobiga yozilmagan barcha odamlar hayvonni ko’rib, hayron qoladilar. Chunki u bor edi, hozir yo’q, ammo yana keladi.
9Buni anglamoq uchun o’tkir aqlu idrok darkor. Etti bosh - xotin ustida o’tirgan etti tog’dir.
10Shu bilan birga etti podshohdir. Bularning beshtasi mahv bo’ldi, bittasi qoldi, boshqasi esa hali kelgan emas; u kelganda ham ko’p vaqt turmaydi.
11Ilgari bor, hozir yo’q hayvon esa etti podshohdan biri bo’la turib, sakkizinchisidir, u halokatga yo’liqadi.
12Sen ko’rgan o’nta shox – o’n podshoh demakdir. Ular hali saltanatni qo’lga olgan emas. Ular hayvon bilan birga podshoh bo’lib, bir soat hokimlik qiladilar.
13Bular bir fikrda bo’lib, qudratni va saltanatni hayvonga topshiradilar.
14Ular Qo’zi bilan jang qiladilar, ammo Qo’zi ularni engib chiqadi. Chunki Qo’zi hokimlarning Hokimi – Shohanshohdir. U bilan birga bo’lganlar esa da’vat etilganlar, tanlanganlar, sodiq qolganlardir”.
15Farishta menga yana Shunday dedi: “Fohisha o’tirgan, sen ko’rgan suvlar – elu xalq, millatlar, elatlar va tillardir.
16Sen ko’rgan hayvondagi o’nta shox fohishadan nafratlanadilar. Uni yalang’ochlab, barbod qiladilar, go’shtini burdalab eydilar, o’zini esa o’tda yondiradilar.
17Chunki Xudo O’zining irodasini bajarishni ularning diliga solgan. Shunday qilib, Xudoning kalomlari bajo kelmagunga qadar, ular bir jon, bir tan bo’lib, o’z hukmronliklarini hayvonga topshiradilar.
18Sen ko’rgan xotin – er yuzi podshohlari ustidan hukmronlik qiladigan buyuk Shahardir”.
18-bob
1Bundan keyin ulug’ saltanat sohibi boshqa bir farishtaning osmondan tushayotganini ko’rdim. Uning ulug’vorligidan er yuzi yorishib ketdi.
2U kuchli bir nido bilan bunday dedi: “Vayron bo’ldi! Vayron bo’ldi buyuk Bobil. U jinlarning makoni, har turli yomon ruhning panohi, har qanday murdoru manfur qushning panohi bo’ldi.
3U barcha xalqlarga o’zining qaynoq fahshu zino sharobidan ichirgan edi. Er yuzi podshohlari u bilan zinokorlik qilgan edi, er yuzi savdogarlari uning safolaru dabdabalaridan boyib ketdilar”.
4Shu payt osmondan boshqa bir ovozni eshitdim. U dediki: “Ey xalqim, undan chiqib keting! Sherik bo’lmang uning gunohlariga, duchor bo’lmang-da balolariga!
5Ko’kkacha borib etti-ku uning gunohi, Xudo esladi uning nohaqliklarini.
6Bobil sizga qanday sazo bergan bo’lsa, siz ham unga Shunday sazo bering! Qilmishiga yarasha unga ikki barobar sazo bering! O’zi tayyorlagan selavadan ikki barobar to’ldirib unga ichiring!
7U naqadar kekkayib dabdaba surgan bo’lsa, unga shu qadar azob va g’am-g’ussa orttiring! U o’zicha: “Tul emas, men malikaman, g’am-g’ussa ham ko’rmayman”, - deb aytdiku.
8Shu bois uning taqdiridagi baloyu ofatlar – o’lim, g’am-g’ussayu qahatchiliklar bir kunning o’zida qo’pajak. U o’tda yoqilib kul bo’lajak. Qudratlidir uni hukm qilguvchi Xudoyi Taolo”.
9Bobil bilan zino qilib, kayf-safo surgan er yuzi podshohlari undagi yong’in tutunini ko’rib, uning holiga bo’zlab yig’laydilar.
10Bobilning azob-uqubati dahshatidan qo’rqib, uzoqda turib deydilar: “Voy, sening holingga voy! Ey buyuk Shahar, mustahkam Bobil! Bir soatdayoq senga jazo keldi!”
11Er yuzi savdogarlari ham uning holiga yig’lab motam tutadilar. Chunki ularning mollarini endi hech kim sotib olmaydi.
12Oltin, kumush, javohirot va marvaridlar; atlasu shoyi, arg’uvonu qirmizi gazlamalar; har turli xushbo’y yog’ochlar, fil suyagidan yasalgan har xil buyumlar; eng qimmatbaho yog’ochdan, misdan, temirdan va marmardan yasalgan turli buyumlar;
13dolchin, atirlar, xushbo’y tutatqilar, moylar va smalalar, sharob, zaytun yog’i, sara un va bug’doylar; qoramol va qo’ylar, otlaru aravalar, Shuningdek, odamlarning jonini ham, tanini ham sotib oladigan boshqa hech kim bo’lmaydi.
14Sen jondan yaxshi ko’rgan mevalar qo’lingdan ketdi. Butun davlatu shavkating nom-nishonsiz yo’q bo’lib ketdi.
15Bu mollar bilan savdo-sotiq qilib, boyib ketgan savdogarlar Bobilning azob-uqubat dahshatidan qo’rqib, uzoqda turganlaricha yig’lab, zorlab, deydilar:
16“Ahvolingga voy, voy! Shoyi, atlas, qirmiza kiyimlar ila yasangan, oltin, javohirot, marvaridlar ila bezangan buyuk Shahar!
17Shunday boyliging bir soatdayoq yo’q bo’lib ketdi”. Har bir darg’a kemachi va kema yo’lovchisi, dengizda savdo-sotiq qiluvchilarning hammasi uzoqda turganlaricha,
18Shahardagi yong’indan o’rlayotgan dudga qarab: “Qanday Shahar bu buyuk Shaharga o’xshaydi?!” – deb faryod chekardilar.
19Ular boshlariga kul sochib, faryod chekib, ingrab dod solardilar: “Voy holingga, voy, ey buyuk Shahar! Dengizdagi kemalarga ega bo’lganlarning hammasi sening qimmatbaho mollaringdan boyigan edi. Endilikda u bir soatdayoq xarobaga aylandi!”
20Shodlaning uning holiga, ey osmon, ey aziz-muqaddaslar, havoriylaru nabilar! Zero Xudo uni hukm qilib o’chingizni oldi.
21Keyin kuchli bir farishta tegirmon toshiga o’xshash katta toshni ko’tarib dengizga uloqtirdi-da, Shunday dedi: “Mana Shunday shiddat-la qulab tushgusi Buyuk Shahar Bobil! Endi u aslo qad ko’tarmas.
22Changchilar, ashulachilar, naychiyu surnaychilar ovozi endi eshitilmas senda. Endi san’at ham, san’atkor ham sendan chiqmas. Tegirmon charxining tovushi ham aslo eshitilmagay senda.
23Endi chiroq ham senga shu’la sochmas, kuyov bilan kelinning ovozi ham kelmagay sendan. Savdogarlaring er yuzining katta a’yonlari edi”.
24Payg’ambarlar, aziz-muqaddaslar va er yuzida o’ldirilganlarning hammasining qoni Bobildan topildi.
19-bob
1Bundan keyin osmonda katta olomonning g’ala-g’ovuriga o’xshash baland ovozlar eshitdim: “Halleluya! Xudoyimizga tegishlidir najotkorlik, ulug’vorlik, kuch va qudrat.
2Uning hukmi haq va to’g’ridir. Yer yuzini o’z zinosi bilan buzgan buyuk fohishani U hukm qildi, O’z qullarining xunini undan oldi”.
3Ikkinchi marta dedilar: “Halleluya! Bobilning dudi abadulabad burqiragay”.
4Shu payt yigirma to’rt nafar oqsoqol va to’rt jondor o’zlarini erga tashlab: “Omin! Halleluya!” – deya taxtda o’tirgan Xudoga sajda qildilar.
5Keyin taxtdan bir ovoz keldi: “Ey Xudoyimizning barcha qullari, Undan qo’rquvchi kattayu kichiklar, Unga hamdu sano aytinglar!”
6So’ngra ko’p xaloyiq, shovullagan suvlar, gumburlagan momaqaldiroqqa o’xshash sadolar eshitdim. Ular Shunday dedi: “Halleluya! Har narsaga qodir Xudoyimiz, Sarvari koinot Shoh o’rnini oldi.
7Uning izzat-hurmatini bajo keltiraylik, sevinib xursand bo’laylik! Qo’zining nikoh soati etdi, Uning kelini o’zini hozirladi”.
8Kiyinish uchun kelinga pok, oppoq shoyi berildi. Shoyi – aziz-muqaddaslarning solihligidir.
9So’ng farishta menga: yoz! – dedi, - Qo’zining nikoh oqshomiga chaqirilganlar baxtiyordir! Yana menga: bular Xudoning haq so’zlaridir, - dedi.
10Men unga sajda qilish uchun oyoqlariga yiqildim. Lekin u menga Shunday dedi: zinhor, bu ishni qilma! Men sening hamkoringman, Shuningdek, Isoning shohidi bo’lgan hamma birodarlaringning hamkoriman. Xudoga sajda qil! Zero Isoga shohidlik payg’ambarlik ruhi bilan tengdir.
11Bundan keyin osmon ochilib, u erda bir oq ot turganini ko’rdim. Otliqning ismi Sodiq va Haq edi. U odilona hukm chiqarib, jang qiladi.
12Uning ko’zlari olov alangasiday. Boshida ko’p toji bor, peshanasiga esa O’zidan boshqa hech kim bilmaydigan bir ism yozilgan.
13U qonga bo’yalgan kiyim kiygan, Unga “Xudoning Kalomi” deb nom berilgan edi.
14Pok, oppoq shoyi kiygan samoviy qo’shinlar oq otda Uning ketidan borardi.
15Xalqlarga shikast berish uchun Uning og’zidan bir keskir shamshir chiqib turardi. Qo’lida temir tayoq bilan ularni boqadigan O’shadir. Har narsaga qodir Xudoning qaynoq qahr-g’azab sharobini tayyorlashga moslangan charxni O’zi bosadi.
16Uning kiyimi va belida Shunday bir ism yozilgan: “Hokimlarning Hokimi - Shohanshoh”.
17Shundan so’ng quyosh ustida turgan bir farishtani ko’rdim. U baland ovoz chiqarib, osmon o’rtasidan uchib borayotgan barcha qushlarga Shunday xitob qildi: “Xudoning buyuk bazmiga kelinglar!
18Shohlar, sarkardalar, kuchlilar murdasini, otu otliqlar murdasini hamma erkinu tutqinlar, kattayu kichiklar murdasini xomtalash qilish uchun to’planinglar!”
19Shundan keyin men hayvonni, er yuzi shohlarini, ularning qo’shinlarini ko’rdim; ular ot mingan Chavandoz bilan Uning qo’shinlariga qarshi jang qilish uchun bir erga to’plangan edilar.
20Hayvon va uning oldida g’aroyibotlar qilgan soxta payg’ambar asir tushdilar. Hayvonning tamg’asini qabul qilib, uning tasviriga sajda qilganlarni o’z g’aroyibotlari bilan aldagan soxta payg’ambar ana shu edi. Har ikkovi ham oltingugurt bilan yonayotgan otash ko’liga tashlandi.
21Boshqalar esa ot mingan Chavandozning og’zidan chiqqan shamshir bilan o’ldirildi. Hamma qushlar ularning go’shtini eb to’ydi.
20-bob
1Qo’lida tubsizlik qa’rining kaliti va katta zanjir bilan osmondan tushayotgan farishtani ko’rdim.
2Farishta ajdahoni, ya’ni iblis va shayton deb atalgan almisoq ilonini tutib, uni ming yil muddatga kishanlab qo’ydi.
3Ming yil tamom bo’lgunga qadar yana xalqlarni aldamasin deb, uni tubsizlik qa’riga tashlab qamab qo’ydi va uning ustiga muhr bosdi. Ming yil o’tgandan keyin qisqa bir muddatga uni ozod qilish kerak.
4Men taxtlarni va taxtda o’tirganlarni ko’rdim. Ularga hukm etish huquqi berilgan edi. Isoning shahodati va Xudoning kalomi tufayli boshi olinganlarning jonini ham ko’rdim. Bular hayvonga va uning tasviriga sajda qilmagan, peshanalari va qo’llariga uning tamg’asini qabul qilmaganlar edi. Ular tirilib, Masih bilan ming yil hukm surdilar.
5Qolgan o’liklar ming yil tamom bo’lgunga qadar tirilmadi. Bu – birinchi qiyomatdir.
6Birinchi qiyomatda ishtirok etadiganlar baxtiyor va muqaddasdir. Ikkinchi o’lim ularga hokim emas. Ular Xudoning va Masihning ruhoniylari bo’lib, U bilan ming yil hukm suradilar.
7Ming yil tugagach, shayton o’z zindonidan ozod etiladi.
8Erning to’rt burchagidagi xalqlarni Ya’juj-Ma’jujni aldab vasvasa qilish va jangga to’plash uchun zindondan chiqadi. Ularning soni dengiz qumiday son-sanoqsizdir.
9Ular er yuzi tekisligiga chiqib, muqaddaslar manzili va aziz Shaharni qurshab oldilar. Shu payt Xudo osmondan o’t yog’dirib, ularni qirib tashladi.
10Ularni aldagan iblis esa hayvon va soxta payg’ambar bo’lgan olovli va oltingugurtli ko’lga tashlandi. U erda ular kechayu kunduz, ilalabad azob chekadilar.
11Keyin buyuk bir oq taxt va taxtda o’tirgan Siymoni ko’rdim. Uning huzuridan eru osmon qochar edi, lekin ularga joy topilmadi.
12Men Xudo taxti oldida turgan katta-kichik o’liklarni ko’rdim. Kitoblar ochildi. Hayot kitobi degan boshqa bir kitob ham ochildi. O’liklarnig har biri, kitoblarda yozilgani bo’yicha, qilmishlariga yarasha hukm etildi.
13Dengiz o’zidagi o’liklarni berdi, o’lim ham, tamug’ ham o’zlaridagi o’liklarni berdi, har bir kishi qilmishlariga yarasha hukm etildi.
14O’lim va tamug’ olov ko’liga tashlandi. Mana bu olov ko’li – ikkinchi o’limdir.
15Ismlari hayot kitobida yozilmaganlarning hammasi olov ko’liga tashlandi.
21-bob
1Shundan keyin men yangi bir osmon va yangi bir erni ko’rdim. Avvalgi eru osmon g’oyib bo’lgan edi, dengiz ham endi yo’q edi.
2Men, Yuhanno, tabarruk Shahar – Quddusni ko’rdim; u kuyovi oldiga bezanib chiqayotgan kelin kabi osmondan, Xudo huzuridan tushayotgan edi.
3Men Arshi a’lodan kelgan baland bir ovozni eshitdim, u Shunday dedi: “Mana, Xudoning makoni insonlar aro! Xudoning O’zi odamlar ichra yashar. Ular Xudoning xalqi bo’lgay, Xudoning O’zi ular ichra maskan qilgay.
4Xudo ularnig ko’zidagi har bir yoshni artib olur. Endi o’lim sira bo’lmas. Huzun ham, faryod ham, og’riq ham bo’lmas. Zero avvalgilar o’tib ketdi”.
5Taxtda o’tirgan Siymo: “Mana, Men hammasini yangi qilib yaratyapman!” – dedi. Keyin menga: “Bularni yozib qo’y, bu so’zlar ishonchli va haqqoniydir!” – dedi.
6So’ng menga qarab, dedi: “Amalga oshdi! Ibtido va Intiho, Bosh va So’ng O’zimman. Men chanqaganga obi hayot bulog’idan tekin bahra beraman.
7G’olib kelganga bular nasib qiladi. Men uning Xudosi bo’laman, u Mening o’g’lim bo’ladi.
8Ammo qo’rqoq, imonsiz, nopok, qotil, zinokor, jodugar, butparast va hamma yolg’onchilarning qismati olov va oltingugurt bilan yonayotgan ko’ldadir. Bu ikkinchi o’limdir”.
9Shu payt oxirgi etti baloga to’ldirilgan ettita kosani ushlagan etti farishtadan biri oldimga keldi va men bilan gaplashib: “Bu yoqqa kel, Qo’ziga kelin bo’ladigan ayolni senga ko’rsataman”, - dedi.
10Farishta meni ilohiy Ruhning ta’sirida baland, yuksak bir toqqa olib chiqdi-da, menga ko’kdan, Xudo huzuridan tushayotgan tabarruk Shahar – Quddusni ko’rsatdi.
11Shahar Xudoning ulug’vor jamoli bilan balqir, uning sayqali qimmatbaho tosh, billur olmosga o’xshar edi.
12Uning devori qalin va baland edi; o’n ikki darvozasi bo’lib, darvozalari ustida o’n ikkita farishta o’ltirar edi. Darvozalarda ismlar – Bani Isroilning o’n ikki qabilasi nomlari yozilgan edi.
13Sharqdan uch, shimoldan uch, janubdan uch va g’arbdan uch darvoza bor edi.
14Shahar devorlarining o’n ikki poydevori bo’lib, ularda Qo’zining o’n ikki havoriysi nomlari yozib qo’yilgan edi.
15Men bilan gaplashgan farishtaning qo’lida Shaharni, uning darvozalariyu devorini o’lchash uchun oltindan bir o’lchagichi bor edi.
16Shahar to’rtburchak shaklda joylashgan, uning bo’yi eni bilan teng edi. Farishta Shaharni o’lchagich bilan o’lchadi, u o’n ikki ming o’q otimi ekan. Uning eni, bo’yi va balandligi bir-biriga teng edi.
17Farishta Shaharning devorlarini ham o’lchadi; u insonlar o’lchovida ham, farishtalar o’lchovida ham yuz qirq to’rt tirsak chiqdi.
18Devorlar olmosdan, Shahar esa shishaday tiniq, sof oltindan qurilgan edi.
19Shahar devorlarining poydevorlari turli qimmatbaho toshlar bilan bezatilgan edi; birinchi poydevor olmosdan, ikkinchisi ko’k yoqutdan, uchinchisi aqiqdan, to’rtinchisi zumraddan edi.
20Beshinchisi firuza, oltinchisi la’l, ettinchisi sariq yoqut, sakkizinchisi ko’k zumrad, to’qqizinchisi zabarjad, o’ninchisi yashil aqiq, o’n birinchisi lojuvard, o’n ikkinchisi binafsha rang yoqutdan edi.
21O’n ikki darvoza – o’n ikki marvariddan iborat edi, ya’ni har bir darvoza bitta marvariddan yasalgan edi. Shaharning ko’chasi esa bamisoli shaffof shishadek, sof oltindan edi.
22Bu Shaharda ma’bad ko’rmadim. Chunki har narsaga qodir Xudoyi Taolo va Qo’zinig O’zi Shaharning ma’badidir.
23Shaharni yoritish uchun quyoshga yoki oyga ehtiyoj ham yo’q. Chunki Xudoning ulug’voro jamoli uni yoritadi, Qo’zining O’zi uning yoritqichi bo’ladi.
24(Qutilgan) xalqlar Shaharning nurida yurishadi. Er yuzi podshohlari unga o’z shon-shuhratlarini keltiradilar.
25Shahar darvozalari kun bo’yi ochiq turadi, sira yopilmaydi, chunki u erda tun bo’lmaydi.
26Xalqlarning barcha davlatu savlati unga kiritiladi.
27Lekin hech qanday murdor narsa, hech bir razil yoki yolg’onchi kishi unga kirmaydi; faqat Qo’zining hayot kitobida yozilganlar kiradi.
22-bob
1Farishta menga Xudoning va Qo’zining taxtidan chiqib, Shahar ko’chasi bo’ylab oqayotgan billurday obi hayot daryosini ko’rsatdi.
2Daryoning u yog’ida ham, bu yog’ida ham har oyda bir, ya’ni yilda o’n ikki marta hosil beradigan hayot daraxti bor edi. Bu daraxtning barglari xalqlarga shifo baxsh etadi.
3Boshqa hech qanday la’nat qolmaydi. Shaharda Xudoning va Qo’zining taxti bo’ladi, Uning qullari Unga xizmat qiladi.
4Ular Uning yuzini ko’rib turadi, Uning ismi peshanasiga yozilgan bo’ladi.
5u erda boshqa tun bo’lmaydi; chiroqqa ham, quyosh yog’dusiga ham ehtiyoj bo’lmaydi. Chunki Xudoyi Taolodan ularga nur yog’ilib turadi, ular esa to abad hukmronlik qiladilar.
6Farishta menga Shunday dedi: bu so’zlar ishonchli va haqqoniydir. Aziz payg’ambarlarni ruhlantirgan Xudoyi Taolo yaqin orada yuz berishi muqarrar bo’lgan voqealarni O’z qullariga bildirish uchun farishtasini yubordi.
7“Mana, Men tezda kelaman! Bu kitobning bashoratli kalomlariga rioya qilganlar baxtiyordir!”
8Men, Yuhanno bularni ko’rdim va eshitdim. Bularni ko’rib eshitganimda, menga ko’rsatgan farishtaning oyoqlariga yiqilib sajda qilmoqchi bo’ldim.
9Ammo u menga: zinhor bu ishni qilma! Men sening hamda birodarlaring – payg’ambarlarning hamkoriman, Shuningdek, bu kitobning so’zlariga rioya qiluvchilarning hamkoriman. Xudoga sajda qil! – dedi.
10Keyin menga yana Shunday dedi: bu kitobning bashoratli kalomlarini muhrlab sir saqlama, chunki vaqt yaqindir.
11Fosiq, mayli, yomonlik qilaversin; nopok, mayli, ifloslik qilaversin. Solih esa to’g’ri ish qilaversin va muqaddas kishi o’zini muqaddas saqlasin.
12“Mana, Men tez kelaman, qarimtam O’zim bilan. Har kimga qilmishiga yarasha sazo bergumdir.
13Men Ibtido va Intiho, Avvaliyu Oxiri, Bosh va So’ngdirman”.
14Qanday baxtlidir kiyimlarini yuvganlar, hayot daraxti mevasidan eb, Shahar darvozalaridan kirish huquqiga ega bo’lganlar!
15Tashqarida esa itlar, jodugarlar, zinokorlar, qotillar, butparastlar, yolg’on-makrga ruju qo’yganlarning hammasi bo’ladi.
16“Men – Iso O’z farishtamni oldingizga yubordim. Toki u bu to’g’rida jamoatlarimga shahodat bersin. Men Dovud avlodidan kelib chiqqan Zot, yorug’ tong yulduzidirman”.
17Ruh ham, Kelin ham: “Kel!” – deb chorlayapti. Eshitgan kishi ham: “Kel!” – desin. Chanqagan kelsin, xohlagan hayot suvidan tekin bahra olsin.
18Bu kitobning bashoratli kalomlarini eshituvchi har bir kishiga shahodatim shu: kimda-kim bularga biror narsa qo’shsa, Xudo bu kitobda yozilgan balolarni unga taqdir qiladi.
19Kimda-kim bu kitobda bashorat qilib aytilgan so’zlardan biror narsani olib tashlasa, Xudo uni bu kitobda yozilgan hayot daraxtidan va muqaddas Shahardan mahrum qiladi.
20Bu gaplarning Shohidi: “Ha, Men tez kelaman!” – deyapti. Omin! Kel, yo Rabbimiz Iso!
21Rabbimiz Iso Masihning inoyati barchangizga yor bo’lsin. Omin.
Tuesday, March 20, 2007
Vahiy
Posted by Масиҳий муаллим at 14:49
Subscribe to:
Post Comments (Atom)
No comments:
Post a Comment